Jahonning shodligi yigʻilsa butun,
Doʻstlar diydoridan boʻlolmas ustun.
Mazkur shohbayt muallifi fors-tojik adabiyotining asoschisi Abu Abdulloh Roʻdakiy ekanligini barcha yaxshi biladi. X asrdayoq “Qubbati islomi din” nomini olgan va jahondagi yettita Sharif shaharlar qatoriga qoʻshilgan Buxoro shahrida Somoniylar saroyida malikushshuaro sifatida xizmat qilgan Roʻdakiy “Boʻyi joʻi muliyon oyad hame” qasidasida Buxoro shahrini oʻziga xos tarzda madh etadi:
Mir oydiru Buxoro osmon,
Oy osmon sari boradi.
Mir sarvdiru Buxoro boʻston,
Sarv boʻston sari keladi.
Shoir qasidasining bir qismi qoʻshiq qilib ijro etilganda, amir Nasr ibn Ahmadi Somoniy Hirot shahridan poytaxt Buxoroga qaytib kelgan deyishadi. Buxoriy, Samarqandiy, Termiziy, Axsikatiy, Nasafiy, Xoʻjandiy taxalluslari bilan ijod qilgan u kabi shoiru yozuvchilar ijodiy merosi maʼlum bir davr oraligʻida chetga surib qoʻyilgandi. Ayni paytda ikki tilli, lekin dili bir, bir etu tirnoq boʻlib birga yashab kelgan xalqlar oʻrtasidagi doʻstligu birodarlik qayta tiklandi, chegara zanjirlari uzib tashlandi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2018 yil 9-10 mart kunlari Tojikistonga qilgan rasmiy tashrifi chogʻida siyosiy, iqtisodiy, harbiy, madaniy va boshqa sohalarni qamrab olgan bir qator shartnomalarning imzolanishi, shu jumladan, vizasiz bordi-keldilarning yoʻlga qoʻyilishi nur ustiga aʼlo nur boʻldi. Ikki davlat rahbarlari nutqini televideniye orqali hayajon ila eshitdim. Chegaralardagi zanjirlar uzilayotganda ikki tomondan toʻplangan odamlardagi his-hayajonu xursandchiliklar vujudimni larzaga soldi. Tojikistonning Dushanbe, Shahrinav shaharlarida yashovchi amakivachchayu togʻavachchalarimiz bilan deyarli 20 yil davomida bordi-keldimiz uzilib qolgan edi-da axir! Ollohga ming qatla shukrki, hammasi ortda qoldi.
Hozir 75 yoshdaman. Pensiyaga chiqqunimcha oʻrta maktabning oʻzbek va tojik tillarida oʻqitiladigan sinflariga oʻzbek tili va adabiyoti, tarix va huquqshunoslik fanlaridan saboq berdim. Xalq deputatlari Kogon shahar va Buxoro viloyat kengashlari deputati sifatida faoliyat koʻrsatdim. 1986 yilda keng jamoatchilik va mahalla faollari boshchiligida “Zirobod oʻlkashunoslik xalq muzeyi” tashkil etildi. Muzeyimizga oʻquvchi-yoshlar, turli kasb egalari, shahrimiz mehmonlari muntazam tashrif buyurishadi. Uni jamoatchilik asosida boshqarib kelayapman.
Men faoliyat koʻrsatgan Kogon shahridagi 6-maktab 1987 yildan 1992 yilgacha Dushanbe shahridagi 94-, 89-maktablar bilan birodarlashib, doimiy aloqada boʻlib turgan edi. Bolalarimizni Dushanbe shahridagi bolalar oromgohlariga, ular esa oʻquvchilarini Buxoro va Kogon shaharlaridagi oromgohlarga olib kelishardi. Maktabimizda oʻqitish tojik tilida olib borilganligi uchun Tojikistondagi birodarlashgan maktablar bizga darslik kitoblari va badiiy adabiyotlar bilan koʻmaklashib turishardi.
Oʻsha yillari oʻttiz nafarga yaqin oʻquvchimiz Tojikiston oliy oʻquv yurtlarida oʻqib, oʻqituvchilik kasbini egallagan edi. Afsuski, keyinchalik… Chegaralar yopilib, darslik kitoblari taʼminoti boʻlmagach, tojik tilidagi sinflarimiz oʻzidan-oʻzi yopilib qoldi. Birodarlashgan maktablar tuhfa qilgan ayrim sovgʻalar maktabimizning eski binosida oʻzimiz tashkil etgan “Zirobod oʻlkashunoslik muzeyi”da to hanuz eksponat sifatida saqlanib kelinmoqda. Kogon shahridagi 3-4 ta mahalla fuqarolar yigʻinlaridagi aholining 80-90 foizi fors-tojik tilida soʻzlashuvchi xalq vakillari ekanligini inobatga olib, kelgusida Prezidentimiz tuhfasi sifatida maktabimizda tojik tilida oʻqitiladigan sinflar paydo boʻlishiga umid qilayapmiz.
Ikki davlat oʻrtasidagi doʻstlik rishtalarining qayta tiklanishi siyosiy, iktisodiy, madaniy rivojlanishga xizmat qilibgina qolmay xalqlarimiz uchun tarixiy voqea boʻldi. Endi Abu Abdulloh Roʻdakiy kabi shoirlar ijodiy merosining umumxalq mulkiga aylanishi va nomlari yurtimizda ham abadiylashtirilishini niyat qilsak boʻladi.
Bu boʻstonda doʻstlar etmasa koʻmak,
Nasib boʻlmas maqsad gulin termak,
deydi Saʼdiy Sheroziy.
Oʻzbeku tojik oʻrtasidagi doʻstlik chirogʻi abadiy nur sochib tursin!
Yusuf Rajabzoda QURBONIY,
Kogon shahridagi “Zirobod oʻlkashunoslik xalq
muzeyi”ning jamoatchilik asosidagi rahbari
Manba: ishonch.uz sayti
https://saviya.uz/hayot/nigoh/dost-bilan-obod-uying/