Elektron pochtadagi xabardan xavfsizlik tizimi xodimlari qanday xabar topgandi?

Elektron pochta orqali yozishmalar, umuman, internetda qanday muloqot qilinayotgani kim(lar)dir tomonidan koʻrib-kuzatib turilishi, garchi ularda biror maxfiy sir boʻlmasa-da, oʻzganing nazoratini his qilib turish, tabiiyki, har qanday kishiga erish tuyuladi. Chunki har holda insonning daxlsiz huquq-erkinliklari degan gaplar bor. Vaholanki dunyoda faoliyati aynan shu maqsadga qaratilgan, elektron pochtalar, internetdagi muloqotlarni nazorat qilish imkoniga ega idora bor. U ramzida oyoqlarida kalit tutib turgan burgut aks etgan AQSH Milliy xavfsizlik agentligi (MXA) boʻlib, oʻtgan asr oxirlarida 26 ming xizmatchiga, 12 milliard dollarlik byudjetga ega bu tashkilot dunyo miqyosida elektron razvedka axborotlarini toʻplash bilan shugʻullanar, shu bilan bir qatorda yarim asrdan oshiq vaqt davomida AQSH axborot tizimini himoya qilib kelayotgandi. Qizigʻi, oʻsha paytda Amerika aholisining ham atigi 3 foizigina bunday tashkilot borligini bilarkan, xolos.

Amerikalik yozuvchi Den Braunning 1998 yilda yozilgan va oradan 20 yil oʻtib oʻzbek tiliga oʻgirilgan “Raqamli qalʼa” romanida shu haqda soʻz boradi. Aytishlaricha, Den Braun oʻzi dars beradigan universitetdagi talaba doʻstiga hazillashib elektron pochta orqali AQSH prezidentiga suiqasd qilmoqchi ekanini yozgan va shundan soʻng Milliy xavfsizlik agentligi xodimlari tomonidan qoʻlga olingan. Vazifasi fuqarolarni kuzatib borish boʻlgan sirli agentlik adibni qiziqtirib qoʻyadi va u elektron xavfsizlik haqida asar yozishga qaror qiladi. Uyga qaytib asarni yoza boshlagan paytda esa elektron pochta orqali kelgan virus kompyuterining qattiq diskini kuydirib yuboradi…

Xullas, romanda yozilishicha, Merilenddagi Fort Mid shahrining koʻz ilgʻamas oʻrmonli qoyalari orasiga yashiringan, maydoni 15 gektarni tashkil etadigan agentlik prezident Trumen tomonidan 1952 yil 4 noyabr kuni tashkil etilgan. Asosiy qarorgohi joylashgan binoning tomi 500 dan ortiq katta-kichik antennalar bilan toʻlib-toshgan, hajmi 18 kvadrat kilometrga yoyilgan boʻlib, bu Markaziy razvedka boshqarmasidan ikki baravar katta, bino ichida 8 million fut telefon kabellari bor edi.

MXAning dunyodagi barcha sunʼiy yoʻldoshlar, josuslar, yozma yoki ogʻzaki axborotni nazorat qiluvchi global razvedka boʻlinmasi – Comint boʻlib, har kuni shubhali tuyulgan minglab suhbatlar, maʼlumotlar MXA tahlilchilariga rasshifrovka uchun yuborilar, ular tomonidan kodlari yechilib, oʻrganilardi. FQB, MRB, AQSH Interpoli biror maʼlumotni olish uchun MXA razvedkasiga suyanadi. Kriptograflar fosh etgan axborotlarning aksariyat qismi haqiqatan ham AQSH hududidagi hukumatning xavfli dushmanlari, adovat ruhidagi fraksiyalar va terrorchi guruhlarga tegishli boʻlib chiqadi.

80-yillarda internet, soʻngra elektron pochta keng ommalashadi. Koʻpchilik nazdida E-maildan yuborilgan xabar havo orqali emas, yer ostidagi fiber-optik simlarda uzatilgani sababli ularni yashirincha eshitish, oʻqish mumkin emas edi. Bu oʻz navbatida telefondagi maxfiy suhbatlari yashirincha eshitilish xavfidan doim bezovta boʻlib kelgan jinoyatchilar, terrorchilar va josuslar uchun ayni muddao boʻladi.

Biroq MXA texnik mutaxassislari uchun internet orqali yuborilayotgan shaxsiy axborotni topib, ushlab qolish juda oson ish boʻlib, shu maʼlumotlar asosida yuzlab, minglab jinoyatlar fosh etilayotgandi.

Bu, tabiiyki, internet foydalanuvchilari oʻrtasida noroziliklarni keltirib chiqaradi. Siyosat va jinoyatga aloqasi yoʻq odamlar ham elektron pochtadan foydalanishga xavfsirab qoladi.

MXAga javob tariqasida uddaburon dasturchilar elektron pochtani himoyalash usullari ustida bosh qotira boshlaydi va maxsus shifr oʻylab topishadi. U foydalanishga qulay dasturdan iborat boʻlib, uning vazifasi yuborilgan xabarni oʻqib boʻlmas darajada kodlashtirish edi. Endi xabar yoʻllovchi yuborgan maktub qabul qiluvchidan boshqaning qoʻliga tushib qolganda ham uni oʻqishning iloji yoʻq edi.

Asar qahramonlaridan biri Syuzan Fletcher tilidan aytilganidek, kriptografiya, yaʼni kodlarni ochish xuddi xorijiy tilni oʻrganishga oʻxshaydi. Dastlab koʻrganingda matnga tushunmaysan. Lekin uning tuzilishi bilan qoidalarni oʻrganganingdan keyin belgilarning asl maʼnosini chaqishni boshlaysan.

Tarixdagi birinchi kodli xabarni esa Yuliy Sezar yozgan. Imperatorning xat tashuvchilariga hujumlar avj olib, uning maxfiy yozishmalari oʻgʻirlanishi xavfi kuchaygach, Sezar himoya chorasi sifatida xatlarni shifrlash usulini oʻylab topadi, bunga matnning harflari oʻrnini begonalarga tushunarsiz boʻlgan tarzda oʻzgartirib, bir qaraganda, maʼlumotni maʼnosizdek koʻrsatish hisobiga erishgandi. U kashf etgan usul shundan iboratki, matnning hajmiga qarab har bir yozishmadagi harflar soni qatʼiy belgilangan boʻlib, ular faqatgina kvadratiga boʻlinuvchi sonlardan tashkil topardi. Masalan, oʻn olti, yigirma besh, qirq toʻqqiz va hokazo. Sezar ishonchli xodimlariga oʻzi yuborgan xabarni oʻqish uchun matndagi harflar soni qaysi raqamning kvadratiga teng boʻlsa, ularni xuddi shuncha qatorga ketma-ket taqsimlash va hosil boʻlgan natijani yuqoridan pastga qarata oʻqishlarini tayinlagan.

Vaqt oʻtib, Sezar boshlab bergan harflarni chalkashtirish orqali yozishmalarni himoyalash usuli boshqalar tomonidan oʻzlashtirilib, yanada murakkablashtiriladi. Ikkinchi jahon urushi davrida natsistlar tomonidan qurilgan kodlash mashinasi – Enigma oʻziga kiritilgan axborotni sanoqli daqiqalar ichida umuman anglab boʻlmaydigan, beoʻxshov belgilar toʻplamiga aylantirib bergan. Enigma shifrlagan maʼlumotni faqat boshqa bir xuddi shunday mashina rasshifrovka qila olgan.

Dastlab foydalanilgan kalit soʻzlar MXA hisoblash mashinalari taxmin qilib topishi mumkin boʻlgan darajada qisqa edi. Masalan, agar kerakli kalit soʻz oʻnta raqamdan iborat boʻlsa, kompyuterga oʻn xonali barcha sonlar kalit soʻz sifatida sinab koʻrishga buyruq berilgan, natijada ertami-kech, toʻgʻri shifr topilgan. Bu koʻp vaqt talab etgan, biroq natija berishi aniq boʻlgan.

Ammo 90-yillarda kalit soʻzlar ham murakkablashib, bitta “kalit”ning oʻzi ellikdan oshiq belgiga ega boʻlib, elektron mashinalar kodni ochish uchun yillab vaqt sarflashiga toʻgʻri kelgan. MXAning eng tezkor kompyuteri kodni topish uchun 19 yil vaqt sarflashi aniqlangandan soʻng bu usuldan endi ortiq naf yoʻqligi oydinlashadi.

Natijada MXA mutaxassislari 500 ming ish soati va 1,9 milliard dollar evaziga dunyoda yagona nusxadagi eng qimmatbaho superkompyuter – Transxabarni yaratishadi. Apparatning asosiy manbai, toʻqson foiz qudrati bino ostidagi olti qavatdan iborat bunkerga yashirilgan, tashkilot esa superkompyuterga ega ekanini tan olmay kelgan. Chunki dunyo miqyosida kompyuter foydalanuvchilari tomonidan tashkil etilgan koalitsiya – Elektron chegaralanish jamiyati hukumat agentliklarini, ayniqsa, MXAni shaxs daxlsizligini poymol qilishda ayblab kelardi.

3 milliondan oshiq protsessorni oʻz ichiga olgan Transxabar eng murakkab kalit soʻzlarni ham qisqa vaqtda yecha olardi. Masalan, dastlab mashina 46 belgili kodni ochish uchun 12 daqiqa sarflagan, xolos. Bu Transxabar eng kuchli elektron hisoblash mashinasidan million marta kuchli degani edi.

Biroq kunlarning birida Transxabar 44 belgili kodni 15 soatda ham yecha olmaydi. Maʼlum boʻlishicha, MXAning sobiq xodimi oʻzi ishlagan idoraning cheksiz imkoniyatlariga norozilik belgisi sifatida “Raqamli qalʼa” deb nomlangan maxsus algoritm ishlab chiqadi. Holbuki Bergofskiy qonuni boʻyicha kompyuter keraklicha kalit soʻzlarni sinab koʻrsa, ular orasidan toʻgʻrisini topa oladi. Aksincha boʻlsa, bunga sabab kodning oʻta himoyalangani emas, kompyuterga yetarlicha vaqt berilmaganida.

Biroq oradan 20 soatlab vaqt oʻtadi hamki, superkompyuter “Raqamli qalʼa” kodini yecha olmaydi. Voqealarning keyingi zanjiridan ayon boʻladiki, Transxabarning maxsus himoyasi chetlab oʻtilib kiritilgan algoritm virus boʻlib, u MXAning himoya filtrlarini vayron etishga qaratilgan, bu oʻz navbatida Amerikaning sunʼiy yoʻldosh orqali tasvirga tushirilgan dushmanlar harakatlanish strategiyasi haqidagi, qurolsozlik bilan bogʻliq yangi loyihalar sxemalari, maxfiy topshiriqlari hisobotlari, chet eldagi josuslari bilan toʻlib-toshgan bazasini butun dunyoga fosh etardi. Yanayam aniqrogʻi, filtrlar boʻlmasa, bazadagi barcha maʼlumotlarni tashqaridagi istalgan odam bemalol oʻqiy olish imkoniyatiga ega boʻlardi.

Dunyodagi eng maxfiy agentlik hujjatlari xakerlar hujumidan omon qoladimi, ularning qaysi hujjatlari dunyoga tarqalib ketadi – bular haqida kitob mutolaasi orqali bilib olish mumkin. Garchi kitob yuksak adabiyot talablariga javob bermasa-da, oʻz nomi bilan bestseller, koʻp oʻqiladigan va koʻp sotiladigan (shu paytgacha Den Braunning 300 million nusxada kitobi sotilgan ekan) asar sifatida sunʼiy, ochiq sahnalarga ham ega boʻlsa-da, qiziq maʼlumot va voqealari bilan oʻquvchi eʼtiborini tortadi, shunday ekan, uni oʻqib chiqish foydadan xoli boʻlmaydi.

 

NASRIDDIN

 

qashqadaryogz.uz

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/elektron-pochtadagi-xabardan-xavfsizlik-tizimi-xodimlari-qanday-xabar-topgandi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x