Egizak homiladorlik – turlari, kechishi va oʻziga xos jihatlari

Hozirgi kunda egizak farzandlar dunyoga kelishi koʻpayib bormoqda. Buning sababi tugʻruqning yoshga bogʻliqligi bilan tushuntiriladi. Albatta, egizaklar dunyoga keltirish yaxshi, ammo onaning ikki yoki undan ortiq homilani koʻtarib yurishi va ularni organizm yetarlicha ozuqa bilan taʼminlashida qiyinchiliklar kelib chiqadi, homiladorlik patologiyalari uchrash ehtimoli ortadi.

Egizak

Koʻp urugʻli homiladorlikning oʻziga xos jihatlari

Koʻp urugʻli homiladorlik – hozirgi davrda akusherlik sohasida alohida ahamiyatga ega holat hisoblanadi. Bunda homiladorlik patologiyalari oqibati, ularni bartaraf etish, homiladorlikning 22-haftasidan keyingi davrni olib borish va tugʻruqdan keyin bola parvarishida biroz qiyinchiliklar mavjud.

Koʻp holatlarda farzandning muddatiga yetmay tugʻilishi, fetoplasentar yetishmovchilik, homila gipotrofiyasi va surunkali gipoksiya holatlari uchrab turadi. Bundan tashqari, egizakalarda tugʻma nuqsonlar rivojlanish xavfi ham yuqori.

Chaqaloqlarda oʻlim holati 8-10 % ni tashkil etadi, bunga sabab homila tana vaznining yetishmasligidir. Tugʻma nuqsonlar uchrash ehtimoli esa 2-3 marotaba yuqori boʻladi. Bu koʻrsatkichlar akusherlarning ilmiy izlanishlari va yangiliklariga qaramay hamon oʻzgarmay turibdi.

Egizak farzand koʻrish omillari

Koʻp urugʻli homiladorlik – bu homilador ayol bachadonida ikki va undan ortiq homilaning boʻlishidir. Soʻngi chorak asrda bu kabi holat uchrash chastotasi 2-3 barobar ortdi va umumiy homiladorlikning 1,5-2 % ini tashkil etadi. Bunda egizaklar tugʻilish ehtimoli 1:90 ni, uchta homila tugʻilishi 1:6500 ni, uchdan ortiq homila tugʻilish ehtimoli esa 1:55000 ni tashkil etmoqda.

Koʻp urugʻli homiladorlik sababi hali toʻliq oʻrganilmagan. Ammo, ayrim omillar bu kabi holat roʻy berishida ahamiyat kasb etadi:

Nasliy omil. Agar yaqin qarindoshlar orasida egizak farzand dunyoga keltirgan insonlar boʻlishi, ayniqsa ayol kishi tomondan yaqin qarindoshlarda bu holat kuzatilishi, sizda ham egizaklar tugʻilish ehtimolini oshiradi.

Homilador ayol qon zardobida FSG (follikul-stimullovchi gormon) miqdorining yuqori boʻlishi. Bu gormon tuxum hujayra oʻsishi va yetilishida muhim ahamiyatga ega. Ushbu gormonning fiziologik yuqori miqdorda boʻlishi bir vaqtning oʻzida bir emas undan koʻproq tuxum hujayralar yetilishi olib keladi. 

FSG miqdori oshishiga sabablar bepushtlikni davolash maqsadida qabul qilinadigan preparartlar, oral kontraseptik vositalar qabul qilish va ularni qabul qilishni birdan toʻxtatib qoʻyishdir.

Ayol yoshining kattaligi (30-35 yoshlarda). Ayol organizmi yosh oʻtgan sari fertilligi kamayib boradi, yaʼni organizmda tuxumdonlar funksiyasi pasayadi. Bu holatni qayta tiklash uchun organizmda gormonlar sintezi ortadi. Natijada gormonlar ortiqcha toʻplanadi va bir necha tuxum hujayra bir vaqtning oʻzida yetiladi.

EKO orqali homiladorlik. Egizak yuzaga kelishida – EKO usulida homiladorlik amalga oshishining ahamiyati juda katta (ekstra corporal urugʻlanish). Bunda ayolni tayyorlash vaqtida tuxumdonlarni stimullab, urugʻlantirish uchun bir necha yetilgan tuxum hujayra ajratib olinadi.

Ular bachadondan tashqarida urugʻlantiriladi va bir necha urugʻlangan tuxum hujayra ayol bachadoniga joylashtiriladi (buning sababi barcha urugʻlangan tuxum hujayra ham yashab qolavermasligidir). Agar joylashtirilgan tuxum hujayralardan bir nechtasi yashab qolib bachadonga implantatsiya boʻlsa, egizaklar rivojlanadi.

Koʻp urugʻli homiladorlik klassifikatsiyasi

Zigota boʻyicha homila quyidagicha rivojlanishi mumkin:

  • Monozigot – bir hujayradan rivojlangan, ammo ikki homila hayotiy aʼzolarni taʼminlay oladigan homiladorlik.
  • Dizigot – bu kabi egizaklikni aka uka yoki opa uka kabi ammo bir kunda dunyoga keladigan homiladorlikni tushunish mumkin. Bunday homiladorlik bir vaqtning oʻzida yetilgan ikki tuxum hujayraning bir vaqtda urugʻlanishidan roʻy beradi.

Dizigot egizaklar

Agar tuxumdonlardan bir vaqtning oʻzida ikki tuxum hujayra yetilsa va ularning har ikkisi ham urugʻlansa dizigot egizaklar dunyoga keladi. Bu kabi holatlar 70 % ni tashkil etadi va undan dunyoga keladigan bolalar aka-uka kabi oʻxshashlikda boʻladi. Bunday egizaklar turli xil jinsga ega boʻlishi, soch va koʻzlari rangi bir biridan farqlanishi, oʻziga xos xromosomalar toʻplamiga ega boʻlishlari, qon guruhi, rezus omili ham bir biridan farqlanishi mumkin. alohida tuxum hujayradan rivojlanadigan egizaklar oʻzlarining alohida platsentasiga va oʻzida alohida qobiqlariga ega boʻladilar. Ularning har birida homila pufagi va amniotik suyuqlik boʻladi. Oddiy soʻz bilan aytganda bunday egizaklar bir ona qornida yashovchi “qoʻshnilar”dir.

Monozigot egizaklar

Bu kabi holat koʻp urugʻli homiladorlikning 30 % ini tashkil etadi. Bunda homila bir tuxum hujayradan shakllanadi, urugʻlangan tuxum hujayra boʻlinayotganda ikki yoki undan koʻp yangi zigotalarga boʻlinishi mumkin. Keyinchalik zigotadan har tomonlama bir xil boʻlgan homila rivojlanadi. Bunday egizaklar bir xil jinsga ega, xromosomalar toʻplami ham bir xil, tashqi koʻrinishidan ham juda oʻxshash – soch va koʻzlari rangi, qon guruhi, barmoq izlari va boshqa xususiyatlari bilan bir birlaridan farq qilmaydilar.

Monozigot egizaklar rivojlanishining oʻziga xosligi

Monozigot egizak rivojlanishi – zigotaning homiladorlikning ilk haftalarida boʻlinish vaqtida yuza beradi. Bunda boʻlinishning qaysi muddatda roʻy berganligi juda muhim ahamiyat kasb etadi. Masalan:

Tuxum hujayra urugʻlangandan 3 kun oʻtib, zigotaning maxsus qobiqlari shakllanmasdan oldin boʻlinish roʻy bersa egizaklarda ikki alohida bir biridan mustaqil boʻlgan xorion va ikki amnion shakllanadi. Yaʼni homilaning har biri oʻzining homila pufagi va uning ichidagi suyuqligi, ikki alohida yoʻldosh yoki bir yoʻldoshning ikki qismga boʻlingan shakliga ega boʻladi.

Tuxum hujayra urugʻlangandan 4-8 kun oraligʻida boʻlinish roʻy beradigan boʻlsa, yaʼni hujayraning ichki struktur birliklari hosil boʻlishga ulgurgan, tashqi qobiqdan xorion shakllangan vaqtda boʻlingan zigotada umumiy tashqi qobiq va yoʻldosh, ammo uning ichida alohida homila pufagi va suyuqlikka ega boʻladi. Oddiy qilib aytganda bunday egizaklar “bir xonadondagi”, ammo “alohida alohida xonalarda yashovchi” qoʻshnilar deyish mumkin.

Tuxum hujayra urugʻlangandan 9-13 kun oʻtgach zigota boʻlinadigan boʻlsa, umumiy yoʻldosh va homila pufagi ham bir boʻladi. Bunday boʻlinishdan rivojlangan egizaklar siam egizaklari deb yuritiladi.

Egizak homilani farqlash

Egizaklarni qaysi turda ekanligini aniqlash faqatgina ular dunyoga kelganidan soʻng amalga oshadi. Agar ikki homila orasida ikki qavatdan iborat qobiq boʻlsa bu – bir tuxumli egizaklar, agar ikki homila orasida toʻrt qavat qobiq boʻlsa – bu har xil tuxum hujayradan shakllangan egizaklar hisoblanadi. Bundan tashqari hozirgi kunda UTT (UZI) tekshiruvi yordamida egizaklarni qaysi turi ekanligini aniqlashning imkoni bor.

Bu homiladorlikni qanday olib borish kerak ekanligi va rejalar tuzishda yordam beradi. Muhimi homilaning rivojlanishi, kuzatilish ehtimoli boʻlgan anomaliyalarni aniqlash uchun doimo tekshiruvdan oʻtib turish kerak (masalan bir homilaning rivojlanishdan ortda qolish sindromi yoki fenomeni).

Koʻp urugʻli homiladorlikning kechishi

Koʻp urugʻli homiladorlik ayol uchun biroz ogʻirroq kechadi. Homiladorlikning ilk trimestrida turli asoratlar va sogʻlikdagi oʻzgarishlar rivojlanishi mumkin. Bunday vaqtda shifokorga murojaat etish zarur.

Ikki tuxumdan rivojlangan egizaklar xromosoma toʻplamida farq boʻlganligi sababli ona organizmi ulardan birini organizmga “yot” modda sifatida qabul qilishi mumkin, immun tizimi ham unga qarshi antitelolar ishlab chiqish ehtimoli bor.

Egizak homiladorlikning ilk davrlarida kuzatilishi mumkin boʻlgan holatlar

Homiladorlikning ilk davrlarida koʻp urugʻli homiladorlik kechishi oddiy homiladorlik kechishidan deyarli farq qilmaydi. Ammo, homiladorlikning 8 kunida homilaning bachadon devorida implantatsiya qilishi natijasida qon ketishlar kuzatilishi mumkin va bu holat 4 kungacha davom etadi. Bundan tashqari toksikoz belgilari koʻp urugʻli homiladorlikda kuchliroq namoyon boʻladi (koʻngil aynishi, qayt qilish).

Homiladorlikning oʻrta davrlarida kuzatiladigan oʻzgarishlar

Koʻp urugʻli homiladorlikda kuzatiladigan eng keng tarqalgan muammolardan biri – ISY (itmiko-servikal yetishmovchilik – bachadon boʻyni ikki homiladan tushdigan zoʻriqishni koʻtara olmaydi) dir. Buning sababi bachadon devorlarining haddan ziyod kengayishi, homila oldi suyuqligi koʻpligi va homila tana vaznining ortiqchaligidir. Odatda bunday holat homiladorlikning 22 haftasidan keyin kuzatiladi. Jarayon juda tez boshlanadi. Bachadon boʻyniga qoʻshimcha choklar qoʻyilish yoʻli bilan bartaraf etish mumkin.

Homiladorlikning kechki bosqichlarida kuzatiladigan oʻzgarishlar

Homilaning oʻsishi va tana vazni ortib borishi natijasida aylanib yuruvchi qon hajmi ortadi, bu esa yurak miokard qavatiga zoʻriqishni koʻpaytiradi. Bundan tashqari anemiya, vitaminlar yetishmovchiligi, ayniqsa foli kislota yetishmovchiligi, temir tanqisligi kuzatiladi.

Koʻp hollarda homilador ayollar tez charchab qolish, hansirash va kuchli jigʻildon qaynashiga shikoyat qiladilar, bundan tashqari ich qotish va peshob ajratishdagi muammolar ham ayolni bezovta qilishi mumkin. buning sababi oʻlchami kattalashgan bachadonning ichaklar, siydik pufagi va boshqa ichki organlarni ezib qoʻyishidir.

Homila ichi suyuqligi koʻpligi esa buyraklarning zoʻriqib ishlashiga sabab boʻladi. Koʻp urugʻli homiladorlikda muddatidan oldin tugʻruq roʻy berishi koʻp uchraydi. Koʻp urugʻli homiladorlik qandli diabet shakllanishiga olib kelishi mumkin, bundan tashqari ushbu holat koʻpgina surunkali kasalliklar xuruj qilishiga ham sabab boʻladi. Ayol kishi yuqoridagilarni bilgan holda doimo shifokor nazorati ostida boʻlib turishi zarur.

Kesarcha kesishdan keyin egizak farzand koʻrish​

Koʻp urugʻli homiladorlik avvalgi tugʻruqning kesarcha kesish orqali amalga oshgan boʻlsa jiddiy muammo tugʻdirishi mumkin. bu holat ona uchun ham homila uchun ham asoratli boʻlish ehtimoli yuqori boʻladi. Ular quyidagilar boʻlishi mumkin:

  • Bachadon devorlarida qon aylanish bilan bogʻliq boʻlgan muammolar, yaʼni chandiq hosil boʻlgan sohada zigota implantatsiya boʻlishi, homilaning yetarlicha kislorod va ozuqa moddalari qabul qilmasligi natijasida homila ichi gipoksiyasi rivojlanishi;
  • Chandiqlar tufayli yoʻldoshning bachadonning pastki qismlarida joylashishi va muddatidan oldin tugʻruq roʻy berishi;
  • Homilaning notoʻgʻri joylashuvi;
  • Eng ogʻir asorat bu – choklarning yirtilishi va qon ketib qolishi hisoblanadi. Bu holat ona hayoti uchun xavf tugʻdiradi.

Egizak farzandlar nafaqat ikki baravar ko’proq mushkullik, balki ikki baravar ko’proq quvonch hamdir!


Homiladorlik davridagi oʻzgarishlarni kuzatib borish, foydali maslahat va tavsiyalardan koʻproq bahramand boʻlishni istasangiz, homilador ayollar uchun moʻljallangan “Lalu — Homiladorlik maktabi” mobil ilovasini telefoningizga oʻrnatib olishingizni maslahat beramiz.

Bu ilova homiladorlik uchun zarur boʻlgan, homiladorlik kalendari, ratsional ovqatlanish, homilaning oʻlchamlari va embrionning haftalik rivojlanish illyustratsiyalari, Kegel mashqi va boshqa koʻplab muhim imkoniyatlarga ega.

Hoziroq bepul yuklab oling

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x