“Demonkim, koʻngli poku ham koʻzi pok”

Alisher Navoiy asarlarining asosiy gʻoyasi insonni tarbiyalash, uning shaxsiyatida komil insonga xos xislatlarni shakllantirishga qaratilgan. Buyuk mutafakkir bu gʻoyalari orqali jamiyatda yuz berayotgan siyosiy, ijtimoiy, axloqiy holatlarga oʻz munosabatini bildirib kelganki, ular shoirning “Xamsa”sida, ayniqsa, “Saddi Iskandariy”, “Farhod va Shirin”, “Sabaʼi sayyor” va boshqa dostonlarida aksini topgan.

Navoiy davriga kelib shoh va valiahd masalasi jiddiy siyosiy masalalardan biriga aylangan edi. Yetuk navoiyshunos olim, professor Abdurashid Abdugʻafurov Navoiy “Xamsa”sida shoh va valiahd masalasi borasida toʻxtalib quyidagilarni bayon qilgan edi: “Shoh ota valiahdning, shahzoda aka-ukalar va togʻa-jiyanlarning taxt, hokimiyat uchun qirgʻin urush uyushtirishlari muntazam yuz berib turgan shoir zamonasi uchun ideal valiahd muammosi ideal hukmdor problemasidan kam boʻlmagan darajada aktual edi” (A. Abdugʻafurov, “Buyuk beshlik saboqlari”, Toshkent, 1995,41-bet).

Ana shunday chigal siyosiy va ijtimoiy vaziyatda Abdullatif Mirzoning toj-taxt uchun kurashi oʻz otasi Ulugʻbek mirzoni oʻldirishiga sabab boʻldi. Sulton Husayn Boyqaro oʻz nabirasi Moʻmin Mirzoni qatl etishga farmonga imzo chekdi. Bu kabi voqealar Navoiyni larzaga solar edi. Navoiy vazir boʻlsa ham valiahd masalasida Husayn Boyqaro bilan ochiq-oydin gaplashishga botina olmas edi. Shuning uchun ham ulugʻ adib davrning siyosiy hayotida bu muammoni asarlarida yechishga harakat qilardi.

Navoiy Badiuzzamon mirzo qiyofasida Sulton Husayn Boyqaro saltanatining valiahdini koʻrar, har qanday siyosiy nayranglar, toj-taxt uchun kurashlardan uni emin tutishga, ota-oʻgʻil orasidagi nifoqni bartaraf etishga, mavridi kelganda hatto Sulton Husaynni ham oʻgʻliga nisbatan insofga chaqirishga urinardi. Ulugʻ adibning bu harakatlari hamisha ham ijobiy natija bermagan. Bunday hollarda Navoiy ruhiy azobda qolgan. Zahiriddin Bobur “Boburnoma”da Navoiyning Husayn Boyqaro topshirigʻi bilan Badiuzzamon huzuriga muzokaraga borgani haqida bir lavhani keltiradi: “Bir kun Alisherbek bila mirzoning (Badiuzzamon mirzo – H. Q.) orasida bir soʻhbate oʻttikim, mirzoning tezfahmligʻigʻa va Alisherbekning riqqati qalbigʻa doldur. Alisherbek sirriy soʻzlarni mirzogʻa goʻshaki gʻalaba aytti. Dagʻi dedikim: “Bu soʻzlarni unuting”. Mirzo filhol ayttikim: “Qaysi soʻzlarni?”. Alisherbek bisyor mutaassir boʻlub koʻp yigʻladi”.

Navoiy “Saddi Iskandariy” dostonida turli davr shahzodalarini misol keltirib, saltanat valiahdi qanday sifatlarga ega boʻlishi haqida oʻz qarashlarini bayon etadi. Adibning bu qarashlari aslida uning Sulton Husayn Boyqaroga va valiahd Badiuzzamon mirzoga qaratilgan xitobnomasi edi. Navoiy zamonasi valiahdi siymosida axloqan pok, saltanatni boshqarishda adl-insofli, maʼnaviy yetuklik va jismoniy bahodirlikda ibrat boʻladigan xislatlar egasini koʻrishni istar edi. Masalan, Farhod ana shu xislatlar sohibi boʻlib, oʻz davrining barkamol shaxsi, ilmli, hunarli, barchaga ibrat boʻlgulik xislatlarga ega. Hatto Navoiy uning ideallashtirilgan timsolini yaratadiki, shoirning valiahdga boʻlgan yuksak talabi, saltanatning boʻlajak taqdirini u belgilashini inobatga olib, oldiga talab qoʻyadi va bu aslida jamiyat talabi, mezonini belgilaydi:

Demonkim, koʻngli poku ham koʻzi pok,

Tili poku soʻzi poku oʻzi pok.

Navoiy davr shahzodalarini insofga chorlar ekan, toj-taxtga intilmaslik, saltanat sirlarini egallamasdan turib taxtga oʻtirmaslikka chaqiradi. Shohlik avloddan avlodga oʻtgan, saltanat sohiblarining taxtni valiahdga topshirishlari odat boʻlgan, saltanat uchun kurashlar, ota va oʻgʻil orasida urushlar roʻy bergan bir davrda Navoiyning saltanat valiahdining jamiyatdagi oʻrni va uning yuksak axloqiy sifatlarga ega boʻlishi kabi keskin muammoni koʻtarib chiqqani, albatta, katta jasorat edi. Shoir shoh Iskandar timsoli orqali barcha ijobiy jihatlarni taʼriflar ekan, valiahd el bilan, atrofida mashhur olim, fuzalo, saltanat boshqaruvida katta tajribaga ega sarkardalar bilan kengashib ish koʻrish lozimligini taʼkidlaydi:

Angʻa taxtu davlatni maskan qiling,

Boshini toj birla muzayyan qiling.

Kim ul yogʻdirib abri ehsonini,

Ermakdek qilib mulk boʻstonini.

“Sabʼai sayyor” dostonida ham Navoiy valiahd Farruxni toj-taxtni egallashga har jihatdan yetilgan, xulqi jihatidan hammaga ibratli, donishmand, raiyatga shafqatli, odil shahzoda sifatida taʼriflab, uni taxt vorisligiga munosib bilib, deydi:

Lutf ila xulqi haddu gʻoyatsiz,

Fahmu idroki xud nihoyatsiz.

Bori ilmu kamol aro mohir,

Zotidin yuz kamol erur zohir.

Bu oʻrinda bizni Bobur oʻz saltanatida valiahd muammosini qanday hal qilgan, bu borada Navoiy qarashlaridan foydalanganmi, degan masala ham qiziqtiradi. Bobur “Boburnoma”da Alisher Navoiy ijodi haqida maʼlumot keltirar ekan, ulugʻ shoir ijodidan toʻla xabardor ekanini, turkiyda “hech kim muncha koʻp va xoʻb” asar bitmaganini aytib, uning asarlarini sanab oʻtadiki, bu mavzu olimlarimiz tadqiqotida keng talqin etilgani bois biz unga toʻxtalishdan oʻzimizni tiydik.

“Boburnoma”ni mutolaa etganda Boburning saltanatni boshqarishdagi tajribasi, ish tutishi, farmon va davlat ishlarini yuritishiga diqqatni qaratsak, aynan Alisher Navoiyning qarashlaridagi nozik jihatlarni kuzatamiz. Bobur davlatdorlikda Navoiy aytgan fikrlarni, saltanatni boshqarishga oid nazariyasini oʻz saltanatida amalda joriy etishga harakat qilgan.

Alisher Navoiy “Saddi Iskandariy”, “Farhod va Shirin” hamda “Sabʼai sayyor” dostonlaridagi shahzodalar Iskandar, Farhod va Farruxga otalari hali hayotlik paytida saltanatni boshqarishni taklif etishganda, ular shoh otalarining bu taklifini qabul qilmaydilar, hali tajribalari yetishmasligi, koʻp narsalarni oʻrganishlari lozimligini aytadilar. “Boburnoma”da Bobur oʻz farzandlari – Humoyun, Komron, Hindol va Askariyning bir-birlari bilan inoq yashashlarini, hamisha katta akalari, boʻlajak valiahd Humoyunga ehtirom koʻrsatishlarini, u taxt vorisi ekanligini suhbatlarda, ularga yozgan maktub va vasiyatnomasida alohida uqdirib oʻtgan, valiahdlik tartibi avlodlardan-avlodga oʻtib, bu anʼana taxtni boshqarishda qatʼiy qoidaga aylanganini taʼkidlab, tiriklik paytidayoq bu tartibni qonuniylashtirib qoʻygan: “Yana sen (yaʼni Humoyun – H. Q.) oʻzing bilur edingkim, doim bu qoida marʼiy edi: olti hissa sanga boʻlsa, besh hissa Komronga boʻlur edi. Hamisha bu qoidani marʼiy tutib, mundin tajovuz qilmang. Yana ining bila yaxshi maosh qilgʻaysen. Uluqlar koʻtarimlik kerak, umidim borki, sen ham yaxshi ixtilot qilgʻaysin. Aning ham mutasharriʼ va yaxshi yigit qoʻpubtur, ul ham mulozamat va yakjihatiliqta taqsir qilmagʻay”.

Bobur ogʻir betob boʻlganida oʻgʻli Humoyunni chaqirib, el oldida uni oʻz valiahdi deb eʼlon qiladi va podshohlik taxtini unga topshiradi. Bu ham Navoiyning “Saddi Iskandariy” dostonida valiahdning tarixdagi oʻrni borasidagi qarashlarini Bobur amalda qoʻllaganiga yorqin misoldir. “Aʼyoni davlat va arkoni mamlakatni charlab, bayʼat qoʻllarini Humoyunning qoʻliga berib, joynishinligʻigʻa va valiahdligʻigʻa nasb qildim. Va taxtni anga topshirdum. Va Xoja Xalifa va Qambar Alibek va Turdibek va Hindubek va oʻzga xaloyiq ham bu nasoyihda bor erdilar, borisi qabul qilib, band boʻldilar”, deb yozadi bu vaziyat haqida Bobur.

Lekin, afsuski, zamonning nosogʻlom muhiti, toj-taxt uchun kurash rasm boʻlgan bu davrda fitnachilar va ayirmachilar, Temuriylar saltanatining mustahkamligini koʻrolmagan beku aʼyonlar fitnasi oldida bu shahzodalar ham tob berolmadilar va ular ham bir-birlariga qarshi chiqib saltanat, toj-taxt kurashining ishtirokchisiga aylandilar. Biroq Bobur hayotlik paytida oʻz saltanatini valiahd Humoyunga topshirib, Navoiyning “Xamsa”da valiahd haqidagi orzusini amalga oshirdi, yaʼni saltanatini tiriklik paytida valiahdga topshirgan yagona podshoh sifatida tarixda qoldi.

Bobur Navoiy “Xamsa”sini diqqat bilan oʻqib, undan saltanatni boshqarish ilmining nazariy jihatlarini olib, davlatchilik ishlarini boshqarishda dasturilamal sifatida foydalanganiga shubha yoʻq. Chunonchi, saltanatini boshqarishda barcha bek aʼyonlari bilan bamaslahat ish koʻrgani, donishmandlar, tajribali beklar maslahatiga quloq solgani, kechirimliligi, eng ogʻir paytda ham ularni jasorat koʻrsatishga chaqirgani ham uning Navoiy dostonlaridan ibrat olganiga ishontiradi. Qolaversa, Boburning umr oxirida shohlik, davlatu boylikdan kechib, “darvesh shoh” nomini olib, oʻzi qurgan Chorbogʻda uzlatga chekinganida ham Navoiyning davr saltanati boshligʻiga qilgan oʻgitlarining taʼsirini koʻrish mumkin.

 

Hasan QUDRATULLAYEV,

filologiya fanlari doktori,

professor

 

“OʻzAS”dan olindi

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/demonkim-kongli-poku-ham-kozi-pok/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x