DALMA TIZMASI — Hisor tizmasi tarmogʻi, Surxondaryo viloyatining shim.-sharqidagi Uzun tumani hududida joylashgan. Uz. 10 km ga yaqin, kambar. Oʻrtacha bal. 2500—2800 m, eng baland nuqtasi 3360 m. Asosan kristalli jinslar, qumtosh, granit, slaneslardan tarkib topgan. Tizma shim.-sharkdan jan.gʻarbga choʻzilgan. Togʻ choʻqqilari qirrali, kambar va qoyatoshlardan iborat, togʻ yon bagʻirlari tik (15—45°). Togʻ etaklari esa koʻchib tushgan tosh, xarsang uyumlari, toʻkilmalar bilan band. Togʻ vodiylari ensiz (0,2—0,3 km), baʼzi joylarda dara shaklida. Iqlimi kontinental, vertikal zonallik mavjud. Qor koʻchkilari boʻlib turadi. Yogʻinning eng koʻp qismi bahorda tushadi. Yoz qisqa, issiq va quruq, okt. dan boshlab qor yogʻishi mumkin. Yogʻin miqdori 700—800 mm. Dalma tizmasidan buloqlar, sersuv soylar boshlanadi. Tuprogʻi togʻ jigarrang tuproq, baland togʻ och qoʻngʻir oʻtloqi-dasht tuproqlar. 1500—3000 m balandlikda butalar (naʼmatak, uchqat, zirk va b.), keng bargli daraxtlar (zarang, olma, nok, olcha, doʻlana, yongʻoq va b.), archa oʻsadi. Hayvonot dunyosi ham xilma-xil. Dalma tizmasi Oʻzbekistonning gʻoyat xushmanzara, shifobaxsh tabiat goʻshalaridan biridir. Xoʻjalikda asosan yaylov sifatida foydalaniladi.
Подписаться
авторизуйтесь
0 комментариев
Старые