DURAGAY URUGʻ — irsiyati har xil navlar, turlar va turkumlarni chatish-tirishdan olingan urugʻ. D. u. ota-onalari genlarining kayta juftlanishi va transgressiya (qoʻshilib taʼsir etishi) asosida yangi belgi va xususiyatlarni oʻzida mujassam etadi. Genlar nazoratidagi belgi va xususiyatlar duragaylarning har bir boʻgʻinida yangidan ri-vojlanadi. Duragay urugʻ olish usuli va tartibi sunʼiy duragaylashgan, yaʼni bir navning gulini (onaligini) ikkinchi navning changi (otaligi) bilan changlashdan iborat. Duragay urugʻ genetik tadqiqotlar, shuningdek, seleksiyada yangi navlar yaratishda ota-ona organizmlarining biron-bir muhim belgilarini yangi navlarga oʻtkazishda qoʻllaniladi. Birinchi boʻgʻindagi Duragay urugʻ geterozis belgilariga ega boʻladi.
Dehqonchilikda Duragay urugʻ lardan gʻoʻza, makkajoʻxori, oq joʻxori, qand lavlagi, bodring, sabzavot ekinlari hamda koʻpchilik yem-xashak ekinlari hosildorligini oshirishda keng foydalaniladi. Ayniqsa makkajoʻxorining Duragay urugʻni yetishtirish boʻyicha maxsus urugʻchilik xoʻjaliklari tarmogʻi tashkil etilgan. Shuningdek, bugʻdoy va moyli ekinlarning Duragay urugʻ laridan foydalanish imkoniyatlari ham oʻrganilmoqda. Asosan, birinchi boʻgʻin D. u. lar ekiladi. Ikkinchi va undan keyingi boʻgʻinlarda ularning hosili pasayadi. Duragay urugʻlarni koʻplab olish usullari topilgan holdagina ulardan unumli foydalanish imkoniyati tugʻiladi.
Duragay urugʻlarni yetishtirish usullari oʻsimlikning biologik xususiyatlariga, chu-nonchi, gullash tipiga qarab belgilanadi.