Dard

Sulton kampirning kenjasi bozorda yuk tashiydi. Uning aravasi bozordagi eng ozoda, koʻrkam arava, oʻzi ham hech qachon odamlar bilan haq talashmaydi, kim qancha bersa, shuni indamay olib ketaveradi, bozorligini kim qayerga desa, shaharning narigi chetidagi uyiga boʻlsa ham olib borib beraveradi. Har kuni bozor chetidagi eng gavjum oshxonadan bir kosa osh, bitta kulcha olib, tushlik qiladi, ustidan bir donagina muzqaymoq yalashni ham unutmaydi. Qolgan pullarining bir soʻmini ham kamaytmasdan onasiga keltirib beradi. Sulton kampir kechki paytlar bozordan ranglari oʻchinqirab qaytgan oʻgʻlining yelkalaridan quchib, “Boy bolam, boyvachcha bolam-a”, deb erkalaydi. Akalar esa koʻpincha ijirgʻanadi:

– Yoʻq qiling shu ovsaringizni. Shuning topgan pulini!..

U haqiqatan ham soddami, ovsarmi, ishqilib, biroz gʻalatiroq. Gaplashsangiz, gaplari ham toʻqmoqday, koʻrinishi ham binoyidek, bir aybi – baʼzan katta koʻchalarda ham qoʻshiq aytib yuraveradi, bir xayolga berilsa, manglayida turgan qirq yillik qadrdonini ham tanimaydi, baʼzan yetti yot begonaga yetti bukilib salom berib, hol-ahvol soʻrab qoladi.

Bu yil tiramohda Sulton kampir yomon ogʻridi. Har oqshom yotishdan avval “Shu bolamning nasibasi uchun ertaga sogʻ-salomat turayin-da”, deb Ollohga iltijo qiladigan boʻlib qoldi. Boʻlmasa, toʻqqiz bolani uyli-joyli qilgan boybichcha, bu yoqda kelinlarning, u yoqda kuyovlarning hurmatiga sazovor boʻlib oʻtirgan ayol. Ammo goʻyo joni shu kenjasining ichida. Kelinlari-yu qizlariga tinchlik bermay qoʻydi:

– Shunga bittagina qiz topinglar, oʻlib-netib ketsam, kir-chiri, oʻrin-toʻshagi qarovsiz qolmasin.

Kelinlar indamay qoʻyishardi. Qizlar boʻlsa: “Jim oʻtiring, shu tentagingizga kim ham tegaman deb, oʻlib borayapti”, deb siltab tashlashardi. Momoning koʻzlarida “gʻilt-gʻilt” yosh aylanardi: “Senlarga qolgan kunim qursin”.

– Buningiz bir sinf oʻqigan boʻlmasa, bir harf tanimasa, umrida biron qiz bilan gaplashib koʻrgan boʻlmasa! Buni qanday uylantirasiz? – jovillashardi beshafqat qizlar onani battar ranjitib. – Boʻlmaydi. Agar oʻlib ketsangiz, oʻzimiz qaraymiz, siz hech xavotirlanmang.

Momo oʻziga yetguncha qaysarmidi yoki oʻgʻlidan shunchalar xavotirlandimi, ahvoli sal oʻnglangach, oʻzi kelin axtarishga tushib ketdi. Izlab-izlab, oʻzi orzulaganidan ham ziyoda bir qiz topdi. Olis togʻli qishloqda yashovchi bu qiz ertaklardagi malikalar bilan husn talashgan choʻpon qizidek edi. Bir aybi – oyogʻi tugʻma oqsoq, shu ayb bilan yoshi oʻttizga yetgan, shu kunlarga yetguncha ota-ona ham oʻlib ketgan, yangalarning xizmatida turtkixoʻrda boʻlib yurgan bir hokisor pariroʻy edi.

Momoni boshlab kelgan ovsin – asli shu qishloqning odami, gap maqsad-muddaoga koʻchgach, boʻlajak kuyov yigitni qiyomiga yetkazib maqtadi.

– Shunday koʻngilginasi ochiq. Shunday mehribon, mehnatkash, salomini kanda qilmaydi. Bozorda ishlab, aka-opalaridan koʻproq pul topadi. Agar xoʻp desalaringiz, ovsinim bilan qaynogʻam ham shu qizning xizmatkori boʻlishadi.

Aka bilan yanga qizdan soʻrab ham oʻtirishmadi: “Bitta ogʻizning kami kam, atagan-boylaganlaringiz boʻlsa, olib kelaveringlar”.

Sulton kampir borini toʻkdi. Boshqa oʻgʻil-qizlarini ham tinch qoʻymadi. Aka-opalar har qancha chimirilib, gʻijinishmasin, Sulton kampir kenjasining toʻyini hech kimnikidan kam boʻlishiga yoʻl qoʻymadi.

Oppoq koʻylak bilan tim qora kostyum-shim kiyib, boʻyinbogʻ taqib olgach, boʻlar-boʻlmasga iljayib turaverishini aytmasa, Kenja ham naq shahzodaga aylandi-qoldi, yonida turgan suluv kelinchak ham malikaning xuddi oʻzi, toʻyga kelganlar ularga qarab toʻymas edi.

Toʻy tarqagach, Kenja qarindosh-urugʻlar yetovida kelinni chimildiqqacha kuzatib qoʻydi. Bir vaqt qarasa, chimildiq ortida qunishib oʻtirgan kelin bilan ikkisidan boshqa hech kim yoʻq. U qoʻrqib ketdi, eshik ortida turgan yangalarning “hay-hay”lashiga qaramay, qochib chiqib ketdi. Bir dasturxonga qolgan-qutgan yeguliklarni yigʻib, toʻyni yakunlayotgan yigitlar uni koʻrib, qiyqirib yuborishdi.

– Xoʻr-roz! Boʻldimi?

– Hey, men senga nima degandim? Bizning Kenja bilan hazillashma, demaganmidim? Kenja, bu yoqqa kel! Qani, kuyovga quyinglar!

Uni ham oʻz davralariga qoʻshishib, biri qoʻyib, biri unga kuyovlik “vazifa”larini tushuntira ketishdi…

Kenja ancha sarxush, toliqqan holatda chimildiqli uyga kirganda kelinning yonida oʻtirgan yanga ohista tomoq qirib, tashqariga chiqib ketdi. Kelin odob bilan oʻrnidan turib, chimildiqning bir chetiga oʻtdi. Kenjani chimildiqqa boshlab kelgan mardona sarxushlik tarqab, uning oʻrnini hayajon egallab oldi:

– Assalomu alaykum.

Unga javoban kelin rasamaddisini keltirib, uch marta taʼzim qildi.

– E-e, yasha-a-ng, rahma-a-t, – u yurak yutib, kelinning yoniga borib, qoʻllaridan tutdi. – Nega tik turibsiz, oʻtirsangiz-chi?

Kelin itoatkorlik bilan oʻtirdi.

– Ismingiz nima?

– Oygul…

– Oy?.. Ha-a, kechadan buyon bu qizni qayerda koʻrganman deb hayron boʻlaman-a. Siz osmondan tushib keldingizmi? Yana osmonga qaytib ketib qolmaysizmi?

Kelin bosh chayqadi: “Yoʻq, ketmayman”.

– Rahmat sizga! Keling, endi uxlaymiz, men sizni yechintirib qoʻyishim kerak ekan…

Shu kundan boshlab, Kenja bozorga chiqmay qoʻydi. Erta-yu kech kelinning izidan soyadek ergashib yurardi:

– Oy! Oymomo, Oymomom mening! – uning yuziga termilib hech toʻymas, zavqi kelganda atrofdagilardan hech tortinib oʻtirmasdan, koʻrsatkich barmoqlari bilan kelinning biqiniga nuqib, qitiqlab qoʻyaverardi. Bundan kelin shoʻrlik yerga kirib ketgudek xijolat boʻlar, sholgʻomdek qizargan koʻyi uyiga kirib ketar, izidan kelgan Kenjani jerkib tashlardi:

– Odamni sharmanda qildingiz!

– Joningdan!..

U achchiqlangan sari Kenjaning zavqi oshib, kelinga yopishib ketaverardi.

– Boring-e naryoqqa, kuppa-kunduzi uyalmaysizmi?

– Nega uyalishim kerak? Axir siz mening zakunniy xotinimmisiz? Ha, unda men siz bilan istagan paytim istagan ishimni qilishim mumkin… Ha, shunday!

Kelin… chillasi chiqar-chiqmas ketib qoldi. Sulton momo ne-ne orzu-havaslar bilan qilgan zebu ziynatlar, yaltir-yultur kiyim-kechaklar, oyoqlariga yiqilgudek boʻlib yalingan qaynona va dilafgor erning iltijo bilan javdiragan koʻzlari – hech narsa uni olib qololmadi.

Oradan bir hafta oʻtgach, togʻdan qudalar kelishib, oʻzlari qilgan uch-toʻrt kiyim-kechak, koʻrpa-toʻshakni olib ketishdi:

– Oʻzimni osaman, deyapti juvormarg, uvoliga qolib ketmaylik.

Kelinning ahvoli haqiqatan ham yaxshi emasga oʻxshardi, bu narsa ularning qoʻrquv soya tashlab turgan koʻzlaridan anglashilib turardi:

– Bir oʻqitib ham tashladik, hech foydasi boʻlmadi.

Shu kuni Kenja rosa yigʻladi. Koʻchaga chiqib ketib, allaqayerdan ichib kelib, hovlini boshiga koʻtarib, toʻpolon qildi:

– Oymomomni topib beringlar! Topib beringlar Oymomomni!

Uni yupatish uchun bahona ham izlab koʻrishdi:

– Hey, Kenja, tentakmisan? Oymomo kechasi, uxlab qolganingdan soʻng keladi. Kunduzi quyosh boʻladi. Sen kechgacha sabr qil, Oymomong oʻzi keladi.

Ammo Kenja murosa qilishni istamas edi:

– Yoʻq, yoʻq, hozir kelsin mening Oymomom! Hoziroq olib kelib beringlar!

U yosh bolalardek yerga oʻtirib olib, tepsinib-tepsinib yigʻlardi. Soʻng shu ahvolda yigʻlab-yigʻlab koʻchaga chiqib ketardi.

– Oymomo-o! Oymomoginam! – huvullab yotgan boʻm-boʻsh dashtlarga qarab baqirardi Kenja. – Qanisan? Nega meni tashlab ketding? Sensiz menga juda qiyin, enamgayam qiyin, kel, kela qol, Oymomo, bizni qiynama! Yoʻlga tushdingmi? Rahmat, bilardim qaytib kelishingni, men seni oʻzim kutib olaman, hozir, mana, borayapman, hozir yetib boraman.

U har kuni oʻziga oʻzi shunday gapirinib, yoʻlga tushadi. Soʻng katta yoʻlni yoqalab ketaveradi, ketaveradi… Bir joylarga yetib borgach:

– E-e, sen bu tomondan kelar eding-ku, esimdan chiqibdi. Shoshmay tur, hozir oldingda boʻlaman, – deydi.

Va yana yoʻlini yangilaydi.

Hammadan ham Sulton momoga qiyin boʻldi. Bolasining aravakashlik qilib topgan pullarini sanab olib oʻtirgan kunlari ham bir davron ekan. Nonushtadan soʻng oʻz-oʻziga gapirinib, mungʻayibgina chiqib ketayotgan oʻgʻliga “hay-hay”lagani bilan ortiga qaytara olmasa, uning qayoqqa ketayotganini bilmasa, bod chalgan oyoqlarini sudrab unga ergashib yura olmasa, huvullagan hovlida yolgʻiz yotib, xasta bolasining dardiga malham boʻla olmasa!

– Onang boʻlmay, mengina oʻlayin-a, bolam!.. Qoʻlimdan bir ish kelmasa… Qayerlardan seni uylantirdim-a! Sogʻlarni devona qilgan ishq savdosi qurib ketsin-a, mening devona bolamni daydi qildi, adoyi tamom qildi! Endi qandaylar chora topaman-a!

Sulton momo bir kun beliga katta shol roʻmolni qattiq bogʻlab, yoniga oʻgʻlini oldi-da, yoʻlga tushdi. Yoʻl yurib, yoʻl yursa ham moʻl yurib… Oymomoning qishlogʻiga yetib keldi.

– Shu Oygul kelin bilan oʻzim bir gaplashayin.

Ularning kelayotganini koʻrib, Oygul eng ichkari uyga kirib olgan ekan, hovliga chiqmadi. Sulton momo koʻzlari javdirab turgan kenjasini mezbonlarning oldida qoldirib, oʻzi ichkariga kirdi.

– Oʻgʻlim, sen shu yerda oʻtirib tur, men namozimni oʻqib chiqay.

Oygul ham rangi oʻchib, ozib-toʻzib ketgan edi, Sulton kampirni koʻrib, garchi bu uchrashuvga oʻzini tayyorlab oʻtirgan boʻlsa ham, kalovlanib qoldi. Kampir qizni bagʻriga bosib, uzoq yigʻladi:

– Oʻgʻlim ikkovimizni tiriklayin yerga koʻmib kelganingni bilasanmi? Odam it bilan ham, mushuk bilan ham doʻst boʻlib yashaydi. Beva befarzand qoʻshnimizning bir mushugi bor edi, shu mushuk bolalab-bolalab bir uy mushuk boʻldi, beva shularga qarab, shularning tashvishi bilan oʻtib ketdi boyoqish. Nahot mening oʻgʻlim mushukdan ham yomon boʻlsa?!

Oygul indamadi.

– Jon bolam, uyga yur, uyingga yur. Sen ketgandan buyon bolam bir kun ham uyda oʻtirgani yoʻq. Kun boʻyi seni izlab koʻchalarda tentirab yuradi. U oʻzi yaxshi yigit edi, uylangunicha bozorda ishlab, dunyo-dunyo pul topib kelgich edi. Ichmaydi-chekmaydi. Senga qiziqib, besh-olti kun bozorga chiqmay qoʻydi-da. Sal kunda qiziqishi ham soʻnadi, yana avvalgi holiga qaytadi. Unga ozgina vaqt kerak, jon bolam, jonim bolam, yoʻq dema, uyga qayt.

Oygulning quralay koʻzlari yoshga toʻldi, bir yutinib, bosh chayqadi: “Yoʻq”.

– Yoʻq, dema, bolam. Kenjam oʻlib qoladi. Savob uchun, Xudoning roziligi uchun qaytgin. Mayli, uni er deb bilma, bir mushukka qaragandek qarasang ham mayli, faqat uni bu ahvolda tashlab ketma. Bir odamni bir parcha etdan boqib-bovlab, koʻpga qoʻshish qancha savob boʻlsa, birovning hayotini saqlab qolish ham shuncha savob boʻladi. Hech ish qilma, qoʻlingni sovuq suvga urmasang ham mayli, faqat uyimda oʻtirsang boʻldi. Xoʻp degin, jon bolam, maylimi?

Onaizorning yuragi erib, suv boʻlib oqib ketdi. Oygul hiqillab yigʻlay boshladi, shunday bir mehribon onasi yoʻqligini armon qildi…

Lekin baribir bosh chayqadi.

– Momo, hech ilojim yoʻq. Ber desangiz, yuragimni sugʻurib, qoʻlingizga berayin. Ammo men endi u uyga qaytib bora olmayman. Oʻgʻlingiz… mushuk boʻlsa, bosh burmay qaragan boʻlar edim, ammo u odam, siz bilan men oʻylagandan ham sodda odam. Uni yoʻldan urib, yomon ishlarga oʻrgatuvchilar, shundan huzur qiladiganlar koʻp. Odamlar juda beshafqat. Meni qiynamang, men bora olmayman.

– Kim, nimani oʻrgatibdi bolamga, ayt, oʻzim gaplashaman.

Oygul aytmadi.

Sulton kampir zoʻrgʻa sudralib tashqariga chiqdi. “Namozimni oʻqib chiqay”, deganda indamay supada qolgan oʻgʻli unga qarab:

– Oymomo yoʻqmikin, – deb soʻradi.

Sulton kampir qizarib ketgan koʻzlarini oʻgʻlining umidvor nigohidan olib qochdi. Kenjaning rangi oʻzgardi. Bir onasiga, bir uy egalariga qaradi:

– Ena, men shu yerda qolay. Shularning ishlarini qilib, shu yerda yuray, ena, maylimi? Oymomo ham bir kun baribir shu yerga keladi. Xoʻp deng, ena…

Sulton kampirning sultonligidan asar ham qolmagan edi. U umid bilan javdirabgina mezbonlarga qaradi:

– Mayli edi… Xudo yoʻliga… Hamma ishlaringizni qiladi…

Mezbonlar yerga qarashdi:

– Oygulning oʻzi ziyoda. Arvohlar roʻyi xotiri uchun saqlab yuribmiz.

Sulton momo ogʻir xoʻrsinib, oʻrnidan qoʻzgʻaldi:

– Bolam, endi Oymomong osmondan tusha olmas ekan, bu yerdan ketamiz.

Kenja bir onasiga, bir xoʻmrayib turishgan uy egalariga qaray-qaray yoʻlga tushdi. Ammo uning koʻnglini birpasda umidsizlik tark etib, muhabbat egalladi:

– Ena! Ena-a! – oʻydim-chuqur soʻqmoqda bir amallab ilgarilayotgan onasining yengidan tortdi iljayib. – Biz bu yoqda yuribmiz, Oymomo uyga borib, bizni kutib oʻtirgan boʻlsa-ya.

…Har kuni, qishin-yozin, ertadan kechgacha soch-soqollari oʻsiq yigit tentirab yuradigan yoʻlga kelganda mashinalar tezlikni biroz pasaytiradi. Uni taniganlar esa tavba qilishadi. Ehtimol, kimlardir toʻydan keyin unga oʻrgatgan amallarini eslab kulib ham yurar…

Ammo bir narsa aniq, muhabbat ogʻir dard ekan.

 

Jamila ERGASHYeVA

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–5

https://saviya.uz/ijod/nasr/dard/

1 1 голос
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x