ELARSLON, Elarslon (? 1172.17.3) — anushteginiylar sulolasidan boʻlgan Xorazmshohlar davlati hukmdori (1156—72). Otsiz xorazmshohningoʻgʻli. Elarslon avval, Sulton Sanjarta itoat etishini biddirib, noma va sovgʻasalomlar yuborgan. Sulton Elarslonni xorazmshoh deb eʼtirof qilgan. Sulton Sanjar vafotidan soʻng saljuqiylar taxti uchun kurash avj olgan. 1163 yil E. A. saljuqiylar amirlari ichida eng kuchlisi Muayyid OyAboga qarshi Nishopurga yurish qilgan, shaharni uzoq vaqt qamal qilib ololmagan, sulh tuzib Xorazmga qaytgan. Elarslon qoʻshinlari Dehistonni egallagan. 1166-yil Elarslon yana Nishopurga qarshi otlangan. Bistom yaqinidagi jangda birlashgan saljuqlar va Otabek Eldegiz qoʻshini bilan Elarslon qoʻshini oʻrtasida jang boʻlib oʻtgan. Har ikki taraf biron natijaga erishmagan. Ammo xorazmshoh qoʻshinlarning bir qismini Bayhaq va Sabzavor shahrilariga joʻnatib, ularni egallagan (1167-yil may). E. A. Nishopurni zabt etgan. 1167-yil Xorazm qoʻshinlari Raydan oʻtib, Sova shahriga yaqinlashgan, sulton Arslonshoh va Otabek Eldegiz oʻgʻli Jahon Pahlavon yetakchiligidagi saljuq qoʻshinlari bilan jangga kirib, gʻalaba qilgan. Soʻngra Eron Ozarbayjoniga bostirib kirib, Abxor, Zanjon va Qazvinni egallagan. Elarslon, shuningdek, Movarounnahr voqealariga ham aralasha boshlagan. Qoraxitoylar vassali Samarqand hokimi Jaloliddin Ali Chagʻrixon 1158-yil qarluqlarni tormor keltirgan. Qarluqlar yetakchisi Lochinbek bir qism qoʻshini bilan Xorazmga qochib borib, Elarslondan yordam soʻragan. 1158-yil iyulda Elarslon katta qoʻshin bilan Samarqandga yurish qilgan. Zarafshon daryosining boʻylaridagi janglarda xorazmshoh zafar quchgan.
1171-yil qoraxitoylar qoʻshini Amudaryodan oʻtib, Xorazm sarhadlariga kirib kelganda Elarslon toʻgʻonlarni ochib, poytaxt yaqinidagi yoʻllarni suvga bostirishga farmon bergan. Qoraxitoylar xorazmshoh qoʻshinlarini yengib, amir Ayyorbekni asir olib Samarqandga qaytganlar. Xorazmshohpoytaxti Gurganjga qaytgan va xastalikdan vafot etgan.
Ad.: Bun iyotov 3., Anushtagin Xorazmshohlar davlati (1097-1231), T., 1998.
Ibrohim Karimoye, Saʼdulla Otamurodov.