DAVONIY Jaloliddin (toʻla nomi Jaloliddin Muhammad ibn Asad assiddiqiy addavoniy) (1427 — Davon qishlogʻi, Eron — 1502) — sharq olimi, faylasufi. Yoshligidan ilm-fanga, xususan fiqhshunoslikka qiziqadi. Maktabni bitirgach, Sherozga kelib madrasada tahsil koʻradi. Soʻng Sheroz sh. qozisi etib tayinlanadi. Qozilikdan isteʼfoga chiqqach, mudarrislik qiladi. Umrining oxirida oʻz qishlogʻiga qaytib, ilmiy ish bilan band boʻladi.
D. Eron, Hindiston, Iroqning koʻp shaharlarida boʻlib, olim va shoirlar b-n uchrashdi. Forobiy, Ibn Sino, Nasriddin Tusiy va b. ning dunyoqarashini oʻrgandi, Temur va temuriylar davrida yashagan mutafakkirlar asarlaridan unumli foydalandi. U falsafa, axloqshunoslik, mantiq, fiqh, falakiyot, riyoziyot va handasa fanlari muammolarini tadqiq qilib asarlar yozdi. Bu asarlarida inson va uning kamoloti, ilm-fan va uning jamiyatdagi oʻrni, kasb-hunar, yuksak insoniy fazilatlarni egʻallash haqida fikr yuritdi. Davoniyning asosiy asarlari: «Axloqi Jaloliy», «Risolatul-xuruf» («Harflar haqida risola»), «Risolayi isboti vojib» («Zaruriyatning isboti haqida risola»), «Risola ul-mufradot» («Moddalar haqida risola»), «Risolayi fi tavjix ultashbih» («Majoz talqini xaqida risola»), «Risola dar elm un-nafs» («Ruhshunoslik toʻgʻrisida risola»), «Tariqati tarbiyat ul-avlod» («Bolalarni tarbiyalash usuli») va b. D. ning fors va arab tilida bitilgan qoʻlyozma hamda toshbosmada bosilgan risolalari dunyoning koʻp kutubxonalarida, shu jumladan Oʻzbekiston FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik in-tida saqlanadi.