Xotin-qizlarning burun zamonda koʻrgan kunini bilmaysizlar, qizlarim, aytgan bilan ishonmaysizlar!..
Toʻraxon oyi
Yaqin ikki haftadan beri koʻz ochirmayotgan kuzak shamoli yaydoq daraxtlar shoxida chiyillaydi, gʻuvillaydi; tomlarda vishillaydi, yopiq eshik va darchalarga bosh urib uf tortadi.
Bunday kechalarda odamzod qoʻymijoz gʻuj boʻlib va nimanidir kutib jimgina oʻtirishni xohlab qoladi.
Olimbek dodxoning sakkiz xotini katta kundosh Nodirmohbegimning uyiga yigʻilib, sandal atrofida oʻtirishar edi. Dodxo har kecha taroveh namozidan keyin halqaga qolar edi, bu kecha erta qaytdi. Hamma toʻzidi: xotinlardan biri uning sallasini oldi, biri chakmoniga qoʻl uzatdi, biri mahsisini tortgani chogʻlandi… Kundoshlarning eng kichigi – bu dargohga tushganiga besh oygina boʻlgan kelinchak – ganjiravonlik Unsinoy chilim solib tutdi. Dodxo chilimni bir marta, lekin juda qattiq tortdi-yu, yasov tortib turgan xotinlariga eʼtibor qilmay, toʻrga oʻtdi va darchani jindakkina qiya qilib, bir koʻzi bilan tashqariga qaradi. Shamol goh och boʻriday uvillar, goh oʻlim changaliga tushgan mushukday pixillar, vagʻillar, hech narsa-hech narsa koʻrinmas edi.
Dodxo darchani zichlab yopib, joyiga oʻtirib tasbeh oʻgirishga kirishdi. Uning barmoqlari tasbeh donalarini tez-tez oʻtkazayotgan boʻlsa ham, qulogʻi gʻuvillayotgan shamolda, xayoli goʻristonda edi: “Hozir goʻriston qanaqa vahimali boʻlsa ekan…”
Uzbek goʻristoni oʻzi xunuk, buning ustiga, goʻriston haqida aytilmagan xunuk gap, toʻqilmagan vahimali mish-mish qolgan emas. Haqiqatan, bunday kechalarda goʻriston esiga tushgan har qanday odam, ayniqsa, dodxo singari paygʻambar yoshidan oshib, kafanligini sandiqqa solib qoʻygan kishi oʻlishdan ham koʻra goʻristonda yotishini oʻylaganida tiligacha sovuq ter chiqaradi.
Dodxo boshidan goʻriston xayolini chiqarib tashlash uchun tasbehini qoʻyib undan-bundan gapirgan boʻldi, lekin hech kim bu gaplarga gap ulamadi.
Shamol bir xuruj qilganida nimanidir keltirib darchaga urdi. U narsa darchani tirmalaganicha sidirilib pastga tushib ketdi. Hamma oʻtirgan yerida goʻyo bir qarich choʻkkanday boʻldi va tin olmay bir-biriga qaradi. Dodxo xotinlariga, ulardan ham koʻra oʻziga taskin berish uchun oʻrnidan turib darchaning bir tomonini ochdi. Darchadan kirgan shamol osma chiroqni lipillatdi, tebratdi. Dodxo pastga qaradi va suyunib ketganday:
– Boʻyra, boʻyra ekan! – dedi va darchani yana zich yopib joyigaoʻtirdi.
Boʻyra odatda tobutga solinadigan boʻlganidan, dodxoning koʻz oddiga odamlarning yelkasida lapanglab ketayotgan tobutni keltirdi. Tobut esa yana goʻristonni eslatdi, goʻriston haqida bolaligidan qulogʻida qolib kelgan vahimali gaplarni, hodisalarni jonlantirib yubordi. Dodxo bu xayollarni yengish uchun goʻriston vahimalaridan oʻzi soʻz ochdi va ikki ogʻiz gapining birida oʻzining dovyurakligini xotinlariga, ulardan ham koʻra oʻziga pisanda qila ketdi.
Gapdan gap chiqib, Nodirmohbegim bir voqeani aytib berdi.
– Bola edim. Rahmatli dadam gap yer edilar. Bir mehmonxona yigit… Mana shunaqa shamol kechasi ekan. “Hozir kim goʻristonga borib, Asqarponsotning goʻriga pichoq sanchib
keladi?” degan gap boʻlipti. Shunda bir kishi pichogʻini qinidan sugʻurib: “Men sanchib kelaman”, – depti, bitta qoʻydan garov bogʻlashib yoʻlga tushipti. Joʻralari hali kutishar emish – yoʻq, hali kutishar emish – yoʻq; tong otipti, uyida ham yoʻq emish; goʻristonga borib qarashsa, Asqarponsotning goʻri oldida oʻlib yotgan emish! Bechora goʻrga pichoq sanchganida etagini qoʻshib sanchgan ekan, qaytay desa etagidan birov tortganday boʻlgan-da…
Hammaning eti jivillashib ketdi. Uzoq jimliqdan keyin Unsin yonida oʻtirgan kundoshiga shivirlab:
– Oʻlsin, nokas odam ekan, bitta qoʻyni deb… Koshki arziydigan narsa boʻlsa!.. – dedi.
Bu gapni dodxo eshitib qoldi. Uning nafsoniyati qoʻzgʻadi. Dodxoday odam goʻriston deganda tizzasi qaltirasa, birov “olamga podsho qilaman” degan taqdirda ham bormasa, borolmasa-yu, bu qiz mushtday boshi bilan, “arziydigan narsa boʻlsa men boraman” desa!
Dodxo gʻashi kelib, Unsinni masxara qildi:
– Obbo, tegirmonchining qizi!.. Bitta qoʻyni nazarlari ilmaydi! Nechta qoʻy boʻlsa arzir edi? Sen oʻzing oʻnta qoʻy bersam, pichoq sanchib kelasanmi? Yuzta qoʻy, davlatimning yarmini bersam borasanmi?
Unsinoy bozvantidagi tangalarni oʻynab:
– Menga davlat kerak emas, davlat kerak boʻlsa borar edim, – dedi.
Bu gap dodxoga tegib ketdi.
– Nima kerak?
Unsin indamadi. Dodxoning savoli javobsiz qolishi mumkin emas edi. Shuning uchun bittasi gunoh qilsa, hammasi baravar kaltak yeydigan kundoshlar Unsinni turtkilashdi:
– Javob bersang-chi!
– Tildan qoldingmi?!
Yonida oʻtirgan kundoshi tirsagi bilan biqiniga ikki-uch turtgandan keyin, Unsin boshini koʻtarib, balo-qazoday tikilib turgan dodxoga bir koʻz tashladi-yu, yana boshini egib, lekin dadil javob berdi:
– Javob bersangiz… Ganjiravonga ketsam… Bitta goʻrga bitta pichoq emas, oʻnta goʻrga oʻnta pichoq sanchib kelaman… – dedi.
Uning maqsadini kundoshlar darrov fahmlashdi. Lekin dodxo bunday gapni sira kutmagani uchun yanglish tushundi.
– Tagʻin nima qilasan Ganjiravonda, borib kelganingga ikki oy ham boʻlgani yoʻq-ku!
Nodirmohbegim sandal ichidan oyogʻini uzatib Unsinning boldirini chimchiladi, koʻzi bilan “xayriyat, tushunmadi, bas, gapirma”, deb ishora qildi. Biroq Unsin jonidan kechgan kishining shijoati bilan dodxoga tik qaradi.
– Yoʻq, men butkul ketsam deyman, javobimni bersangiz demoqchiman.
Gapni aytgan Unsinu, boshqalar oʻtirgan joyida yerga qapishib ketdi. Biroq dodxo, hammaning kutganiga qarshi, qoʻliga qamchi olib Unsinni “qayering qichidi”ga solmadi, aksincha, zaharxanda bilan boʻlsa ham, muloyim gapirdi:
– Shunaqami?.. Xoʻp, mayli, aytganing boʻla qolsin, – dedi va bir oz oʻylab turib gʻijinganini yashirolmay ilova qildi: – Lekin goʻristonga pichoq emas, qumgʻon olib borasan. Onhazratim sagʻanasi oldida qumgʻon qaynatib, bitta choy damlab kelasan, maylimi?
– Mayli, mayli! – dedi Unsin koʻzlari javdirab, – lekin lafzingizdan qaytmasangiz…
Dodxoning dami ichiga tushib ketdi. Bir gadovachchaning bu dargohdan ketishga oshiqishi unga haqorat boʻlib tushdi. Endi Unsinni tilab olish uchun biron soʻz aytishga hech kim, hatto goʻristondan uning oʻligi kelishiga koʻzi yetib, ichida faryod chekayotgan Nodirmohbegim ham jurʼat qilolmay qoldi.
Dodxoning oppoq, uzun soqoli, tovushi titradi.
– Xoʻp, lafzimdan qaytmayman, mana xotirjam boʻla qol: men hozir seni bir taloq qoʻydim, qaytib kelganingdan keyin uch taloqsan! Bor, qumgʻonni koʻtar!..
Unsin dodxodan darrov yuzini berkitganicha chiqib ketdi. Nodirmohbegim, qoʻlidan boshqa ish kelmagandan keyin, hech boʻlmasa Unsinning yuragiga quvvat boʻladigan bir-ikki ogʻiz soʻz aytish maqsadida ketidan chiqmoqchi boʻlgan edi, dodxo xoʻmrayib joyiga oʻtqazib qoʻydi. Kundoshlar bitta-bitta oyoq uchida yurib chiqib ketishdi.
Unsin uyiga kirdi, paranji-chimmatini yopindi, qumgʻonga suv toʻldirib, choynakka choy soldi-yu, joʻnadi. Koʻr oydin. Osmonning chekkasi sarigʻ-kir uvadaga oʻxshaydi. Bu kir shuʼla qoʻynida past-baland uylar, shamolda egilayotgan, tebranayotgan daraxtlar qop-qora qoʻrinadi. Pishqirayotgan shamol har xuruj qilganida Unsinni tentiratar, talay joyga surib tashlar edi. Unsin paranji-chimmatini yumaloqlab qoʻliga olganidan keyin yoʻl yurish osonroq boʻldi.
Goʻriston toʻgʻrisida dodxo nimalar eshitgan boʻlsa, Unsin ham shuni eshitgan, shamol kechasi goʻriston dodxo xayolida qandoq dahshatli boʻlsa, uning xayolida ham shunday dahshatli, lekin shundoq boʻlsa ham, tiriklar goʻristoni boʻlgan bu dargohning dahshati oldida oʻliklar goʻristonining dahshati unga dahshat koʻrinmas, bundan tashqari, ertagayoq Ganjiravonga joʻnash, ota-onasini, dugonalarini koʻrish umidi uning boshiga boshqa hech qanday fikr-xayolni yoʻlatmas edi.
Unsin xuddi dadasidan katta hayitlik olib bozorboshiga ketayotgan yosh boladay chopqillab, qarshisidan esayotgan shamolga soʻz bermay, baʼzan irgʻishlab borar edi; biroq goʻriston koʻchasiga burilib, salobat bilan tebranayotgan qop-qora keksa chinor ostida oqarishib turgan sagʻanalarni, belgisiz zulmatni koʻrganida yuragi uvishdi-yu, zovur koʻprigidan oʻtib, ikki qadam qoʻyganicha toʻxtab qoldi. Dahshat uning yuragiga raxna soldi: Ganjiravon, ota-onasi, dugonalari xayolidan koʻtarilib, koʻz oldiga oppoq kafanga oʻralib sagʻana va goʻrlar atrofida yelib yurgan arvohlar keldi. Uning eti jivirlashib, sochi boshidagi roʻmolini bir qarich koʻtarganday boʻldi. Unsin beixtiyor bir qadam orqaga chekindi, lekin shu ondayoq xuddi oʻlikdan qoʻrqmasligini birovga pisanda qilayotganday, baqirib: “Oʻlikning joni yoʻq! Oʻlikning joni yoʻq!” – deb olgʻa intildi, shu yugurganicha chinor ostidagi Onhazratim sagʻanasi oldida toʻxtadi; choynak bilan qumgʻonni oyogʻi ostiga qoʻydi, paranji-chimmatni bir chekkaga tashladi, ichida: “Koʻpi ketib ozi qoldi”, deb suyundi. Biroq uning suyungani behuda edi: hamma narsani olipti-yu, eng zaruri – oʻtin esidan chiqipti! Har sagʻanadan bir qoʻl, har goʻrdan bir tovush chiqishini kutib oʻtin qidirish vahimasi uning yuragiga yana raxna sola boshladi. Unsin oʻziga-oʻzi baland tovush bilan yana: “Oʻlikning joni yoʻq!” – deb, hozir diliga bitta odamchalik quvvat boʻlayotgan bu gapni ogʻzidan qoʻymay, sagʻana va goʻrlarni oralab oʻtin qidirdi; paypaslanib, qoʻliga ilingan narsani etagiga soldi, qamish sindirdi, yantoq, giyoh yuldi, qoʻllari qonab ketganini ham payqamay, topgan-tutganini keltirib oʻt yoqdi. Oʻt chirsillab-chirsillib birpasda gurkiradi, shamolda toʻlgʻanayotgan tutun aralash alanganing qizgʻish shuʼlasidan qorongʻilik lipillab, uzoq-yaqinda doʻplayib turgan goʻrlar, xuddi birov tuproqni koʻtarib chiqayotganday harakatga keldi.
Unsin yana oʻtin qidirdi, lekin har safar oʻtin qalaganida alanganing gurkirashi, chirsillashi mudrab yotgan arvohlarni uygʻotib yuborishidan qoʻrqqandek, uning ustiga oʻzini tashlaguday boʻlar edi.
Nihoyat, qumgʻon qaynadi. Unsin naridan-beri choy damladi, quruq yantoq va qamishlarga oʻt ketmasin uchun oʻtni tepkilab oʻchirdi; oʻng qoʻlida choynak va chap qoʻlida qumgʻon, oʻtning shuʼlasidan koʻzi hanuz qamashib borar ekan, bir joyda yer oʻpirilib, chap oyogʻi taqimigacha botib ketdi va oyogʻining uchi yumshoq bir narsaga tekkanday boʻldi. Unsin boyagi gapni duoday tez-tez qaytarib, qoʻrquvni oʻziga yoʻlatmayotgan boʻlsa ham, koʻngliga “oʻlikning qornimikin” degan gaplar keldi-yu, yuragi orziqib, oyogʻini darrov sugʻurib oldi va chuqurda qolgan bir poy kavushini olgani yurak qilolmay mahsichan ketaverdi. Unsin bir necha qadam bosganidan keyin paranji-chimmati sagʻananing oldida qolganini eslab toʻxtadi, lekin qaytib borgani botinolmadi, hozir qaytish emas, qayrilib qaragani ham yuragi dov bermas, nazarida hamma oʻliklar sagʻanalardan, goʻrlardan boshini chiqarib, ketidan qarab turganday edi. Unsin nima qilishini bilmay turib qoldi. Shu asnoda kattakon bir sagʻananing ichidanmi, naryogʻidanmi allaqanaqa bir tovush eshitildi-yu, xayal oʻtmay nimadir kelib Unsinning yelkasiga minib oldi, aftidan, boʻgʻmoqchi boʻlib qoʻl uzatdi. Unsin koʻkragiga nihoyatda ogʻir bir narsa bilan urilganday koʻngli ozib tentirab ketdi-yu, yiqilmadi, lekin oyoq uzra turib hushidan ketdi; oradan qancha vaqt oʻtganini bilmadi, koʻzini ochib qarasa jonvor yelkasidan tushipti, emaklab boyagi sagʻananing orqasiga oʻtib ketdi. Unsin qoʻrquvdan telba bir ahvolda boʻlsa ham fahmladi: maymun! Dodxoning maymuni! Maymunni dodxoning oʻzi olib kelmagandir, birovdan berib yuborgan! Dunyoda dodxoday berahm odam yana bor ekanmi!
Unsin yelkasiga maymun mingan dakiqada naqadar qoʻrqqan boʻlsa, hozir shu qadar tinchidi, xotirjam boʻldi: demak, qandoq berahm boʻlsa ham shu atrofda odam bor!
Unsin goʻristoqdan chiqib, katta yoʻlga tushib oldi, yarim yoʻlga borganida chap qoʻliga qattiq ogʻriq kirganini sezdi. Ogʻriq qumgʻonni eslatdi. Chap qoʻlida qumgʻon bor edi, qani? Unsin bir toʻxtadi-yu, choynakni ikkala qoʻli bilan bagʻriga bosib, darmoni yetguncha jadalladi. Tushida yugurganday uning yoʻli koʻpaymas, ikki oyogʻi gavdasidan keyinda qolar, qoʻlidagi choynak tobora ogʻirlashib borar edi.
Unsin Nodirmohbegimning ogʻir eshigini zoʻrgʻa ochdi, ostonadan oʻtib, bir necha qadam bosganidan keyin holdan toyib choʻkkaladi va ne mashaqqat bilan intilib, joʻmragidan choy oqib bugʻlanayotgan choynakni sandalning bir chekkasiga qoʻydi, umrlik orzusi ushalganday, hordigʻi chiqib, oʻzini yerga tashladi. Sandalda oʻtirib pinakka ketgan dodxo uygʻonib tamshandi, boshini koʻtarib Unsinni koʻrdi-yu, “jon berayotipti” deb oʻyladi shekilli, koʻzlari olaydi, undan koʻzini olmay sekin oʻrnidan turdi, xuddi oʻlim xavfidan qochganday, bir irgʻib sandaldan oshdi-da, oʻzini eshikka urdi…
Unsin hushdan ketgan ekan, bir vaqg koʻzini ochib qarasa, sandalning chetida chalqancha yotibdi, tepasida Nodirmohbegim yigʻlab oʻtiripti. Uning oʻng koʻzi momataloq boʻlib shishib ketgan, oq doka roʻmolining u yer-bu yeriga qon tekkan ekan. Unsin Nodirmohbegimga koʻzi tushgan zamoni undan dodxoning lafzi lafzmi ekanini soʻramoqchi boʻlgan edi, uning ahvolini koʻrib, eshitilar-yeshitilmas:
– Sizga nima boʻldi? – dedi.
Nodirmohbegim Unsinning yosh joniga rahm qilishini, uni qaytarishni soʻrab dodxoga yolvorganida dodxo uni tutib olib xoʻp urgan edi. Nodirmohbegim Unsinning savoliga javob bermadi, tovush chiqarmay yana ham qattiqroq yigʻlab, uning boshini siladi, yuzini yuziga qoʻydi; soʻng, oʻsha chogʻi odam yuborib goʻristondan oldirgan ikki chimdim tuproqni yarim piyola suvga chayib Unsinga tutdi.
– Ich, jigarim, qoʻrqqansan… Goʻristonda qoʻrqqanga goʻristonning tuprogʻi davo boʻladi.
Unsin piyoladagi loyqa suvni darrov ichdi va xiyla yengil tortganday boʻldi.
– Mendan qaytmasa xudodan qaytsin… Ota-onam borishimni harna ertaroq eshitsa, harna ertaroq suyunsa…
Nodirmohbegim yana kaltaklanishidan hayiqmay, Ganjiravonga bir xizmatkorini yubordi.
Biroq Unsin peshingacha yetmadi – uzildi.
Shom qorongʻisida uning jasadini qizil koʻrpaga oʻrab aravaga solishdi. Shamol hamon guvillar, yaydoq daraxtlarning shoxida chiyillar, gʻuvillar edi.
Darvozadan boshida paranji va qoʻlida oq tuguncha Nodirmohbegim chiqdi. U darvozaga yuzini oʻgirib choʻnqaydi, ikki qoʻlini fotihaga ochib, bir nimalar dedi. Dodxoning oʻzi bilan birga bu dargohni yerning qaʼriga yuborganday ikkala mushtini uch marta yerga qadadi; keyin “bu dargohni endi yelkamning chuquri koʻrsin” deganday bir harakat bilan keskin burilib aravaga chiqdi, marhumaning bosh tomoniga oʻtirdi.
Arava joʻnadi, shahar qoʻrgʻonidan chiqqanda kunduzi Nodirmohbegim yuborgan xizmatkor Ganjiravondan qaytib kelmoqda edi.
Abdulla Qahhor
https://saviya.uz/ijod/nasr/dahshat/