Post Views:
13
Danfig‘onket – o‘rta asrlarda Chochdagi shahar (4–12-asrlar). Arab geograflari asarlarida (10-asr) Shuturketdan ikki farsah sharqda, Buyuk ipak yo‘lining Chinonchket (Chinoz)dan Choch poytaxti Binkatga boradigan savdo yo‘lida joylashgani qayd etilgan. Uning xarobalari hozirda Yugantepa nomi bilan mashhur bo‘lib, Yangiyo‘l shahrining janubiy chekkasida, Chirchiq daryosining o‘ng qirg‘og‘ida, Niyozboshi qishlog‘i yaqinida joylashgan. Yodgorlikni dastlab arxeolog G.V.Grigoryev (1934) o‘rganib qayd qilgan. Ushbu hududda keng ko‘lamdagi turar joy uylari qurilishi munosabati bilan arxeolog M.S.Mershchiyev qazishma ishlari va arxeologik kuzatish ishlari olib borgan (1953–54). Danfig‘onket xarobasi alohida, aylana shakldagi qal’a yoki qasr joylashgan tepalik (diametri 150 m dan ortiq) va unga janubi-g‘arb tomondan yondashgan, chor atrofi maxsus mudofaa devori, aylana shakldagi burj-mo‘lalar bilan o‘ralgan (uzunchoq tomonida 7 burj, qisqasida – 6 burj), kvadrat shaklidagi qishloqdan iborat. Janub tomondan darvoza o‘rni aniqlangan. Qal’ada qazilgan stratigrafik shurf (materikka qadar bormagan) va shahristondagi qazishmalar natijasida 4–7-asrlarga oid sopol idishlar chiqqan. Ular Qovunchi madaniyati va Turk xoqonligi davriga mansub bo‘lgan. Tepa qismida turar joylar, kulollar ustaxonalari, xumdonlar (9–12-asr) aniqlangan. Shaharning g‘arbiy qismida temirchilik ustaxonalarining temir quyish asboblari, shlaklar va boshqalar topilgan. Shahar chekkalaridan zardushtiylarning dafn qutilari – ossuariylar chiqqan. Bu yerdagi dastlabki istehkom milodiy 1-ming yillik o‘rtalarida vujudga kelgan. 6–8-asrlarda shaharga aylanib, Dinbagnkat – «din ibodatxonasi shahri» deb atalgan. Islomdan avval bu yerda katta ibodatxona joylashganligi taxmin qilinadi.
«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil
https://shosh.uz/uz/danfig-onket/