Doʻmbira mening ilk ustozim

Onam bechoraning aytishicha ilon yilida tugʻilgan ekanman. Urush, qahatchilik. Ikki akam frontga ketishgan. Non aziz pallalar edi. Chorvadorning qora oʻtovida qoʻzilar bilan koʻkanlashib ulgʻaya bordik. Sinfdan-sinfga yuqorilagan sari kitobxonlik kasaliga yoʻliqib qoldim. Hatto dalaga paxta terishga borganda ham iloji boʻlsa bir qissa yo romanni hech kimga koʻrsatmay etakka solib ketishga harakat qilardim. Zehnim oʻtkir edi. Bir-ikki oʻqigan sheʼrni yodlab qolar edim. Uncha-muncha ijodiy mashqlar qilganman. Ammo ularning bari joʻqiy sheʼrlar edi. Kelajakda nazm ilmi bilan muntazam shugʻullanaman, degan niyat mening xayolimga ham kelmagan oʻsha paytlar. Endi esa oʻsha maktabda olgan adabiy-badiiy jozibalar, uydagi baxshiyona urf-udumlar koʻnglimga jindak ijod tuygʻusini joylagan taqdir-bitik ekanmi deb oʻylab qolaman.

Oilamizda baxshilikka qiziqish zoʻr edi. Rahmatli katta akam Boboqul Rahmatulla oʻgʻli ham oʻsmirlik paytlari baxshichilik qilib, doʻmbirani maromiga yetkazib, katta mahorat bilan chalar edi. U kishining biron voqeani hikoya qilib berish mahorati hammani qoyil qoldirardi. Ayniqsa, oʻzi boshidan oxirigacha boʻlgan ikkinchi jahon urushida koʻrgan-kechirgan voqealarini gapirib, butun bir davrani lol qoldirib turgan onlarining juda koʻp guvohi boʻlganman. Akam juda erta vafot etib ketdi.

Kichik akam Chorsham baxshi Rahmatullo oʻgʻli ham mushtdayligidan terma qoʻshiq toʻqib, doʻmbiradan ajralmay qolgan edi. U baxshichilikni betinim mashq qilib, katta baxshilarning ogʻziga tushib, tezda tanilib ketdi. Ayniqsa Sherobodlik mashhur Mardonaqul Avliyoqul oʻgʻlidan yoʻl-yoʻriqlar olib, viloyatning yetakchi, chechan baxshilaridan biriga aylandi.

Chorsham baxshining juda koʻp oʻzi toʻqigan termalari va sheʼrlari bor. U kishi qirqdan ziyod xalq dostonlarini mahorat bilan ijro qilar edi. Uning oʻzi ijod qilgan “Toshbosar” dostoni men bilgan oʻzbek zamonaviy dostonlari orasida chinakam teran syujet va betakror mazmunli xalq romanidir. Chorsham baxshining “Alpomish” shajarasidagi bir necha chuqur maʼno-mazmunli yangi dostonlari surxondaryolik olimlar tomonidan yozib olingan va ayrimlari nashr ham qilingan. Baxshining oʻzi toʻqib aytgan va mahalliy matbuotlarda chiqqan sheʼrlarini toʻplasa ham bir kitob boʻladi. Ana shunday yuksak isteʼdod sohibi oʻn yilcha burun olamdan oʻtdi. Bu katta soʻz xazinasining bor bisotini xalqqa, kelajak avlodlarga yetkazish borasida hali koʻp tadqiqotlar boʻlishiga umid qilaman.

Mening sheʼriyatga, soʻz sehriga qiziqishimga mana shunday oila muhiti sabab boʻlgan boʻlsa kerak, hoynahoy. Aytishim mumkinki, doʻmbira mening ilk ustozim.

Matbuotda ilk bor chiqqan vaqtimni men 1968 yil deb belgilaganman. Adashmasam, oʻsha vaqtdan boshlab sheʼriyat bilan jiddiyroq shugʻullana boshlaganman.

Birinchi kitobim “Janub shamoli” 1981 yilda Gʻ. Gʻulom nashriyotida chop etilgan. Kitob chiqarishga juda kech uringanman. Vaholanki, shu kitobga kirgan sheʼrlar va “Ohu” dostonim 1971 yildayoq vaqtli matbuotda eʼlon qilingan edi.

Mening doimiy beminnat ustozim – kitob! Men adabiyot darsini mustaqil mutolaa qilib baholi qudrat oʻrganganman. Chunki men adabiyot yoʻnalishi boʻyicha taʼlim ololmadim. Toshkentda zilzila boʻlgan yil Toshkent Davlat universitetiga talabgorlardan Samarqand shahrida hujjatlar qabul qilishdi. Oʻshanda Samarqand opera va balet teatrida ishlardim. Tavakkal qilib jurnalistikaning sirtqi boʻlimiga hujjat topshirdim. Va talaba boʻldim. Bir semestr Toshkentga borib oʻqib keldim. Keyin harbiy xizmatga ketdim. Askarlikdan keyin oʻqishni yana borib tiklash va davom ettirishga boʻynim yor bermadi, qolib ketdi. Shunday qilib menga katta shoir-yozuvchilar va adabiyotshunoslarning kitoblari ustozlik qilishgan, xolos.

Harbiy xizmat davrida ham sheʼrlar qoralab turdim. Bunga armiya hayotining oʻziga xos qiyinchiliklari, goʻzal teatr turmushini sogʻinish, doʻstlar davrasini qoʻmsash kabi tuygʻular turtki boʻldi. Armiyadan qalin bir daftarni qoralab qaytdim. Surxondaryo viloyat xalq ijodi uyiga yoʻriqchilik vazifasiga olishdi. Bu yerda juda koʻp sanʼatkorlar bilan tanishdim.

Shu orada boysunlik bir qizga bagʻishlab “Boysunning shoʻx dilbari” degan sheʼr yozib, unga oʻzim musiqa bastalab oʻzim ijro etib yurdim. Bu sheʼr viloyat gazetasida bosilib ham chiqdi. Shundan keyin menda yana jasorat paydo boʻldi. Endi muntazam mashq qila boshladim. Bir kuni yozganlarim – oʻzimga maʼqul sheʼrlarimni olib, yuz istihola bilan tahririyatga kirib bordim. Oʻsha paytlari Tesha Saydaliyevni sirtdan tanir edim. Buni qarangki, Tesha aka ham meni sirtdan tanir ekan. U kishining yonlarida burgut siymo bir zot oʻtirardi. “Mengziyo, bu yigit Shafoat Rahmatullayev boʻladi, yaxshi sheʼrlar yozayapti” deb tanishtirdilar Tesha aka. Mengziyo aka bilan aka-uka, doʻst boʻlib ketdik. U kishiga sheʼrlarim juda maʼqul boʻlib qoldi. Koʻp oʻtmay oʻsha 1968 yilda Mengziyo Safarov menga viloyat gazetasi sahifasida oq yoʻl tiladi. Oʻshanda oʻttiz yoshning ostonasida edim.

Hayotda katta yozuvchi Mengziyo Safarov bilan aka-uka, hammaslak, hamisha, bir-birimizga uzangi-yoʻldosh edik. Mengziyo aka ham kitob chiqarishga deyarli eʼtibor bermasdi. Mengziyo aka mening nazarimda goʻyo abadiy yashaydigan, omadi doim oldinda, hamma narsaga baribir ulguradigan bir siymo boʻlib tuyulardi. Ammo hech kim va hech narsa boqiy emas ekan.

Shu yillarda Respublika gazeta va jurnallarida muntazam chiqib turdim. “Oʻzbekiston madaniyati”, “Guliston”, “Sharq yulduzi”, “Saodat” kabi gazeta va jurnallarda sheʼrlarim bosildi. 1975 yilning bahorida Mengziyo aka bilan Toshkentga bordik. Yozuvchilar uyushmasida ustoz Said Ahmad aka oʻzining qadrdon ukalari Mengziyo Safarov, Neʼmat Aminovlar bilan ichak uzdi qilib hangomalashdi. Ketarda hammamizni uyiga oshga taklif qildilar. Kechqurun ustozning uyiga uchovlon kirib bordik. Ustoz hazil-huzul bilan kutib oldi. Saida opa oldilariga fartuk tutib olgan, oshxonada oshga urinib yuripti. Neʼmat aka mendan sheʼrlar oʻqib berishimni soʻradilar, bir-ikkita sheʼr oʻqidim. Sheʼr tugagach, Said Ahmad aka chaqirib qoldilar: “Saidaxon, mana bu sahroi bolaning sheʼrlarini siz ham eshitib koʻring”.

Opa kelgach boyagi sheʼrlarni yana qayta oʻqidim. Sheʼrlar Saida opaga ham manzur boʻldi shekilli, “Shafoat, sheʼrlaringizdan tashlab keting” dedi. Men sheʼrlarni Saida opaga qoldirib ketdim. Saida opa 1975 yilning may oyida “Oʻzbekiston madaniyati” gazetasida menga “Oq yoʻl” tiladi. 1976 yilda Gʻ. Gʻulom nashriyotidan chiqqan “Yoshlik bayozi”da bir turkum sheʼrlarim bosildi. 1979 yilda “Yoshlik” alʼmanaxida sheʼrlarim bosilgan. 1979 yilda “Sharq yulduzi” kutubxonasi toʻplami “Goʻzallikning tugʻilishi” toʻplamida “Ohu” dostonim toʻliq holda bosildi. Nihoyat, 40 yoshning ustida birinchi kitob – 1981 yilda Gʻafur Gʻulom nashriyotidan ilk toʻplamim “Janub shamoli” chiqdi. Oʻsha yili Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining raisi Sarvar Azimov boshchiligida, Zulfiya opa, Erkin Vohidov va boshqa ijodkorlar viloyatimizga kelishib bizlarni Yozuvchilar uyushmasi aʼzoligiga qabul qilishdi. 1988 yilda “Yosh gvardiya” nashriyotidan ikkinchi toʻplamim “Umid ostonasi” chiqdi. 1992 yilda “Gulob” nomli toʻplamimni viloyatimizda mavjud boʻlgan “Jayhun” nashriyoti chop qildi. 2003 yili “Ozod soʻz” saylanmam “Yangi asr avlodi” nashriyotida nashr qilindi. 2008 yilda birdan ikki moʻjaz toʻplamim “Koʻrinmay gulladim” va “Shoh va shoir”ni “Muharrir” nashriyotidan chop qildirdim. Kitoblarim turmush taqozosi bilan kam tirajda chiqqan.

Xullas, qimirlagan qir oshar deb qimirlab yozib turibman. Xudo sabr bersa, sheʼrlarimning oʻzini bir kitob, dostonlarimni bir kitob, badiiy va ilmiy publitsistik maqola va suhbatlarimni bir kitob qilib chiqarish niyatim bor. Imkon boʻlsa galdagi ana shu rejalarni amalga oshira olsak marra bizniki. Men katta-kichik oʻndan ortiq dostonlar yozganman.

Mening pedagogik faoliyatim esa 1968 yildan boshlangan. Shu yili institutga musiqa oʻqituvchisi boʻlib ishga kelganman. Oʻshanga ham 43 yil boʻlibdi. Hanuz shu dargohdaman. Men ham ozmi-koʻpmi taʼlim bergan ayrim shogirdlarim hozirda universitetimizning yetakchi olimlari. Ayniqsa, pedagogika fanlari doktori, professor, Termiz davlat universitetining rektori, fidoyi fan va jamoat arbobi Mamat Haydarov bilan faxrlanaman.

Musiqa sohasida ham bir-ikkita ilmiy-uslubiy risolalar yozganman. Bular 1991 yilda chop qilingan “Musiqa uslubiyoti”, 1992 yilda chop qilingan “Musiqa alifbosi” va 2003 yilda chop qilingan “Boshlangʻich musiqa” risolalaridir.

Shu paytgacha jami olti badiiy kitob, uch musiqiy risola chop ettirgan boʻlsam, ulardan bittasi oʻn ming tirajda, qolganlari kam tirajlarda chiqqan. Hozirgi paytda kitob chiqarishdan koʻra uni sotish iztirobi, azobi bor. Shuning uchun kitob chiqarishdan koʻnglim toʻlmaydi. Keyingi 2008 yilda chiqargan ikki moʻjaz toʻplamimni shu boisdan uyga bosib qoʻyibman. Uchrashuvlarga borganda oʻquvchilarga, chegarachilarga bitta-ikkitadan sovgʻa qilib ozaytiryapman.

Mening nazarimda, adabiyot millat maʼnaviyati va madaniyatining ham poydevori, ham koʻzgusi. Chunki milliy til ham, milliy teatr ham, milliy kino ham, milliy qoʻshiqchilik ham, kolaversa, milliy folklor ham adabiyotga suyanadi.

Adabiyot katta maydon, hamisha shunday boʻlib kelgan. Bugun toʻqqiz yashardan toʻqson yashargacha kitob chiqarib yotibdi. “Ermas oson bu maydon ichra turmoq…” degan edilar ulugʻ bobomiz. Biz ham “Hayot rubob – hamma cholgʻuchi. Har kim oʻz kuyini chaladi. Kimning kuyi bir lahzalikdir. Kimning kuyi mangu qoladi” deb mingʻirlagandik bir vaqtlar. Bugungi adabiyotning yutugʻiyu qusuri xususida gapirishga maʼnaviy huquqimiz ham yoʻq, quvvatimiz ham yetmaydi. Faqat vaqt hakam deya olamiz. Oʻzimizga qarata uni shunday taʼkidlaganmiz:

 

Sen oʻchsang nima gʻam, porlayveradi,

Yoʻlchirogʻ haqiqat – poklik onasi.

Hammaga zol hukmim borlayveradi,

Temir qonun vaqtning qozixonasi!

 

“Gilgamish”dan “Alpomish”gacha, “Avesto”dan, “Qurʼon”gacha boʻlgan jami ezgu kalomlarning va shu kalomlarning alohida insonni tadqiq qilish tarmogʻi boʻlgan adabiyotning ham bosh maqsadi – komil insonni tarbiyalash boʻlib kelgan.

Menimcha adabiyotshunosligi kuchli rivojlangan rus va Yevropa mamlakatlari tajribasidan kelib chiqib, oʻzbek adabiyotining ham qadimdan hozirgacha, avvalo, asrlar boʻyicha izchil davrlashtirish, keyin esa iloji boʻlsa nashrini ham boshlash kerak. XX asrda amalga oshirilgan noyob nashrlarni yana oʻsha holicha va oʻsha koʻrinishda qayta nashr qilinsa nur ustiga aʼlo nur boʻlardi. Hozir ular oltinga barobar, topilmaydigan boʻlib qoldi.

Respublika oliy oʻquv yurtlari axborot resurs markazlari kitob fondlari faqat oʻquv, ilmiy va ijtimoiy-siyosiy adabiyotlardan iborat boʻlib qolyapti. Ularning alohida boy badiiy adabiyot fondini zudlik bilan tashkil etish kerak. Yoshlar badiiy adabiyotdan uzilib qolyapti.

Har bir viloyat Yozuvchilar uyushmasi boʻlimlari qoshida “Ijod” fondi yordami bilan alohida boy badiiy adabiyot kutubxonasi tashkil etilsa yaxshi boʻlardi.

Va nihoyat, oilam haqida gapirsam: turmush oʻrtogʻim oʻqituvchi Xosiyat Rahmutullayeva bilan sakkiz farzandga ota-ona, oʻn bitta nabiraga bobo-momo boʻlib roʻzgʻorni eplab turibmiz.

 

Shafoat RAHMATULLO TERMIZIY

 

“Yoshlik”, 2011 yil, 11-12-son

https://saviya.uz/hayot/suhbat/dombira-mening-ilk-ustozim/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x