Post Views:
905
O‘zbek tili dunyoning eng rivojlangan tillaridan biri ekanligi allaqachon isbotlangan. U mumtoz adabiy an’anaga, keng tarmoqli leksikaga va boy ifoda vositalariga ega.
Ma’lumki, o‘tmishda o‘zbek tilining maqomi turlicha bo‘lgan. Ish yuritishda Husayn Boyqaro davrida (XV asrning ikkinchi yarmi – XVI asrning boshi) kamroq, amirliklar davrida ko‘proq qo‘llangan. Sobiq ittifoq davrida, aniqrog‘i, 1918 yilda go‘yo tillar tengligi ta’minlangan – Turkiston ASSRning davlat tili deb turkiy (o‘zbek) til e’lon qilingan. 1922 yilda imzolangan ittifoq shartnomasida til masalalari alohida modda sifatida qayd etilmagan. Uning 17-moddasida yuridik aktlar ittifoqdosh respublikalarning ko‘pchilik aholisi tillarida e’lon qilinishi ko‘rsatilgan, xolos. Bu SSSRning 1924 yilda qabul qilingan Konstitutsiyasining davlat gerbiga bag‘ishlangan moddasida ham ifodasini topgan.
1936 yilda qabul qilingan Konstitutsiyada ilk marta «ittifoqdosh respublika yoki avtonom oblast tili» atamasi qo‘llangan. SSSRning 1977 yilda e’lon qilingan Konstitutsiyasida esa mazkur atama bilan birga «avtonom okrug tili», «mazkur hudud ko‘pchilik aholisi tili» atamalari ham ishlatilgan. Mazkur Konstitutsiya 1924 yilda e’lon qilingan SSSR Konstitutsiyasining yuridik aktlar ittifoqdosh respublikalar tilida yozilishi mumkinligi haqidagi moddani qayta tikladi va bu 1978 yilda qabul qilingan ittifoqdosh respublikalar konstitutsiyalarida ham o‘z ifodasini topgan.
Kuzatishlar o‘sha davr til siyosati ikki ob’yektiv sababga ko‘ra yetarli samara bermaganini ko‘rsatadi. Birinchisi ko‘plab milliy respublikalarda savodxonlikning pastligi bo‘lsa, keyingisi millatlararo muomala vazifasini bajara oladigan umumdavlat tiliga bo‘lgan ehtiyojdir.
Shu bois ham dastlabki paytlarda milliy til bilan birga rus tilini qo‘llash talab qilingan bo‘lsa, keyinchalik «millatlararo muomala tili» degan qiyofasiz atama o‘ylab topildi va bu konstitutsiyada ham rasmiylashtirildi. Bu holat boshqird olimi R. Kuzeyevning kitobida xolis ifodalangan. Unga ko‘ra, bu davr akkulturatsiya, ya’ni xalqlar milliy qiyofasining sezilarli yo‘qolishi, hayot tarzini hozirgi rus madaniyati qoliplariga solish davri bo‘ldi.
Davlat tili bilan bog‘liq muammolardan biri yozuv shakli (alifbo)ni tanlashdir. Tadqiqotchilar bu muammoning 4 jihatini qayd etadilar: lisoniy, iqtisodiy, ruhiy, siyosiy-madaniy jihatlar.
Lisoniy jihat u yoki bu yozuvning qulayligiga asoslanadi. Masalan, 1920-yillarda olimlar kirill, lotin yozuvlaridan qaysi birini tanlash ustida bahslashgan bo‘lsalar, 1930-yillarda kirill alifbosining afzalligini asoslashga harakat qilganlar. Bularning barchasi g‘ayrilingvistik manfaatlarni niqoblash uchun qilingan harakatlardir. Rossiyaning ko‘plab turkiy xalqlari hayotida ming yildan ko‘proq vaqt mobaynida asosiy yozuv vazifasini o‘tab kelgan, muqaddas Qur’on bitilgan arab alifbosi turkiy tillar uchun noqulay degan bahonada dastlab lotin, keyin kirill alifbosi bilan almashtirildi.
Iqtisodiy jihat ham yozuv shaklini o‘zgartirish uchun o‘ylab topilgan niqob edi. Harflarning bir alifboda kamligi, ikkinchisida ko‘pligi real iqtisodiy talofatga olib kelmasligini ularning o‘zlari ham yaxshi bilganlar.
Siyosiy-madaniy jihat 20-30-yillarda ustuvor sanalgan. Ko‘plab xalqlar uchun yangi ijtimoiy tuzumga o‘tish ayni paytda milliy-madaniy qadriyatlarning almashinishi degan ma’noni ham anglatar edi. Sodir etilishi mumkin bo‘lgan ag‘dar-to‘ntarlarning oldini olish uchun rus tilini lotin alifbosiga o‘tkazish masalasi ko‘rildi. Bugina emas: yagona sovet millatini barpo etish istiqboldagi maqsad ekan, uning yozuvi ham bir xil bo‘lishi kerak degan shior o‘rtaga tashlangan. XX asrning 30-yillarida SSSRda qarorlar qabul qilish «markaz» qo‘liga butunlay o‘tgandan keyin til siyosati zo‘ravonlik asosida yuritiladigan bo‘ldi.
Biroq o‘sha davr siyosatidagi muhim narsa yozuvning o‘zgartirilgani emas, balki rus tilining davlat, jamiyat va aholi turmushining barcha jabhalariga faol tatbiq etilgani edi. Bunda VKP(b) MK va Xalq komissarlari sovetining 1938 yil 13 martdagi «Rus tilini milliy respublika va viloyatlar maktablarida majburiy o‘qitish haqida»gi qarori ayanchli rol o‘ynadi. Oradan bir oy o‘tar-o‘tmas, shunday qarorlar ittifoqdosh respublikalarda ham qabul qilindi. Ma’lumotlarga qaraganda, bu davrda o‘zbek maktablarida rus tili 3296 soat, o‘zbek tili esa atigi 560 soat hajmidagina o‘qitilgan.
SSSRning til siyosatidagi bunday burilish ayrim olimlar tomonidan ma’naviy-madaniy-lisoniy genotsid sifatida baholanganini ham ta’kidlash o‘rinlidir.
Nikita Xrushev ittifoq xalqlarining milliy tafovutlarini kommunizm qurish yo‘lidagi g‘ov deb bilgan va ularga barham berishga intilgan, eng ashaddiy rusifikator sifatida tarixda qolgan bo‘lsa, Leonid Brejnev davrida rus tilini butun aholining «ikkinchi ona tili»ga aylantirish kampaniyasi avj olgan. Biroq o‘sha davrda ham sobiq ittifoq xalqlarini va ularning tillarini ruslashtirish kampaniyasiga qarshi e’tirozlar bo‘lgan. Oktyabr inqilobining birinchi kunlaridan baland pardalarda kuylangan tenglik «milliy tillar teng huquqliligi», «muloqot tilini tanlash erkinligi» kabi shiorlar bilan xaspo‘shlandi. Buning ustiga, rus tilini bilish mansab pillapoyalariga keng imkoniyat ochib bergan.
Xullas, sobiq ittifoq davrida, garchi SSSR konstitutsiyalarida rus tili hamon davlat tili deb qayd etilgan bo‘lmasa-da, milliy tillar na amalda, na qonunchilikda teng huquqqa ega bo‘ldi. SSSRning 1977 yilda qabul qilingan Konstitutsiyasida ona tillarda ta’lim olish huquqi emas, balki faqat imkoniyati kafolatlangani ushbu fikrimizning yaqqol dalilidir.
«Markaz»da o‘tkaziladigan ko‘plab tadbirlar ruslashtirish jarayonini tezlashtirgani shubhasiz. Ammo bu jarayon quyidan – milliy respublikalarning o‘zidan boshlangani ham ayni haqiqatdir.
Albatta, rus tili tufayli erishilgan yutuqlardan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Lekin bunga qanday yo‘qotish va qirg‘inbarotlar tufayli erishganimizni ham unutmasligimiz kerak. Bularning barchasi rus va milliy tillardan foydalanish sohasida kuchli ziddiyatlarga olib keldi.
Bu holatlar pirovardida SSSRning milliy respublika va viloyatlarida til bilan bog‘liq nizoli vaziyatlarni yuzaga keltirmasdan qolmadi. 1985 yili Mixail Gorbachyov boshchiligida avj olgan qayta qurish davrida til siyosatiga xos muhim xususiyatlardan biri ikkitillilikni saqlab qolish va rivojlantirish bo‘ldi. Shuning uchun XX asrning 80-yillari oxiriga kelib, ittifoqdosh respublikalarda tillar haqida qonunlar qabul qilish jarayoni boshlanib ketdi.
1987 yilga kelib SSSRda til siyosati faqat «markaz» qarorlari bilan belgilanadigan siyosat sifatida barham topdi: 1987 yilning may oyida Moldova, 1989 yilning 18 yanvarida Estoniya, 25 yanvarida Litva, 5 mayida Latviya til haqida qonunlar qabul qilgan bo‘lsa, O‘zbekistonda 1989 yilning 21 oktyabrida «Davlat tili haqida»gi Qonun qabul qilindi.
Bu jarayonni 1990 yilning 6 mayida qabul qilingan «SSSR xalqlari tillari to‘g‘risida» Qonun ham to‘xtatib qololmadi. Chunki sobiq ittifoqdosh respublikalarda tillar haqida qonunlarning qabul qilinishi va ularda davlat tili maqomining qayd etilganligi nafaqat milliy tillar taraqqiyotida, shuningdek, milliy davlatchilikni qayta tiklash, mustaqillikni qo‘lga kiritishda yangi davr boshlanganini ko‘rsatdi.
Xullas, davlat tili maqomini tarixiy-huquqiy jihatdan o‘rganish uning shakllanishi, amal qilishi va takomillashishi haqida xolis xulosa chiqarish, u bilan bog‘liq jarayonlarni tizimli bayon qilish imkonini beradi.
Rahmatillo MIRZAYEV
https://shosh.uz/uz/davlat-tili-maqomi-tarixiy-huquqiy-tahlil/