Soʻnggi davr qissachiligida qahramon ruhiyatini ochishda yangicha badiiy izlanishlar koʻzga tashlanmoqda. Bu jarayon badiiy tasvirda uslubiy oʻziga xoslikni yuzaga keltirmoqda. Natijada inson taqdiri nozik va murakkab holatlarda – unga xos barcha manfiy va musbat xislatlari bilan birgalikda maʼnaviy olamining haqqoniy tasvirini yaratishga harakat qilinmoqda.
Inson mustaqil fikrlashi, u yoki bu masalada oʻz qarashlarini dadil, asosli tarzda bayon eta olishi uchun oʻzidagi ichki toʻsiqlarni yengib oʻtishi lozim. Murosasizlik, dadillik, muammolar sababini oʻz nomi bilan atash shijoati qaror topsagina, rost soʻzning qudrati jamiyatimiz hayotida huzurbaxsh, toza shabadani paydo qiladi.
Erkin Aʼzamning “Shoirning toʻyi” qissasida ham ana shu ruh ustuvorlik qiladi. Qissada ifoda etilgan gʻoya, qahramonlar qismati shundan dalolat beradi.
Kitobxon asar muqaddimasidan boshlaboq ogʻir va murakkab ruhiy evrilishlar makoniga kirib borayotginini sezadi.
“Shaharning qoq markazida qad rostlagan bu koshonani urushdan keyingi yillar nemis harbiy asirlarimi, Uzoq Sharqda qoʻlga tushgan yapon samuraylarimi, ishqilib, ajnabiylar qurgan, degan, gap yuradi…
Nemislar qurganmi, samuraylarmi, harqalay shaharda bunday pishiq, mustahkam imorat sanoqli…
Moʻylovdor dohiyning moʻljali bexato. Tasavvur qilish mumkin: tikanakli simtoʻsiq bilan oʻrab olingan bu atrofda… yagʻir paxtalik kiygan mahbuslar… u yoqdan bu yoqqa zambil-gʻaltak surib yuribdi. Bosh koʻtarish yoʻq… Ish, ish… Zarbdor jabha…
Shoʻrlik mahbuslar nima gunohlariga bu yerga kelib qolgan? Nima qurishayotganini oʻzlari bilisharmikan? Bilishadi… – loyihashunos sarkorlari ham oʻzlariga oʻxshagan mahbus. Ozod Sharqda yagona teatr
Sanʼat maskani mahbuslar qoʻli bilan bunyod etiladimi?”
Asarda ushbu koshonada “sheʼriyat toqida chaqnoq yulduz misoli chaqnab, nosoz zamon darrasiga duchor boʻlib bevaqt soʻngan Otashqalb shoirning tavallud anjumani” boʻlib oʻtishi bilan bogʻlik manzaralar chiziladi. Yozuvchining mahorati shundaki, anjuman tasviri orqali davr va shaxs fojeasini haqqoniy aks ettiradi. Bu bizning yaqin oʻtmishimizda, shoʻro saltanatining tanazzuli arafalarida roʻy berayotgan inqirozning oʻziga xos badiiy tasviridir.
Otashqalb – marhum shoirning eng yaqin “doʻstlaridan biri Oqsoqol domla”. Ular yoshlik davrida birgalikda ijod qilishgan. Ammo qalbidagi riyokorlik hissi doʻstlik va sadoqat tuygʻusidan ustun chiqib, nafsga qul Oqsoqol oʻz doʻstining nomini qoraga bulgʻab, sovuq oʻlkalarga surgun qilinishiga sababchi boʻladi. Bugun esa, yaʼni qariyb ellik yil oʻtib, oʻzining gunohini yuvish uchunmi yoki masʼul lavozimda ishlagani vajidanmi Otashqalb doʻstining oqlanishiga hissasini qoʻshmoqchi boʻlib turibdi.
Xullas, oqsoqol anjumanda marhum doʻsti haqida juda koʻp yaxshi soʻzlarni aytadi. Balandparvoz maqtovlar bilan uni koʻkka koʻtaradi. Ammo anjumanda haqiqatning chinakam fidoyilari ishtirok etmoqda edi. Shu sabab Oqsoqol anjumanda oʻz vijdoni bilan yuzma-yuz kelishga majbur boʻladi. Ammo uning qalbidagi riyokorlik, mansabparastlik tuygʻusi uni butun umr qiynab, ezib kelgan vijdon oldida bosh egishiga yoʻl qoʻymaydi. Chunki vijdon oldida tek turib javob berishga har qanday insonning qurbi yetmaydi. Uning uchun inson halol, mard, imon-eʼtiqodli boʻlmogʻi lozim. Oqsoqolda esa bu hislatlarning birontasi mavjud emas.
Asar soʻnggida u sirli ravishda vafot etadi. Yozuvchi bu sirga oydinlik kiritadi, albatta. Bu Oqsoqolning haqiqat bilan yuzma-yuz kelishida edi. Haqiqatni esa bu riyo va nafsga qul boʻlgan inson koʻtara olmadi.
Oqsoqol qalbini butkul zabt etgan riyo va ayni damda yuzaga chiqqan haqiqat kurashi qissada dramatizmni yuzaga keltiruvchi asosiy omillardandir. Anjumanda yoshlarning qatʼiy daʼvoyu eʼtirozlariga duch kelib oʻzini umr boʻyi taʼqib qilib kelgan haqiqatning koʻziga tik qarashga majbur boʻlgan Oqsoqol ruhiyatida kuchli inqiroz yuzaga keladi. Yozuvchi bu jarayonni juda ishonarli aks ettirgan.
Qissada davr fojeasini oʻzida mujassamlashtirgan yana bir obraz bor. Bu Mafkuraxonim obrazi. U sobiq shoʻro davri mafkurasini oʻz manfaati yoʻlida bayroq qilib olgan ayol. Moskva va Leningrad kabi shaharlarda tahsil olgan bu tannoz ayol oʻz ona tiliga juda noʻnoq, ammo ikkinchi ona tili qilib olgan rus tiliga juda usta.
U ona tiliga noʻnoqligidan nolimaydi, balki bundan faxrlanadi va buni zamonaviylik belgisi, fazilat deb hisoblaydi. Mafkuraxonim anjumanga ham oʻz tannozligini namoyish qilganday odamni yalintira-yalintira tashrif buyuradi. Aslida u bunday davraga mutlaqo begona, shuning uchun ham anjuman boshlanishidan oldin tashkilotchilar bilan suhbatlashib oʻtirarkan, “Qani domlaning oʻzlari keldilarmi?” – deya oʻzining chalasavodligini oshkor qiladi. Oʻz husni-malohatiga ishongan bu ayol soʻzga nihoyatda chechan, faol tashkilotchi, oqni qora, qorani oq deb isbotlamoqqa mohir boʻlgani uchun ham mansab pillapoyalaridan yengil-yengil hatlab oʻtgan va nihoyat muhim bir jabhaning quloqboshiga mahkam oʻrnashib olgan.
Yozuvchi ushbu holatni quyidagi manzaralarda fosh qiladi. “Qani domlaning oʻzlari keldilarmi?” deb qolsa boʻladimi! Hamma bir-biriga qaragan, hamma xijolat. Shoʻx, xozirjavob madaniyat vaziri toʻqsonlarni qoralab qolgan, qulogʻi ogʻir keksa rassomni roʻpara qilib, vaziyatni yumshatmoqchi boʻldi. “Domlani taniyman, komsomolda ishlaganimda mani chizganlar, – dedi Mafkuraxonim xushhollik bilan rassomga oppoq barmoqlarining uchini tutqazib. – Man yubilyarni soʻravobman…” Yana hamma bir-biriga qaragan, yana hamma xijolat. “Ukishi yetib kelolmadilar, – dedi kimdir orqaroqdan jasorat koʻrsatib. – Uzoqdalar, hu-u Uzoq Sharqda”…
Mafkuraxonim nutq soʻzlab boʻlgach, Otashqalb shoir hayoti haqida maʼruza oʻqish uchun soʻz Ajoyib domlaga beriladi.
Ajoyib domla ham davr charxpalagi qaysi tomonga qarab aylansa shu tomonga qarab yoʻrgʻalagan, mansab, nafs yoʻlida har qanday toʻsiqni kesib oʻta oladigan makkor shaxs. U ham oʻz navbatida marhum shoir haqida kuyunib gapiradi, uni osmon qadar buyuk insonga koʻtaradi, uning ayanchli taqdiridan kuyunayotgan va shu bugun muborak nomi oqlanganidan benihoyat shodlanayotgan yaqin doʻstlariyu qon-qarindoshlari haqida ertak aytib maʼruza qiladi.
Ammo u ham maʼruzasini tugatgach Yosh shoir tomonidan yaxshigina oʻqqa tutiladi. Chunki Ajoyib domla ham Oqsoqol domla singari Otashqalb shoirning ayanchli taqdiriga munosib hissa qoʻshgan sotqin “birodarlardan” biri edi.
Muallif uning xarakterini quyidagicha chizadi: “Bu odam juda koʻhna, yarim asr burun juvonmarg ketib, mana bugun xotirlanayotgan Otashqalbning oʻzidan ham bir necha yosh katta, koʻp qirgʻinlarni koʻrgan, hammasiga chap berib omon qolgan, yaʼni – kelgan baloga boshqani roʻpara qilib, panasida jon saqlagan, zamon har aylanganda shamolning yelparragi qay tarafga yoʻnalganini ilgʻorlar qatori ilgʻab, oʻsha tarafga bayroq koʻtarib yugurgan, oʻzining bu turlanish-tuslanishlariga ilmiy va siyosiy asoslari hamisha tayyor, benihoya makkor va maddoh bir zot edi”.
Ammo qissa faqat zamon zayliga qarab turlanadigan shaxslar tasviridan iborat emas, albatta. Anjumanda ishtirok etayotganlarning koʻpchiligi adabiyot ixlosmandlari. Ulardan biri sahnada boʻlayotgan bu maynavozchiliklarga chiday olmaydi. Otashqalb hayoti va ijodiga aloqador oʻzi bilgan haqiqatni anjuman ishtirokchilariga soʻzlab beradi. Haqiqatni oshkor aytgan Yosh shoir qissada haqiqatparvar, jasur, har qanday toʻsiqni haqiqat orqali sindirish mumkin, degan gʻoyani ifodalovchi obraz.
U marhum shoir hayoti yoritilgan barcha mavjud rasmiy va norasmiy arxiv maʼlumotlarni sinchkovlik bilan oʻrganib chiqqan. Shuning uchun u shoir haqida aytilayotgan barcha fikrlarni mulohazakorlik bilan tinglab turib, u haqdagi yolgʻon gaplarga vijdoni chidamay haqiqatni roʻy-rost oshkor qiladi. Oqsoqol va Ajoyib domlalarni siquvga oladi. Ularning asl basharasini koʻrsatishga muvaffaq boʻladi.
Ammo anjumandan soʻng haqiqatning yuzaga chiqishini istamagan shaxslar kelajagi porloq shoirning taqdirini ham marhum shoirnikiday xarob qilishadi. Yosh shoir uchun barcha eshiklar yopiladi, na radio, na televideniye va na tahririyat uni qabul qiladi. Yolgʻonu uydirmaga, riyoga oʻz imoratini qurgan yuqoridagilar shuni hoxlashdimi, vassalom. Bu ish muhokamaga muhtoj emas.
Yozuvchi qissani boshlashda uni “kechagi kundan rivoyat” deb ataydi. Bu bejiz emas. Chunki muallif qatagʻonga uchragan, begunoh ayblar bilan surgun qilingan shoiru yozuvchilarimizning taqdirini badiiy tafakkur orqali talqin qilib, shu qissani yaratgan. Badiiy tafakkur va tarixiy haqiqat birlashib haqiqiy sanʼat asari yaratilgan.
Biroq qissa tarixiy haqiqat yoritilgan rasmiy hujjat emas. U inson ruhiyatining evrilishu taftish va kurashlariga boy, oʻz qismati hayoti haqida oʻylashga, oʻz-oʻzini tahlil qilishga undovchi asardir. Bu qissa haqiqat bilan yolgʻonning, riyo va nafsning vijdon bilan oʻzaro kurashuvini aks ettiradi. Asar ana shu jihatlari bilan qimmatlidir.
Dilobar SAYDAXMETOVA
“Yoshlik”, 2011 yil, 11-12-son
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/davr-va-shaxs-fojeasi-talqini/