O’tgan zamonda bir donishmand chol yashagan ekan. Uning uch o’g’li bo’lgan ekan. O’g’illari voyaga yetgach, chol ularga shunday debdi:
— Bolalarim, men sizni yeyish-ichishdan kamsitmay o’stirdim. Endi otlaninglar, turli shaharlarga borib, qo’rg’on solib kelinglar!
To’ng’ich o’g’li otasi topgan oltin-kumushlardan olibdi. Farg’ona vodiysining hamma shaharlariga boribdi. U yerlarga bittadan kattakon uy solibdi. O’rtancha o’g’il bo’lsa, Buxoro, Samarqand tomonlarga borib, qo’rg’onlar qurdiribdi. Kenja o’g’il oqil, dono ekan. U o’zicha : «Dadam turli shaharlarda qo’rg’on solinglar, deyish bilan har bir shahardan do’st, yor-birodar orttiringlar, demoqchi. Men boshqa shaharlarga borib, uy solib yurmayman! » debdi. Kenja o’g’il safarga chiqib ketipdi.
U qayerga borsa, u yerda eng yaxshi, vafodor kishilarni topib, ular bilan do’stlashibdi. U o’z safari davomida o’rtoqlari orasida mashhur bo’lib ketipdi. U akalaridan avval uyga qaytibdi.
Chol bir kuni:
— Qani, kim qaysi shaharga qanday qo’rg’on qurdi? Yuringlar, bir aylanib ko’rib kelamiz, — debdi.
U o’g’illari bilan birga katta o’g’li qurgan qo’rg’onga boribdi. Qarasa, uy-joyning o’zi so’ppayib odamsiz turgan emish. Chol indamapti. So’ngra o’rtancha o’g’ilning qilgan ishini ko’zdan kechiribdi. Uniki ham xuddi akasiniga o’xshar ekan.
— Bu qo’rg’onlarning odamlari qani? — deb so’rabdi chol. To’ng’ich va o’rtancha o’g’il unga javob bera olmabdi. Hammalari kenja o’g’ilning yor-birodarlari yashaydigan joylarga borishibdi. Ularni kenja o’g’ilning yor-u do’stlari izzat-hurmat bilan kutib olibdilar, ketma-ket ziyofatdan bo’shamay qolibdilar, shunda chol o’g’illariga qarab bunday debdi:
— Har bir shahardan orttirilgan do’st u yerga bir qo’rg’on qurish bilan teng. Mening maqsadimni faqat kenja o’g’lim tushunibdi. Mening ismim, bilim-tajribam unga meros bo’lib qolsin.