DEVORIY RASSOMLIK

DEVORIY RASSOMLIKbezak sanʼati sohasi, bevosita bino devori, shifti, ustuni suvogʻi ustidan yoki ularga mustahkamlangan mato, qogʻoz va b. ga boʻyoklar yordamida ishlanadigan tasvir yoki naqsh. Meʼmorlik bilan bogʻliq va koʻpincha sof bezak xususiyatiga ega boʻlgan barcha mahobatli rassomlik asarlarini (mozaika, namoyon bundan mustasno) oʻz ichiga oladi. Devoriy rassomlikda syujetli (tarixiy, maishiy, batal janrlarida), manzarali va b. mavzularda asar yaratishda freska, tempera, yelim rassomligi, mum rassomligi, moy-boʻyoq rassomligi va b. dan foydalaniladi.

Eng qadimgi Devoriy rassomlik namunalari (gʻor va qoyalarga ishlangan rasmlar) soʻnggi paleolit davrida yuzaga kelgan. Qad. va oʻrta asrlarda Devoriy rassomlikning nodir namunalari yaratildi. 7—8-a. larda Markaziy Osiyo (Varaxsha, Panjakent va b.)dagi ibodatxonalar, saroylar tasvirlar bilan bezatilgan boʻlsa, oʻrta asrlarda musulmon mamlakatlarida naqshli mujassamotlar keng tarqalgan (yana q. Naqqoshlik). Qad. Misr devoriy rasmlari, Xitoy (Dunxuan) va Hindiston (Ajanta)da gʻor-qoyalarga ishlangan tasvirlar ajralib turgan. Yevropada esa maʼlum diniy tartiblarga moyil koʻtarinki ruhdagi Devoriy rassomlik namunalari Vizantiya, Gruziya, Bolqon, Qad. Rusda rassomlik sanʼatining muhim turiga aylandi. Uygʻonish davrida Italiyada (Jotto, Mazachcho, Leonardo da Vinchi, Rafael, Mikelanjelo va b.) grajdanlik ruhidagi chuqur realistik Devoriy rassomlik asarlari yaratildi. Roman uslubi, gotika, barokko uslublaridagi binolarda sof bezak xususiyatiga ega boʻlgan Devoriy rassomlik namunalari yuzaga kelgan, 17—18-a. larda Devoriy rassomlik oʻrnini vitraj, gobelen, oyna va b. egallay boshlagan. 19-a. da Devoriy rassomlikga qiziqish ortgan.

Oʻzbekistonda Devoriy rassomlik qadimdan maʼlum boʻlgan. Surxondaryo (Xolchayon, mil. av. 1-a., Tuproqqalʼa, 3-a., Bolaliktepa qasri, 5—6-a. lar), Buxoro yaqini (Varaxsha saroylari, 7-a.) va Afrosiyob (7-a.) dagi Devoriy rassomlik namunalari badiiy jihatdan qimmatli. Syujetli rasmlarda oʻsha davrdagi hayot lavhalari, hayvon tasvirlari, bazm, safar, qabul marosimlari, shohlarning qahramonliklari aks ettirilgan (yana q. Afrosiyob devoriy rasmlari). Tarixiy qoʻlyozmalarda islom dini xukmronligi davrida naqshli mujassamotlar bilan bir qatorda syujetli Devoriy rassomlik namunalari yaratilganligi (mas, Amir Temurning Samarqanddagi Dilkusho saroyi devorlari qahramonona jang lavhalari, tasvirlar bilan bezatilganligi) haqidagi maʼlumotlar uchraydi. 19-a. oxiri 20-a. boshlarida yevropacha uslubda qurilgan binolar (Toshkentdagi Polovsev uyi — hoz. Oʻzbekistan Amaliy sanʼat muzeyi, Samarqanddagi Kalantarov uyi — hoz. Oʻzbekiston xalqlari madaniyati va sanʼati muzeyi boʻlimi va b.) D. r. asarlari bilan bezatilgan. 20-a. oʻrtalaridan Devoriy rassomlik yangi mazmun bilan boyidi, binolarni bezashda keng qoʻllanila boshlandi. Dastlabki yirik Devoriy rassomlik namunalari Ch. Ahmarovning Navoiy teatri foyelariga Navoiy dostonlari asosida ishlagan rasmlari boʻldi. 1950 — 60 y. larda Devoriy rassomlik beqiyos darajada oʻsdi (A. Gan, V. Sosedov va ayniqsa, Ch. Ahmarov samarali mehnat qildilar), takomillashdi, ajoyib devoriy rasmlar yaratildi. Oʻzbekistan FA Sharqshunoslik in-ti, Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyi, «Bahor» konsert zali, «Alisher Navoiy» metro bekati, «Kinochilar uyi», Temuriylar tarixi davlat muzeyi va b. jamoat binolariga ishlangan Devoriy rassomlik namunalari badiiy jihatdan qimmatlidir. Oʻzbekistonda Devoriy rassomlikning keyingi tarakqiyotiga rassomlardan B. Jalolov, T. Soipov, T. Boltaboyev va b., naqqoshlardan A. Ilhomov, K. Karimov va b. munosib hissa qoʻshmoqda.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x