Bugʻdoy

 

Oltin tojli

Sultonman.

Somsa, patir,

Shirmonman.

Azizdirman

Odamga.

Arzandaman

Olamga.

Yel kuylasa,

Oʻynayman.

Xirmon sari

Boʻylayman…

Oy chiqqanda

Qoʻnoqqa,

Oʻxshar

Kumush oʻroqqa.

 

Paxta

 

Oppoqqina

Oshnangman,

Toʻlpoqqina

Oshnangman.

Egningdagi

Shu nimchang,

Oq koʻylaging,

Koʻk shimchang,

Kissangdagi

Dastroʻmol –

Bari menman,

Bilib ol.

Paypoqlaring ham

Oʻzim…

Aytsam,

Tugamas soʻzim.

 

Sabzi

 

Yupqagina

Poʻstim bor.

Dalada

Koʻp doʻstim bor.

Maqolda ham

Yoziqman,

Oʻsha

„Oltin qoziq“man.

Yotsam

Yerga qapishib,

Dumginamdan

Tortishib,

Tashladilar

Oʻraga…

Salom

Palovtoʻraga!

 

Tarvuz

 

Oʻgʻitlarga

Toʻydim men.

Rosa qorin

Qoʻydim men.

Endi

Suvdan berishsin,

Tomirlarim

Kerishsin.

Bir chetdan

Boqmay ola,

Beriroq kel,

Hoy, bola.

Bir maqtab qoʻy

Meni yeb.

Tepmasang bas

Koptok deb.

 

Uzum

 

Donalarim

Marjoncha.

Bir boshim –

Naq bir jomcha.

Quritsangiz,

Mayizman.

Dasturxonga

Fayzman.

Kuzda

Yeb-yeb toʻyishar.

Qishga

Osib qoʻyishar.

Boqar shod

Yosh-qarilar.

Maqtar hatto

Arilar.

 

Sholgʻom

 

Popuk bargli

Boshim bor.

Vazmingina

Toshim bor.

Dumi uzun

Rediska –

Menga

Kenjatoy uka.

Yosh-da,

Picha shoshar u –

Bahordayoq

Pishar u.

Men shoshmayman,

Begʻamman.

Shuning uchun

Sholgʻomman.

 

Anjir

 

Kecha-kunduz

Uxlamay,

Meva tugdim

Gullamay.

Mevam oʻzi

Gulchadir.

Tillo rangli

Kulchadir.

Gʻoʻdaymayman,

Sipoman.

Koʻp dardlarga

Shifoman.

Meni yesa

Mutallib,

Yurmas edi

Yoʻtalib.

 

Sarimsoqpiyoz

 

Ismim –

Janob Sarimsoq…

Gapirgim yoʻq

Koʻp uzoq.

Aytmoqchiman

Men faqat,

Tayyorlagan payt

Ovqat,

Boʻlma anqov

Va sodda,

Chiqarib qoʻyma

Yoddan –

Mendek

Hidi shirinni…

Hoy,

Jiyirma burunni!

 

Pista

 

Quvnoq-shodon

Pistaman.

Askiyaga

Ustaman.

Jilmayganim

Jilmaygan,

Kimga yoqar

Tumtaygan?

Nega meni

Erkalab,

Chaqmayapsiz

Bittalab?

Yoʻqmi sira

Xushingiz?

Demak,

Chatoq tishingiz.

 

Handalak

 

Handalakman

Polizda,

Lekin qandman

Ogʻizda.

Yayrab oʻsdim

Dalada.

Oftob chiqsa,

Yalla-da.

Suv kelmasa

Tomirga,

Yalinaman

Yomgʻirga.

Mening faxrim

Shiramdir.

Qovun

Katta enamdir.

 

Qalampir

 

Laqabim –

Goʻshtqalampir.

Ekkan meni

Bir kampir.

Bordir

Eski kasalim –

Pachavaroq

Asabim.

Chiqsa birdan

Achchigʻim,

Tutib

Yurak sanchigʻim,

Yaproqlarim

Gezarar,

Burnim

Darrov qizarar.

 

Oʻrik

 

Tanishaylik,

Oʻrikman.

Gʻaynoliga

Sherikman.

Yeging kelsa

Koʻk gʻoʻra,

Bahor chogʻida

Soʻra.

Yozda esa

Pishaman.

Qoqma,

Oʻzim tushaman.

Xohlasang,

Ye magʻizni.

Qani,

Och-chi ogʻizni…

 

 

Bodring

 

Iching toʻla

Suv, dema.

Xohlamasang,

Bor, yema!

Qondoshman-a

Bananga,

Kivi –

Xorijlik yangam.

Payti kelsa,

Tortar jon –

Menga

Hazrat Baqlajon…

Xullas,

Koʻpdir urugʻim.

Shu bois

Zoʻr dovrugʻim.

 

Pomidor

 

Toʻs-toʻpolon

Bozorda,

Yoki

Biron guzarda –

Uchrab qolgan

Onimda,

Oʻtib ketma

Yonimdan.

Koʻrganmisan

Kinoni –

Mashhur

„Chipollino“ni?

Oʻsha yerda

Men ham bor.

Nomim

„Sinior Pomidor“.

 

 

Behi

 

Ikki yuzim

Burishqoq.

Dema meni

Urishqoq.

Ishga solib

Aqlimni,

Sezdirmayman

Jahlimni.

Agar

Shirin boʻlmasam,

Xushomadni

Bilmasam,

Meni darrov

Kesishar,

Oʻrnimga

Nok ekishar.

 

Oshqovoq

 

Ismim –

Kadi-oshqovoq!

Osiltirib

Qosh-qovoq,

Barg ostida

Yotaman,

Tomga

Palak otaman.

Qoʻshib yesang

Shakarga,

Doridirman

Jigarga…

Nega uzding

Bandimni,

Sogʻindingmi

Mantini?

 

 

Nok

Qayda

Salqin havodir,

Tan-jonimga

Davodir.

Mevalarim

Qand-bollik,

Qilmasang bas

Qoʻpollik.

Uzgan choqda

Kulib ol.

Pishganimni

Bilib ol.

Kimki otsa

Menga tosh,

Dunyoda u –

Eng xumbosh.

 

Karam

 

Ekilganman

Kech kuzda.

Bahor ham

Keldi tezda.

Quyosh

Shamdek miltirar.

Boychechaklar

Dildirar.

Menga sovuq

Qilmas kor,

Qavat-qavat

Toʻnim bor.

Faqat, toʻnni

Men qari

Kiyvolibman

Teskari.

 

Piyoz

 

Yerga chuqur

Botsam men,

Berkinvolib

Yotsam men,

Izlab topdi

Oshpazlar,

Meni chopdi

Oshpazlar.

Yigʻlamadim,

Polvonman…

Lekin juda

Hayronman:

Oshpazlarning

Oʻzlari

Nega yoshlar

Koʻzlarin?

 

Shaftoli

 

Men turaman

Bukib shox.

Kamtarinman

Va yumshoq.

Shundan hamma

Shirin der,

Uzib olay

Birin der.

Bolakaylar

Chugʻirlab,

Meni bogʻdan

Oʻgʻirlab,

Qoʻyinlarga

Urishar…

Soʻng

Qichinib yurishar.

 

Turp

 

Menga tekkan choq

Ogʻzing,

Tiniq boʻlar

Ovozing.

Soʻng ochilar

Ishtahang.

Boʻpketmasang bas

Nahang.

Poʻstim

Osmon rangida.

Qishning

Sovuq tongidan –

Simiraman

Yorugʻlik…

Tagim –

Oltiariqlik.

 

Maymanchak

 

Birov boqmas,

Boʻlsam xom.

Sal pishsamoq,

Ushlab jom –

Chopqillashib

Kelishar,

Maqtab-maqtab

Terishar.

Oʻt qalaydi

Soʻng momo,

Qilmoq uchun

Murabbo…

Murabboga

Qalaysan?

Berishsa-ku,

Yalaysan!

 

Gilos

 

Bir qiz,

Boldoq qilay deb,

Qulogʻimga

Ilay deb,

Qoʻsh mevamni

Uzvoldi.

Uyqumniyam

Buzvordi.

Qarab tursam

Ortidan,

Bir chekkaga

Bordi-da,

Har ikkala

„Boldoq“ni –

Yeb qoʻydi-ya…

Aldoqchi!

 

Baqlajon

 

Bilib qoʻygin,

Ukajon,

Mana, biz-da

Baqlajon!

Meni qishga

Tuzlashib,

Yeyishadi

Sizlashib.

Bodring bilan

Oshqovoq

Tunda suhbat

Qilgan choq,

Qoʻshilaman

Gurungga,

Oʻxshab

Katta burunga.

 

Anor

 

Har donacham

Bir askar.

Bir qalʼada

Ming lashkar.

Ular yotar

Panada –

Oq pardali

Xonada.

Xonalar tinch,

Atrof jim.

Qalʼachani

Buzsa kim,

Boshlanadi

Toʻpolon

Va toʻkilar

Yana qon.

 

Mosh

 

Mushuksan deb

Shoshtirma,

Men haqiqiy

Moshdirman.

Gohi toshman,

Gohi osh.

Qadrdonim –

Suv, quyosh.

Dehqon cholni

Bobom deb,

Egilaman

Salom deb…

Taʼrifim ham

Ja zoʻr-da,

Ichganmisan

Moshxoʻrda?

 

Bodom

 

Men bahorning

Sevinchi,

Gullagayman

Birinchi.

Chiroylidir

Qomatim.

Bu ham boʻlsa,

Omadim.

Havas qilib

Mevamga,

Qiziga bir

Yosh yanga

Nom qoʻyganmish

Bodom deb,

Shirin boʻlsin

Bolam deb.

 

 

Kartoshka

 

Goh uxlayman

Toʻrvada,

Goh pishaman

Shoʻrvada.

Qovurmada

Qaynayman.

Mastavada

Oʻynayman.

Lagʻmonda ham

Men borman.

Hamma joyda

Tayyorman.

Koʻrinmasam

Shavlada,

Erinmasdan

Kavla-da.

 

Qulupnay

 

Anorchaga

Oʻxshatmang.

Fonorchaga

Oʻxshatmang.

Adashmang-da,

Oʻrgilay,

Ismim –

Bibi Qulupnay.

Joʻyaklarda

Yursangiz,

Meni totib

Koʻrsangiz,

Yorishadi

Taʼbingiz,

Qizaradi

Labingiz.

 

Yongʻoq

 

Bahorda

Toʻn bichaman.

Uni

Kuzda yechaman.

Shamol kelsa

Guvillab,

Toʻkilaman

Duvillab.

Oling meni,

Akalar.

Yeb ketmasin

Hakkalar.

Bolangizga

Yoqaman.

Ham oziq,

Ham soqqaman.

 

Olma

 

Mikrofonni

Baland tut.

Men soʻzlay,

Sen soʻlak yut.

Alang-jalang

Kuzatma.

Besh panjangni

Uzatma.

Koʻpning

Koʻzin kuydirgan,

Qornini ham

Toʻydirgan

Menman oʻsha

Naqsh olma…

Endi

Yoʻlingdan qolma!

 

Qand lavlagi

 

Yedir meni

Qoʻyingga,

Semiradi

Toʻyingga.

Bersang

Sigir maymoqqa,

Qaymoq qoʻshar

Qaymoqqa.

Korxonaga

Borsam gar,

Boʻlaman

Oqqand, shakar.

Istasang,

Bir rohat qil –

Oʻzingga

Zoʻr ovqat qil.

 

Makkajoʻxori

 

Men hammadan

Yuqori.

Ismim –

Makkajoʻxori.

Dumbilginam

Goʻdakcha.

Uxlar koʻm-koʻk

Yoʻrgakda.

Sogʻlom ulgʻay,

Jon goʻdak.

Malla soching

Jingalak.

Seni kutar

Bolalar

Hamda

Tovuq xolalar.

 

Kungaboqar

 

Kulcha yuzim

Oytovoq.

Oytovoqmas,

Moytovoq.

Moytovoqda

Pistacha,

Rosa

Toʻqqiz yuztacha.

Doʻstlar,

Balki nodonman,

Bir narsaga

Hayronman:

Men qayoqqa

Bursam bosh,

Shu yoqqa

Chopar quyosh.

 

Arpa

 

Otim –

Arpaxon pari.

Bobom –

Mulla Javdari.

Chiroyliman,

Soʻlimman.

Keng dalaga

Kelinman.

Oʻrib oling

Vaqtida –

Hosilimning

Naqdida.

Axir,

Atrofda hamon

Koʻpdir

Tekinxoʻr sichqon.

 

Tut

 

Meni derlar

Qoratut.

Shoshmay,

Bitta-bitta yut.

Qaynatib

Sol chinniga,

Aylanaman

Shinniga.

Yaproqlarim

Tilladir –

Qanor-qanor

Pilladir.

Oʻzimda turib

Ipak,

Qishda qoldim

Bekoʻylak.

 

Loviya

 

Hasad qilar

Menga mosh.

Mevalarim

Qalamqosh.

Bir tupimda

Yuz uya.

Uya toʻla

Loviya.

Loviyalar

Qorakoʻz.

Silkitmasdan,

Asta uz.

Yoʻqsa,

Uyni ochishar,

Tirqirashib

Qochishar.

 

Sholi

 

Men hozircha

Sholiman.

Qipigʻimdan

Nolima.

Poʻstim tushar

Archilib,

Objuvozda

Yanchilib.

Shopirilsam

Xirmonda,

Yarqirayman

Marjonday…

Endi turma

Qashib bosh.

Qani, pishir

Sutli osh.

 

Chilonjiyda

 

Yemagan boʻlsang

Jiyda,

Koʻpchib yotmasdan

Uyda,

Pishiqchilik

Pallada

Bir aylangin

Dalada.

Dumimdan

Ipga bogʻla.

Shoshmasang,

Qishga saqla.

Shoshsang,

Tashla ogʻzingga…

E, qoyilman

Nafsingga!

 

Qovun

 

Obinovvot

Qovunman.

Bitta tishlab

Ovun, ma.

Nega boʻldim

Men nomdor?

Chunki,

Choponim guldor.

Yonbosh qilib

Yotaman.

Shirin oʻyga

Botaman.

Xayolimda

Odamlar –

Bozorda

Meni tanlar.

 

Kanop

 

Qamish emas,

Biz – Kanop.

Yerimiz

Ming-ming tanob.

Paxtazorga

Yondoshmiz.

Ipakka ham

Qondoshmiz.

Qaddimizga

Berilib,

Maqtanmaymiz

Kerilib.

Biz azaldan

Hammabop:

Goh sholchamiz,

Gohi – qop.

 

Anvar OBIDJON