***
Men tirilsam,
Tovush boʻlaman.
Usmon AZIM
Men qachon tovush boʻlaman?!
Qachon tirilaman?!
Tirilgach undosh tovush boʻlaymikin,
Va yoki unli?..
Undosh tovush boʻlish anchayin mushkul.
NAFAS yoʻllarida qancha toʻsiqlarga
duchorlanishi ayon barchaga.
Toʻsiqlardan seskanib,
Qaror qilaymikin yoki unli boʻlishga?!
Bilmadim…
Bu endi, men bilan birga
NAFAS yoʻliga ham uzviy bogʻliqdir.
… Farqladim. Undosh tovushning ham
xili koʻp ekan.
Nihoyat NAFAS yoʻlidaman…
Va shu ondan ahd qildim;
Boʻlmoqlikni faqatgina UNDOSH TOVUSH!
Undosh boʻlganda ham –
Sonor-ovozdor, jarangli, albat!
(Xudo xohlasa!)
Ayni dam didimga maʼqul tovush – R!
Shundan soʻng murodlandim,
Undosh tovush-R boʻlmoqqa!
Toki, menga murojaat qilganlarning
Un paychalarida
Mudom titroq tugʻilaversin!
2011
***
Barmogʻim oʻpadi, chiroq tugmasin
Zulmat yiqiladi, xonamga shu on.
Mening gʻaflat tunda bedorligimga,
Ochiq derazadan, oy boqar hayron.
Soʻng yana barmogʻim oʻpar tugmani,
Shisha lampa sochar, qizgʻonmay nurni.
Oy hayron…
Men esa, unutolmayman…
Kecha toʻyi boʻlgan,
Bir goʻzal hurni.
Takror oʻpaverar, tugmani barmoq…
2007
Yer sevgisi
Insonni shu qadar kuchli sevar yer,
Osmondan rashk qilib erkalab, suyar.
–Men seni hech kimga berolmayman, der,
Hech kimga ishonmay, boshiga qoʻyar.
Osmonga sogʻinch koʻp azob yetqazib,
Sabr kosasini qoʻyar toshirib.
Yer shunda bagʻridan bir xona qazib,
Insonni qoʻyadi mangu yashirib.
2009
Bahorgi manzara
Bogʻda bir juft gulning nimjonrogʻini
Bexos yoqqan jala belin sindirdi.
Bir-birin suyab oʻsgan gullarni
Shu jala firo-oqqa koʻndirdi…
Butun hovli uzra yotib oldi gʻam,
Endi
Yolgʻiz qolgan gulning umrida
Ayriliq boshlandi…
Gʻussa boshlandi.
Bunday koʻrgulikka chidolmay hatto,
Koʻngilchan oynaning koʻzi yoshlandi.
2011
Boriga shukr
Osmonim musaffo, tinch yurt, tinch elim,
Balki, baxt degani aslida shudir?!
Uning quchogʻida tugʻildim, oʻsdim…
Xudojon!
Shu yurtning boriga shukr!
Boyman! Ota-onam, shukr, yonimda,
Uka-singillarim joni-jonimda,
Enamning duosi har bir onimda,
Ming baloga qalqon… boriga shukr!
Qarindosh, qoʻshnilar, hamqishloqlarim,
Oʻzimdan yaqinim jon oʻrtoqlarim.
Qadoq qoʻl, bugʻdoy rang, koʻngli oqlarim,
Rizq terar qoʻlimning boriga shukr!
Jonimdan oʻtgani tanimga sirmas,
Qalb ming chegaligi gʻanimga sirmas.
Ulgur deb parvozga chorlar, u bir… rost,
Hayotda oʻlimning boriga shukr!
2012
***
Ustoz shoirlardan umr – arava,
degan tashbehlarni tingladik beun.
Bizni oʻtqazishib aravalarga,
Aravada yoʻqdir koʻplari bugun.
Bir kun sherik qilib olgum bir hamroh,
Ikkovlashib yana hamroh olamiz…
Ulovga ishonib yosh hamrohlarni,
Bir kun… ikkimiz ham tushib qolamiz.
Shunda, ey yosh hamroh, jilovni tutib,
Manzilga oʻngdan yur, chap yiroq boʻlsin.
Sheriging-la koʻp-koʻp yosh hamroh olib,
Ular-la yurganing – yoʻl uzoq boʻlsin!
2012
***
Sinfdoshim Azamat Jalilov
xotirasiga
O! Azamat doʻstim, qaydasan un ber!
Doʻstlar jam, ketyapmiz yoʻlni toʻldirib.
Bu oxiri yoʻq yoʻl qayga boshlar iz,
Seni bizdan mangu ayro qoldirib?!
Bugun doʻstlar birga hamon yoʻldamiz,
Har kim har tarafga burilib yurdi.
Kimdir oʻngdan yurdi manzilga qarab,
Kimdir baʼzan chapga burilib turdi.
Yoʻldamiz… ortda-chi qolsa oʻlik on,
Tuproqqa qorishib orzular qoldi.
Qolsa yangi armon, soʻz bilmas vijdon,
Buloq suvdek toza tuygʻular qoldi.
Yoʻldamiz! Biz uchun muhimi ham shu,
Qoʻlimizday kalta oʻylarimiz ham.
Yelkadagi gʻamni roʻy-rost koʻrsatib,
Choʻzilib turibdi, boʻylarimiz ham.
Xullas, yashayapmiz qoʻlga qoʻl berib,
Quvonchu gʻamlarni teng boʻlayapmiz.
Kimdir yupun qolsa umr qishida
Birgalashib yoqa, yeng boʻlayapmiz.
Har kim har tarafga yoʻl burib ketdi,
…Men ham koʻpga Soʻzdan gul sochmoqchiman.
Baland parvoz bilan (Xudo xohlasa!)
Qishlogʻimdan Koʻkka yoʻl ochmoqchiman!
Ilkda tutib TAQDIR nomli xarita,
Yoʻl izlab ketyapmiz Sen tomonlarga.
Koʻrinmas xarita bizni ishqilib,
Boshlab borsin, illo, o-osmonlarga.
O! Azamat doʻstim, qaydasan un ber!
Doʻstlar jam, ketyapmiz yoʻlni toʻldirib.
Bu oxiri yoʻq yoʻl qayga boshlar iz,
Seni bizdan mangu ayro qoldirib?!
Har kim har tarafga yoʻl burib ketdi,
…Men ham koʻpga Soʻzdan gul sochmoqchiman.
Baland parvoz bilan (Xudo xohlasa!)
Qishlogʻimdan Koʻkka yoʻl ochmoqchiman!!!
2012
***
Ey, magʻrurginam!
Kun kelib… dilingda “Afsus” otliq
bir xat qolgʻusi.
Bir Xudoga, bir senga
ayon boʻlgan sir xat qolgʻusi.
Bugun sening izlaringga
zorligim rostdir,
gar kelmas boʻlsang….
Kun kelib…
Albatta, izlarimda labingdan
dastxat qolgʻusi.
2012
***
Qadim zamonlarda dushman lashkari
Tunda bosib olmish sokin qishloqni.
Qishloq ahlin asir olib, haydamish,
Koʻklarga sovurib xokin qishloqni.
Ona tuprogʻidan uzilib izi,
Tizilib borarlar qayonga?
Kimlar?..
Ular…
Ular axir ketishar qayon?
Ota-onasi-la minglab yetimlar.
2012
***
… dunyoni tasvirlab boʻlmas hayqirib.
Oʻljas Sulaymon
Qabrlarni ziyorat aylagach Bahor,
Asta, qabristondan tashqari chiqdi.
Soʻzsiz suhbatlarning shavqidan sarmast,
Sukutli oshyondan tashqari chiqdi.
Boshin urib oldi, chiqib… shovqinga,
Borliq kular edi, baland baqirib.
Ichkarida sukut bosh chayqab derdi:
“Dunyoni tasvirlab boʻlmas hayqirib!”
2012
***
Sen doim och qolsang
ovqat yeysan.
Zeriksang kitob oʻqiysan.
Lekin, bir bor boʻlsa ham
nega ovqat yemasang –
och qolishingni,
Kitob oʻqimasang – zerikishingni
oʻylab koʻrganmisan?!
Yoʻq, albatta! Sen bu haqda
hech qachon oʻylab ham koʻrmagansan.
Chunki…
Sen doim och qolsang
ovqat yeysan.
Zeriksang kitob oʻqiysan.
2012
Qoʻshiq
Oh, Sanam-yey, Shohsanam,
Ishq umrimga zang berdi.
Ming ohki, taqdirimga,
Yuzda xoling rang berdi.
Dil-dilga payvand edi,
Dil orzu-la band edi.
Nahot senga ishonib,
Oshiq yurak pand yedi.
Kim u mening baxtimni
Oʻziga oʻzlashtirgan?..
Yo otangmi, yo enang
Toʻyingni tezlashtirgan.
Baxtsizlik evaziga
Baxt kelmaydi, bilib qoʻy.
Shu gapdan otangniyam
Sen xabardor qilib qoʻy.
Toʻgʻri, dunyo topmadim,
Ishq – Haqdan tortiq devdim.
Lekin, seni chin dildan
Dunyodan ortiq sevdim.
Oh Sanam-yey, Shohsanam,
Ishq umrimga zang berdi.
Ming ohki, taqdirimga
Yuzda xoling rang berdi.
2012
***
Sheʼrlarim!..
Xudodan tilab olganim,
Koʻnglimdan qogʻozga tomgan soʻzimsiz.
Ohangda gʻaribim, bejilva, xomush,
Quyib qoʻygan kabi mening oʻzimsiz.
Sheʼrlarim!..
Sir uzra nafis koʻprigim,
Dildan dilga borar yoʻlimsiz, yoʻlim.
Orom arazlagan tunlarim haqqi,
Keltirarmikinsiz oʻlimsiz oʻlim ?!
2011
Dilmurod Doʻst.
https://saviya.uz/ijod/nazm/dildan-dilga-borar-yolimsiz/