Post Views:
329
1. Zandaniychi, Zandanechi – O‘rta Osiyoning boy bezakli ipak matosi, u G‘arbda eng keng tarqalgan bo‘lib, bir vaqtlar mashhur to‘qimachilik ishlab chiqarish markazi bo‘lgan – Buxoro yaqinidagi Zandana qishlog‘ida ishlab chiqarilgan va u “Zandanada ishlab chiqarilgan” degan maʼnoni beradi. Keyinchalik mamlakat bo‘ylab zandaniychi matosi ishlab chiqaruvchi markazlar paydo bo‘lgan va rivojlangan. Shunday bo‘lsa-da, boshqa joylarda ham uning asl nomi saqlanib qolavergan.
2. Narshaxining yozishicha, bu mato Hindiston va Iroqqa yuborilgan, chunki u o‘ta pishiqligi, harir va go‘zalligi bilan o‘sha davr zodagon tabaqalari tomonidan yuqori baholangan. Hatto Yevropa qirolichalari ham Zandaniychi matosidan ko‘ylak kiyishni yaxshi ko‘rganlar. Ular uchun maxsus qimmatbaho mato yetkazib turilgan.
3. Narshaxiyning xabar berishicha, hatto arab xalifasi maʼmurlari soliqlarni pul bilan emas, mashhur Zandana matosi va va gilam bilan olishgan.
4. Aslida ipakning vatani Xitoy bo‘lsa ham Zandanichi ipak matolari G‘arb va Sharqqa sotilishi bilan birga Xitoyning o‘ziga ham tarqalib ketgan. Xususan, parcha deb nomlanuvchi Zandana matosi 718-719 yillarda Buxoro shahridan Xitoy imperatoriga yuborilganligi haqida maʼlumotlar bor.
5. VI – VIII asrlarda ishlab chiqarilgan Zandaniychi matolari parchalari G‘arbiy Yevropaning bir nechta muzeylarida bugungi kunda saqlanib qolgan. Belgiyadagi Yun shahri soborida saqlanayotgan ushbu noyob ipak mato parchasini o‘rganayotgan sanʼatshunos olim, fransuz tadqiqotchisi D. Shepard unda siyohda bitilgan bojxona yozuvi va muhrini topdi va uni o‘qishga muvaffaq bo‘ldi. Ushbu parchada so‘g‘d yozuvida bo‘lib, matoning uzunligi, hajmi, vaqti haqidagi maʼlumotnoma bor.Ushbu muhrning o‘qilishi ko‘p noaniqliklarga oydinlik kiritdi. U Yevropaning qator mamlakatlarida saqlanayotgan Zandaniychi matosini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi. U Sharqiy Turkistondagi Dun-Xuan manzili topilmalari orasida shunday matolar borligini aniqladi.
6. Zandanachi matosi ko‘ndalang qatorlarda joylashgan medalonlardan iborat naqshlar bilan bezatilgan. Medalonlar oralig‘iga o‘simlik tasviri tushirilgan. Boshqa turdagi bezaklar romb, kvadrat, geometrik ifodalangan gullar va hokazolardan iborat. D. Shepered “zandanachi” matosining tillarang, to‘qsariq, oq, ko‘k, qizil va yashil kabi o‘ziga xos rangligini taʼkidlaydi.
7. Ana shunday matolardan tikilgan kiyimlar Sug‘d, Toxariston va Markaziy Osiyoning boshqa viloyatlaridagi saroy hamda qo‘rg‘onlarning devoriy rasmlarida aks ettirilgan qabul va bayram manzaralarida keng namoyish etilgan. Ular milodiy 6-8 asrlarga taalluqlidir. Jumladan, Afrosiyobda ochilgan devoriy suratlarda ulug‘ zotlar kiyimlari bezaklarining nihoyatda xilma xilligini ko‘rish mumkin.
O‘rtasiga uchar otlar, qo‘ylar, afsonaviy mahluqlar (muqaddasi uchar itlar), tovuslar va hokazolar tasviri tushirilgan doiralar tarzidagi bezaklar ana shu kiyimlar uchun xos. Shunday kiyim tikadigan ustaxonalar barcha yirik shaharlarda bo‘lgan, arxeologlar ochgan ustaxona xarobalari, ishlab chiqarish anjomlari shundan dalolat beradi.
8. “Bayt at-Turaz” Buxoro qalʼasining sharqiy darvozasida joylashgan bo‘lib, u yerda X-XI asrlarda endi uncha qimmatbaho bo‘lmagan ipak va paxtadan to‘qilgan matolar ishlab chiqarilgan to‘qimachilik korxonasi bo‘lgan. Chunki vaqtlar o‘tib hunarmandlar bozorbop va paxta bilan to‘qilgan matolarni ishlab chiqarishga o‘tgandilar.
9. “Boburnoma”da taʼkidlanganidek, “Samarqandning yana bir matoi qirmizi mahmaldurkim, atrof va javonibga eltarlar”. Bobur davrida uning takomillashgan turlari Samarqandda mashhur bo‘lgan.
10. Arxeologik qazishmalar natijasida Shimoliy Kavkazda shunga o‘xshash mato parchalari topilgan. O‘n to‘rtinchi va o‘n oltinchi asrlarda Zandaniychi matosi paxtadan ishlab chiqarilgani uchun ham xaridorgir bo‘lgan. Zandaniychi matosi o‘rta asrlarda G‘arbiy Yevropa shaharlarida, shu jumladan Boltiqbo‘yi mamlakatida fuqarolar uchun eng arzon, tabiiy va sevimli import matolardan biri hisoblanardi. XVII asrda Rossiyada O‘rta Osiyodan keladigan barcha matolar “Zenden” nomi bilan mashhur bo‘lgan.
Shohista O‘ljayeva
https://shosh.uz/uz/dunyoga-mashhur-zandaniychi-matosi-haqida/