Eʼtiqodda sobitlik muhim

Toshkent shahar bosh otinoyisi bilan suhbat

 

Oila, farzand, er-xotin munosabatlari jamiyatning doim dolzarb muammolaridan hisoblanadi. Ajralishlar, “tirik yetim” bolalar – jamiyatning dardi, kulfati. Ayollarimizning oʻz huquq va majburiyatlarini yaxshi bilmasligi, diniy tushunchalardan bexabarligi ham noxushliklarga sabab boʻlmoqda. Toshkent shahar bosh imom-xatibining xotin-qizlar masalalari boʻyicha maslahatchisi, shahar bosh otinoyisi Dilbar OTABOYEVA bilan muloqotimiz aynan xotin-qizlar va din mavzusiga bagʻishlandi.

 

– Assalomu alaykum va rahmatullohu va barokotuhu!

– Vaalaykum assalom rahmatullohu va barakotuhu!

 

– Sizga Dilbar opa deb murojaat qilaymi yoki otinoyi, ikkilanibroq turibman?..

– Oʻzingizga maʼquli bilan murojaat etavering, qizim. Istang, otinoyi deng, xohlang hoji ona.

 

– Hoji ona, avvalo, yaqinlashib kelayotgan eng katta ayyomimiz – Ramazon hayiti muborak boʻlsin. Hamisha sihat-salomatlikda, el-yurt xizmatida yurishingizni nasib etsin, ilohim.

– Rahmat, qizim. Oʻzingizga ham ayyom muborak boʻlsin. Jamiki musulmon ahlining orziqib kutadigan ayyomlaridan biri – bu. Ilohim shunday muborak oyda, farahbaxsh kunlarda qilgan duo va niyatlarimiz ijobat boʻlsin.

 

– Aytganingiz kelsin. Biz shu kunga qadar muftiy, imom-xatib kabi diniy lavozimlarni bilar edik. Biroq otinoyi haqida uncha toʻliq tasavvurga ega emasmiz. Dastavval otinoyi soʻzining mazmun-mohiyati haqida soʻzlab bersangiz.

– Oʻtmishda otinoyi deyilganda, xotin-qizlar oʻqituvchisi, din va shariat bilimdoni tushunilgan. Uning lugʻaviy maʼnosi esa “otin” – “muallim”, “olima” deganidir. “Otin” soʻzi hurmat maʼnosida maʼrifatparvar ayollar ismiga qoʻshib aytilgan. Ular Qurʼoni Karim qiroati, tafsiri, paygʻambarlar tarixi, xalq ogʻzaki ijodini yaxshi bilishgan.

Bizning davrda ushbu tushunchaning mazmun-mohiyati ancha kengaydi. Bugungi otinoyilar bilim oʻrgatish, xotin-qizlarimizni toʻgʻri yoʻlga daʼvat etishga burchli. Qolaversa, ular nizoli oilalarni pand-nasihat, tushuntirish yoʻli bilan murosaga keltiradi. Shuningdek, uni toʻy-hasham, aza marosimlarini meʼyorida oʻtkazish borasida ayollarimizga bosh-qosh boʻlgan obroʻ-eʼtiborli kayvoni ayol, mahalla vakilasi, desak boʻladi.

 

– Siz Toshkent shahri bosh otinoyisisiz. Demak, sizdan quyida ham otinoyilar faoliyat yuritadi?

– Albatta, respublikamizdagi barcha viloyatlar oʻz bosh otinoyisiga ega. Ulardan quyida tuman va mahalla otinoyilari faoliyat olib boradi. Poytaxtimiz misolida koʻrsak, ayni kunda bu yerda jami 153 nafar otinoyi bor. Aytishim kerakki, bugun ularning har biriga muayyan mahallalar biriktirilgan. Olmazor tumanidagi 58 mahallaga 15 nafar otinoyi toʻgʻri kelsa, Shayxontohur tumanidagi 56 mahallada 27 nafar otinoyi faoliyat yuritmoqda. Hududlar katta, mahallalar soni koʻp boʻlishiga qaramay, hali biror mahallada otinoyidan norozilik paydo boʻlgan emas. Chunki ularning barchasi yetarlicha tajriba va bilimga ega.

 

– Otinoyilikka qanday kirib kelganingiz, oilangiz haqida ham qisqacha toʻxtalib oʻtsangiz. Menimcha, bu gazetxonlarimiz uchun ham qiziq.

– Yoshlik paytlarim uyimizda koʻplab diniy tadbirlar oʻtkazilardi. Oʻshanda bir qancha otinoyilar bilan tanishishga muyassar boʻlganman. Ularning suhbatini tinglab, dinga boʻlgan qiziqishim ortgan. Maktabda ham, institutda ham ruscha oʻqishimga qaramay, oilamizdagi diniy taʼlim sabab oʻsha kezlari keng yoyilgan ateizm gʻoyalari ruhiyatimga taʼsir koʻrsatolmagan.

Diniy bilimlarni buvimdan olganman. Filologiya fakultetining ingliz tili yoʻnalishi boʻyicha oʻqishni tamomlagach, bir necha yil oʻqituvchi, rahbarlik lavozimlarida ish yuritdim. Nafaqaga chiqqach, otinoyilik lavozimiga tayinlandim.

Allohga shukur, farzandim, ikki nevaram va bitta evaram bor. Umr yoʻldoshim bilan turmush qurganimizga ellik yil boʻlsa-da, sen-menga bormadik. Sababi, bir-birimizni tushunib, har sohada qoʻllab-quvvatlab keldik. Bugungi yoshlarimizga ham shuni maslahat bergan boʻlardim. Oilada erkak shoshib qaror qabul qilishi mumkin, lekin ayol oʻsha vaziyatdan vazminlik bilan chiqib keta olsa, sabr qilsa, oʻylaymanki, turmushi chiroyli va farovon boʻladi.

 

– Respublikamiz tuman va qishloqlarida norasmiy faoliyat yuritayotgan otinoyilar ham bor. Ularning roʻyxati shakllantirilib, litsenziya berish boshlangani haqida eshitdik…

– Joriy yildan boshlab joylarda faoliyat yuritayotgan barcha otinoyilar roʻyxatini shakllantirish ishlari boshlandi.

2013 yildan boshlab imtihon asosida otinoyilikka qabul qilish va ularga litsenziya berish yoʻlga qoʻyildi. Imtihon fiqhiy, aqidaviy va dunyoviy masalalarga oid savollar, Qurʼon tajvidi hamda hadis sharhi ilmi asosida oʻtkaziladi.

Ayni kunlarda Toshkent shahrida otinoyilikka qabul jarayonlari boshlangan. Sababi, aytganimdek, poytaxtimiz mahallalariga otinoyilar yetishmaydi.

Hayotiy tajribaga ega, diniy va dunyoviy ilmdan boxabar, muhimi, oilasi namunali ayollar mazkur lavozimga oʻtishlari mumkin.

 

– Ayrim joylarda norasmiy otinoyilar tomonidan “Mushkulkushod”, “Bibi seshanba” kabi marosimlar oʻtkazilayotgani sir emas. Vaholanki, islomda yolgʻiz Allohga eʼtiqod qilish va Undangina najot soʻrash aytiladi.

– Islom dini yolgʻiz Allohga sigʻinish va Ungagina toat-ibodatda boʻlishni buyuradi. Biroq, qiziga sovchi kelmaganda, yigitga munosib qiz topilmaganda, biror ishi yurishmaganda qilinadigan xurofot amallar – “Mushkulkushod” va “Bibi seshanba” marosimlari dinimizda yoʻq. Mazkur marosimlardagi turli taomlar tayyorlash, isrofgarchilikka yoʻl qoʻyish, aziz-avliyolar mozoriga atab qurbonlik qilishlar islom dinida qatʼiy man etilgan.

Biroq, ochiq aytish kerak, ayollarimizning bu borada diniy tushunchalari hali ancha past. Joriy yildan boshlab Oʻzbekiston Musulmonlari idorasi tomonidan bidʼat tadbirlarni oʻtkazayotgan norasmiy otinoyilarni aniqlash, ular bilan yakka tartibda tushuntirish olib borish yoʻlga qoʻyildi.

Mamlakatimizda uch oylik “Qurʼoni Karim va tajvid” oʻquv kurslari ochilgani ham xotin-qizlarimizning diniy savodxonligini oshirishga xizmat qiladi, deb oʻylayman.

 

– Qoʻydi-chiqdilar koʻpaymoqda. Nega?

– Kasbimiz taqozosiga koʻra, ajralish holatlari yuzasidan koʻp ayollar bilan muloqotda boʻlamiz. Oilaviy nizolarga koʻpincha ayollardagi sharmu hayo, sabr-qanoat yoʻqolib kamayayotgani, oʻtkinchi hoyu havaslarga oʻchlik natijasida erkaklarning ish izlab, xorijga ketib qolayotgani ham sabab boʻlyapti.

Ayonki, oqila ayol eriga itoatda boʻladi. Chunki er – oila rahbari, boquvchisi. Ayolning erga itoatini koʻrib, voyaga yetgan farzandlar ham otasining hurmatini joyiga qoʻyadi. Shunda oila mustahkam, doʻstlik, ahillik va muhabbat hukmron goʻshaga aylanadi.

Muayyan ayollarimiz moddiyatga mute boʻlib qolgan, nazarimda. Natijada erga meʼyordan ortiq talab qoʻyish, boriga qanoat qilmaslik kabi illatlar avj olib, oila atalmish qoʻrgʻonga darz ketadi. Uydagi gap koʻchaga chiqib, qudalar orasiga nifoq solish vaziyatni yanada qiyinlashtirmoqda.

 

– Azaldan yollanma ishchilarning oʻz bozori boʻlgan. Taassufki, ayni kunlarda axloqi buzuq, yengil oyoqlarning ham bozori paydo boʻlyapti. Biri ishsizlikni roʻkach qilsa, boshqasi bolasini boqish uchun shunday nopok yoʻlda ekanidan soʻzlaydi.

– Bu zamonda hech kim gʻarib yoki och emas. Turmushidan ajragan boʻlsa-da, uyda oʻtirib ham hunari ortidan roʻzgʻor tebratayotgan, halol pul topib, ham oʻzini, ham bolasini boqayotgan onalar kammi? Ular tirikchilikni roʻkach qilib, aslo yomon yoʻlga qadam bosmagan! Ish yoʻqligi, bolasini boqolmasligini sabab qilib, yengil yoʻllarga kirayotganlar, bir soʻz bilan aytganda, imoni sust ayollardir.

Zinoga ulkan gunoh, kechirilmas ayb deb qaraladi. Zotan, Qurʼoni Karimning “Isro” surasida Alloh taolo musulmonlarga xitob qilib aytadi: “Va zinoga yaqinlashmanglar. Albatta, u fahsh ish va yomon yoʻldir” (32-oyat).

Ibn Umar roziyallohu anhudan ham shunday rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Qaysi qavmda fahsh tarqalsa, ularning orasida unga ochiqchasiga amal qilinsa, ularning ichida oʻlat va ota-bobolari bilmagan kasalliklar chiqadi” (Bayhaqiy rivoyati). Bugun tibbiyotga ota-bobolarimiz bilmagan OITS, zahm, turli teri-tanosil kasalliklari kirib kelgani bejiz emas.

Bu yoʻllarda yurgan ayollar, avvalo, Allohning qahridan qoʻrqsinlar, jahannam azobini oʻylasinlar. Farzandlari kelajagi haqida ham mulohaza yuritsinlar. Zero, erta xonadonlariga kelin olib kelish, oʻzga xonadonga qiz uzatishdek shirin tashvishlari bor. Jannati ayollardan ibrat olsinlar!

 

– Joylarda erta turmushlarning oldini olish boʻyicha amaliy choralar koʻrilayotir. Biroq mazkur muammoga toʻla barham berilganicha yoʻq. Otinoyilar bu borada qanday ishlarni bajarmoqdalar?

– Yosh turmushga uzatilayotgan qizlar baxtli yashab ketsa-ku mayli, ammo roʻzgʻor tutumini puxta egallamagani, ham ruhan, ham jismonan onalikka tayyor emasligi sabab ayrim yosh oilalar tanazzulga yuz tutayotgani oʻta tashvishlanarli.

Bu biz – otinoyilarning eʼtiborimizda turgan asosiy vazifalardan biridir. Har bir otinoyi oʻziga tegishli hududdagi boʻyi yetgan qizi bor oila bilan alohida suhbatlar oʻtkazmoqda. Erta turmushning xavfi va falokatli natijasini hayotiy misollar orqali tushuntirishga harakat qilishyapti. Eng katta qadamlarimizdan biri joriy yildan boshlab otinoyi hamda imom-xatiblarning FHDYo idoralariga biriktirilgani, ular bilan hamkorlikda ish olib borishi boʻldi. Endilikda otinoyi hamda imom-xatiblar FHDYo binosining oʻzida ariza topshirgani kelgan yosh kelin-kuyov bilan suhbat oʻtkazib, ularning turmushga tayyor yoki tayyor emasligi, quda-anda tutinayotgan oilalarning bir-biriga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosalar berishmoqda. Bu hamkorlik keng jamoatchilik tomonidan iliq kutib olinayotganini koʻrib turibmiz.

 

– Ibodatning libosi boʻlmaydi, degan gap bor. Ammo koʻpchilik hijobga diniy libos, deb qaraydi. Bu borada Siz nima deysiz?

– Aholimizning 94 foizdan ortigʻi islom diniga eʼtiqod qiladi. Islomda “bunisi – islom kiyimi, bunisi esa islom diniga zid”, degan tushuncha yoʻq. Holbuki, boshqa dinlarda ibodat marosimlari uchun alohida libos kiyiladi.

Bizda hijob diniy libos, deb notoʻgʻri talqin qilinadi. Islom dini taʼlimotiga koʻra, qanday kiyimda boʻlsa ham, ibodatga mos va toza-pokiza libos boʻlishi kerak.

 

– Otinoyilarimiz ayni kunlarda qanday ishlar bilan mashgʻul?

– Xonadonlarimizda oʻtkazilayotgan ehson, mavlud tadbirlari otinoyilarsiz oʻtmaydi. Ularda Qurʼon tilovati, ibratli hikoyatlar, hadislar tafsiri bilan birga Paygʻambarimizning tugʻilishlaridan to oxirgi kunlariga qadar boʻlgan hayotiy lavhalar yaqindan tanishtirilyapti, ayollarimizning diniy savodxonligi oshirilyapti. Yaqinda missionerlik harakati oqibatida boshqa dinni qabul qilgan ikki yuzdan ortiq yurtdoshlarimizning islomga qaytishiga erishdik. Shuningdek, nogironligi bor, yaxshi eshitmaydigan, koʻzi ojiz ayollarimizga ham diniy saboq berish harakatidamiz.

Er-xotin, qaynona-kelin munosabatlari, farzand tarbiyasi haqidagi ilmlarni ham diniy kitoblarimizdan misollar keltirish orqali xotin-qizlarimizga tushuntirishga harakat qilyapmiz. Erta turmushlarning oldini olish, ajrashishlarni kamaytirishga bor kuchimizni safarbar etayapmiz. Xususan, oʻtgan 5 oy ichida 567 oiladan 154 tasini saqlab qolishga erishgan boʻlsak, diniy ekstremizmga moyilligi bor 509 nafar ayolning oilaviy sharoiti, turmush tarzi va muammolari oʻrganib chiqildi.

Biz, otinoyilar zimmamizga yuklatilgan masʼuliyatni toʻgʻri va teran anglagan holda ish olib borishga harakat qilyapmiz.

 

– Vaqtingizni ayamay, biz bilan suhbatlashishga rozi boʻlganingiz uchun tashakkur!

– Shunday ulugʻ kunlarda siz bilan uchrashganimizdan biz ham xursandmiz. Muborak oyning soʻnggi kunlarida niyat qilgan boʻlardimki, ilohim, yurtimiz tinch boʻlsin, xonadonlarimizdan fayzu barokat arimasin! Ezgu amallar, xayrli ishlarga bosh boʻlayotgan Yurtboshimizni Alloh oʻz panohida asrasin! Jamiki bemorlarga Oʻzi shifo berib, yaqinlari baxtiga sogʻ-salomat yurmoqlikni nasib etsin!

– Omin!

 

Goʻzal MALIKOVA,

“Hurriyat” muxbiri

 

uzhurriyat.uz

https://saviya.uz/hayot/suhbat/etiqodda-sobitlik-muhim/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x