CHUSOVITINA Oksana Aleksandrovna (1975.19.6, Buxoro) — gimnastikachi, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sportchi (1992), olimpiada oʻyinlari chempioni (1992, Barselona). Ch. Oʻzbekistonda va Jahonda xizmat koʻrsatgan murabbiy Svetlana Kuznetsova rahbarligida 7 yoshidan sport gimnastikasi bilan shugʻullanadi. U Toshkentdagi Respublika olimpiya oʻrinbosarlari bilim yurtini (1994) va Oʻzbekiston jismoniy tarbiya intini (2000) tugatgan. 1989-y. dan Oʻzbekiston jismoniy tarbiya va sport qoʻmitasida gimnastika boʻyicha sport yoʻriqchisi. Chusovitina Osiyo chempioni (1996, Changjou), 2 karra Osiyo oʻyinlari gʻolibi (2002, Pusan), 3 karra jahon chempioni (1991, Indianapolis — 2 karra; 2003, Anaxaym), jahon kubogi gʻolibi (2002, Shtutgart), 2 karra Yaxshi niyat oʻyinlari gʻolibi (1990, Sietl), koʻplab nufuzli musobaqalarda sovrindor boʻlgan. U 4 ta olimpiada oʻyinlari (1992, 1996, 2000, 2004) da katnashgan dunyodagi yagona gimnastikachi. Chusovitina «Yilning eng yaxshi sportchisi» (2003) deb topilgan.
«Doʻstlik» (1996) va «Mehnat shuhrati» (2000) ordenlari bilan mukofotlangan.