Dilda ishq pinhon chayqalur

* * *

Mangu Ozodlikday yastangan dala,

Koʻkka zinalarday koʻtarilgan togʻ.

Oqparquv ortidan tushgan mashʼala

Va yolgʻiz soʻqmoq…

Hech kimsa, hech kimsa yetmagan xilvat,

Isomi,

Musomi tashlab ketgan gʻor.

Odamzot koʻzidan yashringan xilqat,

Haybat sukuniday quyuq oʻrmonzor!..

Ariqcha hatlagan koʻprik.

Yogʻoch uy.

Kut, men borayapman koʻngil qatida.

Bir parcha tosh boʻlib yashasam edi,

Ulugʻvor daraxtlar saltanatida!..

Tosh boʻlsam!

Tosh boʻlib tinglasam bir zum,

Koinot qoʻshigʻin yuragim toʻlib.

Ilohiy chashmadek yigʻlardim yum-yum…

Va kelardim Muhabbat boʻlib!..

 

 

PORTRET: OVOZSIZ KADRLAR

 

Ayol chiqdi

Avtoulovga,

Chiqdi shoshib, chiqdi adashib.

Boqmas edi birov birovga,

Ketar edi hamma gaplashib…

Kimdir yonda,

Kim telefonda.

Kimda esa musiqa – shovqin.

Iylanganday bir tegirmonda

Aylanardi bir xilda oqim.

Boqmas edi birov-birovga,

Hamma zada, asabiy, tashvish.

Toʻqnashganday goʻyo yov-yovga,

Biroq unda sokin oroyish?..

U judayam tinch edi. Chaqnoq

Koʻzlarini uzmasdi yerdan.

Haydovchiga oʻgrilib nogoh,

Ishoralar qildi u birdan!

Barq urganday hamma tinch boʻldi!

…Ortda qoldi bir-ikki bekat…

Nogoh uni kimdir tushundi,

Jon holatda dedi: “hoy, toʻxtat!”

…Ayol kuldi. Va taʼzim qildi,

Uni topgan insonga rozi.

…Bu shovqinzor ichida uning

Gʻoyat goʻzal edi ovozi!..

 

ALPOMISHSIZ OYBARCHIN

 

Yovlar bosib,

Qildilar vayron,

Toptadilar umrimni gʻanim,

Yeru koʻkka yugurdim hayron,

Sen jim boqib turding, Sevganim.

Yuragimga boʻldilar qanot,

Kutganlarim, kutmaganlarim.

Xayolan ham bermading imdod,

Sen jim boqib turding, Sevganim.

Alpomishni kutgan Oybarchin

Kabi jangga tashlandi tanim.

Orim – talosh, koʻnglim – yerparchin,

Sen jim boqib turding, Sevganim!

Hech boʻlmasa, koʻzlar uchun to,

Kelsang edi, yoʻq edi kamim!..

Kelar edi togʻ boʻlsa hatto,

Sen jim boqib turding, Sevganim…

He-yey, Boychibor, tirikmisan, ayt,

Yerga botib ketdi oʻmganim.

Men uchunmas, eling uchun qayt!..

Sen jim boqib turding, Sevganim…

He-yey, oʻldirgum Ulton boʻlsa ham,

Qoʻlimda yoy – oʻlsam, ne gʻamim?

Kelma endi Sulton boʻlsang ham,

Bu dunyoda mening Sevganim!..

 

MOMO HAVVO

 

Yuragimda qay sir yashirin,

Gunohkorman,

Yigʻlayman nechun?

Quvgʻin etding! Va lekin rahmat,

Meni Yerga berganing uchun!

Odam Atom,

Boshingni koʻtar,

Qilmadim deb koʻkni himoya,

Oʻrtanma bas, sevmasaydi gar,

Tashlarmidi munavvar Soya?..

Jannat bogʻi,

O, Bogʻi Eram,

Aldamagin bizlarni bekor.

Sen orzusan bani basharga,

Lekin sendan goʻzalroq sir bor!

Shu sir haqqi,

Shu lahza haqqi,

Kechgan boʻlsam Mangulikdan men,

Solgandursan Ruhimga balqib,

Buyuk Ishqning toʻfonlarin sen!..

Yaratguvchim,

Bilursan aslim,

Va dunyoga berganing nechun?

Keltiraman

men Odam naslin –

Seni sevib oʻtmogʻi uchun!..

 

HAZRATI XAYYOM

 

Dunyo degani bu – toʻntarilgan jom,

Dam bu damdir – asli eng goʻzal ayyom.

Yurak xumdonida ming yillik may bor,

Toʻyib ichmaymizmi, hazrati Xayyom?

“Oh” ursam “oh”imda osmon chayqalur,

Jismimda olovli isyon chayqalur,

Endi oshkor quying bu mayi nobni,

Harchandki,

Dilda ishq pinhon chayqalur.

Har lahza baxt degan boqiy kezmasmi,

Har nafas – Ishq bergan oliy izmasmi?

Mayxona oʻrnida,

Majnun qabridan,

Maysalar unibdi – oʻsha bizmasmi?

Necha bor evrildi tevarak jahon,

Ne-ne qasru bogʻlar boʻldilar yakson.

Jannatdin chakillab bir tomchi tomar –

Maymi U? Dil qoni?

Bilolmay hayron…

Siz unda, men bunda chodir tikaylik,

Chogʻir ila gʻamu hasrat chekaylik.

Bu sahro Majnunsiz gʻarib qolibdi,

Keling, koʻnglimizni yerga ekaylik…

Bir qatim “his” ila “hirs”ning orasi,

Ajrata bilmoqning bormi chorasi?

His – Ruhning jilvasi,

Hirs – nafsning mayli,

Lazzatdir qalbdagi Ishqning yarasi!

Eng ogʻir jihoddur Jismu Jon jangi,

Hamisha qon erur lolalar rangi.

Shu qadar achchiq bir xunga tashnamiz,

Nedir bizga asli qari tok zangi?

Iznsiz qoraymas har giyoh, gul deb,

Qalbdan Arshga oʻtar doʻzaxiy yoʻl deb,

Kufrona soʻzlasam, imladi hazrat,

Ilohiy sirni fosh etma, jim boʻl, deb!..

Kimlar kelib ketdi charx ayvonida,

Ruhimiz eng olis yulduz yonida.

Dunyoga kelmagan bir boʻydan mastmiz,

Yoʻqlik kutib turgan Vaqt poyonida!

Koʻzagar qoʻlida bir parcha loyim,

Uning izmidadir ajru xatoyim.

Gunohkor tuproqdan qorigan boʻlsa,

Nechun pok Ruhiga qoʻshar Xudoyim?

Falakning charxiday aylanadi charx,

Yana bir ijodga shaylanadi charx.

Doʻzax olovida kuydirib olib,

Pishsam, nechun yana oʻylanadi Charx?

Ahli dil bu yerdan oʻtib ketibdi,

Izlarin qaro qum yutib ketibdi.

Endi chodirlarni yigʻaylik, hazrat,

Biz kutgan Yor bizni kutib…

Ketibdi!..

 

 

* * *

Men sahnada yashab oʻtaman…

Ishq – “Yo hayot,

yo mamot!” tamom.

Men koʻksimni gʻamga tutaman,

Lek ortimdan otilar kamon!

Kim u – yozgan taqdir kitobin?

Dunyo, menga oʻrgatmagin, bas!

Men Oshiqman, tayyor javobim,

Men notiq ham, aktyor ham emas!

Buyuk Sahna!

O, buyuk janggoh!

Yaratasan ne hiylalarni?

Yagolarni qoʻllab-ardoqlab,

Oʻldirasan Atillalarni!

Qasdu qasos, Nomusu Or deb,

Jaranglaydi qilichlar jangi.

Charchab ketar suflyorlar chetda,

Mashshoqlarning qochadi rangi!

Yiqilaman soʻngbor yuztuban,

Yuragimni qoʻlimga olib.

Sen chiqasan parda ortidan,

Sen chiqasan magʻrur va gʻolib!

Senmiding – U?

Nomaʼlum xattot?

Oʻylagansan aniq va puxta.

Sening shonli asaring uchun

Umrim bilan qoʻyaman nuqta.

Milyon kaptar uchar havoga –

Kaftdan uchar milyon qarsaklar.

Buyuk rejissyor,

O, buyuk qotil!

Senga olqish, senga sharaflar!

Dunyo, dunyo aqldan ozib,

Peshvoz chiqar ekan bir baxtga.

Qahramonlar koʻksidan bosib,

Yosumanlar chiqadi taxtga!..

 

Zebo MIRZO

 

“Yoshlik”, 2015 yil 7-son

https://saviya.uz/ijod/nazm/dilda-ishq-pinhon-chayqalur/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x