EKSPROMT (lot. — tayyor, tez) — 1) maxsus tayyorgarliksiz, hozirjavoblik bilan yaratilgan asar, improvizatsiya. Doston, terma, sheʼr, askiya, soʻz oʻyini, lapar, yoryor, qoʻshiq va boshqalar koʻrinishlarda boʻlishi mumkin. 18-asrda Fransiyada, 18-asr oxiri va 19-asr boshlarida Rossiyada (N. Karamzin, A. Pushkin, M. Lermontov va boshqalar ijodida) keng tarqalgan. V. Mayakovskiy, M. Svetlov, Gʻ. Gʻulom, shuningdek, oʻzbek baxshilari, askiyachilari uchun xarakterli (yana q. Badiha);
2) musiqada — badihagoʻylik tarzida (asosan, fortepiano uchun) yaratilgan cholgʻu pyesa. Mustaqil janr sifatida 19-asr boshida romantik kompozitorlar ijodida yuzaga kelgan (Ya. Vorjishek, G. Marshner). F. Shubert, F. Shopen, F. List E. ning mumtoz namunalarini yaratishgan. Ekspromt turli (sonata, murakkab 3 qismli, variatsiya va boshqalar) shaklda boʻlishi mumkin.