Toʻylardagi ortiqcha dabdababozlik, isrofgarchilik anchadan beri xalqimizni oʻylantirib kelayotgan masalalardan biriga aylangan. Bugun ushbu muammo haqida keng jamoatchilik jon kuydirib bot-bot gapirayotgani bejiz emas.
Haqiqatan ham, keyingi oʻn-oʻn besh yilda toʻylarimizda dabdaba, isrofgarchilik, shuhratparastlik avjga chiqib borayotgan edi. Oʻziga toʻq, daromadi yaxshi oilalar toʻylarni serhasham, dabdabali qilib oʻtkazayotganini koʻrgan yosh yigit-qizlar ota-onasining moddiy ahvolini, oila byudjetini hisobga olmasdan ularga ham shunday hashamdor toʻy oʻtkazib berishlarini talab qilayotganini barchamiz bilamiz. Oqibatda koʻp oilalar oʻtkazgan toʻylari tufayli qulogʻigacha qarzga botib qolmoqda.
Kimoʻzarga boʻlayotgan toʻylarning yangidan-yangi «odat»lari, qiz tomondan qilinadigan sarpolarning bahosi ham aqlga sigʻmas darajaga yetdi. Qimmatbaho kiyim-boshlar, uy jihozlari, xorij mebellarini xarid qilishni hammaning ham choʻntagi koʻtarmaydi. Shu sababli qudalar orasida kechadigan gap-soʻzlar, bahs-tortishuvlar oradagi mehr-oqibatning, quda-andachilikning buzilishiga olib kelmoqda. Bunday dabdabaga oʻchlik oxir-oqibatda yaxshi niyatlar bilan oila qurishni, baxtli yashashni orzu qilgan yosh kelin-kuyovlarning ham munosabatlariga raxna solib, hatto, ajrimga sabab boʻlmoqda.
Toʻylarimiz haqida soʻz ochilgan ekan, avvalo, bunday holatlarning yoshlarimiz tarbiyasiga salbiy taʼsir koʻrsatishini anglashimiz, azaliy qadriyatlarimiz, milliy urf-odatlarimizga ham zid ekanini biz kattalar tushunib olishimiz lozim. Nikohning muqaddasligi, oila degan qoʻrgʻonni barpo etishda er-xotin masʼuliyati kattaligi, unga xiyonat qilish ulkan gunoh ekanini anglamasdan turmush qurish mumkin emasligini farzandlarimiz ongiga singdirishimiz shart, deb oʻylayman.
Toʻylarimizni ixcham, tartibli, kamxarj, isrofgarchiliksiz oʻtkazish zarurati haqida nega hatto Prezident aytmoqda? Sababi, oqibati ogʻir, jamiyatimizga, hayotimizga zararli taʼsiri juda ayanchli. Biz toʻy va tantanalarni oʻtkazishdek masʼuliyatli vazifani yoshlar qoʻliga butkul topshirib qoʻyib, katta xatoliklarga yoʻl qoʻymasligimiz lozim. Shu maʼnoda, mahalla faollari, yoshi ulugʻ otaxon-onaxonlarimiz xalqimiz orasida boʻlib, bu borada keng tushuntirish ishlarini olib borishi muhim ahamiyat kasb etadi, deb oʻylayman.
Dabdaba oʻrniga ixcham, sermazmun toʻy oʻtkazilsa, tejalgan mablagʻ hisobidan ota-onalar sihatgohlarda dam olib davolansa, oʻz farzandlarini tarixiy maskanlarga sayohatga olib borib, yurtimiz tarixi, ulugʻ allomalari qadamjolari bilan tanishtirib borishsa, bu ziyoratlar yoshlar qalbiga Vatanga muhabbat, milliy gʻurur tuygʻularini tarbiyalash asnosida ularning dunyoqarashini kengaytiradi. Toʻylarimizni chiroyli, esda qoladigan qilib oʻtkazishni tashkil etish maqsadida mahallalar huzurida toʻy komissiyasi faoliyati yoʻlga qoʻyilsa, toʻy va marosimlar ana shu komissiya nazorati ostida oʻtkazilsa, nur ustiga nur boʻlar edi, deb hisoblayman. Xonadon sohiblari shu komissiya bilan bamaslahat toʻyni boshlashsa, yanada maqsadga muvofiq boʻladi.
Toʻy-maʼrakalar millatimizning azaliy qadriyatlari va anʼanalarini namoyon etadigan koʻzgu ekan, ularni yuksak maʼnaviy mezonlarga munosib tarzda oʻtkazaylik. Bu ezgu ishga hamma birdek bosh qoʻshishi lozim, hech kim oʻzini chetga olishi, menga buning daxli yoʻq, deb loqayd boʻlishi mumkin emas. Zero, ne-ne mashaqqatlarni, ogʻir kunlarni bir jonu bir tan boʻlib mardlarcha yengib oʻtgan donishmand xalqimiz odob-axloq mezonlariga ham, muqaddas dinimiz talablariga ham toʻgʻri kelmaydigan isrofgarchilik, shuhratparastlik, kibr kabi illatlarga barham berishga-da qodir, deb ishonaman.
Toʻy va marosimlar shaxsiy ish emas, mamlakat va millat taqdiriga daxldor ijtimoiy ahamiyatga ega masaladir. Shunday ekan, har birimiz oʻz hududimizda toʻy va maʼrakalar, oilaviy marosim va boshqa tadbirlarning oʻtkazilishi yuzasidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatishda faol ishtirok etishimiz lozim.
Rustam TOʻRAYEV,
Oliy Majlis Senati aʼzosi
“Oila davrasida” gazetasidan olindi.
https://saviya.uz/hayot/nigoh/dabdaba-shuhrat-keltirmaydi-aksincha/