Dunyoning birinchi milliarderi

yoxud pul topishni sanʼatga aylantirgan daho

 

– Amaki, poyabzalingizga chang tegibdi, keling tozalab qoʻyaman.

Amerikaning Richford shahri koʻchalarida qoʻliga choʻtka va charmni yaltiratadigan maxsus yogʻ koʻtarib yuradigan ozgʻingina bu bolakay oʻzining tirishqoqligi, mehnatkashligi bilan koʻpchilikning eʼtiborini tortardi. Baʼzilar unga yordam qilish istagida yoki achinganidan ham poyabzalini tozalatib, soʻng pul tashlab ketardi. Ammo ular bilmasdiki, Jon kambagʻal oilaning farzandi emasdi. Istasa, ota-onasining qurbi oʻgʻlini nufuzli joyda oʻqitishga, hech nimadan zoriqmay oʻstirishga yetar edi. Biroq ota-ona oʻzi pul ishlab topishni haddan ortiq yaxshi koʻradigan oʻgʻlining halol mehnat qilishiga qarshilik qilmasdi.

Jon biroz ulgʻaygach, poyabzal tozalashni yigʻishtirib, anchagina foydaliroq va obroʻliroq kasb bilan shugʻullandi. Endi u mahalliy matbuot boʻlimidan gazeta va jurnallarni olib, koʻchada yurib sotar yoki oʻz egalariga yetkazib berardi. Bu ishning ortidan yaxshigina daromad kela boshladi. Yigʻayotgan sarmoyasining miqdori sezilarli oshayotganini his qilgan bolakay oʻsha paytlarda 100 ming dollar puli boʻlishi va 100 yil yashashni orzu qilardi. Garchi uning ikkinchi orzusi toʻliq ushalmagan, yaʼni 100 yil emas, 98 yil yashagan boʻlsa-da, birinchi orzusi ming barobar ortigʻi bilan roʻyobga chiqdi. U misli koʻrilmagan darajada katta boylik toʻpladi. Hali-hamon dunyoning hech bir milliarderi Jon Rokfeller toʻplagan boylikning yaqiniga ham yoʻlay olgani yoʻq.

 

“TUGʻMA TADBIRKOR”NING BOLALIGI

Jon Devison Rokfeller 1839 yili Nyu-York shtatining Richford shahrida dunyoga keldi.

Jon oiladagi olti farzandning ikkinchisi edi. Ota-onasi bolalarini yoshligidan oila mablagʻini tejashga, mehnatga va mablagʻ topishga oʻrgatgandi. Shu bois Rokfellerlar oilasi farzandlari uchun biznes oilaviy tarbiyaning bir qismiga aylangandi. Ayniqsa, savdo-sotiq bilan shugʻullanadigan, anchagina mablagʻ egasi boʻlgan otasi oʻgʻli Jonda tadbirkorlikka ishtiyoqning juda kuchliligini payqar, shu bois boshqa farzandlariga nisbatan u bilan ayricha munosabat oʻrnatgandi. Masalan, oʻgʻil otadan pul soʻragudek boʻlsa, unga soʻragan mablagʻini berar, lekin avval shart qoʻyardi. Shartga koʻra, oʻgʻil otasi bergan pullarni koʻpaytirib, foydasinigina ehtiyojlariga ishlatishi mumkin edi. Shu bois, bolakay juda yoshligidanoq otasidan olgan pulga doʻkondan bir funt konfet olib kelar, soʻng uni singillariga yoki qoʻshni bolalarga donalab sotardi. 13 yoshida u 50 dollar yigʻadi va ushbu mablagʻini yillik 7,5 foiz evaziga qoʻshnisiga kreditga beradi.

Shunisi hayratlanarliki, Jon yoshligidan oʻz mablagʻi haqida hisob-kitob olib borishni yaxshi koʻrgan. Oila tarixini oʻrgangan odamlarning aytishicha, u topgan puli miqdorini muntazam yozib borish uchun birinchi maoshidan kundalik daftar sotib olgan va uni umrining oxirigacha saqlagan.

 

BIRINCHI ISH, MAOSH VA ILK QADAMLAR

Rokfeller 16 yoshga toʻlganda mustaqil ishlay boshladi. Avvaliga hisobchiga yordamchi boʻldi. Maoshi oyiga 17 dollar edi. Keyinroq maoshi 25 dollar boʻlgan hisobchi lavozimiga tayinlandi.

1857 yili u angliyalik bir tadbirkor 2000 dollar mablagʻi bor sherik qidirayotgani haqida eshitib qoladi. Bu paytda uning bor-yoʻgʻi 800 dollar puli bor edi. Ammo shu ishga juda qattiq qiziqayotgani bois, otasidan yiliga 10 foiz ustama bilan qarz oladi. Shunday qilib, u urugʻ, don, goʻsht va boshqa tovarlar savdosi bilan shugʻullanadigan “Klark va Rochester” kompaniyasining muassislaridan biriga aylanadi.

XIX asrning ikkinchi yarmida AQSHda kerosin lampalar urf boʻla boshladi. Bu esa uning xomashyosi – neftga boʻlgan talabni oshirdi. Oʻsha paytda Jon amaliyotchi ximik Samuel Endryus bilan tanishadi. U neftdan kerosin olish boʻyicha mutaxassis edi. Shunday qilib, ikki ishbilarmon kuchlarni birlashtirib, neftni qayta ishlaydigan “Endryus va Klark” kompaniyasiga asos solishdi.

Jon Rokfeller neft bozorining kelajagi borligini oldindan biladi va sherigiga barcha mablagʻni shunga yoʻnaltirishni taklif qiladi. u bunga rozi boʻlmagach, uning ulushini 72500 dollarga sotib oladi va kelgusi hayotini butunlay neft biznesiga bagʻishlaydi.

 

JON ROKFELLERDAN MASLAHATLAR:

 

Agar puling kam boʻlsa – biznes qil. Agar puling umuman boʻlmasa – unda zudlik bilan biznes qil!!!

***

Ulkan boylikka faqat kichik daromad orqaligina erishish mumkin! Bu qoʻshimcha tushum sizning kichik urinishlaringiz samarasi boʻlishi kerak.

***

Boy odamda hech qachon ortiqcha pul boʻlmaydi. Kambagʻalda esa boʻladi.

***

Kambagʻallik masʼuliyatdan qochish oqibatida yuzaga keladi.

Oʻzingizni oqlab, turli bahonalarni oʻylab topmang. Nega hozirdanoq maqsadingiz sari olgʻa qadam bosolmaysiz?

***

Kambagʻalga million bersang, ishlatib yuboradi. Boyga oʻn ming bersang, million ishlab oladi.

 

“STANDARD OIL” — DUNYONING ENG YIRIK NEFT KOMPANIYASI

1870 yilga kelib Jon Devison Rokfeller oʻzining “Standard Oil” kompaniyasiga asos soladi. Kompaniya neftni qazib olishdan tortib, tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha boʻlgan barcha jarayonni amalga oshirardi. U oʻz xodimlariga maosh oʻrniga kompaniya aksiyalarini beradi, bu esa xodimlar ham koʻproq foyda olishini taʼminlardi. Shuning uchun kompaniya ishchilari astoydil va sifatli ishlashardi. Har bir xodim qancha koʻp va yaxshi ishlasa, shuncha koʻp daromad olishini bilgani holda mehnat qilardi.

“Standard Oil” tezda rivojlanib ketdi, olingan foydaga Jon boshqa neft kompaniyalarini ham sotib ola boshladi. Rad etganlar esa, albatta, bankrot boʻlardi. Shunday qilib, koʻplab kompaniyalar asta-sekin “Standard Oil” tarkibiga kira boshladi.

Shunisi hayratlanarliki, bor-yoʻgʻi oʻn yilda Jon Rokfeller kompaniyasi AQSHda butunlay monopol korxonaga aylandi. “Standard Oil” oʻsha paytda mamlakatdagi 90-95 foiz neftga egalik qilardi. Asta-sekin tadbirkor oʻz mahsulotlari bahosini oshirdi va “Standard Oil” dunyodagi eng yirik neft kompaniyasiga aylandi.

Oradan yana oʻn yil oʻtgach, AQSHda monopoliyaga qarshi qonun qabul qilindi. Ammo bu narsa Rokfellerni sira tashvishlantirgani yoʻq. U oʻz korporatsiyasini 34 ta kompaniyaga boʻldi va hammasida oʻzining nazorat paketini saqlab qoldi. Rokfellerga bu kompaniyalarning har biridan juda katta daromad kelardi.

Umri davomida Jon Rokfeller toʻplagan mablagʻning umumiy miqdori 1,4 milliard dollarni tashkil etgan. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga qaraganda, bu mablagʻ bugungi kunda 318 milliard dollarga teng boʻlar ekan. Bu oʻsha paytdagi AQSH yalpi ichki mahsulotining salkam 2,5 foizi deganidir.

 

SAXOVATPEShA MILLIARDER

Rokfeller juda boy yashardi, lekin hech qachon boyligini koʻz-koʻz qilmasdi. Uning turli shtatlarda bir nechta uy-joyi va villalari, 273 gektarlik hovlisi, yana shaxsiy golf maydoni bor edi.

U qancha boy boʻlmasin, hech qachon insonparvarlikni unutmasdi. Rokfeller har doim oʻzining “Odamlarga chin dildan, hech qanday manfaat koʻzlamay, yordam qoʻlini choʻzing. Daromadingizning 10 foizini xayriya qilishga odatlaning” degan aqidasiga qattiq amal qilardi.

Umri davomida Jon batistlar cherkoviga 100 million dollar mablagʻ oʻtkazib bergan. Bundan tashqari, Chikago universitetiga 80 million dollarlik yordam koʻrsatgan. Shuningdek, u Nyu-York tibbiyot tadqiqotlari institutining tashkilotchisi va homiysi boʻldi, mashhur Rokfeller fondiga asos soldi. Umrining soʻngida salkam yarim milliard mablagʻni xayriya ishlariga sarfladi. Bu oʻsha vaqt uchun juda katta summa edi. Qizigʻi, otasining bu saxovatpeshaligini uning oʻgʻli va nevaralari ham davom ettirib kelishmoqda.

Rokfellerning muvaffaqiyati hech qanday iloji yoʻq boʻlgan narsani nazarda tutmagan. U butun umrini oʻzi yoqtirgan ishga va mehnatga bagʻishladi va haqli ravishda mukofotini oldi. U 98 yoshgacha yashab, dunyodagi eng katta biznes-imperiyani yaratish imkoniyatiga ega boʻldi. Jon Rokfeller 96 yoshga toʻlganda 5 million dollar sugʻurta puli oladi. Chunki qariya 95 yoshdan oshsa, shuncha pul olish boʻyicha oʻz hayotini sugʻurta qilgandi. U soʻnggi nafasigacha aqli rasoligini yoʻqotmadi hamda biznes sohasidagi faoliyatini davom ettirdi.

 

Manbalar asosida JAHONGIR tayyorladi.

 

“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.

https://saviya.uz/hayot/mashhurlar-hayoti/dunyoning-birinchi-milliarderi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x