DUNGANLAR (oʻzlarini laoxueyxuey yoki chjunyuanjin deb ataydilar) — Markaziy Osiyoda yashaydigan xalq. Umumiy soni 70 ming kishi atrofida (1990-y. lar oʻrtalari). Qozogʻiston, Qirgʻiziston, qisman Oʻzbekistonda yashaydi. Dungan tilida gaplashadi. D. Xitoydagi xuey xalqi bilan etnogenetik jihatdan birdir. Dunganlar rus grafikasiga asoslangan oʻz yozuviga ega. Islomning sunna va shia mazhablariga eʼtiqod qilishadi. Dunganlar ajdodlarining kelib chiqishi fanda hali uzil-kesil hal qilingan emas. Baʼzi olimlar Dunganlar arablar bilan aralashgan xitoylar, baʼzilar esa Xitoyga kelib oʻrnashib qolgan fors, turk qabilalari deb hisoblaydi. «Dungan» nomi Sinszyan viloyatida 18-a. da paydo boʻlib, Xitoyning ichki viloyatlaridan koʻchib kelib, oʻtroklashib qolgan harbiy xizmatchilar, savdogarlar, xunarmandlar va b. ni ifodalagan (baʼzan «Dungan»ning etimologiyasini tun gan — hammasi Gan-sudan» yoki dvun yanjin — «Xitoyda yashovchilar» deb talqin etadilar). Xitoyning Gansu, Shensi, Lanjou va b. viloyatlarida yashaganlar. 1861—78 y. larda Xitoyning shim.-gʻarbida Sin sulolasi zulmiga qarshi dehqonlar qoʻzgʻoloni boʻlib oʻtdi. Qoʻzgʻolonda Dunganlar va b. xalqlarning kambagʻal tabaqasi asosiy kuch edi (q. Taypin qoʻzgʻoloni). Qoʻzgʻolon yengildi, natijada 1877—78, 1881—84 y. larda Dunganlar toʻda-toʻda boʻlib Qozogʻiston va Qirgʻiziston yerlariga qochib oʻta boshladi va shu yerlarda oʻrnashib qoldi. 20-a. boshlarida Dunganlar xalq boʻlib shakllandi, tili, madaniyati, adabiyoti va oʻz matbuotiga ega boʻldi. Dunganlar asosan, deqqonchilik (bugʻdoy, sholi, joʻxori, qand lavlagi, tamaki va b.), bogʻdorchilik, hunarmandchilik bilan shugʻullanadi.
Подписаться
авторизуйтесь
0 комментариев
Старые