ELEKTRON POCHTA (e-mail) — maʼlumotlarni uzatish tarmogʻi orqali axborotlarni bir foydalanuvchi elektron qutisidan boshqasinikiga joʻnatish, qabul qilish va maʼlum vaqtgacha saqlanishini taʼminlovchi dasturiytexnik vositalar toʻplami. Elektron pochta axborotlarni tarmoqning bir punktidan boshqasiga tezkor uzatishni taʼminlaydi. Elektron pochtada maxsus shlyuzlar orqali har xil elektron axborot tizimlari vositasida axborotlar dunyoning istalgan burchagiga uzatiladi. Elektron pochtadan uzluksiz ravishda yoki maʼlum vaqt (seans)larda foydalanish mumkin. Elektron pochta20-asr ning 60-y. larida «katta» hisoblash mashinalarida «koʻp foydalanuvchilar tartibi» dasturining ishlatilishidan boshlangan. 1989-yilda birinchi marta tijorat pochta xizmatlari bilan internet oʻrtasida aloqa oʻrnatildi.
Oʻzbekiston hududida Elektron pochta xizmati 1990—91 yillarda maʼlumot uzatish tarmogʻi operatorlari tomonidan taqsim etila boshlandi. 1997-yilda Toshkent pochtamti korxonasida «Ke1sot» tarmogʻi orqali Elektron pochta xizmatlari punkti ishga tushirildi. Hozir Oʻzbekistonda fuqarolar, korxonalar, xonadonlar internet tizimiga ulangan kompyuterlar va «Internet kafe»lar orqali Elektron pochtadan foydalanadilar. Internetga chiqish imkoniyati boʻlmagan mijozlar uchun «Oʻzbekiston pochtasi» aksiyadorlik tarmogʻi orqali Elektron pochta va gibrid pochta (pochtani qabul qilish, ishlov berish va yetkazish jarayonida Elektron pochta va anʼanaviy pochta resurslari ishlatiladi) xizmatlarini yoʻlga qoʻyish ishlari olib borilmoqda. Gibrid pochta orqali korxona, tashkilotlar va oʻquv muassasalaridan olingan axborot, xabar, reklama, taklifnoma, chaqiruv qogʻozlari va boshqalar pochta xodimlari tomonidan oluvchilarning manzillariga yetkazilib beriladi.