ELEKTROSTATIKA — fizikaning harakatsiz elektr zaryadlar maydoni va ularning oʻzaro taʼsirini oʻrganadigan boʻlimi. Harakatsiz elektr zaryadlar hosil qilgan elektr maydon elektrostatik maydon deyiladi.
Elektrostatikaning asosiy tenglamalari Maksvell tenglamalarining xususiy holidir. Elektr zaryadlar harakatsiz boʻlsa, yaʼni elektr toki boʻlmasa, magnit maydon boʻlmaydi, elektr maydon esa oʻzgarmasdan saqlanadi. Tashqi elektrostatik maydon taʼsirida elektrlanmagan jismlarning sirtida elektr zaryadlar paydo boʻlish hodisasi elektr induksiya yoki elektrostatik induksiya deyiladi.
Elektr induksiya natijasida paydo boʻlgan zaryadlar induksion zaryadlar deyiladi. Induksion zaryadlar erkin zaryadlar yoki bogʻlangan zaryadlar boʻlishi mumkin. Oʻtkazgichlarda erkin zaryadlar mavjud boʻlganligi uchun tashqi elektrostatik maydon taʼsirida oʻtkazgach sirtining bir qismida musbat ishorali erkin zaryad, boshqa ikkinchi qismida esa manfiy ishorali erkin zaryad paydo boʻladi. Oʻtkazgich ichida hech qanday erkin zaryad boʻlmagani uchun elektrostatik maydon ham boʻlmaydi. Tegashli oʻlchov asboblarini tashqi elektr maydon taʼsiridan saklashda shu xususiyatdan foydalaniladi. Dielektrik zaryadlari bogʻlangan zaryadlardan iborat. Tashqi elektr maydon taʼsirida musbat va manfiy ishorali bogʻlangan zaryadlar qarama-qarshi yoʻnalishlarda siljish natijasida dielektrik qutblanadi, uning sirtidagi bir tomonda musbat ishorali bogʻlangan zaryadlar, ikkinchi tomonda esa manfiy ishorali bogʻlangan zaryadlar paydo boʻladi.