Isajon Sulton yaratgan romanni oʻqirkanman, hazrat Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonidagi bir muhim epizod qayta-qayta yodimga tushaverdi. Hozirga qadar koʻrganim ilmiy-ijodiy tadqiqotlarda negadir alohida toʻxtalilmagan (balki biz bilmagan manbalarda bordir) bu lavha maʼno-maqsadini anglash yoʻlidagi harakatlarimdan oʻzim uchun qoniqarli natija chiqavermagani tufayli ham shu hol yuz bergan boʻlsa, ajab emas. Boshqacha aytganda, “Farhod va Shirin”dagi bosh qahramon Farhodning oʻlimi epizodi shaxsan men uchun hamon jumboqligicha – anglashilmay qolmoqda. Bir-biriga tutash ikki maqsad – Shirin ishqi va komillik yoʻlida ne ranju sinovlarni boshdan oʻtkazgan Farhod umrining soʻnggida oʻzi bagʻrini bosib yurgani sahrolardan, metini va teshasi bilan jismini yorgani togʻlardan, yurganda yuzini changga bulgʻagani osmondan, ariq qazishdek hunarini namoyish etishda uqubat torttirgani metini va teshasidan, gʻariblikda qiynalgan kunlarida unga qurdosh boʻlgan darranda va parrandalardan, xullasi, butun jumlai jahondan uzr soʻrab tazarru qilar ekan, “soʻzlari shu yerga yetganda, yana achchiq-achchiq yigʻlab” tong yeliga bunday deydi (koʻpchilik oʻquvchilarga toʻlaroq tushunarli boʻlishi uchun mazkur lavhani professor Vahob Rahmonov tabdilida berishni maʼqul topamiz):
“ – Ey, tong yeli, tur, Chin va Xito mamlakatiga yetib borib, yer oʻp. Men senga xoqon qoshiga uning oʻgʻli nomidan bor demayman, balki gʻariblikda oʻlgan bir xasta qul nomidan bor, xoqonning boshidan quyundek aylanib, oʻzingni sadqa qil. Soʻng mana bu soʻzlarni ayt: “Sening ul ovorai bexonumoning, bagʻringdan paydo boʻlgan bir qatra qoning olamdan ketib, umidsizlik bilan, yuzingni koʻrmay, armon bilan oʻtdi. Uning bagʻridan qonlar koʻzyoshiga qoʻshilib oqdi. Boshiga falakdan koʻp ogʻir ishlar tushdi…”
Mening toʻgʻrimdagi xabarni eshitib, onam iztirobga tushib, mening qaygʻumdan toshlarga bosh urib, gʻavgʻosi dunyoga oʻt solguday, ohu vovaylosi har tomonga yetguday boʻlib, men – yovvoyiga xitoban “Qoʻzim!” deb, hech kimi yoʻqni “Yolgʻizim!” deb, sogʻinsa, gʻam va tashvishlari oshib, yuzidagi tutgan pardasi yuzidan uchib ketsa, gʻam bilan parvarish topgan oʻgʻlini eslab, toʻqqiz qavat pardaning ichidan yugurib chiqsa, “Jonim ipiga bogʻlanganim!” deb, yuzlarini tilim-tilim qilsa, yula-yula sochlaridan ayrilsa, bundan Chin oʻlkasiga qora mushuk oʻrniga hidli kofur sochilganday boʻlsa, shunda sen, ey, tong yeli, mening nafasimni tutun qilib olib borib, xaloyiq koʻzidan uni yashirish uchun uni parda qil! Unga mening nomimdan shunday degin:
“ – Ey, yuzing jonimning quvvati. Izining gardi koʻzimga surma boʻlgan, ona! Tangri mening vujudimni yoʻqlikdan bor qilgan ekan, menga bu dard va hasratlar oʻzi yetarli edi. Sen orqamdan ergashib yursin deb, ajoyib bir farzand koʻrishni juda ham qattiq orzu qilding. Menday bir farzandning tashvishi bilan boʻlib, bir nafas ham koʻngling sevinmadi. Hamisha intizorlikda va dogʻda boʻlding. Boshqa bolalar maysazor va bogʻlarda oʻynab yursa, menga kichik yoshimdanoq dardu dogʻ nasib boʻldi. Ozgʻin taning mening dardimni tortgani-tortgan, sen esa mening dogʻimda oʻrtanishni oʻzingga shior qilib olgan eding. Yoqut tilagan eding, bir parcha tosh topding. Quyosh soʻragan eding, bir boʻlak oʻtga ega boʻlding. Men qancha ulgʻaysam, shuncha bechora boʻldim, diyorimdan, mulkimdan ajralib ovora boʻldim. Menga bu ovoralikni falak oʻzi bergan ekan, sening ishing firoqimdan oʻrtanish boʻldi. Senga bir umr kuyishning oʻzi yetmaganday, tashvishimdan kuya-kuya xasga aylanding, kul boʻlding. Mening senga keltirgan shuncha azoblarim soylari yetmaganday, koʻzyoshlarim seli bilan oʻz kaʼbamni buzdim. Men kimman? Menga oʻlim ham hayf. Men xalqning menga kuyishi, kuyinishiga ham arzimayman…”
Balki, bilgan odamning oddiygina, joʻngina javobi bordir, biroq biz uchun hamon jumboq boʻlib turgan bu holni qanday izohlaymiz? Farhodning bu tazarrusini ham uning komilligiga, oʻlimga tik qaray oladigan mardonavorligiga, ota-onasiga mehribon oʻgʻilu tabiatga shafqatli inson boʻlganiga yoʻyib qoʻya qolish mumkinmikin? Bu manzarani oʻlim talvasasiga tushgan, oʻzligidan ayrilayozgan har bir banda qismatida bor tabiiy holatning badiiy inʼikosi, deb talqin etish shoir dardu dunyosi miqyoslarini toraytirishga olib kelmaydimi? Navoiydek mutafakkirning “Xamsa”dek epik polotno markaziga joylagan dostonini shugina maʼno-muddaolar bilan yakunlashi mumkinmidi? Agar bu savollarga “yoʻq” deb javob bersak, unda Farhod qaygʻusining ildizi qayerda? Shoir Iqbol Mirzo tili bilan aytganda: “Qaydan kelayotir uyur-uyur gʻam, Qaydan koʻchayotir palaxsa hasrat?..”
Ayni oʻrinda, Navoiyning oʻzidan oʻqiganimiz quyidagi eʼtirof yordamga kelmasmikin:
Koʻzni oʻkush saʼy ila zabt etgamen,
Yetsa koʻngil zabtiga ish, netgamen?
Bu yerda gap zabt etilmogʻi, hayratga toʻldirilmogʻi lozim boʻlgan faqat oʻquvchi-muxlisning koʻngli haqida emas, balki epik asar qahramonining, demakki, gʻoyat chigal, murakkab UMUMINSONIY KOʻNGILning zabti – talqini toʻgʻrisida ham bormoqda, desak, qattiq adashishga yoʻl qoʻymasmiz, balki.
Navoiyning Farhodi – ilmu maʼrifatda, hunaru fazilatda komillik kasb etgan inson umr shomidagi soʻnggi nafaslarida “Men kimman?” degan achchiq savolni bermoqda.
XXI asr oʻzbek yozuvchisi Isajon Sultonning “Boqiy darbadar” romanida, Gobidagi Inson takomili markazi tomonidan yuqori texnologiyalarni qoʻllash orqali sunʼiy bino qilingan barhayot odamning oʻzini yaratgan insoniyatga qarata aytgan birinchi savoli ham xuddi shunday yangraydi: “Men kimman?”
Holbuki…
Holbuki, yuzaki qaraganda, hammasi oddiy narsadan, oqibatini oʻylab oʻtirishga-da erinib qilingan harakatdan boshlangandek:
“Mahkum bir damgina nafas rostlash uchun etikdoʻzning devoriga suyandi.
– Hali sen mening devorimga suyanadigan boʻldingmi? Imillama! – deb qichqirdi etikdoʻz ham va shiddat bilan olgʻa intilib, uni ikki qoʻllab itarib yubordi. Muborak Kishi yerga yiqilib tushdi, ammo lom-mim demay kelayotgan Oʻlim lashkarining jallodlaridan ikkitasi uni yana oyoqqa turgʻizishdi.
Etikdoʻz oʻzining qilgan ishidan mamnun, tirjayib turar edi.
Shunda… Shunda Muborak Kishi quyi egilgan boshini koʻtardi, uning tiniq va nurafshon nigohi bilan etikdoʻzning olazarak koʻzlari toʻqnashdi.
Va u etikdoʻzga qarab shunday dedi:
– Turgin va ravona boʻlgin!
(“Men-ku imillamayman, ammo sen mahshar kuni kelishini uzoq kutasan…”, – deyildi unga.
“… Endi sen to qiyomatga qadar yer yuzida betinim daydishga mahkum etilding”, – deyildi unga.
“Hamda sening qiladigan ishing – hech narsa, hech narsa, faqat hech narsa”, – deyildi unga”.)
Kishi, agar istasa, etikdoʻzni oqlamoqqa keragidan koʻproq sabab, boshqalarning ogʻzini yopib tashlaydigan qat-qat dalillarni bemalol topadi. (Zero, odamzod paydo boʻlibdiki, bu singari kirdikorlarni oqlash yoxud “tushuntirish” uchun sabab va dalillar topilgan, yana topilaveradi.) Toʻgʻri-da, axir, etikdoʻz oʻsha Muborak Kishini bor-yoʻgʻi devoridan itarib yubordi, xolos. Uni etikdoʻzning koʻchasiga kelgunga qadar kimlar xoʻrlamadi, kimlar mazaxlamadi-ya. Umuman, uni xoʻrlashga, mazaxlashga nishon qilib qoʻygan hukmni bechora etikdoʻz emas, juda “ulugʻ zot”lar eʼlon qildi-ku! Qolaversa, hali Muborak Kishining qoʻl-oyoq suyaklarini sindirib, har biri barmoqdek keladigan mixlar qoqishni niyat qilib turgan kimsalar ishga kirishmagan. Muborak Kishini Tangrining zurriyoti deb sigʻinguvchi millionlar, milliardlar hali tugʻilmagan. Yana, qolaversa, asarning oʻzidayoq, etikdoʻzning ichidayoq turibdi oʻsha “haloskor sabab” – “Menda ham ayb yoʻq. Hamma yoqda aygʻoqchilar izgʻiyapti… ularning nazariga tushmaslik uchun nomiga boʻlsa-da koyib qoʻyishim kerak. Aslida… boshqalarni xavf ostiga qoʻyib mujda olib keladigan kishi muborak boʻlarmidi?! Amaldorlar qilmishimni koʻrishdi, erta-indin surishtiruvlar boshlanadi, josuslar barcha voqealarni oqizmay-tomizmay yetkazishadi… va hech kim menga tegmaydi…”
Ha, endi, unga hech kim tegmaydi. Bandasi ne, endi, hatto ajal ham unga yaqinlashmaydi, endi, uning lablari to qiyomat qadar oʻlim sharbatini hoʻplolmaydi…
Shunday asarlar boʻladiki, ularda aks ettirilgan voqealar, uyushtirilgan intrigalar, yaratilgan qahramonlarning fikru oʻyi va harakati – bularning barcha-barchasi nedir bir haqiqatni, muallif oʻquvchiga yetkazmoqchi boʻlgan muayyan bir maqsadni anglatishga, izohlashga, yuqtirishga xizmat qiladi. Bunday asarlarning “anatomiyasi” yuzlab detallardan terib chiqilgan buyumni, asbobni eslatadi. Mana shu buyum, asbob foydalanishga, ishga yaroqli boʻlishi uchun u yoxud bu detal oʻylab topilmogʻi, ularning qayeridandir oʻz joyini egallamogʻi shart boʻlgani singari, boyagi asarning bosh gʻoyasi – aytilmoqchi boʻlgan muhim fikr toʻla-toʻkis oʻquvchiga yetib borishi uchun ham turli voqealar, intrigalar, konfliktlar, qahramonlar uyushtiriladi, “terib chiqiladi”.
“Boqiy darbadar” romani toʻgʻrisida esa bunday deb boʻlmaydi. Bu romanda, aynan, teskari manzaraga duch kelamiz. Yaʼni, uning muallifi (yana ham aniqrogʻi – muallif ijodiy tafakkuri) hozirga qadar koʻrgan umri davomida yigʻib-tergani, oʻziga ogʻirlik qilgan shunchalik koʻp savol, ziddiyat, hikmat, ibrat, fikr, oʻy-mulohaza, ishtiboh, gumon, taxmin, qoʻrquv, vahm va yana boshqa insoniyat aqli, onggi, tuygʻusi, hissiyotiga doir kechinmalar qatlamini yaratadiki, ularning har biri toʻgʻrisida alohida kitob bitmoq, kunlab munozara olib bormoq mumkin.
Bu oʻrinda, asarning birgina epizodik obrazi – Tiyonshon bagʻridagi gʻorda istiqomat qiluvchi Avliyoning oʻz huzuriga moʻjiza koʻrsatishini talab qilib kelgan, agar koʻrsatmasa oʻldirajagini aytib tahdid qilgan odamga ochgan mana bu hikmatini misol keltirish mumkin:
“ – Sen oʻzing dunyoda nima istashingni bilmasang, men bechora banda qayerdan ham bilayin… Qara, olamda hamma narsa mukammal bir tartib bilan harakatlanib turibdi. Bahorda bu yerdan turli-tuman nabotot unib chiqadi. Sanogʻini Tangridan boshqa hech kim bilmaydi. Shuncha nabototning unishi uchun kerak boʻlgan suvni tomchi-tomchisigacha oʻlchovi bilan bulutlar olib kelib yogʻdirsa, hatto sen qudratini koʻrib hayratlanishing yoki eski tuproqlarning ichidagi bor-yoʻq jasadlari bilan yuvib, boshqa joylarga ozuqa boʻlishi uchun olib ketadigan yoxud har ikkalasi uchun ham boʻronlar essa, sellar oqsa… Quyosh keragicha qizdirsa, dov-daraxtu oʻt-oʻlanning changlanishi uchun qancha asalari va hasharot kerak boʻlsa, shunchasi yaratilsa-yu, gullarni changlantirishidan tashqari yana bol ham toʻplasa va oʻzining mavjudligi va hayoti bilan yana uning qudratidan xabar berib tursa… Sen aytayotgan moʻjiza mana shu nizomga qarshi ravishda, shu tartibni buzib paydo boʻladigan hodisadir. Ayt-chi, ey Tangrimning bandasi, birgina mening avliyo ekanimga ishonishing mana shu nizomning buzilishiga arziydimi?.. Hayotingning boshidan oxirigacha, goʻdakligingdan to keksayguninggacha hayot hikmatini, uning marhamatini anglolmasdan, uning pardalari ortidagi sirlariga bir marta boqolmasdan darbadar kezsang-u, sening bu tutuming moʻjiza talab qilishingga huquq bera oladimi?”
Asardan keltirilgan shu birgina parchadan ham anglashiladiki, Isajon Sulton oʻquvchi – insoniyat bilan ramzlar tilida soʻzlashmoqni, dardu dunyosini unga yuqtirmoqni istaydi… va toʻgʻri qiladi. U yaratgan hikoya va qissalar misolida ayta olamizki, aslida, yozuvchi anʼanaviy usullarda ham bemalol badiiy dunyo yarata biladi, bu yumush unga ortiqcha ogʻirlik tugʻdirmaydi. (Qolaversa, ayni, romanning oʻzida ham shunday detallashtirilgan tasvir namunalari borki, ular bu fikrimizni toʻla tasdiqlab turibdi.) Biroq “Boqiy darbadar” orqali yuqtirilmoqchi boʻlgan oʻy, tashvish, dardlar badiiy inshoning, aynan, shu yoʻsinini talab qiladi. Zero, ustoz adabiyotshunos Ibrohim Gʻafurov suhbatlarning birida tagdor-maʼnoli ishora qilganidek: “Endi, musicha haqida yozib, dunyoni qoyil qoldirib boʻlmaydi”.
Nega?
Negaki, dunyo, odamzod, xuddi shu Ibrohim Gʻafurov yana bir suhbatda lutf etganidek, goʻzallik, ezgulik oldidan mutlaqo beparvo, bepisand oʻtib ketishni oʻzining hayotiy aʼmoli qilib olganiga ancha boʻldi. Holbuki… holbuki, toʻxtash kerak! Oʻyni jamlamoq, qayoqqa ketilayotgani, bu yoʻl ne manzillarga olib borishi xususida jiddiy oʻylamoq mavridi allaqachon kelgan.
“Yoʻl” dedik. Yodingizda boʻlsa, mashhur gurji rejissyori Tengiz Abuladze yaratgan “Tavba” (“Pokayaniye”) filmining oxirgi epizodida keksa yoʻlovchi ayol bilan derazasi yoʻlga qaragan yosh juvon oʻrtasida qisqagina shunday suhbat kechadi:
“ – Bu yoʻl ibodatxonaga olib boradimi?
– Yoʻq, xonim.
– Agar olib bormasa, bunday yoʻlning nima keragi bor?..”
Ramziy maʼnoga toʻla bu savol hozirgi paytda butun insoniyat boshida quyundek aylanayotganini anglamaslik mumkin emas. “Boqiy darbadar” romanidan ibtidoda tanlangan, yana ham toʻgʻrirogʻi, Yaratgan tomonidan belgilab berilgan saodat yoʻlidan odamzod uloqib ketgani bir qavm taqdiri timsolida koʻrsatilgan epizod ham oʻrin olgan:
“ – Bizlar koʻp yillar avval yoʻlga chiqqanimizni bilasan, – dedi Chol, tungi yoʻlovchiga. – Sen tugʻilmasingdan ikki ming yil avval boshlangan bu darbadarlik. Safar manzilini biladiganlar oʻsha mahallarda dunyodan oʻtib ketdilar. Taxmin qila oladiganlar ham allaqachon tuproqqa aylanganlar, balki ularning zarralari hozir shamolga qoʻshilib uchib yurgan boʻlsa, ne ajab?!.”
Baʼzan odamni shunday xomxayol olib qochadi: qaniydi, xuddi bir oilada boʻlgani singari barcha millat va elatlarning ishongan vakillari bir joyga jamlansa-da, insoniyatning hozirga qadar bosib oʻtgan yoʻli, erishilgan natijalar va yoʻl qoʻyilgan xatolarni birma-bir muhokama qilishsa. Shu achchiq saboqlardan kelib chiqib, bugun qayoqqa yoʻl tutilganiga hushyor qarab, bu yoʻl insoniyatni saodatga olib bormasligi aniqligini eʼtirof etib, keyingi nasllarning haqqi-hurmati yoʻlni boshqa tomonga – chinakam baxt-iqbol manziliga burish, buning uchun kim nima qilmogʻi, qachon va qanday qilmogʻi lozimligi kelishib olinsa. Shundan keyin hamma lafzida turib, bir-biriga ishonib, yelkama-yelka oldinda xatarli jar kutmaydigan yorugʻ manzil sari yurilsa…
Aytganimizdek, bu bor-yoʻgʻi bir xomxayol ekaniga aqlimiz yetadi. Biroq xomxayol boʻlmagan real taklif qani? Odamzod ne fikru oʻylar, istak va xohishlar yetoviga tushib qolgan bugun? Nafs qutqusi, olamga egalik daʼvosi, mutlaq (hatto Yaratgan hukmidan ham) erkinlik zamzamasi, hech narsadan parhez qilmaslik aʼmoli, dunyoparastlikka mukkasidan ketish… bularning barchasi inson zotini yana qanday aynishlarga – degradatsiyaga duchor etadi? Dunyo miqyosidagi maʼnaviy darbadarlikdan, oʻzi oʻtirgan shoxni yeng shimarib arralashdek bexosiyat talvasadan bir nafas toʻxtashning, oʻsha nafasni rostlab atrofga boqmoqning, yana sal ortiqcha harakatdanoq yirilib ketishi tayin boʻlgan tiriklik shoxining ostida odamzodni tubi koʻrinmas jarlik kutayotganidan ogoh boʻlmoqning imkoni, fursati qoldimi? Insoniyat taqdiriga daxldor biror-bir masalada chin qayoqda-yu, yolgʻon qayda, u yoxud bu hodisaning asl sababi, kelib chiqish ildizi qayerda, dunyo miqyosida boʻlayotgan adolatsizliklar, xunrezliklar, bosqin va talovlardan kimlar manfaat koʻradi-yu, kim ogʻzini ochib tomoshabin boʻlganiga-da xursand… – aniq javob qolmagan, bu javobni aniqlashtirish imkoni ham yoʻq qilib yuborilgan bu zamon uning egalarimiz deb yurgan va kelajak zurriyotlarni qanday falokatlar sari uloqtiradi?
Mutolaasi fikru oʻyimizga ogʻir tosh boylab, xuddi shunday ogʻir savollar girdobiga tashlagan “Boqiy darbadar” romani, aytilganidek, diqqatimizni biror hayotiy voqeaning, u yoxud bu qahramon taqdirining epik badiiy talqiniga emas, balki qismati qil ustiga kelib qolgan odamzod naslining kechagi ibratli, bugungi boshboshdoq va ertangi bilib boʻlmas taqdiriga shaxsan daxdorlik masalasiga qaratadi.
Biroq faqat daxldorlikni his qilmoqning oʻzi yetarli boʻlganda-ku, masala bu qadar chigallashib ketmas edi. Hamma gap insoniyat atalmish yaxlit organizmni tashkil etgan, bir qaraganda, bu gigant organizm miqyosida mutlaqo koʻzga koʻrinmas zarra hisoblanmish har bir odamning oʻsha azaliy savol qarshisidan koʻz yumib qochmasligida, tirikchilik nomini olgan odamxoʻr agregatga bosh-oyoqni juftlab shoʻngʻish majburiyatini bir muddat yengib, “Men kimman?” degan soʻroqqa boshni tik tutib javob berishida qolgan. Bu milliard javoblar esa ogʻriqsiz, xijolatpazliksiz, armonsiz, vovaylosiz kechmasligi tayin. Xuddi shu tufayli ham oʻsha milliard bosh bir joyda qovushmaydi, azaliy savol yonidan silliqqina sirpanib oʻtishga, yaxshisi boyagi agregat domiga bosh-ket bilan shoʻngʻib oʻzni chalgʻitishga harakat qilinaveradi.
Mana shu sharoitda, oʻzbek yozuvchisi oʻzga qitʼadagi darddoshi – Gabriel Garsia Markes tilidan najotning bir tolasiga ishora qilmoqchi boʻladi:
“Oʻzingga yaqin insonlarni qoʻllab-quvvatla, quloqlariga senga qanchalar kerak ekanliklarini shivirlab ayt, ularni ehtiyot qil, “afsus”, “meni kechir”, “rahmat” va “marhamat” degan soʻzlarni va oʻzing bilgan hamma xush kalomlarni aytish uchun vaqt top. Hech kim seni fikrlaring boisgina eslab oʻtirmaydi. Parvardigori Olamga, hissiyotlaringni tilingga chiqara olishing uchun donolik va kuch-quvvat soʻrab iltijo qil…”
Isajon Sultonning “Boqiy darbadar” romani bir maqola doirasida tahlilu talqin etish mushkul boʻlgan asarlar sirasiga kirishi aniq. Hozircha faqat shu narsani aytish lozimki, dunyo, odamzod taqdiri borasida jiddiy oʻy surishga quvvati yetadigan bu yozuvchi oʻz tafakkurida, koʻnglida toʻlib-toshayotgan fikrlarini, hissiyotlarini tiliga chiqarishda donolik va kuch-quvvat kasb etib bormoqda. Milliy adabiyotimiz uchun eng muhimi, bizningcha, mana shu jihatdir.
Darvoqe, suhbatimizni hazrat Navoiyning talqinu tahlili nihoyatda murakkab badiiy olami toʻgʻrisidagi mulohaza bilan boshlagan edik. Uning nihoyasida ham mutafakkir bobomiz misralarini yodga ola qolaylik:
Soʻzim xoʻb ersa rahmat ayla hamroh,
Va gar dedim yomon: Astagʻfirulloh…
Rahmon QOʻChQOR
“Sharq yulduzi”, 2012–6
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/darbadarlikning-bedor-talqini/