DALA ISHLARI SIFATINI BAHOLASH, texnologik brakeraj — tuproqqa ishlov berish, ekinlarni parvarish qilish va hosilni yigʻib olishdagi ish sifatining texnologiya talablariga muvofikligini aniqlash. Barcha agrotexnologiya tadbirlari siklini oʻz vaqtida va sifatli qilib oʻtkazish q. x. ekinlaridan yuqori hosil olishning asosiy shartidir. Tuproqqa ishlov berishning quyidagi usullari nazorat qilinadi va baholanadi: yer haydash, ekish, kultivatsiya, angʻizni yuza yumshatish va boronalash ishlari sifati. Yerning haydalish chuqurligi va shudgorning tekisligi, haydalmay qolib ketgan joylar bor-yoʻqligi, haydalgan yerning oʻydim-chuqurligi yoki bir tekisligi, tuproqning yumshash, maydalanish darajasi, ekin qoldiqlarini, begona oʻtlarni, oʻgʻitlarni koʻmish va tuproq qatlamini agʻdarish; kultivatsiya va yuza yumshatishda tuproqqa ishlov berish chuqurligi va tekisligi, begona oʻtlarni toʻla yoʻq qilish, boronalashda yer yuzasini yumshatish va tekislashning sifati tekshiriladi. Diametri 5 sm dan ziyod kesaklar 20% dan yoki 1 m2 dagi katta kesaklar soni 10 donadon ortmasa, ishlov sifati yaxshi deb hisoblanadi. Qatlam koʻtarilishi 3—4 sm dan ortmasligi kerak. Ekish sifati koʻrsatkichlari uning oʻz vaqtida oʻtkazilganligi, xatosi yoʻqligi, urugʻlarning qatorlarga bir tekis tushishi, qatorning toʻgʻriligi va qator oralarining bir xilligi va b. ekish seyalkasi ishlab turganda baholanadi. Bu baho ekin unib chiqqandan keyin tasdiqlanadi. Maysalar qiygʻos unib chiqqan boʻlsa, ekish sifati yaxshi, nihollar siyrak (20% gacha) boʻlib qolsa, ekish sifati qoniqarli, siyraklik koʻp boʻlib (20% dan ortiq) va qator oralari kengligi har xil boʻlib qolgan boʻlsa ekish sifati qoniqarsiz deb hisoblanadi. Bunday ekinlar brakka chiqariladi va qayta ekiladi. Kator oralariga ishlov berish sifatiga ish organlarining oʻtish zonasidagi begona oʻtlarni toʻla yoʻq qilishi, oʻsimlikning shikastlanish darajasi, tuproq yuzasidagi kesaklarning mayda-yirikligigacha qarab baho beriladi. Tuproqqa toʻgʻri ishlov berilganligini koʻrsatadigan mezonlar — 0,1 mm dan 10 mmgacha boʻlgan kesaklarning 40% gacha boʻlishi, 50 mm va undan katta kesaklarning boʻlmasligidadir. Bunga erishish uchun qator oralariga sugʻorishdan keyin ishlov beriladi. Vegetatsiya davrida sugʻorish sifati egatning boshidan to oxiriga qadar tuproq qatlamining bir tekis namlanganligiga qarab baholanadi. Hosilni yigʻib-terib olish dehqonchilikdagi ishlarning yakunlovchi pallasidir. Yigʻim-terim ishlari eng qulay qisqa muddatlarda, nobudgarchilikka yoʻl koʻymay oʻtkazilishi kerak. Mac, paxtachilikda terim goʻza tuplaridagi kusaklarning 55—60% ochilgan vaqtda boshlansa, mashina ochilgan paxtaning kamida 80%ni terib olsa, mashina yerga toʻkib-tushirib yuboradigan koʻsaklar har qatorda 2—3 m masofada kupi bilan bittadan boʻlsa, paxta terimi sifatli hisoblanadi. Yerga toʻkilgan paxta miqdori hosilning 2% dan ortmasligi kerak. Har tupda ochilgan paxtani terib olish 75% dan kam boʻlganda terish qoniqarsiz hisoblanadi.
Dala ishlari sifatini bosh pudratchilar, agronomlar, oʻzaro tekshirish brigadalari tekshiradilar.