EGEY MADANIYATI, Kritmiken madaniyati — Kiklad, Krit o., Yunonistonning materik qismi va Kichik Osiyo (Gʻarbiy Anadolu)dagi jez davri tamaddunining umumiy nomi (mil. av. 3—2ming yillik). Uning asosiy markazlari Miken (G. Shliman) va Krit (A. Evans) dagi qazishmalar natijasida ochilgan. Bir qancha lokal arxeologik madaniyatlarga ajratilgan: Kritdagi madaniyat, orolning afsonaviy podshosi Minosning nomi bilan Minoy madaniyati deb atalgan; Yunoniston materik qismining turli qismidagi madaniyatlar — fessaliya, makedon, ellada madaniyatlari; Kichik Osiyodagi — gʻarbiy anadolu madaniyati; Kikladdagi — kiklad madaniyati deb nom olgan. Egey madaniyati 3 davrga boʻlinadi: ilk (ellada madaniyati uchun — mil. av. 3000 — 2100/1900-yillar, minoy madaniyati uchun — mil. av. taxm. 3000—2200-yillar), oʻrta (tegishli ravishda, mil. av. taxm. 2100/1900—1580 yil va mil. av. taxm. 2200—1700-yillar), soʻnggi (tegishli ravishda, mil. av. taxm. 1580 — 1200-yillar va mil. av. taxm. 1700 — 1150-yillar). Gʻarbiy Anadolu va Oʻrta Yunoniston madaniyatlari mahalliy neolit davri madaniyati, Egey dengizi sharkiy qismidagi orollar madaniyati asosida vujudga kelgan va Troya madaniyati taʼsirida taraqkiy etganlar. Egey madaniyati notekis rivojlangan. Uning markazlari turli davrda yuksalish va tanazzul davrini kechirgan.
Ingliz arxeologi A. Evans Egey madaniyati boʻyicha tadqiqot ishlari olib borib, koʻp jildli ilmiy asarlar yaratgan. Egey madaniyatiga oid piktografik yozuvlarni oʻrgangan.
Egey madaniyatiga oid obidalar mahalliy aholining Misr va Odd Osiyo bilan yaqin aloqada boʻlganini koʻrsatadi (Misr va Suriyada Egey sanʼati yodgorliklari, Krit o. da esa Misr va Old Osiyo sanʼati namunalari topilgan). Krit sanʼati oʻziga xosligi bilan ajralib turadi. Egey madaniyatining muhim markazlaridan biri Knos shahridagi Hukmdorlar saroyi (taxm. mil. av. 2000-yildan soʻng) qoldiqlari saqlangan. Saroy murakkab tarhli (16 ming m2 ga yaqin mayd. ni egallagan), koʻp marta qayta qurilgan, 3 qavatli boʻlib, xonalar ustunli, tor hovlili, yuqori qavatlarga zinapoyalardan chiqilgan. Mil. av. 2-ming yillikning 1-yarmiga mansub kichik saroy, podsho villasi, karvonsaroy, 2—3 qavatli turar joylar qazib oʻrganilgan. Knos, AgiaTriadada mineral boʻyoq bilan ishlangan freska qoldiqlari topilgan, ularda akrobatika oʻyinlari, suhbatlashayotgan ayollar, hayvon, oʻsimliklar aks ettirilgan. Ayniqsa, Krit vaza rassomligi diqqatga sazovor. Suyak haykalchalar koʻp ishlangan. Mil. av. 3-ming yillik va 2-ming yillikning boshlarida Kikladda marmar ayol haykalchalari ishlash, sopol idishlar sanʼati rivojlangan. Tirinf akropoli — mustahkamlangan tepalik (mil. av. 2-ming yillikning oʻrtalari) da bino qoldiqlari saqlangan; bu bino qadimiy yunon ibodatxonalariga namuna boʻlgani koʻrinadi. Devoriy rasmlarda jang lavhalari aks ettirilgan. Mikenda relyef bilan bezatilgan «Sherdor darvoza», usti tuproq bilan gumbazsimon qilib yopilgan maqbara saqlangan. Maqbaralardan topilgan oltin va kumush bezak buyumlari zargarlik rivojlanganligidan darak beradi. Mil. av. 2-ming yillikning oxirlarida doriy qabilalari hujumi oqibatida Egey madaniyati markazlari vayron qilingan. Egey sanʼati yunon sanʼatiga samarali taʼsir koʻrsatgan.