Davlatning qaytishi

Esingdami, oʻshanda Avram Tolmasning yozgi saroydagi konsertiga kirgan edik, konsert kechikib boshlangandi. Ungacha Davlat hammani laqillatib oʻtirgan, ulfatimiz Olim akaning yonida kelgan maʼshuqasiga: “Yanga, koʻzingiz sigirnikiga oʻxsharkan”, deganida boyoqish birdaniga hoʻngrab yigʻlab yuborgan, shu koʻyi arazlab saroydan chiqib ketganida Olim aka rosa xafa boʻlgan, “Davlat, sen odam-podam emasakansan, bu nima qilganing!”, deya kalovlanib qolgan va “sevgan yori” ortidan novcha boʻyiga yarashmagan holda loʻkillab joʻnagan edi, bir muddatdan soʻng “Qurbon oʻlam” qoʻshigʻi boshlanganida, hov bir chekkada “oshiq-maʼshuqlar” bir-biriga suyangan koʻyi qoʻshiq tinglashayotganiga guvoh boʻlganmiz, kulishganmiz, konsert tugaganda tagʻin ular bilan qoʻshilib, Davlat vaʼda qilgan hovli-kafega ketganmiz. Esingdadir, ha, esingda. Davlatning yonida boʻyi pakana, biroq juda suluv qiz bor edi, qoʻyib bersa ular shu yerdayoq suykalishni boshlashar, ammo Davlatning gʻururi baland, goʻzal qizni qoʻlga ilintirgani bilan maqtanishni oʻziga ep bilmas, aksincha, oʻziga tirgʻalib keluvchi jononlarni koʻpincha jerkib berar, soʻkib tashlashdan ham toymas, negadir suluvlar uning soʻkinishiga parvo ham qilmas, goʻyo shunday boʻlishi kerakday battar tirgʻalishaverardi. Buni sen bilmasding, albatta. U uchun balki oddiy kamtar-kamsuqum qiz koʻrinding, konsert oldidan uzuq-yuluq tanishuv va suhbat jarayonida u seni shoir, televideniyeda ishlaydi, degan xayolga bordi hamda odati boʻyicha tek turmay: “Sizda bir gap bor, yanga, balki televizorda koʻrgandirman, akam ham uncha-munchalar bilan yurmaydi”, deb menga qaradi va kulib yubordi. Mayram opa uni urishib berdi: “Oʻl, sassiq, oʻzingni bil, bir manjalaqini yoningga olvolib har narsani valdiraysan, qoʻshiq eshitishga keldingmi yo odamlarni masxara qilishgami?” Davlat tek turgan koʻyi pinagini ham buzmay: “Manavini aytyapsizmi, bu pishakbachcha birovniki, meniki emas…”deyotgan edi, Mayram opa ustalik bilan hammani birdamlikka, qoʻshiqni sevishga chorladi. Sen oʻshanda duv qizarib ketding, negadir mening yonimdan qochib Mayram opaning panasiga berkinding, anovi qiz boʻlsa, uyalish-tortinish yoʻq, koʻzlarini pirpiratgancha Mayram opaga tikilib qoldi. Bildim, senga “yanga” degan soʻzning oʻzi choʻgʻ tekkandek taʼsir qildi, chunki sen birovlarning shunday oʻylamasliklarini xohlarding, u boʻlsa, dabdurustdan, bamaylixotir qoʻyib yubordi: yanga! Axir men bola-chaqali boʻlsam, sening hali kelajaging oldinda, boz ustiga nomingga bunaqa dogʻ tushishini oʻzim ham sira xohlamas edim, shu bois “Davlatjon, u bokira qiz, singlim, shunchaki biz bilan “Qurbon oʻlam”ni eshitishga keldi”, degim keldi, ammo Mayram opa sansirab uni urishib berishi hovurimdan tushirdi. “Yanga” deganida eting uvishib ketganini sezdim va… buni oʻshanda senga aytolmaganman, endi aytsam boʻladi: boshqa barcha qizlar qatori uni bir koʻrishda yaxshi koʻrib qolishingdan qoʻrqqan edim. Xudo bergan koʻrkam yigit, bunga taraf yoʻq, lekin birdaniga gapning poʻstkallasini aytishi ham faqat unga yarashadi, boshqa birov agar shunday qilsa, albatta janjal chiqib ketishi tayin. Soʻngra… puli bor, hatto koʻp, pulingiz boʻlsa, deb soʻramaysan-da. Bor pulini sarflay bilish ham aslida mardlik, birovning qoʻlidan keladi, birovnikidan yoʻq.

 

Avram Tolmas Isroildan koʻch-koʻroni bilan kelganday soz va cholgʻuvchilar benihoya koʻp edi. Saroy esa kutilgandek odamga toʻlib, kirish pattalari qoʻlma-qoʻl boʻlib ketmagan, aksincha, aqalli yarim ham boʻlmagan, bolalar u yondan-bu yonga chopib yurishar, biz tanigan atoqli hofizlargina qoʻllarini iyaklariga tirab yoxud bir nechtasi birvarakayiga tebranishib qoʻshiq tinglashardi. Ular qatorida Mayram opa ham bor, qoʻshiq avjiga chiqqanida oʻrnidan turib chapak chalib yuborar, Avram Tolmas chamasi miyigʻida kulib, opani taniganidan boʻlsa kerak, yengil taʼzim qilib qoʻyardi. Navbat “Qurbon oʻlam”ga kelganida Mayram opa bir quchoq oppoq atirgul koʻtarib chiqdi. Hofiz boʻlsa oʻta madaniyat bilan yigʻilganlarni opa uchun qarsak chalishga chorladi, orqasida oʻtirgan sozchilarni undagan ediki, ular ham darhol oʻrinlaridan turib opaga taʼzim bajo etishdi. Oq kamzul-shimdagi odamlarning bu xatti-harakatlari gʻoyat bejirim edi, eng muhimi, ulugʻ sanʼatkor bu ashulani biz emas, asli oʻzingiz qoyillatib ijro etasiz, deya opaga iltifot qilayotgani bu sahnada yaqqol tushunarli bir holat edi. Opa esa sahnada turgancha bot-bot qoʻli koʻksida, taʼzim qildi – biz ahli sanʼat faqat sizga qoyilmiz, degani edi bu. Bir qarashda sanʼatkor oʻzbek qoʻshiqchilarigagina mahoratini namoyish etmoqda edi.

Tushunarli: Sharq qoʻshiqchiligini yuksak pardalarga koʻtarib kuylagan hofiz yigirma yil badalida xorijda yurib, soʻngra shu oʻzi tugʻilib-oʻsgan tuproq egalariga hurmat-ehtirom koʻrsatmoqda, bu olqishlashga arziydi, baland iltifot belgisi. U shu kunlarda Samarqand va Buxoroni ziyorat qilib kelgani, u yerdagi qadrdonlari, oʻzi kabi xorijga ketolmagan millatdoshlari davrasida boʻlib qaytgani, nihoyat, matbuotda va televideniyeda bu diyor nihoyatda goʻzallashib ketgani, odamlarning xush-baxtiyor, farovon, shukronalik ruhi bilan yashayotganini koʻrganidan mamnun ekanini eʼtirof etgani ham bor gap. Jurnalistlar esa bir oz boʻrttirib, kerak boʻlsa shunday yorugʻ kunlar kelishini bilganimizda, albatta, biz shu vatanni aslo tark etmas edik, xorijda biz bunday farovon hayotga havas qilamiz, deya koʻpirtirib yozar edilar. Holbuki, Avram Tolmas oʻzbek tilida kezi kelsa oʻzimizdan oʻtkazib chiroyli soʻzlar edi.

Davlat shu damda xiyol koʻzini qisib tishini kovlash uchun choʻntagidan choʻp qidirayotib qoʻliga ilashib chiqqan doʻxtirning dorinomasiga koʻzi tushdi, tushdiyu shu zahoti qishloqda otasi peshob tutilishidan qiynalayotganini esladi, oʻzi men nimaga kelgan edim Toshkentga, deb koyingan hamon otasiga ermak qilib boqish uchun uchta sigir, toʻrtta hoʻkizcha olib berganini va shu yozda togʻdagi podachiga topshirgani, kuzga dovur sigirlar togʻ giyoh-oʻtlaridan oziqlanib yaltirab semirishi yaxshiyu, lekin boʻri-qashqirlar dorisa nima boʻladi, choʻpon har doim ortidan yurmasligi, undan ham qolsa balchiq suvidan ichsa, zuluk kirib oʻrnashib olsa, molning etini qochiradi, oriqlab qovurgʻasi sanalib qoladi, toqqa oborgani, choʻponga haq toʻlagani bir pul boʻladi, biroq yaydoq yurgan, yarim yovvoyi boʻlib ketgan molning zuluklaganini qanday bilamiz, buyam bir muammo, otasi zuluklagan mollarni arqonlab shishadagi namakob suvni tili ostidagi zulukni tushirish uchun zoʻr berib mol ogʻziga quyishga tirishgani, ayni vaqtda mol boʻy bermay pishqiraversa, arqonni kalta qilib oyogʻiga bogʻlab yiqitib, molning qarshilik qilganiga jahl qilib soʻkinib, bir shisha tuzli suvni ogʻzidan quyganda jonivor xuddi kerishgandek oyoqlarini choʻzib, soʻngra silkina-silkina yutgani, arqondan boʻshagach tagʻin yovvoyilik qilib shataloq otgancha hovli adogʻidagi yogʻoch toʻsiqqa oʻzini urgani, otasi shunda xotirjam holda “ana endi shullik (zuluk) gʻunajinning ichagiga tarmashgan boʻlsayam tushadi, shullik oʻzi achchiqni, shoʻrni yoqtirmaydi-da, unga duch kelsa, tamom, qochadi, qochadi-ya qochadi, qayoqqa borardi – soʻlakka yo axlatga qoʻshilib tushib ketadi-da, shu holiga molniyam, egasiniyam qiynaydi”, deb iljaygancha xotirjam boʻlganini esladi. “Podaboqar otamning kuni shu edi, mana yangi uy qurib berdim, ukamni oʻqishga kiritdim, singlim toʻy boʻlishi kerak, seplari boʻynimda edi, tillosigacha olib berdim, “Jiguli” modadan qolgan emish, ukangga oʻzingnikiga oʻxshash “Neksiya” olib bersang, biz onang bilan kerilib toʻylarga borib yursak, bu sening obroʻying, Davlatboy omadi kelib, obroʻyi oshib ota-onasini oʻynatib qoʻyibdi, degan gap yaxshimi – yaxshi-da, birinchi navbatda sen uchun yaxshi, emish”.

Odamzotniki shu – birim ikki, ikkim uch boʻlsin deydi. Bora-bora Pushkinning “Baliq va baliqchi haqida ertagi”dagi kampirga oʻxshab sehr bilan boy-badavlat qilib qoʻygan oltin baliqni endi shu baliq ham mening xizmatimga kelsin, deydi. Odam degani toʻymas bir irkit.

Davlat – davlatsiz odamning davlati boʻldi. Shundoq ham boʻlar emish-da: tuf degan tupugi yerga tushmasa, boʻl degan ishi boʻlaversa, Xudoyjonim boshqalarga toʻqqiz, bunga – oʻttiz qilib osmondan tap etkazib berib tursa, qiz tilasa – bersa, oʻgʻil tilasa – bersa, suluv tilasa, shu zahoti qoʻyniga solib qoʻysa, yoʻq, bunga badbin boʻlmaslik kerak, shukrini keltirib himmat kamarini bogʻlamoq kerak. Bu qoʻldan keladi, qoʻliyam, koʻngliyam ochiq uning, bor ekan – sarflaydi, hali yashirgani, yashirmagani qancha, baʼzilarnikining oldida tariqchalik emasmi bu, tariqchalik, a. Voy-boʻ, zamon keldi, zamon!

– Ziyoda, sening Toshkeningdayam mol shulliklaydimi? – dedi maʼshuqasiga.

– Voy, oʻlaman, oʻlamanu qolaman, nima devosiz! – dedi u va erkalanib Davlatning bilagidan ikki qoʻli bilan ushladi, yelkasiga boshini qoʻyib yigitning bilagidagi tuklarni oppoq koʻrsatkich barmogʻi bilan silay boshladi.

– Qitigʻim bor, – dedi yigit.

– Shunchadan beri sezmagan ekanman, – deb kulib yigitga termildi qiz va sharaqlab yuborib:

– Qayeringizda? – dedi.

Yigit odatda uni uyat aʼzoning nomi bilan soʻkib yuborar edi, maʼshuqaning eti qotib, bunga koʻnikkan, biroq bu safar boshqa gap aytdi:

– Sening qayeringda ziyoding bor, nega Ziyodasan?

– Koʻrmagan ekansiz-da?

– Bugun koʻrsatarsan…

 

* * *

Ishxonamizda bir yoshi kattaroq boʻlsa ham satang, oʻzini boʻyab-bejab, qoshlarini terib yuradigan odam bor. Oynaga soatlab qaraydi, burni, qulogʻining tuklarini tozalaydigan uskunasi ham bor, quloq tozalagich – paxta oʻralgan choʻpdan choʻntakka solvoladi, gohida koridor oxiridagi oynali shkaf oldida turib oladi-da, negadir oynaga qarab boshini oʻng yo chap tomonga qiyshaytirgan koʻyi berilib qulogʻini chuqalaydi-yey, odam gʻijiniblar ketadi.

Malik akamiz baʼzida eshigini lang ochib turadi-da, qaraydi-qaraydi, oxiri u ishini tugatavermagach, shartta turib:

– Olmaxonim toshoyna oldidalar, oʻzlarini oynaga solyaptilar. Bu oy chehrani koʻrmagan nozli xonimchalarning koʻpi uni tush koʻrib ayni damda soch yulish bilan ovoradurlar. Akang qaragʻay boʻlsa shu topda qosh termoq, burun katagi hamda quloq teshigi atrofidagi tuklarni dagʻal xashak yiqqan singari oʻrib-yigʻish ila mashgʻuldirlar. Hayhot Olmaxonimizning ushbu yumushi nihoyasi xayrlik yakun topishidan umidvormiz, – deya vaʼz oʻqib qoladi oʻziga atay eshittirib.

Akaning ismi “Olmaxon”ga aylanganiga ancha boʻlgan. Oʻzining tejogʻliq va bejogʻliqligidan mamnun, ayniqsa sarishtaliligini bilgan biz kabi oddiy xodimlar bu akaning xurmacha qiliqlaridan kulmay ham qoʻyganmiz. Chunki bir odatni kanda qilmay yurgan odamga koʻz ham oʻrganib qolarkan. Boshida Malik akamiz “Abdurahmoncha” degan edi. “Mehrobdan chayon” romanidagi Abdurahmon Buxoro madrasasida tahsil olib yurgan chogʻlarida avval amirlik toʻralariga chuhralik qilib, ular bazmini qizitadi, vaqt oʻtib, balogʻatga yetgach, “bachcha bazm”lardan quviladi, choyxonalarda, karvonsaroylarda musofirlar “xizmati”ni qiladi, eʼtibordan qolmay deb oʻzini tuklardan forigʻ qilib yuradi. Ammo bari bir, nihoyat, koʻchada qoladi. Vaqti-soati kelib oʻz yurtiga kelib xon saroyiga ishga kirishni niyat qiladi, mulla degan nom oladi, buyam yetmaganday Anvarga raqobat qilib Raʼnoga “oshiq” boʻladi…

Akamizni “Abdurahmoncha” deyish, albatta, haqorat va boʻhton edi, sababi bola-chaqali, ikki qiz va bir oʻgʻilning otasi, hammasini uyli-joyli qilib boʻlgan, aybi uning satangligi va ellik oltiga kirgan boʻlsa ham Katta toʻraga yugurdaklik qilganida edi. Malik aka ham keyingi kezlarda “Olmaxon” atamasini tildan qoʻymasa-da, zinhor “Abdurahmoncha”ni lugʻat boyligidan tashlab yuborgan. Tabiiyki, Olmaxon Katta toʻraga yaqin boʻlgach, uni masxaralash ham yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin-da, Malik akaning boʻyi pakanaligi yetmaganday mansab pogʻonasi yuqorilamaganligining tub negiz va mohiyati ham shu nuqtalar bilan izohlansa ajab emas…

Olmaxon kaminani oʻziga yaqin olib sansirar edi. Kunlarning birida san bola kitob oʻqib turasan, Pushkinning “Yevgeniy Onegin”ini topib ber, deb qoldi. Uyda Oybek tarjimasidagi “Yevgeniy Onegin” turardi, shu qidiraman, topolmayman, kitob doʻkonidan ruschasini olib kelib berdim. Varaqladi, koʻrdi, qoshlarini kafti bilan obdon siladi, shundoq ham moylab yaltiratgan engagini ikki qoʻllab ishqadi-da, gap bor-da, oʻzbekchasi kerak edi-da, dedi. Keyinchalik ham kun ora “topdingmi?” deb yurdi, topmaganimni bilgach, oxiri, mayli, qoʻyaver, titilib, chirib ketgani chiqib qoldi, dedi. Soʻng gapi esidan chiqib qolganday qaytib kelib:

– Yangang ruschani yaxshi tushunmaydi-da, – dediyu ortiga burildi. Soʻng tagʻin qaytib kelib, koʻzlarini pirpiratib: – Ikkinchi yangang, – dedi-da: – Tss, ogʻzing mahkam-ku, senga ishonaman, qisib yurgan boy boʻlar, – deya hiringlab chiqib ketdi.

Ne boʻldiki, shu odam xotin, bola-chaqadan voz kechib yosh bir kelinchakka, birovning xotiniga uylanib oldi. Bir oʻgʻilchali kelinchak sanatoriyda Olmaxonga sirli karashma qilgan, demak, dil izhorini oʻzi aytgan, kunlarning yoki tunlarning birida “Onegin”ni oʻqiganmisiz, deb soʻragan, aka oʻqimagan boʻlib chiqqach, kitobni qidirishga tushgan, Oneginning ham Olga, ham Tatyanaga oshiqligini bilgach, anglaganki, endi otni qamchilamoq darkor. Qarasa, yosh, kelishgan, barra narsa oʻlib turibdi, yo Razzoq deydiyu…

Qayoqda, yoʻ-yoʻ, gʻalva boʻlmagan, boʻlgan-ku chiqar, har qalay oila-ku, ammo biz sezmadik. Ellik olti yoshida bunday tavakkalga qoʻl urganiga bari bir qoyil qolmay iloj yoʻq. Oppoq “Sonata Hyunday” mashinasiga, boʻyi bir qarich, oxirgi modeldagi, yuzlab funksiyali mobil telefonga yoxud ohorli kiyimiga kimdir qoʻl tekkizsa, yoinki xonasida naq Braziliyaning oʻzidan keltirilib hafsala bilan kofevarkada ezib tayyorlangan qahvasidan birov bir chimdim olsa, chaqmoq qand, novvot yoki yaltiroq jildli shokoladlarga qoʻl uzatsa, – Malik akaga oʻxshash qitmirlar ham bor-da, – shunaqa toʻs-toʻpolonni boshlab yuboradiki, naq osmon oʻpirilib yerga tushgandek, shu asno biz mansub boʻlgan butun bir millat madaniyatsizga chiqadi-qoʻyadi, bularni tarbiyalab odam qilish uchun esa hali kamida yuz yil zarurligi takror aytiladi. Oʻzing kimsan, deydigan mard yoʻq. Xudbin bir odam. Shu holiga Navoiydan, Pushkindan xabardor. Navoiyning biror gʻazali maʼno-mazmuniga oid maqola uchrab qolsa, uni bir chetga olib qoʻyadi, tushunarsiz soʻzlar izohini alohida daftarga koʻchirishdan erinmaydi, shunda tuyqus “oyo” degan soʻz ayni shevadagi “kaft” maʼnosini anglatishini bilib, “yuribsan-da baring pishillab, hech narsaning farqini bilmay, axir bu Qashqadaryo, Samarqand, Jizzax xalqining qadimdan kelayotgan mahalliy shevasi-ku, Navoiy davrida ham ishlatilgan, sen shoʻring qurgʻurlar boʻlsa, har qatoridan arabcha soʻz topib izohlashga tushasan, anavi shoir akalaringga ayt, Navoiyday yozishsin”, deb iddao ham qiladi, shundan keyin koʻzlarini pir-pir uchiradi, muhim ishi bordek xonasiga kirib pardoz-andozga mashgʻul boʻladi, hoynahoy quloq tozalaydigan paxtalik choʻpni qidirayotgan chiqar, Navoiyni, butun adabiyot tashvishini hal qildi, endi oyna oldida turib bundan-da muhim ishlarni amalga oshirmoq lozim…

Oʻzbek degani shundoq madaniyatli boʻlishi kerak.

Bu odam ehtimol, sevishi mumkin, gulday kelinchak birovning xasmi boʻlishiga qaramay, uning moyilligi bois, oilasini buzib oʻziniki qilib olishiga, shundan keyin xotini va farzandlaridan ham voz kechib boshqa hayotni yashay boshlay olish, jurʼati koʻrinib turibdi, biroq oxir-oqibat u faqat oʻzini sevgan boʻlib chiqadi, oʻzidan boshqa hech kimni sevmaydi! Bu u odamni yaqindan biladigan men gʻaribning qatʼiy fikri!

 

* * *

Shunda sen jim boʻlib qolding. Negadir mening miyigʻimda boʻlsa ham kulishimni xohlading. Kutib turganingni koʻrdim, biroq jiddiylik saqlayotganimni sezib, “tavba” deya yoqangga “tuf-tuf” qilding, koʻzlaringning chuquridan siqilayotganingni sezdim, sen erkinlikka undayotgan eding, men buni tushundim, lekin bilasan, men oʻzim aytgan gapning taʼsirida yuraman, soatlab, kunlab davom etishi mumkin bu holat, tavba qilayotgan sodiq qulning tavbasi qabul boʻlguncha erinmay kutib turishiga oʻxshaydi bu, “buncha keskinlashib ketasiz, aka” deganingdan soʻnggina, qarshimda erkak emas, dunyoning malohatli ayoli turganini sezib qolaman, ustingdagi libos oʻzgarsa, yangilansa, oʻzing ham oʻzgarganday boʻlasan, men shunday oʻzgaraman, koʻzlaring oʻpqoniga sassiz choʻkaman, buni bilib sekin tomoq qirasan, bu bilan oʻz jozibasidan ijirgʻangan malika holiga tushasan, na ichdan, na tashdan oʻzingga yuqtirmaysan, boshqa erkaklar kabi shilq tushishimni ham xohlamaysan, chidamli, sabrli va gʻururli boʻlib qolishimni istaysan, bu qanchalik uzoq vaqt davom etmasin, shu oʻrtaliq, shu boʻshliq turaversin, daxlsiz boʻlsin, deysan. Koʻzlaringdagi buyruqqa bosh egaman. Oilali, farzandlar otasi boʻlsam, sen esa bokira, hayotning turli shafqatsiz sinovlariga dosh berib kelayotgan boʻlsang-da, oʻsha koʻrinmas rishtani bir zumga boʻlsin qoʻyib yubormaysan, yechilib-yozilib ketishidan chunonam qoʻrqasan, shu bois hatto qoʻlingning haroratini ham bilmayman, yuraging, koʻzing va soʻzingning taftini his etib turaman, xolos.

Koʻzingning osti bilan Davlatga bir zum qarashing ham meni oʻrtab yubordi. Shugina, birgina shu qiz unga mahliyo boʻlmasa netardi, deb oʻyladim, lahzalarning ichidayoq koʻp joyga olov ketdi. Sening ichingda nima gʻalayon kezdi, bilmadim, lekin Xoliq egam bandasini maftunkor qilib yaratayotganda erkak-ayolligiga qarab oʻtirmas ekan-da.

 

Davlat xudbin emas. Shu uchundir idoramizdagi ellik olti yoshli shavvoz oshiqqa oʻxshamaydi. Uning puli koʻpligini aytgan edim, lekin ish qaltis, chegaraga yaqin joyda harbiyda ishlaydi, bir safar ishdan haydalayotganda uch kun biznikiga tanda qoʻyib olgani, e, aytsam birov ishonmaydi, oʻshanda anavi ellik olti yoshga kirgan tannoz aka pulini olib ishini bitirib bergan, mana yana oʻynab yuribdi, bir yonida puli, bu yonida “yori”…

Uch yil burun u mashhur Sohiba Mardonovaning raqqosasi Madina Komilovaga qattiq bogʻlanib qoldi. Qachon qarasang kunda-shunda, shaharda. Qiz uni rosa shildi. Kimdir yigitning chiroyiga uchgan der, boʻlsa bordir, ammo kamina raqqosa uning pulidan foydalanmoqchi boʻlganini eʼtirof etgan boʻlardim. Oxir-oqibat shunday boʻlib ham chiqdi. Avval qiz yigitni oʻziga isitib olibdi, shaharga serqatnov boʻlib qolgach, u yoqda xitlangan kelin gʻavgʻo koʻtaribdi, degan gap eshitdim. Hatto raqqosaga poytaxtdan bir xonali uy ham sotib olib beribdi, kelsa, Davlat uch kechayu uch kunduz raqqosaning uyidan chiqmay yotarmish, boʻyniga yuz ellik grammlik tilla zanjir, barmogʻiga qayiqnusxa katta uzuk, egniga “Gʻashion” telejurnalida koʻrsatiladigan soʻnggi modadagi palto oberibdi, ana-mana oq “Lacetti” sovgʻa qilaman deb turganida, birdan…

Toʻgʻri, men u raqqosani bilardim. Sohibaning konsertida koʻrganman. Raqs sanʼatini yo yaxshi tushunmayman, yo Qizlarxon Doʻstmuhammedovaning oʻyinidan boshqasini tan olmaydigan konservatorman, har qalay raqqosa meni lol etgani yoʻq. Rostini aytganda chiroyi ham non botirib yeydigan asal yo atala emas. Eshitganmanki, pulini changallab shataloq otib yurganlar televizorda chiqib turadigan ayollarga koʻp ishqiboz boʻlar emish, oʻzaro ziyofatlarda ekranga qarab “ana, bizniki chiqdi, koʻrib qoʻyinglar qanday?” deb maqtanish uchun. Uyida boʻlsa kelin qoʻli kosov, sochi supurgi boʻlib xizmatni qilib yotadi, qaynotasi, qaynonasining koʻnglini oladi.

Xullas, meni raqqosa emas, Davlatning xushtori sifatida eʼtiborimni tortgan. Tabiiyki, u ham oʻzini oʻynash maqomidan baland tutolmagan. Yaʼni dam-badam zobitning moʻylabini silash, yelkasiga bosh qoʻyish, qoʻlini qoʻyib yubormaslik kabi shilqim xatta-harakatlari bilan esimda qolgan. Hozir Davlatning pinjiga suqulib olgan ofitsiant qizdan sira beh emas.

Esimda qolgan deb aytayotganimning boisi, endi u Davlat tomonidan unutilgan, oʻtmishdagi qiziq voqeadan beri emas. Oʻshanda yigit “aka, nega shu qizga bunday bogʻlanib qoldim, hech tushunmayman”, degan edi. Holbuki boshqalarini paypoqday tez almashtirar edi. U Sohiba oʻz raqqosasini mendan rashk qiladi, deb yurdi. Bu – rost. Davlatning xotiniga ham Sohiba xabar qilgan boʻlsa kerak. Madina meni oʻqitib, oʻziga isitganmikan, degan gumonga bordi. Nihoyat, bu ham rost boʻlib chiqdi. Davlat nomi chiqqan mullaga qayta-qayta dam soldirib, arang qutuldi. Lekin oʻqitish asnosida yahudiy kishi konyakka duo qilib bergani, raqqosa uni ichirib, qolganini olib qoʻygani, to konyak yoʻqotilmas ekan, duo kuchida qolishi muqarrarligini bilganida…

…Ertalabki harbiy saflanishda turganida sheriklari odatdagidek komandirdan tanbeh, soʻkish eshita boshlagan, navbat Davlatga kelganida, u boshi ogʻib, avval oldinga bir, keyin orqaga tentirab ikki qadam tashlaganu chalqanchasiga yiqilgan. Hushidan ketgancha oʻziga kelmay yotavergan. Tuman shifoxonasi darhol shahardagi gospitalga joʻnatmasa boʻlmaydi, degan. Gospital bosh vrachi boshini tomografiya qildirib, bosh miya qon tomirlari yorilib, qon quyilganini, ahvoli oʻnglanishiga umid yoʻqligini aniqlagan. Harbiy qismdan kelgan komandirga ham uyidagilar tayyorgarlik koʻraversin, endi odam boʻlmaydi, xohlasanglar olib ketaverishlaring mumkin, degan.

Oʻsha kuni harbiy gospital hovlisida yigʻi-sigʻilar boshlanib ketgan. Kelinning esi ogʻayozgan. Oʻtirib olib: “Toʻram oʻlmaydi, mening mayorim oʻlmaydi!” deb baqiravergan.

Kelin va goʻdaklarini Davlatning Chilonzordagi uch xonali uyiga qoʻyib keldik. Qayoqda, tong boʻzarmay tagʻin bolalarini olib shifoxonaga kelib turibdi. Hovliga oʻtish eshigi ochilmagani uchun “Och!” deb derazaga mushtlaydi. Shu zayl tahlika va xavotir ichida besh kun oʻtdi. Jonlashtirish xonasida yigit oltinchi kechada koʻzini ochibdi. Rus hamshira qiz chiqib qarindoshlaridan suyunchi olibdi. Qarindoshlar hatto Isroil davlatiga olib borib davolatamiz, deb taraddud koʻra boshlagan edi. Biroq gospital bosh hakimi Isroil, Germaniya, Amerika ham hech narsa qilolmaydi, boʻlar ish boʻldi, bu yogʻiga janozaga tayyorlanaveringlar, deb ochiqdan-ochiq aytgan edi. Ahvol oʻzgarganini koʻrib u ham taajjubda qoldi.

Bemorning koʻzi ochilishga ochildiyu, u tamom xotirasidan ayrilgan edi. Atrofga qarar, lekin hech kimni tanimas edi. Hamshiralarning aytishlaricha, u endi ovqatga toʻymas emish, qarindoshlar bergan yegulik, shifoxonadan beriladigan boʻtqayu makaronlarni ham koʻrdim demay paqqos tushirar emish. Yigirma uch kun deganda bizga oynadan qarashga ruxsat berishdi.

Bizga kulib qaradi. Lekin birortamizning ismimizni aytmadi. Yonidagi goʻzal rus hamshirasining ikki oʻrim sochidan ushlab siypar, aftidan hamshiraga ham bu holat yoqib tushgan edi. Bizga ham, xotiniga ham vaziyat erish tuyulmas, muhimi, uning koʻzi ochilgani, omon qolgani edi. Kunlar oʻtib uni palataga chiqarishdi. Endi u odamlarni tanir, lekin ismlarini adashtirib yuborar edi. Ukasi bir tutam boʻlib ketgan soqolini oldi, lekin u moʻylabimni qirqmaysan, deb qarshilik qildi.

– Mana, kalladan ham qutuldik, – dedi bir kuni piq-piq kularkan. – Oʻzi shu sabil odamni qiynab yotarkan-da. Na ishlaydi, na ogʻriydi, sopsem maza.

– Lekin, – deydi yigʻishtirinib oʻtirarkansan, – qarz pullar bor-ku, birinchi boʻlib shu esga keldi. Qoyilmisiz? Daftarga yozib qoʻymapman, deb afsus qilayotgan edim, hammasi tip-tiniq esga keldi. “Neksiya”ni Ilyos akaga sotganim, hali uch ming dollar qarzi borligini birinchi boʻlib esladim. Xotin, bolalar keyin xayolga keldi…

Hayot oʻyin emas, u bir marta beriladi.

Davlatning onaizori, otasi oʻshanda qay ahvolga tushganini tasavvur qilaman. Agar oʻgʻlon oʻlsa, ularning hayotida maʼno qolmas edi. Va mana bu oʻyin-kulgi, hazil-huzullar ham aslida Davlatning ikkinchi hayotida roʻy bermoqda edi. Ammo yigit hali ham qismat Xudoning bir inoyati, ikkinchi hayot ulugʻ marhamati deb oʻylab oʻtirmasdi. Raqqosa Madina uning hayotidan yoʻqolib ketdi, bugun-erta oʻladi, degan gapga ishongan doʻstlari ham bir fursat oyoq uzsalar-da, keyin yana yaqinlashib olishdi. Yolgʻiz oʻgʻlining xatna toʻyiga Toshkentdan saralangan hofizlarni chorladi. Minglab odam keldi. Hokim ham kelib taraqqos oʻynadi. Oddiy qishloq ahli artistning chakkasiga yashil pul – dollar qistirilganini oʻshanda koʻrdi.

Davlat Toshkentdan tagʻin ikkita uy sotib olib ijaraga odam qoʻydi. Hali ham u artist-hofizlar bilan joʻra, oshna, apoq-chapoq edi. Bugun ham hoynahoy “Chaqmoq” kafesiga borib ulfatchilik qilsak kerak. Davlat televideniye boshlovchisi Tolib Sultonni, Zarina Maʼdiyevani, ularga qoʻshib qator estrada qoʻshiqchilarini chaqirsa kerak, Mayram opa gʻashi kelib orada birrovgina oʻziga navbat kelishini kutib oʻtirsa kerak. Hofizlar odob yuzasidan “opadan ham bir juft mumtoz ashula eshitaylik” deyishadi, albatta. Opa noz-firoq qilib oʻtirmaydi. Navoiyning “Tortamen” radifli gʻazalini maromiga yetkazib aytadi. Soʻng “Munojot”ni soʻrashadi. “Men kampirda ovoz qoldimi, ballarim, “Munojot”ga kuchim yetmaydi”, deydiyu oʻsha zahoti eshilib-toʻlgʻonib “Munojot”ni boshlab yuboradi. Ora-chora Davlatga xezlanib: “Choʻz, choʻz, oʻlmaysan!” deydi. Davlat bir chetga oʻtadi-da, koʻzlari qisilib kulgancha qarsak chalib turaveradi qitmirlik bilan. Lekin pul uzatmaydi. Opa ketayotganda baribir oladi. Kamida ikki yuzga tushiradi va duo ham qilishni unutmaydi. “Arslonkelbat ukajonim, sani yaxshi koʻraman, olginu oldirmagin”, deydi. Pulni olgach, qulogʻiga yana bir narsa deydi-da, hiringlab mayda yurish qilib chiqib ketadi. Mashinaga chiqayotganda esa: “San bala qizlarga koʻp oʻralashma, putingdan osilib oʻlasan, oʻ, ishing nozik!” deydi-da, yigitning peshonasidan oʻpadi…

 

Oʻshanda nimalar xayolingdan kechganini bilmayman, ammo mum tishlab jim qolganingni koʻrdim. Mening hayotimda, umuman, menga qadrdon insonlar orasida shunaqa feʼl-atvorlisi ham borligini bilding. Davlat bilan bugungi koʻrishuvimizda aniq bir reja yoʻq edi, nari borsa birga tushlik qilamiz, deb oʻylagandim, Mayram opa Davlatga Avram Tolmasning konserti boʻlishini aytganini eshitgach, seni ham taklif qilgim keldi. Avram Komiljon Otaniyozov emas, Otajon Xudoyshukurov ham emas, ammo mumtoz qoʻshiqlarni tinglaysan, men ham senga oʻxshab zamonaviy estradaga hushim yoʻq. Charchablar ketaman baʼzan. Ammo esingdami, bizning iltimosimizga koʻra Sohiba Muqimiyning “Kim desun”ini ijro etdi. Qoʻngʻiroqday ovozi bor-a, hatto Mayram opa ham turib qarsak chaldi. Soʻng baribir orqasidan yengil-yelpi qoʻshiqlarni boshlab yubordi.

Davlat ham Xorazm qoʻshiqlarini yoqtiradi. Ogʻabek Sobirovning diskini tinimsiz eshitadi, meni kechir, Xorazm ohanglaridagi baʼzi tinimsiz takrorlar meni zeriktiradi. Otajonu Komiljonlar boshqa dunyo. Seni Davlat “Lazgi”ga oʻyinga taklif qildi. Xirom qilding. Ilgari bir toʻyda oʻynaganingni koʻrganman, ammo bu darajada chiroyli xirom aylashingni tasavvur ham qilolmagan edim. Chiroyli harakatingni koʻrib Davlat oʻyinni bas qildi, chetga chiqib chapak chala boshladi. Hayratlanganimdan qandaydir raqs maktabiga qatnamaganmikan, degan oʻyga ham bordim.

“Hayotimiz goʻzal, yurtimiz farovon, yurtdoshlarimiz qalbida xotirjamlik. Osmonimiz musaffo, vatanimiz tinch, osuda…” Davlat seni shu gaplar bilan masxara qilmoqchi boʻladi, negaki, radioda boshlanadigan har bir kalom shunday yoki shunga yaqin gaplar boʻladi-da. Lekin sen eʼtibor bermading. Xuddi eshitmaganday muqomni davom ettiraverding, shunday qilganing menga maʼqul, har gapga jahl qilaversang, bu dunyoda doʻst qolmaydi. Davlat birdaniga Sohiba va yonidagi yigitlarga qichqirib “vals boʻlsin!” dedi. Xorijiy musiqa yangradi. Davlat sening qoʻlingdan tutmoqchi boʻldi, negadir xohlamay chetga oʻtding, u yana borib qoʻlingdan ushlagan edi, men tomonga chopib kelding, vals tushmoqchi emasliging koʻrinib turardi. Davlat yana ortingdan kelganida, beixtiyor meni davraga tortib ketding. Umrimda vals tushmagan edim, belingda qaynoq taft sezdim, qoʻlingni yelkamga qoʻysang-da, koʻzimga sira qaramas eding. Men esa qarashingni istayotgandim. Uyatsizmanmi? Yoʻq, mayli, qarama, tanang, badaning borligini ham bilmay qoʻya qolay, boʻsa olgim keladi, mayli, labing ham boʻlmay qoʻyaqolsin, koʻzlaring yetadi, men koʻzlaring tubiga ummonga choʻkkan yangligʻ choʻkib ketaman, taxayyulim ichida vaznsiz boʻlib yurish qanday yoqimli. Goʻzallik totish, bahramand boʻlish emas, tasavvurda. Sen goʻzaldirsan, U goʻzal boʻlgani uchun, xayoling goʻzal – U senga goʻzal oʻy bergani uchun, koʻzlaring chashmadan tiniq – senga berilgan koʻzyosh goʻzal boʻlgani uchun, qoʻllaring issiq – U mehribon boʻlgani uchun.

Seni quchmoq, oʻpmoq u yoqda tursin, sevishga ham qoʻrqaman!..

Davrada esa Davlat avval Sohiba bilan, soʻngra boyagi ofitsiant qiz bilan vals tushdi, ofitsiant qiz yigitning koʻkragiga boshini qoʻydi, qoʻyib bersang yigitga yopishib, chirmashib ketsa. “Arslon bola” bu qizga, Sohibaga, boshqalarga ham kezi kelganda kun bermaydi…

Sen esa jon singlim, jon ovunchogʻim, jon pokiza xilqat, uni, ularni sevib qolma, birgina sen sevma!

Men ularni yomon koʻrmayman, yaxshi koʻraman, sababi, shularning ichida yashayman, birga yeyman, ichaman, tantiligini hurmat qilaman, toʻyu tomoshalarda yonida boʻlaman.

Bir paytlar mening irodamni hurmat qilishingni aytgan eding. Xudbinman. Yana-chi, degan soʻrogʻimga, boʻldi, deb qoʻyaqolgansan.

Hozir ham suv boʻyida, balanddagi chiroq yorugʻida xuddi sokin suv yuzida balqib borayotgandeksan, sen oʻzingni mendek kuzatolmaysan, kuzatuvchingning esa ichi shu qadar qoraki, qaysi bir vaqtda “Ogonyok” jurnalida bosilgan latish fotosuratchisining fotosini eslab qoldi: koʻpiklanib toʻlqin urayotgan ummon, yalangoyoq qiz qirgʻoqdan suvga qarab yuryapti, yoʻq, u yalangoyoqqina emas, butunlay yalangʻoch. Faqat sochlari shu qadar uzun va qalinki, butun tanasini toʻsib, yopib turibdi. Shundoq qaraganingda, suv, havo, osmon, nozik oyoqlar va… yolgʻizlikni koʻrasan, xolos. Qizning siyrati faqat goʻzallikdan iborat emas, u – tanholik belgisi, qizning misli yoʻq, shu barobar tengi yoʻq, shu bois doʻst tutingani – ummon, havo va osmon.

Suv yuziga qoʻngan oqqush.

Oʻsha qizga oʻxshatib gunohga botdim. Gunohkorni ortda qoldirib ilgari odimlading…

“Gunoh – yoʻqotishdan, toat – makrdan xoli emas”.

Tiriklik esa – moʻjiza.

– Boyagi gapni oʻzingiz toʻqidingizmi?

– Yoʻq, bu fikrni toʻqib boʻlmaydi. Bir avliyoniki. Abu Hasan Nuriy. Nurotani bilarsiz?

– Gunoh – yoʻqotish, toat – makr… qiziq.

Oʻtirmoqchi boʻlib oʻrindiq qidirdik. Hamma joy “sevishganlar” bilan band edi. Xoli joydagi skameykaga yaqinlashuvdik, chiyillagan ovoz eshitildi. Xira qorongʻilikdagi skameykada ikkita yosh vujud bitta boʻlib yopishib yotgan edi. Ovoz sohibi oʻrindiq boʻsh emasligidan bizni ozod qilgan edi.

Men seni oʻyladim, sen – kimni?

Davlat haqida gapirsam, ranging oʻzgaradi. Senga tuhmat qilishdan, toʻgʻrirogʻi, xafa qilishdan choʻchiyman.

Nariroq yurgach:

– Demak, bu yoʻqotish. Yoʻqotish uchun avval topish kerak, toʻgʻrimasmi? Tavba qilish uchun esa avval gunoh qilish kerak, a?

– Vaqt – tigʻiz, umr – yugurik. Vaqt ziqligi gunoh uchun yetarli…

– Ha, darvoqe… Aka, bizlar kimmiz oʻzi?

– Siz Davlatni baxtiyor deb oʻylaysizmi?

– U siz bilan menga oʻxshab oʻylamagani, hasrat qilmagani uchun baxtli.

Topding. Toʻgʻri.

– Kalta oʻylagan, oz narsaga qiyqirib quvongan baxtli.

 

* * *

Davlat bu atrofda telefon signali yaxshi emasligi uchun nariroqdagi doʻnglikka chiqib kim bilandir baland ovozda gaplashayotgan edi, shu bois pastda betoqat qichqirayotgan oʻsmirning tovushi eshitilmayotgandi… Bundoq qarasa postdagi yugurdak Shuhrat. U Davlatning tezroq pastga tushishini ham baqirib, ham ishora chorlovi bilan zoʻr berib tushuntirayotgan edi. Davlat doʻnglikdan chopib pastga tushdi. Shom kirib kelayotgan edi. Shuhratning shoshib-hovliqib tushuntirishicha, postga besh yuz-olti yuz qadam yetmasdan bir “Captiva” qattiq avariya boʻlgan. Ikki tomonlama yoʻlning oʻrtasidagi katta betonga shu qadar qattiq urilganki, shofyorning koʻkragini rul siqib, u joyida oʻlgan. Aftidan u ham harbiyga oʻxshaydi. Lang ochilib qolgan diplomatida hujjatlari va katta miqdorda puli boʻlgan.

– Nima qilding uni?

– Shudgorga koʻmdim.

– Yaxshi, lekin dokumentini qoldirish kerakmidi?

– Endi iloji yoʻq, aka.

– Ha, boʻpti. Puli koʻpmidi?

– Uchovimizga bir umrga yetadi.

– Yoʻgʻ-e, dollarmi?

– Ha, Xudo berdi, aka.

Mashina deyarli yoʻq boʻlib ketgan, oʻrindiq va rul oʻrtasida siqilib qolgan haydovchining allaqachon joni chiqib boʻlgan, oʻrnidan qoʻzgʻatib chiqarib olish ham amri mahol. Shoshilinch tibbiy yordam va qoʻshimcha naryad chaqirildi. Yoshi ellikni qoralab qolgan bu odam boshqa bir viloyatdagi chegara hududidagi bojxonada yaxshigina vazifada ishlaydigan podpolkovnik boʻlib chiqdi. Shundan soʻng uning orqasidan surishtira-surishtir kuchayib ketdi. Shaxsiy va idoraga oid hujjatlarining yoʻqolgani sirli edi. Oilasidagilar ham kelib Davlatdan, sherigi Akmal va dastyor Shuhratdan oʻsmoqchilab diplomat hamda ichidagi hujjatlar haqida surishtira boshlashdi. Tergov organlari ularni ikki oy badalida chaqiraverib tinka-madorini quritib yuborishdi. Lekin bir ish chiqmadi. Bular ham ogʻzi mahkamlik qilishdi. Oxiri ikki oydan soʻng qorongʻida uch oʻgʻlon diplomatni topib ichidagi pulni qoq uchga boʻlib olishdi…

Ogʻziga kuchi yetmaganlar pul miqdorini xuddi sanab koʻrgandek muncha edi, uncha edi deyishardi. Qaydam. Biz bilmaymiz. Ammo tugʻilgan kuniga ayni uch kun qolganida Davlat menga ayni oʻsha “Chaqmoq” kafesida qirq yoshini nishonlamoqchi ekani, yanga yoki “yangalar” bilan oʻtishim zarurligini qattiq tayinlagan edi.

 

Men senga telefon qilib oʻsha kuniyoq ogohlantirgan edim. “Yana tugʻilgan kunimi ukangizning?” deb soʻragan eding. “Ha, bu safar rostakamiga tugʻilgan kuni, roppa-rosa qirqqa kiradi. Keling, birpas oʻynab-kulishamiz”. “Borishga boramanu, “yanga” deb odamning shoʻrini quritadi-da u odam”. “Tayinlab qoʻyaman, aytmaydi”. “Unday boʻlsa…”

Shunday qilib, rozi eding.

 

Tugʻilgan kuniga uch kun qolganda…

Har qanday kasallik kutilmaganda tashrif buyurgani singari har qanday ajal ham eshik qoqmay kirib keladi va tanangdan joningni sugʻurib oladiyu xizmat vazifasini oʻrinlatgan qarol yangligʻ hammani qon qaqshatib ortiga sovuqqon qaytadi.

Davlatga bir dard soʻramay kelgan va ne ajabki, u naqd ajalning komidan qaytib kelgan edi. U endi koʻp yashashiga astoydil ishonib qolgandi. Avvaliga bir oz doʻxtir aytgan parhezlarga amal qilib yurdiyu, keyin parvo qilmay qoʻydi, har uch oyda gospitalga kelib koʻrinishi, zarurat boʻlsa, yotishi kerak edi, uni ham qilmadi. Men zulukchi, qortiqchi tabiblar topib bergan edim, boshida zoʻr ekan, odamning boshidan tuman koʻtarilganday boʻlarkan, deb yurdiyu, keyin…

 

Diplomat voqeasidan keyin qattiq tergov qilishgani bor gap ekan, umuman, oʻsha tafsilotlar Boʻkirboyning gapi. Men endi-endi, oradan sakkiz yil oʻtib eshityapman Boʻkirboydan.

Qichqirboy ham bir narsa degandi. Bu ikkinchi taxmin. Yoʻq, dalil yoki sabab emas – taxmin.

Chegaradagi postda qoʻshni davlat zobitlari bilan bir masalada tortishuv boʻlib qoladi. Qichqirboyning aytishicha, qandaydir kelishmovchilik boʻlib qolgan, Davlat nohaq boʻlgan, soʻng ur kaltak-sur kaltak qilishgan. Davlat qattiq tayoq yegan, shu boshiga taʼsir qilgan emish…

Uchinchi taxminni yuqorida yoʻl-yoʻlakay zikr qilgan edik. Yaʼni raqqosa Madinaxon Davlatbekka ikkinchi xotin maqomida boʻlib yurgan kezlar oʻziga tamom qaratib olish yoxud pulidan foydalanish niyatida duolar ichirgan. Duo ham eskirsa, borib-borib miyaga urib ketarmish. Bu endi, Miltiqboyning soʻzi.

Miltiqboy ham, Boʻkirboy ham, Qichqirboy ham soʻzamol yigitlar. Qolaversa, Davlatbekning ulfatlari. Yolgʻon aytib nima qiladi, doʻstga achinayotgandir-da.

Nima boʻlganda ham yigit qirq yoshga toʻlishiga uch kungina qolganida, menga telefon boʻldiki, yoʻq, bu safar oʻziga kelmadi, tuman shifoxonasida joni uzildi, ertaga peshinda, Gulchambardan, ota uyidan chiqarishadi…

Qay ahvolga tushganimni bilmayman. Biroq oʻlimning yolgʻoni boʻlmaydi.

 

Ketar chogʻim senga telefon qildim. Birdan jimib qolding. Goʻshakni qoʻydim. Bir ozdan soʻng qayta qoʻngʻiroq qilsam, koʻtarmading. Yigʻlayotganingni sezib qolishimdan qoʻrqding.

Sen barcha boshqa qizlar kabi uni sevib qolgan eding. Bu safar… gumonim toʻgʻri chiqdi!

 

Sobir OʻNAR

 

“Ijod olami”, 2017–1

https://saviya.uz/ijod/nasr/davlatning-qaytishi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x