DIPLOMATIK MUZOKARA

DIPLOMATIK MUZOKARA — davlatlar vakillarining siyosiy, iqtisodiy masalalarni hamda ikki tomonlama va koʻp tomonlama munosabatlarga oid boshqa muammolarni rasmiy muhokama qilishi. Maqsad — tashqi siyosiy strategiya va taktikani yoki tegishli diplomatik tadbirlarni oʻzaro kelishib olish, fikr almashish, shartnomalarni tayyorlash va tuzish, nizoli muammolarni hal etish va h. k. D. m. — davlatlar orasida vujudga kelib turadigan nizolar va mojarolarni tinch yoʻl bilan hal etishning asosiy vositasi, oʻzaro munosabatlarni rivojlantirish hamda chuqurlashtirishning xalqaro huquqla mustahkamlangan uslublaridan biri. Diplomatik muzokara qatnashchilari lavozimi (davlat boshligʻi, hukumat boshligʻi, tashqi ishlar vaziri va h. k.) muhokama etiladigan muammolarning ahamiyati bilan belgilanadi. Umum tan olgan odatga binoan davlat boshligʻi, hukumat boshligʻi, tashqi ishlar vaziri Diplomatik muzokarani yuritish va maxsus vakolatlarsiz xalqaro shartnomalarni imzolash huquqiga ega; boshqa rasmiy shaxslar Diplomatik muzokarani yuritish va yakunlovchi hujjatlarni imzolash uchun tegishli tarzda rasmiylashtirilgan vakolatlarga ega boʻlishi shart. Diplomatik muzokara ularda ishtirok etuvchilarning shaxsiy uchrashuvlari yoʻli bilan yoki yozma ravishda — diplomatik yozishma vositasida oʻtkaziladi. Koʻpincha muzokaralarning ogʻzaki va yozma shakllaridan ayni bir vaqtda foydalaniladi. Qoida tariqasida Diplomatik muzokaradan oldin tayyorgarlik ishlari olib boriladi, jumladan, delegatsiyalarning tegishli masalalarga yondashuvlari ishlab chiqiladi, yakunlovchi hujjatlarning loyihalari hozirlanadi va h. k.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x