DIYETOLOGIYA

DIYETOLOGIYA (diyeta va…logiya) , diyetetika — xasta va sogʻlom odamlarning maqbul ovqatlanishi toʻgʻrisidagi taʼlimot. Turli kasalliklarga chalingan bemorlarning ovqatlanish tarzini ishlab chiqadi va asoslab beradi (q. Parhez bilan davolash). D. ovqatning kimyoviy tarkibi, ovqatlanish tartibi, uni isteʼmol qilish vaqti, hajmi, ovqatlanishlar orasidagi vaqt va b. ni oʻz ichiga oladi.

Diyetologiya tarixi uzoq oʻtmishga borib taqaladi. Gippokrat oʻz davrida bemorni davolash kasallikning turli bosqichlarida u qancha va qanday ovqat yeyishini toʻgʻri tanlay bilishdan iborat deb taʼkidlagan. Oʻsha davrda Diyetologiyaning asoschilaridan hisoblangan rim vrachi Asklepiad (mil. av. 128—50 yillar) parhez toʻgʻri tanlangandagina doridarmon yaxshi kor qilishi va nafi boʻlishini aytib oʻtgan. U oʻz shogirdlari bilan turli xastaliklarni davolashda ovqat mahsulotlaridan toʻgʻri foydalana bilish koʻrsatmalarini ishlab chiqqan. Rim vrachi Galen bemorlarning ovqati masalliklariga aloqida ahamiyat bergan. Zamonaviy Diyetologiya davolash amaliyotida tibbiyot, biokimyo, fiziologiya, morfologiya va b. da erishilgan eng yangi usul va kashfiyotlardan foydalanadi. Oʻzbekistonda ham Diyetologiya keng oʻrganila boshlandi; 1 – va 2-ToshTI va b. tibbiyot in-tlarida Diyetologiya fan sifatida oʻqitiladi, shuningdek, Diyetologiya kafedralari mavjud. U yerda diyetolog vrach, oʻrta maxsus tibbiyot oʻquv yurtlarida esa diyet hamshiralar tayyorlanadi yoki shu in-tlarni tamomlagan mutaxassislar vrachlar malakasini oshirish in-tlari va Diyetologiya markazlarida Diyetologiyaga ixtisoslashtiriladi. Diyetologiyani rivojlantirish maqsadida Oʻzbekiston Sogʻliqni saklash vazirligiga qarashli Diyetologiya markazi ochildi (1955). Bu markaz mahalliy mah-sulotlardan milliy taomlar tayyorlashning yangi texnologiyasini tadbiq qilish va parhezlashtirish ustida ilmiy izlanishlar olib boradi. Diyetologiya markazining bir boʻlimi — vaznni kamaytirish masalalari bilan shugʻullanadi. Infeksion kasalliklar, sil, operatsiyadan keyingi holatlarda organizmning kasalliklarga qarshilik kuchini oshirish va b. da asosiy davodan tashqari, rangbarang parhez ovqatlar ishlab chiqish va ularni amaliyotda qoʻllash Diyetologiya oldida turgan muhim muammolardan biridir.

Sherzod Zokirxoʻjayev, Aziza Zokirova.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x