Dengizning u tomoni

Ular Kiprdagi uychasini eslashsa, bir-biriga: “Uychaga boramizmi? Faqat qachon?!” deyishardi. Oq villa dengizning u tomonida; oq atirgullarni koʻrinmas odamlar butab qoʻyishar, ularni hamisha muzdek oq sharob kutardi. Hashamatdan xoli, ularning oq yaxtasi ham boʻlmagan, biroq bari juda jozibali. Qoʻshni ingliz ayol ijaradagi yaxtani tilida tishlaganday ildam olib kelar, unda begona bolalarga ham onalik mehri kuchli edi, bu qudrat oxiri yoʻq quyoshli kunlarga oʻxshardi. Ayolning uzun ipak koʻylaklari tinimsiz: “Xoʻsh, ishlaringiz qanday?” degandek shildirardi. Bu yil boʻronlar kuchaydi, chang-toʻzon; xorij mashinalari gʻizillaydi. Ular ham qizil mashinani ijaraga olishgan. Olga mashina haydashni oʻrganmadi-oʻrganmadi. Hammayoqqa piyoda borardi. Masofa ham uzoqmas: choʻmilish joyi, supermarket, sovgʻa doʻkonlari… Tushlikka – pina koloda, hovlida qovurilib, ustiga sal-pal limon sharbati quyilgan mayda dengiz qisqichbaqalari – kechki taom… Bir yilga reja tuzishadi, hisob-kitob qilishadi, agar omadlari kelsa, toʻrt marta daromad ham kelib tushadi. Ularni esa uy kutardi.

Uy hamisha moviy osmon bilan yashar, nafas olar, isinar, erirdi… Koʻrshapalaklar tunga yaqin gullayotgan shahar chetida aylanishar, tom ostida mitti-mitti salamandralar – suvda ham, yerda ham yashaydigan kaltakesaksimonlar – toʻplanishar, shilta loy shilliqlari tongotarda oshxonaning namxush oynavand eshiklari tomon sekingina siljishardi…

Kotyaning jadvali rezinaday choʻzilib-choʻzilib, dengiz boʻyida uzoq vaqt yashashga izn berar, baʼzan tunlari harorat besh gradusgacha iliqlashar, togʻlarda esa qoʻziqorinlar boshiga qizil qalpoqlarini kiyib, chiqib kelishardi. Olga ular qanday atalishini haliyam kiprliklardan soʻramadi – bilmadi. Sevimli sharoblarni qutilarda olib kelishardi. Ular lablari koʻkarib ketguncha suzishardi, toʻlqinlar bilan balandlashib borishardi. Pardalar tonggacha ochiq turardi.

Shunday payt keldiki, nimadir koʻz oʻngidan ketmadi, arzimasday tuyulsa-da, xayolidan Moskvaning oddiy kunlari suzib oʻtdi. Bu yerda esa – uycha va dafʼatan topib olingan uy quyoni. U hoʻl, oʻynoqi koʻzlari qotib qolgan. O, yoʻq, u tirik, faqat qimir etmasdi. Uni ifloslangan qor uyumlari ustida, yoʻl chetida oʻgʻli bilan koʻrib qolishdi. Mashina ostiga tushib qoldimikan, balkim sayyor sirk uloqtirib tashlagandir, yoki xoʻjayinidan qochib ketgandir, ehtimol, yaxshi hayot ilinjida yovvoyi oʻrmonni tark etgandir… Olga Kiprdagi quyonlar taqdiri haqida hech narsa bilmasdi, birpasda odamlar toʻplandi: aravacha sudragan onalar, bolalar qichqirishadi, bir-birini itarib, tislanishardi. Olga negadir u ummonni kesib oʻtgan, deb oʻyladi. Toʻlqinlar qirgʻoqqa uloqtirib tashlashgan. Telbalarcha, lekin ajoyib qochish. Biroq Olga bu yerda yashovchi quyonlarni bilmas, bilolmasdi ham. Qolaversa, buning unga qizigʻi yoʻq.

Bularning bari bir kuni tugashini bilishardi. Hech boʻlmaganda, Kotyaning nazarida. Olga buni anglar, bundan qoʻrqmasdi. Sabr kosasi chayqala-chayqala toʻldi – uycha sotuvga qoʻyildi. Dengizning u tomonidagi oq villa – uycha nihoyatda jozibali edi. Uycha – Kotyaning Olgaga eng qadrli sovgʻasi ham edi. Sovgʻa sotilmoqda! Shunday boʻlishini koʻngli sezgan boʻlsa-da, Olga buni aqliga sigʻdirolmasdi: qarzlar, kimoshdi savdosi, faqat nimadir bu ajabtovur reja-jadvaldan tashqarida edi… Eri ham iztirob chekdi – faqat erkakday. U choʻzilib-choʻzilib, nihoyat, uzilib ketayotgan tovushni his etolmadi – notalar dong qotdi. Bir tomondan qaralsa, bular mayda-chuydaday: bolalar xonasi, oppoqqina oʻgʻilchasini erkalagan karovatchasiga ichi achidi, chidolmadi. Olga hozirgacha bu palma qanday atalishini bilmaydi, u kiraverishdagi yoʻlak chetida turar, quruq qotib qolgan tanasiga baxtsiz shilliqlar yopishib olgan. Olga bu uychani sevib qolgan edi. Erini esa bu aslo qizitirmasdi. Olga butunlay shu uychaniki edi – uycha uni qizaloqlik, maktab chogʻlaridanoq bilganday edi; ayni paytda uychaga ham shunday oʻylarni koʻtarish ogʻirlik qilsa-da, Olganing xayolini boʻlmasdi. Olga uydan ayrilishni istamasdi: beozor devorlar, turli-tuman odamlar… Goʻyo hamon shu yerda oʻsha qizcha yashaydi, uycha bilan birga bulutlar uzra parvoz etadi. Lekin bir kun kelib, uycha charchadi.

Olga Kotyadan bir martagina oʻtinib soʻradi: “Balki Moskvadagi uyni sotarmiz? Yoki yangi kredit?” Kotya uning yomgʻir yuvgan tiniq mayin sochlarini siladi, boshini ohista quchdi… Olgani uch kundan soʻng topishdi – Koral Bey shamollari uni dengiz burnidan itqitib yuborgan edi; sogʻ-salomat, holbuki, chor-atrofda tiq qoyalar.

Sentyabrda uy begonaga aylandi.

 

Polina IVANUSHKINA

 

Rus tilidan

Oygul SUYUNDIQOVA

tarjimasi

 

“Ijod olami”, 2018/6

https://saviya.uz/ijod/nasr/dengizning-u-tomoni/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x