Ernest HEMINGUEY
Chol qayiqda yolgʻiz oʻzi Golfstrimda baliq ovlardi. Dengizga chiqayotganiga mana sakson toʻrt kun ham toʻldi, ammo hali bironta baliq tutganicha yoʻq. U bilan qirq kun bola birga boʻldi. Hadeganda qoʻli quruq qaytavergach, ota-onasi unga endi cholning oʻta-ketgan Salao, yaʼni “oʻlguday omadi yurishmagan odam” ekanini aytib, bundan buyon boshqa qayiqda dengizga chiqish kerakligini qulogʻiga quydilar. Haqiqatan ham birinchi haftaning oʻzidayoq bu qayiqda baliq desa arziguday uchta baliq tutib kelishdi. Deyarli har kuni cholning dengizdan quruq qaytayotganligini koʻrib bola ich-ichidan ezilar edi. U cholning uskunalari, changak, garpun va machtaga oʻralgan yelkanlarini tashishga yordamlashgani qirgʻoqqa kelardi. Dagʻal matodan toʻqilgan yelkan yamalaverib, ola-quroq boʻlib ketgan, oʻrogʻliq holda yaksoni chiqqan polkning yaloviga oʻxshardi.
Chol oriq va holdan toygan, ensasini chuqur ajinlar tilib oʻtgan, betlari esa quyosh nurining tropik dengiz yuzidan aks etib chiqishidan paydo boʻladigan beozor teri rakining jigar rang dogʻlari bilan qoplangan edi.
Dogʻlar choʻzilib gardanigacha tushgan, yirik baliq-larni tortib olayotganda, chizimchalar oʻyib yuborgan qoʻllarida chuqur chandiq izlari koʻrinardi. Ammo bu izlar ichida yangisi yoʻq, hammasi ham uzoq suvsizlikdan qaqrab yotgan biyobon darzlari singari koʻhna edi. Cholda nimaiki bor boʻlsa, bari ham eski, faqat den – giz tusini olgan moviy, mardona odamlarnikiga xos quvnoq koʻzlari bundan mustasno edi.
– Santyago, – dedi bola bogʻlogʻliq qayiq turgan qirgʻoqdan yuqorilab ketgan yoʻl osha koʻtarilisharkan, – endi yana sen bilan dengizga chnqishim mumkin. Hozir bir oz pul ishlab qoʻydik.
Chol bolani baliq oviga oʻrgatgan, shuning uchui ham bola uni yaxshi koʻrardi.
– Yoʻq, – dedi chol, – sen baxti chopgan qayiqda ov qilyapsan. Oʻshanda qolganing maʼqul.
– Esingda bormi, bir vaqtlar rosa sakson yetti kun dengizga chiqib, qup-quruq qaytuvding, keyin ikkalamiz ketma-ket uch hafta kuniga katta-katta baliq ushlab keltirganmiz.
– Esimda, – dedi chol, – sen menga ishonmaganingdan ketganing yoʻq, bilaman.
– Otam majbur qildi. Oʻzim boʻlsam, hali kichkinaman, shuning uchun ularning aytganini qilishim kerak.
– Bilaman, – dedi chol. – Oʻzi ham shunday boʻlishi kerak.
– Otam boʻlsa, uncha ishonqiramaydi.
– Ha, – dedi chol. – Biz esa ishonamiz. Toʻgʻrimi?
– Boʻlmasa-chi. Istasang, yur, seni Terrasda pivo bilan mehmon qilaman. Keyin asboblarni olib ketamiz.
– Hay, mayli, – dedi chol. – Baliqchi baliqchini siylamoqchi ekan, demak…
Ular Terrasga kelib oʻtirishdi. Koʻpgina baliqchilar cholni mazax qilishar, ammo u buni koʻngliga ogʻir olmas edi. yoshi ulgʻayibroq qolgan baliqchilar esa unga qarab xafa boʻlib ketishar, biroq sir boy bermas va oqim haqida, qarmoqni qancha chuqurlikka tashlashlari, obi-havo, nihoyat, dengizda nimalar koʻrishgani toʻgʻrisida beozor gurunglashib oʻtirishardi. Bugun ishi oʻngidan kelganlar ovdan allaqachon qaytishgan va oʻlja marlinlarini tozalab, bir juft taxta ustiga koʻndalang qoʻyishgancha toʻrtovlashib ularni baliq omboriga eltib topshirishgan edi. Bu yerdan baliqlarni refrijeratorda Gavana bozoriga keltirib sotardilar.
Akula ovlab kelgan baliqchilar esa, ularni koʻrfazning narigi qirgʻogʻidagi zavodga topshirishardi. U yerda akulalarni bloklarga osib qoʻyib, jigarlarini sugʻurib olishar, qanotlarini kesib, terisini shilishgandan soʻng, goʻshtini tuzlashga parrak-parrak qilib kesishardi.
Shamol sharqdan esdi deguncha, oʻzi bilan akula korxonasining qoʻlansa hidini olib kelardi; ammo bugun hid deyarli sezilmas, chunki shamol shimoldan esa boshlab, koʻp oʻtmay butunlay tingan edi. Shuning uchun ham Terras serquyosh va soʻlim edi.
– Santyago, – dedi bola.
– Xoʻsh? – javob berdi chol. U stakanidagi pivoga tikilib oʻtirarkan, uzoq oʻtgan kunlarni eslardi.
– Ertaga senga sardin tutib keltirsam, maylimi?
– Ovora boʻlma. Yaxshisi, borib beysbol oʻyna. Hali eshkak urishga kuchim yetadi. Rodjelio bor – toʻr tashlab turadi.
– Yoʻq, xoʻp deya qolgin. Rost, sen bilan birga baliq ovlashim mumkin emas ekan, ul-bulingga yordamim tegsa deyman.
– Axir, sen meni pivo bilan siylayapsan-ku, – dedi chol. – Endi katta yigit boʻlib qolding.
– Birinchi marta meni dengizga olib chiqqaningda yoshim nechada edi?
– Beshda. Qayiqqa tirik baliqni tortib olganimda, u sagʻal boʻlmasa hamma narsani chilparchin qilib yuborayozgan va sen ham bazoʻr jon saqlab qolgan eding, esingdami?
– Esimda. U quyrugʻi bilan urib bankani sindirgan, sen boʻlsang, uni toʻqmogʻing bilan rosa doʻpposlagan eding. Meni qayiqning mayda-chuydalar yotgan burniga itqitib yuborgansan, Qayiq zirillab qaltirovdi, xuddi oʻtin chopganday toʻqmogʻingni toʻq-toʻq ovozi eshitilib turuvdi. Hamma yoqni chuchmal qon hidi bosib ketgan edi. Bularning bari esimda.
– Rostdan ham bularning hammasi esingdami, yoki keyin senga aytib berganmidim?
– Meni oʻzing bilan dengizga olib chiqqan kuningdan tortib, hammasi esimda.
Chol oftobda qizarib ketgan, inonuvchan va mehribon koʻzlari bilan unga qaradi.
– Agar oʻz oʻgʻlim boʻlganingda, hozir ham seni oʻylab-netib oʻtirmay, dengizga olib chiqardim. Amma oʻz ota-onang bor, boz ustiga baxti chopgan qayiqda ov qilyapsan.
– Kel endi, senga sardin tutib keltiray, yoʻq demagin. Innaykeyin, toʻrt dona xoʻrak topib kelamai. Qayerdan topishni oʻzim bilaman.
– Menda hali bugungilari shundoq turibdi. Ularni tuzlik yashikka solib qoʻydim.
– Senga toʻrtta yangisini tutib kelaman.
– Bittasi ham yetadi, – eʼtiroz bildirdi chol.
U, shunday ham kelajakka na ishonchini va na orzu-omolini yoʻqotmagan boʻlsa-da, hozir bu hislar uning qalbida, goʻyo dengizdan kishining qulfi-dilini ocha-digan shabboda esgandagidek, mustahkamlana borardi,
– Ikkita, – dedi bola.
– Mayli, ikkita, – taslim boʻldi chol. – Mabodo, sen ularni oʻgʻirlab olmaganmisan?
– Kerak boʻlsa, oʻgʻirlardim ham. Ammo ularni sotib olganman.
– Rahmat, – dedi chol.
Itoatkorlik ruhi qachondan boshlab oʻz qalbida qoʻnim topgani ustida bosh qotirib oʻtirmoqlik uchun chol benihoya soddadil edi. Ammo u oʻzining itoatgoʻy boʻlib qolganini va bu itoatdan u oʻz nomusi, insonlik qadr-qimmatini yoʻqotmaganligini bilar edi.
– Agar oqim oʻzgarmasa, ertaga kun yaxshi boʻladi, – dedi chol.
– Qayerda ov qilmoqchisan?
– Qirgʻoqdan uzoqroq joyda. Shamol oʻzgarganda qaytaman. Tong otmasdan chiqaman.
– Sherigimni ham uzoqroqda ov qilishga koʻndirish kerak boʻladi. Agar qarmogʻingga juda katta baliq ilinib qolsa, biz yordamlashib yuboramiz.
– Uning qirgʻoqdan koʻproq uzoqlashishga tobi-pobi yoʻq.
– Shunaqa, – dedi bola. – Ammo men uning koʻzi oʻtmaydigan biron narsani topishga harakat qilaman. Juda boʻlmasa, chaykalar bor-ku oʻshanda uni tilla makrel tutamiz deb uzoqroqqa borishga koʻndirish mumkin.
– Nahotki uning koʻzlari shu qadar ojiz boʻlib qolgan boʻlsa?
– Nimasini aytasan, koʻr desa ham boʻladi.
– Qiziq. U, axir, hech vaqt toshbaqa ovlamas edi, shekilli. Oʻzi shu toshbaqa ovi hammadan ham koʻzni oʻtmas qilib qoʻyadi.
– Lekin sen shuncha yil toshbaqa deb, Moskit qirgʻogʻiga borsang ham, koʻzlaring baribir, joyida-ku.
– Menmi? Mening zuvalam oʻzi boshqacha uzilgan.
– Agar juda ham kattakon baliq duch kelib qolsa kuching yetarmikin?
– Yetsa kerak deb oʻylayman. Hamma gap – epchillikda.
– Asboblarni uyga eltib qoʻyaylik-a. Keyin men toʻrni olib, sardin tutishga boraman.
Ular asboblarni qayiqdan tushirishdi. Chol yelkasiga machtani oldi, bola esa, jigarrang kalava ipdan chambarchas toʻqilgan qarmoq chilvirlari solingan yashik, changak va dastali garpunni koʻtardi. Qayiqda xoʻraklar solingan yashik hamda yirik baliqlarni suv betiga tortib chiqarilganda, ularni garang qnlish uchun ishlatiladigan toʻqmoq qoldi. Cholning asbob-uskunalarini oʻgʻirlab ketish hech kimning xayoliga ham kelmasa kerak edi, ammo yelkan va ogʻir anjomlar tun shabnamidan nam tortib qolmasligi uchun ularni uyga olib borib qoʻygan maʼqul edi. Garchi chol oʻz narsalariga shu yerlik odamlardan birontasi ham koʻz olaytirmasligiga amin boʻlsa-da, harqalay, changak va garpunnni yomon koʻzdan xoliroq tutishga harakat qilardi.
Ular yoʻldan cholning kulbasiga koʻtarildilar va lang ochiq eshikdan ichkariga kirishdi. Chol machta va unga oʻralgan yelkanini devorga suyadi, bola esa, qoʻlidagi narsalarni uning yoniga qoʻydi. Machtaning uzunligi bu yerda ougua deb ataladigan qirol palmalarining yaproqlaridai qurilgan kulbaning boʻyiga teng edi. Kulbada karavot, stol, stul va quruq sahnga pistakoʻmir bilan obi yovgʻon tayyorlash uchun oʻyilgan oʻchoq bor edi. Uning tekislab quritilgan tolasimon yaproqlardan boʻlgan jigar rang devorlarini Tangri qalbi va Santa Maria del Cobre ning rangdor oleagrafiya bilan ishlangan tasviri bezab turar edi. Bular unga marhum xotinidan qolgan edi. Qachonlardir devorda xotinining rangdor surati ham osigʻliq turardi, ammo, keyin chol uni bekitib qoʻydi, chunki koʻzi tushsa juda-juda ezilib ketardi. Endi surat burchakdagi tokchada, toza koʻylak ostida yotardi.
– Kechki ovqatga nimang bor? – soʻradi bola.
– Bir tovoq sariq guruch bilan baliq. Yeysanmi?
– Yoʻq, men uyda ovqatlanaman. Senga oʻt yoqib beraymi?
– Kerakmas. Keyinroq oʻzim yoqaman. Balki, guruchni sovuqligicha yerman.
– Toʻrni olsam maylmmi? – Bemalol.
Toʻr-poʻr degan narsadan allaqachonoq nom-nishon qolmagan – uni qay mahal pullab yuborishgani bolaning yodida edi. Shunday boʻlsa ham, har ikkovlari buni bilmaganga solishar va oʻzlarini goʻyo cholda toʻr borday tutishar edi. Mis tovoqda sariq guruch bilan baliq ham yoʻq edi, bola buni ham bilardi.
– Sakson besh – baxt keltiruvchi raqam, – dedi chol, – Qalay, ertaga ming qadoqli baliq tutishimga koʻzing yetadimi?
– Men toʻr topib sardin tutgani boraman. Hozircha ostonada oʻtirib tur, bu yerga oftob tushib turibdi.
– Mayli. Menda kechagi gazeta bor. Beysbol haqida oʻqib turaman.
Cholda haqiqatan ham gazeta bormidi, yoki bu ham yelgʻon gapmidi, bola bilmasdi. Lekin chol karavot tagidai chini bilan ham gazeta oldi.
– Menga buni vino doʻkonida Periko berdi, – deb tushuntirdi chol.
– Men sardin tutamanu qaytaman. Oʻzimnnkini ham, senikini ham birga muzga qoʻyaman, ertalab boʻlishib olamiz. Qaytib kelganimda, beysbol haqida gapirib berasan.
– “Yanki”ning yutqazishi mumkin emas.
– Klivlend “Hindilari” ularni boplab qoʻymasa deb qoʻrqaman.
– Qoʻrqma, oʻgʻlim. Ulugʻ Di Madjioni bir eslagin-a.
– Men faqat “Hindilar”dangina emas, Detroyt “Yoʻlbarslari”dan ham qoʻrqaman.
– Xudo koʻrsatmasin, sen hali sinsinatilik “Qiziltanlar”dan ham, Chikago “Oq paypoqlari”dan ham qoʻrqib oʻtirarsan.
– Gazetani oʻqib tur, men qaytgach, gapirib berasan.
– Menga qara, sakson besh raqamli lotereya biletini sotib olsak-chi, nima deysan? Axir, ertaga sakson beshinchi kun-ku!
– Olsak, olaveramiz-da, – dedi bola, – Balki sakson yetti raqamligi yaxshidir? Axir, oʻtgan gal sakson yetti kun boʻlgan edi-ku.
– Bir narsa ikki marta hech qachon qaytarilmaydi. Sen sakson besh raqamli biletni topa olasaimi?
– Qidirib koʻraman.
– Bir dona. Ikki dollaru ellik sentligidan. Buni qayerdan qarz olsak ekan?
– Bundan osoni yoʻq. Men ikki dollaru ellik sentni xohlagan vaqtimda qarz olishim mumkin.
– Olaman desam, men ham ilojini qilardimu, biroq men qarz olmaslikka harakat qilaman. Oldin qarz olasan, keyin sadaqa soʻraysan.
– Ehtiyot boʻl, qariya, tagʻin shamollab qolmagin. Sentyabr ekanligini unutma.
– Sentyabrda yirik baliq koʻpayadi. May oyida baliq ovlash har kimning ham qoʻlidan keladi.
– Xoʻp, boʻlmasa, men sardinni toʻgʻrilab kelay, – dedi bola.
Bola qaytib kelganda, kun botgan, chol esa kursida oʻtirganicha, uyquga ketgan edi. Bola karavotdan eski soldat odeyalini olib, kursi suyanchigʻi aralash cholning yelkasini yopib qoʻydi. Bu yelkalar cholning keksayib qolganiga qaramasdan zabardast, boʻyni ham, undan qolishmaydigan darajada baquvvat va hozir, chol bo-shini koʻkragiga solintirib uxlagan tobda, ajinlari ham u qadar koʻzga tashlanmas edi. Uning koʻylagi ham xuddi yelkaniday qirq yamoq boʻlib ketgan, yamoqlar quyosh taftidan ola-bula tusga kirgan edi. Ammo cholning yuzi harqalay ancha qarimsiq boʻlib qolgan va hozir koʻzlari yumilib uyquga ketganda, xuddi jonsizga oʻxshab koʻrinardi. Cholning tizzasida, uchib ketmasin deb, tirsak bilan bosib olingan gazeta yotardi. U oyoq yalang edi.
Bola uni uygʻotib oʻtirmay chiqib ketdi, qaytib kyolganda, chol hamon uyquda edi.
– Tur! – uygʻotdi uni bola va qoʻlini cholning tizzasiga qoʻydi.
Chol koʻzini ochdi va bir muddat qayerdandir, juda uzoqlardan qaytayotganday boʻlib turdi. Keyin u jilmaydi.
– Nima olib kelding?
– Yegulik keltirdim. Hozir ovqatlanamiz.
– Hali uncha ochiqqanim ham yoʻq.
– Kelsang-chi endi, och qoringa baliq ovlab boʻlarmishmi?
– Baʼzan shunday ham boʻlgan, – dedi chol oʻrnidan qoʻzgʻalarkan, gazetani taxlay turib, soʻng u odeyalini yigʻishtira boshladi.
– Odeyalni yigʻishtirma, – dedi bola. – Men tirik ekanman, ovqatlanmasingdan turib, seni baliq ovlashga qoʻymayman.
– Unday boʻlsa, dard koʻrmagin, umring uzoq boʻlsin, – dedi chol. – Qani, nima yeymiz.
– Qora loviya bilan guruch, qovurilgan banan va yaxna goʻsht.
Bola ovqatni Terras restoranidan metall idishda olib kelgan edi. U vilka, pichoq va qoshiqlarni choʻntagiga solib olgan, bularning har biri alohida-alohida qogʻoz salfetkalarga oʻralgan edi.
– Shuncha narsani senga kim berdi?
– Restoran xoʻjayini, Martin.
– Unga rahmat deb qoʻyish kerak.
– Xotirjam boʻl, men uni rozi qildim, – dedi bola.
– Men unga katta baliqning eng sergoʻsht joyidan beraman, – dedi chol. – Axir, bu uning bizga qilayotgan birinchi yordami emas-ku.
– Yoʻq, birinchi emas.
– Unday boʻlsa, bir boʻlak goʻsht ozlik qiladi. U bizga koʻp yaxshilik qilgan.
– Bugun-chi, pivo ham berdi.
– Men hammadan ham konservalangan pivoni yaxshi koʻraman.
– Bilaman. Lekin bugun u shishada pivo berdi. Shishasini qaytarib beraman.
– Xoʻp, rahmat senga, – dedi chol, – kel, ovqatlanaylik.
– Men senga qachondan beri ovqatlanaylik deyapman, – dedi mehribonlik bilan bola. – Ovqat sovub qolmasin deb, idishning ogʻzini ochmay, kutib turib-man.
– Hay mayli, yuvinib olsam boʻlardi-da. “Qayerda ham yuvinarding?” – oʻyladi bola. Bu yerdan kolonkagacha ikki kvartal bor edi. “Unga sovun va yaxshi sochiq olib berish zarur, suvning ham ketini uzmaslik kerak. Bu toʻgʻrida nega avval oʻylab koʻrmagan ekanman. Unga yangi koʻylak, qishki kurtka, biron etik-petik va yana bir odeyal ham lozim”.
– Lazzatli goʻsht ekan, – maqtadi chol.
– Beysbol haqida gapirib ber, – soʻradi undan bola.
– Amerika ligasida, men aytganimdek “Yanki” yutyapti, – mamnuniyat bilan soʻzlay boshladi chol.
– Shundayku-ya, lekin bugun ularning tozayam tit-pitini chiqarib yuborishdi.
– Bu hech gap emas. Yana ulugʻ Di Madjio oʻyinning payxovasini olgan.
– Komandada uning bir oʻzi emas-da.
– Toʻgʻri-yu. Lekin hamoi oʻyinning natijasi unga bogʻliq. – Bruklinliklar bilan filadelfiyaliklar oʻynaydigan ikkinchi ligada esa yutishga faqat bruk-linliklarda imkoniyat bor. Dik Sayzler qanday oʻynaganligini sen har holda eslasang kerak? Eski parkda boʻlgan oʻyindagi uning zarbalarini aytmaysanmi? Bay-bay.
– Juda zoʻr-e, qurgʻur! U hammadan uzoqqa otadi.
– Uning Terrasga kelgani esingdami? Men uni oʻzim bilan birga baliq oviga taklif qilmoqchi boʻldim-u, lekin iymandim. Senga taklif qil desam, sen ham uyalding.
– Esimda. Men qoʻrqib tentaklik qildim. Kim biladi, balki, rozi boʻlarmidi? Oʻla-oʻlguncha esdan chiqmaydigan ish boʻlardi-da.
– Qani endi ulugʻ Di Madjioni oʻzimiz bilan birga dengizga olib chiqolsak, a? – dedi chol. – Otasi baliqchi boʻlgan deyishadi. Kim biladi, balki uning oʻzi ham bir vaqtlar bizga oʻxshagan kambagʻal boʻlgandir. Aytganimizda, kelishga or qilib oʻtirmasdimi balki.
– Ulugʻ Sayzlerning otasi hech qachon kambagʻal boʻlgan emas. Mening yoshimda u chinakam komandada oʻynar ekan.
– Men boʻlsam sening yoshingda yelkanli kemada yunga boʻlib, Afrika qirgʻoqlariga suzib borganman. Kechqurunlari yoʻlbarslarning qirgʻoqqa chiqishini koʻrganman.
– Bir gapirib beruvding.
– Xoʻsh, biz nima haqda gaplashmoqchimiz oʻzi – Afrika toʻgʻrisidami yoki beysbol haqidami?
– Yaxshisi beysbol haqida. Menga buyuk Djon Mak-Grou haqida gapirib ber.
– U ham avvallari bizning Terrasimizga kelib turardi. Ammo ichib olsa, tamom, unga hech ham bas kelib boʻlmasdi. U faqat beysbolgina emas, ot jinnisi ham edi. Har doim choʻntagida musobaqa programmasini olib yurar va telefon orqali otlarning nomini atab, ularga pul tikardi.
– U ulugʻ trener edi, – dedi bola. – Otam, u butun dunyoda eng ulugʻ trener boʻlgan deydi.
– Uni boshqalardan koʻproq koʻrgani uchun shunday deydi. Agar Dyuroshe ham biz tomonlarga har yili kelib turganda, otang uni ham dunyoda eng ulugʻ trener, deb maqtagan boʻlardi.
– Seningcha, eng ulugʻ trener kim? Lyukmi yoki Mayk Gonsalesmi?
– Menimcha, ular bir-birlaridan qolishmaydi.
– Dunyoda eng chapdast baliqchi boʻlsa – sensan.
– Unday emas. Mendan ham zoʻr baliqchilarni koʻrganman.
– Qu e Va![1] – dedi bola. – Dunyoda yaxshi baliqchilar kam emas, juda ajoyiblari ham bor. Lekin sening oldingga tushadigani yoʻq.
– Rahmat. Sen shunday deb oʻylasang, xursandman. Menga judayam katta baliq tushmaydi, deb umid qilaman, aks holda, ishni doʻndirolmay qolib hafsalangnn pir qilib qoʻymasam, deb qoʻrqaman.
– Haqiqatan ham avvalgi kuching boʻlsa, dunyoda sen eplolmaydigan baliq topilmasa kerak.
– Balki, ilgarigi kuchim qolmagandir. Lekin menda gʻayrat bor, chidamim ham yetarli.
– Endi sen yotib uxla, ertalab tetik boʻlib turishing kerak. Men boʻlsam idishlarni olib borib beraman.
– Mayli. Xayrli kech. Ertalab men seni uygʻotaman.
– Sen men uchun naq qoʻngʻiroq soatning oʻzisan, – dedi bola.
– Men uchun qarilikning oʻzi qoʻngʻiroq soat. Chollar nega juda barvaqt turisharkin-a? Nahotki, buni qolgan umrlaridan bir kunini boʻlsa ham choʻzish niyatida qilishsa?
– Bilmadim. Faqat shuni bilamanki, yoshlar qattiq va koʻp uxlashadi.
– Boshimdan oʻtgan, bilaman, – dedi chol. – Men seni vaqtida uygʻotaman.
– Negadir meni anovi uygʻotganini yoqtirmayman. Xuddi men undan qolishadigandek.
– Tushundim.
– Xayrli kech, Santyago.
Bola ketdi. Ular chiroq yoqmasdan ovqatlanishganidan, chol qorongʻida yechinib yotdi. U kiyimlariga gazetani ham qoʻshib oʻrab, yostiq oʻrniga boshiga qoʻydi. Chol odeyaliga burkanib, karavotning quruq prujinalariga tashlab qoʻyilgan eski gazetalar ustiga choʻzildi.
U yotdi-yu, uxlab qoldi. Uyqusida yoshlik chogʻlari oʻtgan Afrika, uning uzun, oltin qirgʻoqlari va koʻzni qamashtirgudek oppoq sayozliklar, yuksak qoya va hay-batli qoʻngʻir togʻlar tushiga kirdi. Endi u yana har kecha uyqusida shu qirgʻoqlarga qoʻnar, uvvos bilan otilgan toʻlqinlarning shovqinini eshitar va yerlilar tushgan qayiqni toʻlqin qirgʻoqqa qanday surib borayotganini koʻrib turardi. Tushida u hamon palubadan chiqayotgan los va smola isini tuyar, dimogʻiga ertalabki shamol qirgʻoqdan olib kelgan Afrika nafasi urilardi.
Odatda shu boʻy dimogʻiga kirdi deguncha, chol uygʻonib ketar va kiyinib, bolani uygʻotgani joʻnardi. Ammo bugun oʻsha qirgʻoq hidi juda erta dimogʻiga urildi va bu tushida boʻlayotganini bilgach, dengizdan turtib chiqqan qoyalarning oq choʻqqilarini, Kanar orollarining gavan va koʻrfazlarini yana bir bor koʻrish uchun uyqusidan bosh koʻtargisi kelmadi.
Soʻnggi paytlarda uning tushiga na toʻfonlar, na xotinlar va na buyuk voqealar, na ulkan baliqlar va na janjal-suronlar, na kuch sinash musobaqalari va na oʻz xotini kirardi. Endi tushida uzoq oʻlkalar va qirgʻoqqa chiqayotgan sher bolalarinigina koʻrardi, xolos. Ular xuddi mushukchalar singari gʻira-shira tun qoʻynida gʻujgʻon oʻynashar va chol bolaga qanchalik muhabbat qoʻygan boʻlsa, bularni ham shunchalik sevar edi. Ammo bola hech qachon tushiga kirmasdi.
Chol uygʻonib ketdi, ochiq qolgan eshikdan oyga nazar tashladi va kiyinib tashqariga chiqdi, yozildi, bolani uygʻotish uchun yoʻldan yuqoriga qarab ketdi. Tonggi salqindan junjikdi. Ammo bu vaqtincha ekanini va tezda qayiqqa oʻtirib, eshkak esha boshlashi bilan isib ketajagini chol bilar edi.
Bola yashaydigan uyning eshigi ochiq edi, chol oyoq uchida ichkari kirdi. Bola old xonadagi karavotda. uxlab yotar, oyning siniq nurida chol uni tanib ola bilardi. U bolaning oyogʻidan ohista ushladi va u to uygʻonib, yelkasiga agʻdarilib oʻziga qaramaguncha, tutib turdi. Chol unga imo qildi; bola karavot yonidagi kursidan cholvorini olib, oʻtirganicha kiyib oldi.
Chol uydan chiqdi, bola ham unga ergashdi. U hamon chala uyquda edi va chol uning yelkasidan quchib, dedi:
- Meni kechir.
- Qu e Va! – dedi bola. – Biz erkaklarning qismatimiz shunaqa oʻzi. Nima ham qiliyu boʻlardi.
Ular cholning kulbasiga tushib borishdi. Butun yoʻl boʻylab, qorongʻida oʻz qayiqlarining machtalarini koʻtarib olgan oyoq yalang kishilar borishardi.
Kulbaga kelishgach, bola qarmoq kalavalari solinan savat, changak va garpunni koʻtardi, chol esa, machta va unga oʻralgan yelkanni yelkasiga ortdi.
– Qahva ichasanmi? – soʻradi bola.
– Avval mana bularni qayiqqa eltib qoʻyaylik, keyin qahva ichamiz.
Ular baliqchilar uchun juda erta ochiladigan tamaddixonada konserva bankada qahva ichishdi.
– Yaxshi uxlab turdingmi, qariya? – soʻradi bola; uning issiq oʻrinni saharu mardon boʻlmasdan tark qilganidan qiynalayotgani koʻrinib tursa ham, har qalay, u, boyagiga qaraganda ancha tetik tortgan edi.
– Juda yaxshi, Manolin. Bugun omadimiz kelishiga ishonaman.
– Men ham, – dedi bola. – Endi men sardinlarimizni va sening hoʻraklaringni keltiray. Mening sherigim mayda-chuydasini oʻzi tashiydi. Narsalariga boshqalarning qoʻl urishini yoqtirmaydi.
– Sen bilan biz boʻlsak, unday emasmiz. Yoshing beshlarda ekanligidayoq, senga u-buni tashitib oʻrgatganman.
– Bilaman, – dedi bola. – Toʻxtab tur, hozir qaytaman. Qahva ichib oʻtir. Bu yerda bizga qarz berishadi.
U marjon riflari ustidan yalang oyoqlari bilan shilp-shilp odim tashlab, xoʻraklar saqlanadigan sovuqxona tomonga ketdi.
Chol maydalab ohista qahva hoʻpladi. Hozir qonib qahva ichib olish kerakligi, chunki shu bilan endi uzzu-kun tuz totmasligi cholga ayon edi. Ovqatlanishning oʻzi allaqachonoq uning joniga tekkan va chol hech mahal dengizga oʻzi bilan yegulik olib chiqmas edi. Qayiqning burnida suv toʻldirilgan shisha saqlanar – cholga kechgacha shuning oʻzi kifoya edi.
Bola sardinlar va gazetaga oʻralgan xoʻraklarni koʻtarib qaytib keldi.
Baliqchilar soʻqmoq boʻylab mayda toshlarni shovdirata-shovdirata suv boʻyiga tushib kelishdi. Ular qayiqning tagidan koʻtarib, suvga siljitishdi.
– Ishing oʻngidan kelsin, qariya.
– Seniki ham.
Chol eshkaklarning arqondan qilingan xalqasini qayiqning ikki chetidagi qoziqlarga oʻrnitib mahkamladi-da, oldinga enkayib, qayiqni qorongʻida gavandan olib chiqa boshladi. Boshqa yerlardagi qayiqlar ham dengizga qarab yoʻl olgan, oy tepaliklar ortiga oʻtib ketganidan chol ularni koʻrmas, ammo eshkaklarning suvga urilgan ovozini baralla eshitardi.
Oʻqtin-oʻqtin quloqqa kishilarning goh u qayiqdan, goh bu qayiqdan chiqayotgan tovushi chalinardi. Ammo aksar qayiqlarda sukunat hukm surar va oʻsha yoqdan faqat eshkaklarning choʻpillagani eshitilardi. Koʻrfazdan chiqqach, qayiqlar turli tomonga tarqab ketdi, qaysi baliqchi qayerdan baliq topishga umid bogʻlagan boʻlsa, oʻsha yoqqa yoʻl tutdi.
Chol qirgʻoqdan ancha olisga ketishni avvaldanoq oʻylab qoʻygan edi; u yerning anvoyi boʻyini ortda qoldirib, toʻgʻri salqin tonggi okean quchogʻi sari eshkak ura boshladi. Okeanning baliqchilar “buyuk quduq” deb atashgan yeridan oʻtib keta turib, chol okean qaʼrida yaltirab turgan suv oʻsimliklarini koʻrdi. Bu yerda chuqurlik deyarli yetti yuz dengiz sarjini[2] miqdorida tikkasiga tushib borar va bunday oqim okean tubining oʻtkir doʻnglariga urilib, aylana hosil qilganidan turli-tuman baliqlar toʻplanishar, xususan, krivetka va mayda baliqlarning beqiyos toʻdalari yigʻilib qolardi, juda katta chuqurliklarda esa, goho koʻpdan-koʻp karakatitsalar gʻujgʻon oʻynashadi: ular tunda okean yuziga chiqishadi va daydi baliqlarga yem boʻlishadi.
Chol qorongʻida tong yaqinlashayotganini sezdi, eshkak urarkan, qulogʻiga titroq tovush chalindi – uchar baliqlar suvdan chiqar va temirdek qanotlari bilan havoni kesib allaqayoqlarga gʻoyib boʻlardi. Chol uchar baliqlarga mehr qoʻygan, ular bu yerda, okeanda unga eng yaxshi hamroh boʻlib qolgan edilar. Chol qushlar va ayniqsa, betinim oziq axtarib uchgan, ammo deyarli hech qachon uni topolmaydigan jimit va nozik dengiz qaldirgʻochlariga achinib ketar va “Qushlar turmushi, qirinqora va katta, kuchli qushlarni hisobga olmaganda, bizning kun kechirishimizga qaraganda ham juda ogʻir. Okean gohida shu qadar ham berahm boʻlar ekan, nima uchun qushlarni mana bu dengiz qaldirgʻochlari singari nozik va shikasta qilib yaratganlar. Okean saxiy va goʻzal, ammo u goho toʻsatdan shunday shafqatsiz boʻlib ketadiki, uning ustida oziq ilinjida charx urib shoʻngʻib, ojiz va mungli ovoz bilan bir-birlariga joʻr boʻlib uchgan bu qushlar unga nisbatan benihoya zaif va moʻrt koʻrinadi”, deb oʻylardi.
U har doim dengizni, unga muhabbat qoʻygan hamma kishilar kabi xayolidan ispanchasiga la mar deb atardi. Ayrim paytlarda dengizga mehr qoʻygan odamlar, u haqda badxazm gaplar aytishadi, ammo doimo bu gaplar dengiz emas, goʻyo ayol ustida borayotganga oʻxshaydi. Akula jigarining narxi oshib borayotgan kunlarda sotib olingan motorli qayiqlarda yurib, qarmoqlariga poʻpak oʻrniga buy[3] ishlatadiganlar xilidan boʻlgan yoshroq baliqchilar esa dengizni Vel mar deb ataydigan va unga er kishiga qaraganday qaraydilar. Ularning nazdida dengiz goʻyo, hududsiz bir sayhon, goʻyo bir raqib, gohida esa, hatto bir dushman boʻlib koʻrinadi.
Chol boʻlsa, doimo dengiz tiyilganda, goh tengi yoʻq saxovatlar inʼom etib, goh tumtayib turib oluvchi xotin kishini koʻz oʻngiga keltiradi. Agar u yengiltak yoki xunuk ishlar qilib qoʻysa, nima ham qilib boʻlardi, tabiati oʻzi shunaqa demoqlikdan boshqa iloji yoʻq. “Oy xotin kishining qitigʻiga tegib, joʻshtirib yuborganday, dengizni ham javlon urdiradi”, deb oʻylardi chol.
U kuchanmasdan, bir meʼyorda eshkak urar, chunki oqim girdob hosil qilmagan joylardan tashqari, okean sirti tep-tekis, silliq edi. Chol oʻzi bajarishi kerak boʻlgan ishning uchdan bir qismini oqimga qoʻyib bergan va kun yorishganda, u xuddi shu mahalda yetishni moʻljallagan yerdan ham ancha olisga ketib qolganini koʻrdi.
“Juda chuqur joylarda butun bir hafta ov qilib, hech narsa tutganim yoʻq, – deb oʻyladi chol, – bugun men bonito va albakore toʻdalari qayerda boʻlsa, oʻsha yerda baxtimni sinab koʻraman. Xudodan boʻlib, yirik baliq uchrab qolsa-ya?”
Hali tong oqarmasdan, xoʻrak qistirilgan qarmoqlarini suvga tashladi va qayiqni oqimda ohista boshqarib bordi. Xoʻraklardan biri qirq dengiz sarjinicha chuqurlikda edi, boshqasi yetmish besh sarjin pastga tushdi, uchinchi va toʻrtinchilari esa yuz va yuz yigirma besh sarjin chuqurlikka choʻmdi. Xoʻraklarning bosh qismi pastga osilib turar, qarmoqning oʻqi xoʻrak-baliq ichidan oʻtkazilib, mustahkam qilib qoʻyilgan, qarmoqning oʻzi – buklamasi va suyrisi yangi sardinlar bilan qoplangan edi. Sardinlar qarmoqqa ikkala koʻzidan oʻtkazilgan va ular poʻlat buklamada marjondek tizilib turardi. Yirik baliq qarmoqqa yaqinlashganda, uning har bir luqmasi nechogʻliq totli va ishtaha qoʻzgʻaydigan darajada mazali ekanligini sezardi-qoʻyardi.
Chol, bola berib yuborgan ikkita yangi tutilgan yirtqich baliq – tunetsni eng uzun chilvirlarga xoʻrak qildi, qolgan ikki chilvirga esa, kattakon zangori makrel bilan sariq umbritsani ildi. Bulardan avvalgi ovda foydalargan boʻlsa-da, ular hali ham yangidek turar, ajoyib sardinlar esa, ularni xushtaʼm qilar, baliqlarning nafsini qitiqlardi. Yoʻgʻonligi katta qalamday boʻlgan har bir chilvir pishiq, egiluvchan chiviqqa tortilgan ediki, baliqning yemga sal boʻlsa ham tegib oʻtishidan chiviq suvga egilardi. Bundan tashqari, chilvirlar har biri qirq sarjin uzunlikda boʻlgan navbatdagi kalava uchlariga ulangan, bu kalavalar yana boshqa ehtiyt shart kalavalarga ulanishi mumkin edi. Kerak boʻlganda, ilingan baliqni uch yuz sarjin uzoqlikka qoʻyib yuborilsa ham boʻlaveradi.
Endi chol koʻk chiviqlar bortga egilmasmikin, deb kuzatib oʻtirar va chilvirning suvga tik hamda lozim boʻlgan chuqurlikka tushishiga eʼtibor berib, ohista suzardi. Hammayoq yorishib ketdi, quyosh mana-mana chiqaman derdi.
Quyosh dengizdan bilinar-bilinmas koʻtarildi va boshqa qayiqlar ham cholning koʻziga tashlandi, ular qirgʻoqqa ancha yaqin boʻlib, butunlay oqim bagʻrida suvga past choʻkkan holda turar edilar. Keyin oftob shuʼlasi oʻtkirlashdi, suvda uning yolqini aks etdi, quyosh ufqdan batamom koʻtarilganda, dengizning sip-silliq sirti yolqin nurlarini toʻgʻri koʻzga keltirib urdi-yu, qattiq azob bera boshladi: chol suvga qaramasdan, eshkak tortishga harakat qildi. U oʻz chilvirlari choʻzilib ketgan sim-siyoh dengiz tubiga tikilib oʻtirardi. Uning chilvirlari suvga boshqa baliqchilarnikiga qaraganda tikroq tushar va yemishlar har xil chuqurliklarning tayin bir oʻrnida oʻz oʻljasini kutardi. Boshqa baliqchilar oʻz qarmoqlarini oqimga beparvo qoʻyib berishar, natijada yuz sarjinga tashladim deb oʻylagan qarmoqlari ayrim paytlarda oltmish sarjin chuqurlikka zoʻrgʻa yetgan boʻlardi.
“Men qarmoqlarimni doimo bexato tashlayman, – deb oʻyladi chol. – Oʻzi ishim oʻngidan kelmayapti. Yana kim biladi? Ehtimol, baxt bugun menga ham kulib boqar. Har kunning oʻz taomili bor. Albatta, kishining ishi yurashib turganiga nima yetsin. Ammo men oʻz ishimning puxta boʻlishini maʼqul koʻraman, Baxt kelgan chogʻda, uni kutib olmoqqa tayyor turaman”.
Quyosh koʻtarilgandan beri ikki soat atrofida vaqt oʻtdi, endi sharq tomonga bemalolroq qarash mumkin edi. Uzoqda hozir faqat uchtagina qayiq koʻzga tashla-nardi. Bu yerdan qaraganda, ular suvdan zoʻrgʻa koʻtarilib turganday tuyular, qirgʻoqdan hech bir uzoqlashmaganga oʻxshardi.
“Koʻzlarimni bir umr tong yogʻdusi qamashtirib keladi, – deb oʻyladi chol. – Ammo ular hali ham oʻtkir. Kunbotarda quyoshga bemalol qaray olaman, biroq shun-da ham koʻzim jimirlashib ketmaydi. Kechqurun boʻlsa, quyosh kuchliroq nur sochadi. Ammo ertalablari u menga azob beradi”.
Shu payt u qarshisida uzun qora qanotlarini yozib, koʻkda charx urgan dumdor qush – fregatni koʻrdi. Qush qanotlarini yigʻib, oʻzini oʻqdek suvga urdi, keyin yana gir aylanib ucha boshladi.
– Oʻlja sezganga oʻxshaydi, – dedi chol oʻziga oʻzi. – Bekorga aylanmayapti.
Chol qayiqni qush kezayotgan tomonga qarab ohista va bir meyorda boshqarib borardi. U chilvirlar suvga tikkasiga tushib borsin deb, shoshmasdan ularni kuzatib kelardi. Shunday boʻlsa ham qayiq, harqalay oqimdan koʻra picha tezroq borar va chol hamon rasamadi bilan ov qilayotganiga qaramasdan xatti-harakatlari qush koʻringunga qadar boʻlgandan koʻra, birmuncha tezlashgan edi.
Fregat balandroqqa koʻtarildi va qanotlarini muallaq tashlab, yana chir aylana boshladi. Birdan u shoʻngʻidi va chol uchar baliqning suvdan otilib chiqqanini, dengiz sirti boʻylab jon-jahdi bilan qanot shopirib ucha ketganini koʻrib qoldi.
– Makrel, – dedi chol baland ovoz bilan. – Yirik tilla makrel.
U eshkaklarni suvdan koʻtarib qoʻydi va qayiq burnidagi taxta kat ostidan chilvir oldi. Chilvir uchiga ingichka sim bilan mahkamlangan maydaroq qarmoqqa u sardinlardan birini ildi. Chol chilvirni suvga tashlab, bir uchini qayiqning quyrugʻiga boʻrab oʻrnatilgan halqaga bogʻlab qoʻydi. Keyin u boshqa chilvirga ham xoʻrak oʻrnatdi-da, kalavani yoymasdan katning soyasiga tashladi. Eshkakni qoʻlga oldi va suv ustida endi past uchib ov qilayotgan uzun qanot, qora qushni kuzatishda davom etdi. Qush qanotlarini yigʻib yana suvga shoʻngʻidi. Soʻng uchar baliq ortidan quvarkan, ojiz va uquvsiz qanot qoqdi. Chol suv sal-pal toʻzgʻiyotganini koʻrdi, – tilla makrel oʻzidan qochayotgan baliqni taʼqib etardi. Baliq suvga tushadigan onda, xuddi uning ostida paydo boʻlmoqlik uchun, makrel shiddat bnlan suzib, baliq qarshisidan kesib chiqishga intilardi
“U yerda juda katta makrel toʻdasi borga oʻxshaydi, – oʻyladi chol. – Ular bir-birlaridan ancha narida suzishadi, baliqning qochib qutulishi amri mahol. Qushning boʻlsa, uni changalga olishga hech qanday umidi yoʻq. Uchar baliq fregatga haddan tashqari yiriklik qiladi. U qushni oʻziga yetkazib boʻpti”.
Chol uchar baliqning suvdan qayta-qayta otilib chiqayotganini, qush esa uni tutish uchup noshud va oʻngʻaysiz harakatlar qilayotganini kuzatib borardi. “Mak-rel qoʻldan chiqdi, – deb oʻyladi chol. – U juda ham uzoqqa juda ham tez suzib ketadi. Ammo, balki menga toʻdasidan ayrilib qolgan makrel duch kelib qolar, ajab emas, yana uning yaqinida menga atalgan katta baliq ham suzayottan boʻlsa! U qayerdadir boʻlishi kerak-ku, axir”.
Yer ustida bulutlar endi xuddi togʻ tizmalari kabi yuksalib koʻrinar, qirgʻoq esa uzun yashil qiyqaga oʻxshar, uning ortida och zangori tepalar choʻzilib ketgan edi. Suv toʻq koʻkimtir, deyarli binafsha rang tusga kirdi. Chol suvga qaragan kezlarda, u zim-ziyo okean qaʼrida planktonlarning qizgʻimtir jilvalari, hamda quyosh nurlarining ajib tovlanishlarini koʻrardi. U chilvirlar suvga tik kirib borayotibdimi, yoʻqmi deb kuzatib turar va atrofida planktonning koʻpligidan, bu esa baliq inoyat qilishi mumkinligidan shodlanar edi. Hozir, shu tobda, kun koʻtarilib qolganda, nurning suvdan akslanib chiqayotgan ajib tovlanishlari ham xuddi qirgʻoq tarafda osilib turgan bulut avzoyi kabi yaxshi havo boʻlishidan darak berardi. Aytganday, qush allaqachon uzoqlab ketgan, suv betida esa, oftobda kuyib ketgan sargass suv yoʻsinlarining sap-sariq tutamlari, hamda qayiqdan picha narida suzib yurgan nofarmon, jilvaguy shilimshiq hubob – portugal fizaliyasidan boshqa hech vaqo koʻrinmasdi. Fizaliya yon tomoniga agʻdarildi, keyin yana oʻzining avvvalgi holatini tikladi va oʻz ortidan deyarli bir metrcha masofada ajal tashuvchi uzun siyoh rang panjalarini sudrab kelaverdi.
– Voy, qanjigʻ-yey! – dedi chol
Yengilgina eshkak esha turib, u dengiz tubiga qaradi va u yerda juda ham mayda, suvda sudralib yurgan mana shu qisqichpanjalar qanday rangda boʻlsa, shunday tus olgan baliqlarni koʻrdi; ular panjalar orasida va suv oqizayotgan xubob soyasida suzib yurishardi. Bularga panjalardan chiqadigan zahar taʼsir qilmas edi. Odamlarga boʻlsa, boshqa gap: xuddi mana shunga oʻxshagan shilimshiq va nofarmon panjalar chilvirga yopishib olgan mahallarda, chol baliqni chiqarib olguncha, qoʻllari to tirsagigacha, xuddi zaharli chirmovuqdan hosil boʻlgan jarohatlar singari yaralar bilap qoplanardi. Zaharlanish juda tez roʻy berar va xuddi qamchi bilan urgandek badanda qattiq sirqiroq ogʻriq uygʻotardi.
Anvoyi jilolar bilan tovlanuvchi xuboblar beqiyos rangin koʻrinadi. Biroq ular dengiz maxluqlari orasida eng ashaddiysi hisoblanar ediki, chol ulkan dengiz toshbaqalarining ularni yamlab yutishidan zavqlanar edi. Fizaliyalar koʻringan zamonoq, toshbaqalar koʻzlarini yumib, har qanday xavf-xatardan xoli boʻlgan holda ularga qarshidan yaqinlab borishar va zum oʻtmay, fizaliyalarni changal-pangallari bilan qoʻshib yutib yuborar edilar. Toshbaqalarning fizaliyalarni gʻipillatib tushirishlarini tomosha qilish cholga juda yoqar edi. Uning oʻzi ham toʻfondan soʻng, qirgʻoqda ular ustidan yurib, qadoq tovonlari bilan mijigʻlab oʻtarkan, pufaklarning yorilishiga quloq solishni yaxshi koʻrardi.
U yashil toshbaqalarni koʻrkam va epchil boʻlgani, qolaversa, savdoda qadrga ega ekanligi boisidan yoqtirar va sap-sariq qalqon kosasiga burkanib olgan, ishqiy mojarolarda injiq, portugal fizaliyalarini koʻz yumib yutadigan lanj va landavur, qalbaki karettlarga bir qadar nafrat bilan qarardi.
Juda koʻp yillar davomida toshbaqa ovlovchilar bilan birga eshkak tortishgan boʻlsa-da, oʻzida bu jonivorlarga nisbatan xurofiy bir qoʻrqinch sezmas edi. Chol ularga achinar va hatto, terisi qalin, uzunligi qayiq boʻyicha keladigan, bir tonna chamasi ogʻirlikdagi lut deb ataluvchi ulkan toshbaqalarga ham rahmi kelar edi.
Koʻpchilik odamlar toshbaqalarga berahm munosabatda boʻladilar. Axir, bu jonivorni oʻldirib, nimta-nimta qilganlaridan keyin ham, uning yuragi anchagacha urishdan toʻxtamay turadi-ku. “Ammo lekin, – deb oʻyladi chol, – yuragim yuragidan farq qilmaydi, qoʻl-oyoqlarim boʻlsa, uning panjalariga juda ham oʻxshab ketadi”. U oʻziga quvvat boʻlsin deb, oppoq toshbaqa tuxumidan yerdi. Haqiqiy yirik baliqlar koʻpayadigan sentyabr va oktyabr oylarida bardam boʻlish uchun butun may oyi shuni isteʼmol qilardi.
Chol har kuni koʻpchilik baliqchilar oʻz asbob-uskunalarini asrab qoʻyadigan saroydagi kattakon bochkada saqlanuvchi akulaning jigar moyidan ham keragicha ichib olar edi. Moydan kimligidan qatʼiy nazar, istagan baliqchi foydalanishi mumkin edi. Aksar baliqchilar bu moyning tamini oʻlguday qoʻlansa deb topishar, biroq uni ichish kallai saharlab turishga qaraganda yoqimsiz emasdi, ustiga ustak u shamollab qolinganda qoʻl kelar, koʻzga ham foydali edi.
Chol koʻkka qaradi va yana dengiz ustida fregat aylanib uchayotganini koʻrdi.
– Baliq topibdi, – dedi u ovoz chiqarib.
Na biron uchar baliq sokin suv betini bezovta qilar va na atrofda mayda chavaqlar koʻrinar edi. Ammo chol shu onda uncha katta boʻlmagan tunets havoga sapchib koʻtarilib, bir oʻmbaloq oshgancha, yana dengizga kalla urib gʻoyib boʻlganini koʻrdi.
Tunets oftobda kumushday yarqirab ketdi, uning ketidan mayda baliqlarga sapchib-sapchib otilib, boshqa tunetslar ham chor atrofda suvni mavjlantirib di-kirlasha boshladilar. Ular mayda baliqlar yonida chir aylanishar, oldilariga solib quvlashar edi.
Tunetslarning suvni koʻpiklantirib charx urishiyu, fregatning tunetslar dahshati yuzaga chiqishga majbur qilgan baliqchalarni tuta turib, shoʻngʻiganini kuzatar ekan: “Agar ular juda tez suzib ketishmasa, men butun toʻdani quvib yetaman”, – deb dilidan oʻtkazdi. – Qush baliqchining sadoqatli koʻmakchisi, – dedi chol.
Shu payt quyruqdan tushirilgan bir oʻrami oyogʻi ostida boʻlgan kalta chilvir tarang tortildi. Chol eshkaklarni tashladi va kalavaning uchidan mahkam ushlab oldi-da, jon achchigʻida qarmoqni tortqilayotgan oʻrta miyona tunetsning zalvorini his qilgan holda, uni yigʻishtira boshladi. Chilvir qoʻlida borgan sari kuchliroq yulqinardi. U oʻljani qayiqqa chiqarib olib, bortdan oshirib tashlamasidanoq, baliqning zangori sirti va oltinsimon jilva qilgan biqinlarini koʻrdi.
Miqtidan kelgan, xuddi quyib qoʻyilgan oʻqdek tunets qayiqning kungay sahnida yotar va maʼnisiz katta koʻzlarini ola-kula qilib, sip-silliq, serharakat quyrugʻini jonholatda bilanglata-bilanglata hayot bilan vidolashardi. Rahmi kelib ketgan chol uning boshiga urib oʻldirdi va hali joni tamom chiqib ul-gurmagan baliqni katning tagiga, soyaga oyogʻi bilan itqitib yubordi.
– Albakore, – dedi u ovoz chiqarib, – undan ajoyib xoʻrak chiqadi. Oʻziyam oʻldim deganda, oʻn qadoqdan kam emas.
Chol qachondan boshlab oʻz-oʻzi bilan ovoz chiqarib soʻzlashadigan boʻlib qolganini endi eslolmas edi. Avvallari tanho qolganda, u xirgoyi qilardi. Katta
elkanli kemalarda suzib, vaxtada turgan yo toshbaqa oviga borgan kezlari goho-goho u kechalari ham qoʻshiq aytardi. Ehtimol, bola undan ketgandan keyin, yolgʻiz oʻzi qolgach, oʻzi bilan oʻzi gaplasha boshlagandir. Hozir buni eslay olmaydi. Ammo bola bilan birga ov qilgan mahallarida ham, bunga zarurat tugʻilgan chogʻdagina gallashar edilar. Gaplashganda ham koʻpincha kechalari yoki buzuq ob-havo tufayli majburan boʻsh qolganlaridagina gaplashar edilar. Dengizda huda-behudaga gapiravermaslik odat tusiga kirgan. Nurli-nursiz gaplarni cholning oʻzi ham yoqtirmas va shu odatni hurmat qilardi. Mana endi boʻlsa, u, oʻz oʻylarini juda koʻp marta ovoz chiqarib takrorlar, nafsilamrga buning birovga ayil botadigan oʻrni ham qolmagan edp.
– Agar oʻzim bilan oʻzim gaplashyotganimni bitta-yarimta eshitib qolganda, u meni jinni-pinniga chiqarib qoʻyardi, – dedi chol. Ammo men esdan ogʻmagan ekanman, kimning bu bilan qanchalik ishi bor? Davlatmandlarning xoʻp ham oshigʻi olchi-da: qayiqlarida radiolari bor, ularga har turli voqealarni soʻzlab beradi, beysbol yangiliklarini eshittirib turadi.
“Hozir beysbol haqida oʻylashning vaqtimas, – dedi chol oʻziga. – Endi faqat bir narsa ustida bosh qotirish kerak. Gap mening nima uchun tugʻilganim ustida boradi. Ehtimol, qayerdadir, mana bu tunets galalari bilan yonma-yon boʻlib mening ulkan baligʻim ham daydiyotgandir. Axir, men bor-yoʻgʻi birgina albakore ushladim, u ham toʻdasidan ayrilib qolgani. Ular boʻlsa sohildan ancha yiroqda ov qilishadi, yana juda ham tez suzishlarini aytmaysizmi. Bugun dengizda nima uchrayotgan boʻlsa, hammasi ham juda tez suzib, shimoli sharqqa qarab boryapti yoki kunning mana shu paytida doimo shunday boʻlarmikin? Balki, bu havoning oʻzgarishidandir va men uning belgisini bilmasman”.
Koʻm-koʻk sohil sathi cholga allaqachon koʻrinmay qolgan edi; uzoqda bu yerdan xuddi qor bilan qoplangandek oppoq boʻlib koʻrinuvchi zangori tepaliklarning boshlarigina koʻzga tashlanar edi. Ularning ustida turgan bulutlar ham yuksak qorli togʻlarga oʻxshab koʻrinardi. Dengiz qop-qora tusga kirib, quyosh nurlari suvda sina boshladi. Endi planktonning son-sanoqsiz jilvalari tikkaga kelgan quyosh tufayli soʻnib qolgan, chol hozir faqat qoramtir suvda sinib qaytayotgan quyosh nurlaridan hosil boʻlgan yirik va rangin dogʻlaru, pastga qarab tippa-tik ketgan chilvirlarnigina koʻrardi. Chuqurlik esa bu yerda bir milga yetib qolardi.
Tunetslar (baliqchilar bu turkumga kiruvchi hamma baliqlarni tunets deb atashar va ularning asl nomlarini bozorga sotish uchun olib borgan yoki xoʻrak oʻrnida pullagan paytlaridagina farq qila boshlardilar) yana dengiz tubiga tushib ketishdi. Qizdirgandan qizdirib borayotgan quyosh ensasini kuydirib oʻtayotganini chol sezib turardi. U eshkak tortayotganda, ter yelkasidan duvillab oqardi.
“Qayiqni oqimga qoʻyib berishim, vaqtida uygʻonish uchun esa chilvirni oyogʻimning boshmaldogʻiga bogʻlab qoʻyib, mizgʻib olishim mumkin edi, – deb oʻyladi chol. – Ammo bugun – sakson beshinchi kun, shuning uchun ham hushyor boʻlish kerak”.
Shu payt u yashil qarmoqlardan birining qimirlab ketib, suvga egilib tushganini paypqab qoldi.
– Ana xolos, – dedi u. – Aytmovdimmi! – va qayiqni bezovta qilmaslikka harakat qilib, eshkaklarni suvdan tortib oldi.
Chol chilvirga tomon enkayib, uni oʻng qoʻlining bosh va koʻrsatkich barmoqlari bilan avaylab tutdi. U baliqning zoʻr berib kuchanmayotganinn sezib turar, shun-dan boʻlsa kerak chilvirni siqimlamay, yengilgina ushlab olgan edi. Biroq chilvir mana yana qaltirab ketdi. Bu safargi siltov oldingisiga qaraganda ehtiyotkorona va zaifroq ediki, chol buning nima maʼno anglatishini aniq bilar edi. Yaʼni, yuz dengiz sarjinicha tubanda marlin qarmoq ilgagining uchi bilan buklamasiga tizilgan sardinlarni yamlamay tushirar, qoʻlbola qilib yasalgan qarmoq ilgagining oʻzi esa maydaroq tunets kallasidan teshib oʻtkazilgan edi.
Chol kalavani yengilgina tutib turib, chap qoʻli bilan uni qarmoq dastasidan yechib oldi. Endi kalava barmoqlari orasidan baliqni seskantirmay sirgʻalib chiqa olar edi.
“Qirgʻoqdan shunchalik olisda, yana yilning mana bu faslida, baliq juda ham katta boʻlsa kerak. Yeyaver. Yegin endi, ol, yegin. Sardinlar biram mazali, sen boʻl-sang juda sovqotgansan, olti yuz fut chuqurlikda suv juda ham sovuq va qop-qorongʻi boʻladi. Qorongʻida yana bir marta aylanib kel, orqangga qayt va ol, ye, yeyaver!” U yengil, sergak siltov sezdi, sal oʻtmay bu kuchliroq boʻlib takrorlandi – bitta-yarimta sardinni qarmoqdan yulib olish mushkulroq boʻlayotgani koʻrinib turardi. Keyin jimjit boʻlib qoldi.
– Boʻla qolsang-chi, – dedi chol ovoz chiqarib, – yana bir burilib kel. Hidini qara, hidini. Qanday ajoyib-a, toʻgri emasmi? Toʻyib-toʻyib yeb ol! Keyin qarab-sanki, tunetsni totib koʻrish gali keladi! Axir u shunday ham soʻlqillagan, muzdakkina, bir shirinki, qoʻyaverasan. Qisinib-qimtinib oʻtirma, baliq. Yegin, ol, yesang-chi, oʻtinaman sendan.
U, bosh va koʻrsatkich barmoqlari bilan kalavani tutib, baliqning joydan-joyga suzib oʻtish ehtimoli borligidan bir paytning oʻzida boshqa chilvirlardan ham koʻz uzmay kutardi. Birdan u yana qarmoq ipining yengil, bilinar-bilinmas tortqilanganini payqadi.
– Choʻqiydi – dedi chol ovoz chiqarib. – Choʻqiydi, xudoyo dard koʻrmagur!
Ammo u choʻqigani yoʻq. Ketib qoldi. Chilvir ham qimir etmasdi.
– Uning butunlay ketishi mumkin emas, – dedi chol. – Xudo shohid, uning ketishi mumkin emas. U bor-yoʻgʻi qayrilib kelyapti. Ehtimol, u biron marta qar-moqqa tushib chiqqan va bu hali xayolidan koʻtarilmagandir.
Shunda u yana qarmoq ipining ohista tortqilanganini sezdi va dili taskin topdi.
– Aytmovdimmi, u faqat qayrilib kelyapti deb… – dedi chol. – Mana endi choʻqiydi!
U baliqning hurkib-hurkib chilvir tortqilashidan oʻzini qoʻyarga joy topmasdi. Toʻsindan, chol qandaydir, favquloda bir zilu zambil ogʻirlik sezdi. Sezdi-yu, chilvirni boʻshatib, ehtiyotdagi kalavalardan birini chuvatgancha, uning borgan sari quyi, quyi, quyiga tushib borishi uchun imkon berdi. Chilvir barmoqlardan osongina sirgʻalib chiqib pastga ketib borar, uni ushlar-ushlamas tutib turganiga qaramasdan, chol oʻramni yamlab ketayotgan gʻoyat zoʻr ogʻirlikni his qilib turardi.
– Asti qanday balo baliq boʻldi oʻzi! – dedi u ovoz chiqarib. – Qarmoqni yamlab olib, endi uzoqroqqa juftakni urmoqchi.
“U baribir orqasiga qayriladi, qarmoqni ham yutib yuboradi”, – deb oʻyladi chol. Biroq bir kori hol boʻlib oʻtirmasin, deb choʻchidi shekilli, ovoz chiqarmadi. Chol bu baliqning qanchalik totli ekanini bilar, xayolan uning lunjida koʻndalang tiqilgan tunets bilan qorongʻida borgan sari uzoqroqqa ketayotganini koʻz oʻngiga keltirardi. Qandaydir bir muddat ichida harakat toʻxtadi, ammo chol hali ham baliq vaznini his qilib turardi. Keyin tortish avjga chiqdi, chol yana oʻramni boʻshatdi. U bir nafas chilvirni toʻxtatib koʻrdi, tortim birdan kuchayib ketdi va oʻram tikkasiga pastga yulqindi.
– Choʻqidi, – dedi chol. – Endi bir burnidan chiqquncha toʻyib yeb olsin-chi.
U chilvirni oʻz holiga qoʻyib berdi-da, chap qoʻli bilan ikki ehtiyot kalavaning boʻsh uchini, boshqa qarmoqning ikki ehtiyot kalavasiga uladi. Shu bilan hammasi taxt boʻldi. Hozir qoʻlidagidan tashqari, unda yana har birining uzunligi qirq sarjindan keladigai uchta ehtiyot shart kalava ipi ham bor edi.
– Yana picha yesang-chi, – dedi u. – Yeyaver, uyalma. “Shunday yeginki, toki qarmoq ilgagi naq yuragingga borib yetsinu, til tortqizmay gumdon qilsin seni, – deb oʻyladi u. – Oʻzing yonimga chiqqin, bu yogʻiga garpun sanchishni menga qoʻyib ber. Shundoq boʻlsin. Qalay, tayyormisan? Rosa toʻyib oldingmi?”
– Boshladik! – dedi u ovoz chiqarib va chilvirni qattiq yulqib, bir yardcha[4] tortib chiqardi, keyin esa qayta-qayta yulqib, har yulqishda qoʻllari va jismining bor quvvat-madorini ishga solib, oʻramni sigir soqqanday, goh u qoʻli, goh bu qoʻli bilan tortib chiqara boshladi.
Hamma urinishlari zoye ketdi. Baliq erinmaygina ilgarilab borar, chol uni oʻziga bir dyuym ham yaqin keltira olmasdi. Uning chilviri katta baliqlarga moʻl-jallangan, pishiq edi. Chol uni yelkasiga olib, shunday ham tarang tortdiki, hatto suv zarralari sachrab-sakrashib ketdi. Keyin chilvir suvda zaif vishilladi, chol boʻlsa, oʻrindiqqa tiranib, hamon uni boʻshatmas edi. Qayiq birmuncha shimoli-gʻarb tomonga ogʻa boshladi. Baliq suzgandan suzib borar, ular zilol suv boʻylab ohista uzoqlab ketishardi. Boshqa xoʻraklar dengizga qanday tashlangan boʻlsa, hamon shundayligicha turar, chol ularni nima qilishni bilmasdi.
– Qani endi, yonginamda bola boʻlsa! – dedi u. – Baliq meni shatakka oldi, oʻzim-ku buksir bitengiga[5] oʻxshab qolyapman. Oʻramni asli qayiqqa bogʻlab qoʻyaversa ham boʻlaverardi. Ammo bunaqada baliq, xudo koʻrsatmasin, uzib qochishi mumkin. Men uni mahkam ushlashim va keragicha boʻshatib turishim kerak. Xudoyimdan oʻrgilayki, u chuqurlikka ketmaygina suzib yuribdi. Mabodo u chuqurroq tushishni xohlab qolsa, men nima qildim? Agar u tosh boʻlib dengiz qaʼriga ketsa, oʻsha yerda oʻlib qolsa, nima qilaman? Bilmayman. Oʻshanda maʼlum boʻlar. Nimalar qilmasligim mumkin mening!
U oʻramga yelkasi bilan tirkalib turarkan uning suvga qanday ogʻayotgani-yu, qayiqning shimoli-gʻarbga tomon ohista jilib borishini kuzatar edi.
“U koʻp oʻtmay oʻladi, – oʻylardi chol. – Doimo suzib yuraverish mumkin emas”.
Biroq toʻrt soat oʻtsa hamki, baliq hamon qayiqni oʻz ortidan sudragancha, tinim bilmay, ochiq dengizga ketib borardi, chol esa, oʻsha-oʻsha, yelkasida sirtilgan chilvir, oyogʻi bankaga tirogʻliq oʻtirardi.
– Uni ushlaganimda, ayni peshin edi, – dedi chol. – Shu paytga dovur ham oʻzini koʻrganimcha yoʻq.
Baliqni ushlash oldidan peshonasiga bostirib kiyib olgan somon shlyapasi manglayini qiyib yuborganidan, ogʻriq turgan edi. Chol tashna boʻlgan, suv ichkisi kelardi. U oʻramni tortqilab yubormaslik uchun, ohista tizzalab, qayiq burniga iloji boricha yaqin bordi va bir qoʻli bilan shishani oldi. Uning ogʻzini ochib, bir necha qultum yutdi. Soʻng shu yerga yonboshlab, nafas rostladi. U yelkan oʻralgan machtaga oʻtirib, hech narsani oʻylamaslikka va huda-behuda kuch sarf qilmaslikka harakat qilib dam olardi.
Keyin chol kelgan yoʻliga nazar tashladi va yer allaqachon koʻrinmay ketganini koʻrdi. “Hechqisi yoʻq, – deb oʻyladi u. – Men oʻzim istagan mahalda, Gavana chiroq-larini qora qilib, orqaga qaytishim mumkin. Kun botishiga ikkn soat qoldi, u shu payt ichida suzib chiqsa, ajab emas. Agar chiqmasa, oydinda yuqoriga koʻtarilar. Bu ham boʻlmasa, balkim, tong bilan chiqar. Qoʻlim ham ayilib ketayotgani yoʻq, bardam-baquvvatman. Qarmoqni men emas, u yutgan-ku. Ammo tortishi shunchalik boʻlsa, oʻzi qanday baliq boʻldiykin! Aftidan, chilvirni ham mahkam qisib olganga oʻxshaydi. Unga shunday bir qarab ololsam edi, oʻshanda u bilan qanday muomala qilishni oʻzim bilardim”.
Cholning yulduzlarga qarab qilgan taxminiga koʻra, baliq oʻz yoʻlini oʻzgartirmasdan tun boʻyi suzib chiqdi. Quyosh botgandan soʻng sovuq turdi, butun orqasi, yelkalari, keksalik asar qilgan oyoqlarida ter qotib qoldi, u sovqotdi. Kunduzi chol xoʻrakli yashik ustiga tashlab qoʻyilgan qopni olib, quritish uchun oftobga yoyib qoʻygan edi. Kun botgach, u qopni boʻyni atrofiga oʻradi-da, oʻram ipi ostidan ohista oʻtkazib, orqasiga tushirdi. Endi oʻram zalvoridan yelkasi avvalgidek qiyilib-qirchilmas, qayiq burniga yonboshlagancha, qulaygina oʻrnashib olganidan, anchayin yengillik tugʻilgan edi. Toʻgʻrisini aytganda, bu yengillik nomigagina adi. Ammo u oʻzini bularning bari goʻyo shohona bir qulaylik deb ishontirardi.
“Men uni bir yoqli qilolmayman, – lekin u ham meni bir yoqli qilolmaydi, – dedi chol oʻziga. – U boshqacha biron loʻttibozlik oʻylab chiqarmaguncha, shunday boʻladi”.
U bir marta oʻrnidan turdi, bortosha yozildi, yulduzlarga qarab, qayiqning qayoqqa yoʻl tutayotganligini belgiladi. Chilvir uning yelkasidan toʻppa-toʻgʻri suvga tushib turgan nozikkina nur boʻlib koʻrinardi. Qayiqning harakati endi sekinlashgan, Gavana chiroqlari ham pilpillab xira koʻrinar edi, oqim ularni sharq tomonga surib ketayotganga oʻxshardi. “Gavana chiroqlari koʻrinmay ketyaptimi, bas, demak biz borgan sari sharqqa qarab boryapmiz, – deb oʻyladi chol. – Agar baliq yoʻlini oʻzgartirmagan boʻlganda, men ularni hali yana bir necha soat koʻrib turgan boʻlardim. Qiziq, bugungi oʻyinlarning natijasi qanday boʻldiykin? Qani endi qayigʻingda radio boʻlsa!” Ammo oʻz oʻyini oʻzi boʻldi: “Hadeb alahsiyverma! Qilayotgan ishingni oʻyla. Qovun tushirib qoʻymaslik uchun, oʻyla”.
Keyin ovoz chiqarib dedi:
– Bolaning yonimda yoʻqligi yomon boʻldi. Harna madad edi. Ham bularning barini oʻz koʻzi bilan koʻrgan boʻlardi.
“Keksayganda, kishi yolgʻiz oʻzi kimsasiz qolmasin ekan, – deb oʻylardi u. – Ammo bu koʻrgilikdan qochib qutulib boʻlarmidi. Tunets hidlanib qolmasdan burun yeb olishni unutmasam boʻlgani, axir, men kuchdan qolmasligim kerak. Unchalik ochiqmagan taqdirimda ham, uni erta bilan yeb olish xotiramdan koʻtarilmasa bas. Ishqilib, nima boʻlganda ham unutmay-da, unutmay”, – deb takrorlardi u.
Tunda qayiq yoniga ikki dengiz choʻchqasi suzib keldi. Chol nar choʻchqaning pishqirganini, modasining goʻyo homuza tortganday, eshitilar-eshitilmas, pishillayotganini eshitdi.
– Qurgʻurlar-e, – dedi chol. – Oʻynashadi, shoʻxlik qilishadi va bir-birlarini yaxshi koʻrishadi. Ular bizga xuddi uchar baliqlar singari yaqin.
Keyin u qarmogʻiga tushgan katta baliqqa juda ham achinib ketdi. “Turgan-bitgani moʻjiza-ku bu baliqning. Uning dunyoda necha yil umr surganini xudoyim-ning oʻzi biladi. Mening qoʻlimga hech qachon bunaqangi kuchli baliq tushmagan. Oʻzini tutishini qarang, aql bovar qilmaydiya bunga. Ehtimol, uning sakrab chiq-mayotgani ham benihoya aqlli boʻlganidandir. Agarda u bor kuchi bilan oldinga intilsa yoki sapchiy qolsa bormi, tirik qoʻymasdi meni, axir. Ammo, balki bu uning qarmoqqa birinchi marta tushishi emasdir va u jonini saqlash uchun mana shu alpozda kurashmoqni aʼlo bilar. Oʻz muxolifi yolgʻiz bir kishi, u ham boʻlsa, chol ekanini qayerdan bilsin. Lekin bu baloyi azim baliq ekan, agar uning goʻshti mazali boʻlsa, qanchadan-qancha pul keltiradi! U xoʻrakka ham norday tashlandi, nor-day sudrayapti, buning ustiga men bilan qoʻrquv nima bilmasdan olishyapti. Qiziq, u oʻzining nima qilishi kerakligini bilarmikin yoki xuddi menga oʻxshab, bosh-ketiga qaramay suzyaptimi?”
U, bir safar qarmoqda moda marlin tutganini esladi. Nor baliq doimo modasini yemishga birinchi boʻlib qoʻyadi. Qarmoqqa tushgan moda dahshat ichida jon-jahdi bilan zoʻr berib olisha boshladi, bu uni hash-pash deguncha holdan toydirib qoʻydi, nor baliq boʻlsa, undan bir qadam ham orqada qolmasdan, dengiz yuzida yonma-yon suzar, charx aylanar edi. U shunday yaqin kelib suzardiki, chol, baliq xuddi oʻroq kabi oʻtkir, koʻrinishi ham deyarli oʻroqnikidan qolishmaydigan dumi bilan chilvirni qirqib yuboradimi, deb qoʻrqardi. Chol moda baliqni changak bilan sanchib olib, xuddi qilich singari keskir, gʻadir-budur ogʻzidan ushlab turib, toʻqmoq bilan miyasiga tushirgan paytida ham, to uning rangi oʻzgarib, koʻzgular toshiga surtiladigan amalgama tusiga kirmaguncha savalagan chogʻlarida ham va nihoyat, bola yordamida uni qayiqqa tortib chiqargan kezlarida ham nor baliq shu yerda edi. Keyin, chol chilvirni oʻrab, garpun tayyorlayotganda, nor baliq oʻz yoʻldoshiga nima boʻlganini koʻrish uchun qayiq yonida havoga baland sakrab koʻtarildi, shundan soʻng, tiniq safsar rang koʻkrak qanotlarini yoyib, umurtqasi uzra choʻzilib ketgan keng och pushti, yoʻl-yoʻl tasmalari ravshan koʻringanicha, dengizga chuqur shoʻngʻib ketdi. U qanday fusunkor boʻlganini chol sira unutolmasdi. Buning ustiga oʻz yoʻldoshini to soʻnggi damgacha tashlab ketmagan edi.
“Dengizda men bunchalik qaygʻuli boʻlgan boshqa hech narsani koʻrmaganman, – deb oʻyladi chol. – Bola ham maʼyus boʻlib qolgandi va biz moda baliqdan kechirim soʻrab, koʻz ochib yumguncha saragini sarakka, puchagini puchakka ajratgan edik”.
– Afsuski, yonimda bola yoʻq, – dedi u ovoz chiqarib va yelkalarini bosib tushgan oʻram orqali oʻzining qandaydir nuqtasi sari ogʻishmay borayotgan ulkan ba-liqning qudratli kuchini muttasil his qilgan holda, qayiq burnining dumaloq taxtalariga qulayroq oʻrnashib oldi.
– Mening hiylam tufayli u oʻz fikrini oʻzgartishga majbur boʻldi, aql ham bovar qilmaydi bunga!
“Uning peshonasiga turli-tuman tuzoqlar, toʻrlar va inson hiyla-nayranglaridan uzoqroqda, zim-ziyo okean tubida yashamoqlik yozilgan edi. Menga esa, yolgʻiz boshim bilan uning ketidan tushib, hali hech kim kelib yetmagan joyda topish nasib boʻldi. Ha, hech zot kelib yetmagan joyda. Endi boʻlsa har ikkovimiz tushdan beri bir-birimizga bogʻlanib qoldik. Shunday. Na unga va na menga hech kim yordam qoʻlini choʻza olmaydi”.
“Ehtimol, men baliqchi boʻlmasligim kerak edi, – deb oʻylardi u. – Lekin xuddi shu kasb uchun tugʻilganman-ku, axir. Tong otishi bilan tunetsni yeb olish yodimdan chiqmasa boʻlgani”.
Quyosh koʻtarilmasdan sal burun orqa tomondagi qarmoqlardan biriga baliq ilindi. U qarmoq dastasining singan tovushini va chilvirning qayiq ziyi osha sirgʻalib tushayotganini eshitdi. Qorongʻi ichida u pichogʻini gʻilofidan sugʻurib oldi va baliqning butun ogʻirligini chap yelkasiga tushirgan holda, orqasiga en-kaydi-yu, ziydagi chilvirni kesib yubordi. Keyin u yonidagi chilvirni qirqdi va ehtiyot kalavalarning uchlarini tusmollab topib bir-biriga mahkam bogʻlab qoʻydi. Chol tugunlarni yechib boʻlmaydigan qilish uchun kalavalarni oyoqlari bilan tutib turgancha, bir qoʻllab chaqqon ishlardi. Endi uning ixtiyorida olti ehtiyot chilvir oʻrami bor edi – har bir kesilgan chilvirdan ikkitadan toʻrtta va baliq ilinganidan ikkita, har bir oʻram bir-biriga ulanib ketar edi.
“Tong yorisha boshlashi bilan, – deb oʻylardi chol, – qirq sarjincha tashlangan chilvirni olishga harakat qilaman-da, uni ham kesib, ehtiyot kalavalariga ulab qoʻyaman. Toʻgʻri, bunday qilganda, ikki yuz sarjincha pishiq katalon arqonidan mahrum boʻlaman. Ilmoqlaru, choʻktirgichlarni hisoblab oʻtirmasa ham boʻladi. Hechqisi yoʻq, bu narsalarni qayta topish mumkin. Ammo agarda qarmoqqa boshqa qandaydir baliq ilinib, mana bunisidan benasib qilsa, kim menga yana xuddi shunaqasini topib bera olardi? Hozir choʻqigani qanday baliq ekan, bilmayman. Balki, marlindir, balki nayza baliq yoki akuladir. Nima boʻlganini hatto payqamay qoldim. Undan tezroq qutulish kerak edi”.
Ovoz chiqarib dedi:
– Eh, yonginamda bola boʻlsaydi!
“Ammo yoningda bola yoʻq, – deb oʻylardi u. – Sen faqat oʻzinggagina ishonishing mumkin. Shunday zkan, hozirning oʻzidayoq qorongʻi boʻlsa ham, anavi oxirgi chilvirni olib, kesishing kerak-da, ikki ehtiyot oʻramini ulab qoʻyganing maʼqul”.
U shunday ham qildi. Qorongʻida ishlash ogʻir edi, Bir gal baliq shunday siltaladiki, u yuz tuban yiqilib tushdi va koʻz ostini yorib oldi. Qon yonogʻidan oqib tusha boshladi, ammo hali iyagiga yetib ulgurmasdan quyulib toʻxtadi va qotib qoldi. Oʻzi boʻlsa, nafas rostlamoq uchun qayiq burniga qarab surgaldi va yetib kelib yonboshlab oldi. Chol qopni oʻrnashtiribroq qoʻydi, chilvirni ehtiyot bilan yelkasinnng hali lat yemagan qismiga oʻtkazib, butun ogʻirlikni yelkasiga tushirdi-yu, baliqning qanchalik kuch bilan tortayotganini aniqlashga urindi, soʻngra, qoʻlini suvga tushirib, qayiq tezligini bilishga harakat qildi.
“Nega u bunchalik siltandiykin, qiziq, – deb oʻyladi u. – Har nechuk chilvir yelkasidagi katta oʻrkachdan sirgʻalib tushgan boʻlsa ajab emas. Uning yelkasi me-nikichalik ogʻrimaydi, albatta. Ammo u qanchalik yirik boʻlmasin, qayiqni bir umr tortib yurolmaydi-ku, axir. Endi xalaqit berishi mumkin boʻlgan narsalarning baridan qutuldim. Bundan tashqari, chilvirni ham keragicha gʻamlab qoʻydim, kishiga shundan boshqa yana nima kerak oʻzi?”
– Baliq, – deb chaqirdi u sekingina, – oʻlsam oʻlamanki, sendan ajralmayman.
“U ham, har holda mendan ayrilmasa kerak”, – deb oʻyladi chol va tong yorishini kuta boshladi. Bu azon pallasi havo sovuq edi va u sal boʻlsa ham isinish uchun qayiq taxtalariga bagʻrini berib qattiqroq yopishdi. “U chidayotibdimi, men ham chidayman”.
Koʻp oʻtmay tong shafagʻi dengiz qaʼriga ketgan tarang chilvirni yoritdi. Qayiq toʻxtovsiz ilgari siljirdi: quyosh ham ufq betida tirnogʻini koʻrsatdi-da, cholning oʻng yelkasiga nur toʻkdi.
– Shimolga qarab suzyapti, – dedi chol. – Oqim-ku, bizni ancha sharq tomonga surib ketganga oʻxshaydi. U oqimga qarab burilsa qaniydi. Uning holdan toyga-nini shundan bilsa boʻladi.
Ammo quyosh yana ham yuqori koʻtarilganda, baliq charchashnn hatto xayoliga ham keltirmayotganligi cholga ayon boʻldi. Koʻngliga faqat bir narsa taskin berib tu-rar, u ham boʻlsa, baliqning endi anchagina yuzada suzayotganligi edi, buni chilvirning suvga qanday qiyalikda ketayotgani aniq koʻrsatib turardi. Ammo bu – baliq, albatta suv, yuziga qalqib chiqadi degan gap emas edi. Biroq, har qalay u chiqib qolishi ham mumkin.
– E xudo oʻzing uni bu yoqqa chiqish majbur qil! – dedi chol. – Surobini toʻgʻrilash uchun esa, xudoga shukur, yetarli kalavam bor.
“Yoki chilvirni andak tarangroq tortsammikin, ogʻriq jonidan oʻtsa, otilib chiqib qolarmidi deyman-da, – deb oʻyladi chol. – Mabodo chiqadigan boʻlsa, kun yorugʻligida chiqib qoʻya qolsin. Oʻshanda umurtqasi yoqalab ketgan pufaklari havo bilan toʻlib qoladi. Keyin u dengiz ostida oʻlish uchun hech qachon u yerga tushol-maydigan boʻladi”.
U chilvirni yana ham tarangroq tortishga urinib koʻrdi, ammo chilvir busiz ham avval boshdan shunday taranglashgan ediki, hozir uni tortay deb, oʻzini orqaga tashlashi bilan yelkasini chunonam oʻyib yubordi-ki, bunaqada chol hech vaqo chiqara olmasliginn bildi. “Siltab tortish mumkin boʻlmasa, bu falokatni, – deb oʻyladi chol. – Har siltovda qarmoq tishlagan joy kengayib boʻshashaveradi, mabodo baliq yuzaga chiqib qolsa, qarmoq ham ayilib ketishi mumkin. Har holda oʻzimni hozir, quyosh chiqib turganda, yaxshi his qilyapman. Bu safar oftob ham koʻzimga tushmayapti”.
Chilvirlarni sariq suv oʻtlari chirmab oldi. Ammo chol shunga ham xursand edi, chunki ular qayiq harakatini sekinlashtirib turishardi. Bu oʻsha, tunda yaltirab koʻrinadigan sariq suv oʻtlarining oʻzginasi edi.
– Baliq, – dedi u, – seni juda ham yaxshi koʻraman va hurmat qilaman. Ammo bilib qoʻy, kun botmasdan seni gumdon qilaman.
“Har holda, men buning uddasidan chiqsam kerak”, – deb oʻyladi u.
Tirnoqdakkina qush shimol tomondan qayiqqa yaqinlashdi. U suv betida pasayib uchardi. Chol uning nihoyatda holdan toyganini koʻrdi.
Qush nafas rostlash uchun qayiqning quyrugʻiga qoʻndi. Keyin u cholning boshi ustida aylanib uchdi-da, oʻzi uchun qulayroq boʻlgan chilvir ustiga qoʻnib oldi.
– Yoshing nechada? – deb undan soʻradi chol. – Hoyna-hoy, bu sening birinchi sayohatingdir?
Qush javob oʻrniga cholga qaradi. U juda ham charchagan edi, hatto chilvir oʻzini koʻtaradimi, yoʻqmi, shunga ham qarab oʻtirmadi, murgʻak panjalari bilan uni changallab olgancha, chayqalibgina turardi, xolos.
– Qoʻrqma, kalava mahkam tortilgan, – deb uni yupatdi chol. – Hatto haddan ziyod mahkam. Sokin tunda sen bu qadar holdan toymasliging kerak edi. Eh, endigi qushlar, endigi qushlar!
“Lochinlar boʻlsa-chi, – deb oʻyladi u, – dengizning har qarichida sizlarning tumshugʻingiz tagidan chiqib qolishi mumkin”. Ammo buni qushga aytib oʻtirmadi, aytganda ham, u baribir tushunib yetarmidi. Hechqisi yoʻq, oʻzi tezda lochinning nimaligini bilib oladi.
– Yaxshilab dam olgin, mitti qush, – dedi u. – Keyin sohilga qarab uchgin, har bir odam, qush va baliq singari sen ham chinakamiga hayot uchun qattiq turib kurashgin.
Qush bilan boʻlgan bu suhbat oʻziga andak madad berganday boʻldi. Chunki tuni bilan yelkasining akashagi chiqqan va u endi rosmana zirqirab ogʻrib turardi.
– Agar xohishing boʻlsa, qush, men bilan yana picha birga boʻl, – dedi u. – Nima qilayki, shabada gʻimirlab qolgan boʻlsa ham, yelkan oʻrnatib, seni qirgʻoqqa olib borib qoʻyolmayman. Bu yerda esa doʻstim ham bor. Uni tashlab ketolmayman.
Xuddi shu onda baliq toʻsatdan qattiq yulqindi va cholni qayiq quyrugʻiga yumalatdi; agar u qoʻli bilan bortga tayanab qolmaganda, chilvirni boʻshatmaganda, baliq uni ilashtirib ketishi ham hech gap emas edi.
Chilvir yulqingan paytda qush uchib ketgan edi. Uning qanday gʻoyib boʻlganini chol hatto payqamay qoldi. U kalavani oʻng qoʻli bilan paypaslab koʻrganida, qoʻlidan qon oqayotganini koʻrdi.
– Baliqning ham joni rosa qiynalgandir, – dedi u oʻziga-oʻzi va baliqni boshqa tomonga burib boʻlmasmikin degan niyatda, chilvirni aldab tortdi. Oxiriga-cha tortib boʻlgach, avvalgi holatida tek qotdi.
– Mazang qochyaptimi, baliq? – deb soʻradi u. – Xudoyim koʻrib turibdi, menga ham oson emas.
Kim bilan boʻlmasin juda ham gaplashgisi keldi. Atrofga alanglab qushni izladi. Ammo undan nom-nishon ham qolmagan edi.
“Darrov ketib ham qolibsan, – deb oʻyladi chol. Ammo sen ketgan yoqda shamol xiylagina kuchliroq va u to sohilga dovur esib boradi. Bir siltashda baliqqa oʻzimni yarador qilishga yoʻl qoʻyib berganimni qara-ya? Rostdan ham, juda merov boʻlib qopman. Yoki boʻlmasa, shunday oʻzim, qushga mahliyo boʻlib, faqat u toʻgʻrida oʻylab qolgandirman? Endi men mana bu haqda oʻylayman va mador boʻlsin deb, tunetsni tamaddi qilib olaman”.
– Afsus, yonimda bola ham yoʻq, tuz ham yoʻq, – dedi oʻ oʻziga-oʻzi.
U baliqning ogʻirligini chap yelkasiga olib, ohista choʻkkaladi-da, qoʻlini yuvdi, uni bir muddat suv ichida tutib turarkan, yoyilib borayotgan qon izi hamda oʻtkin-chi oqimning qoʻlni yalab, aylanib oʻtishini kuzatdi.
– Baliq boyagidan xiyla sekin suzyapti, – dedi u. Chol shoʻr suvda qoʻlini uzoqroq tutib turishni istardi-yu, ammo baliq yana tortqilab qoladimi, deb qoʻrqdi: shuning uchun ham u oʻrnidan turib, chilvirni yelkasi bilan tortibroq qoʻydi va qoʻlini oftobga tutdi. Chilvir qoʻlning bor-yoʻgʻi birgina, ammo xuddi ishga eng asqatadigan yumshoq joyini tilib ketgan edi. Ish dolzarbga kelishda qoʻli hali toza ham kerak boʻlishini chol tushunar, kelib-kelib, boshdanoq uning dardisar boʻlib qolganligidan gʻijinardi.
– Endi, – dedi u qoʻli qurigach, – tunetsni yeb olishim kerak. – Uni bu yoqqa changak bilan tortib ololaman, kiftini keltirib qorin toʻydirish ham qoʻlimdai keladi.
Chol yana choʻkka tushdi va quyruq tagini changak bilan timirskilab, tunetsni topdi. Chilvir oʻramini avaylab tutgancha, tunetsni oʻziga tomon surdi. Baliqning butun ogʻirligini yana chap yelkasiga olib, soʻl qoʻli bilan qayiq chetiga tayandi-da, tunetsni qarmoqdan ajratib oldi va changakni oʻz oʻrniga qoʻydi. Baliqni tizzasiga siqib oldi va uning qoramtir qizil tusli goʻshtini boʻynidan tortib to dumigacha uzunasiga tilimlab chiqdi. Tilim-tilim qilib olti boʻlak kesib olgach, ularni qayiq burnining taxtalariga terib qoʻydi, pichoqni pochasiga surtdi, tunets skletini dumidan ushlab olib dengizga itqitdi.
– Hoynahoy, butun bir boʻlakni yeya olmasman – dedi u va boʻlaklardan birini ikkiga boʻldi.
Chol ulkan baliqning tin olmasdan, kuchdan qolmay tortib borayotganini, chap qoʻli esa tamomila ayilib ketayotganiyi sezib turardi. Bu qoʻli ogʻir arqonni titrab-qaqshab tutamlar edi. Chol unga ijirgʻanish bilan sarasof soldi.
– Xudo haqi, shu ham qoʻl boʻldiyu! – dedi u. – Koʻngling sust ketayotgan boʻlsa mayli, ayilib tushaver! Menga desa, qushpanjasiday boʻlib qolmaysanmi, baribir buning senga nafi tegmaydi.
“Biroz totinib ol, – deb oʻyladi u qop-qora suv va unga qiyalab ketgan oʻramga nazar solar ekan, – bilaging baquvvatroq boʻladi. Bu qoʻlda nima gunoh bor? Axir, sen qatorasiga necha soatdan beri baliqni ushlab turibsan oʻzing. Ammo baribir oxirigacha undan ayrilmaysan. Hozircha totinib ol”.
U baliqning bir boʻlagini olib, ogʻziga soldi, va ohista chaynay boshladi. Mazasi u qadar koʻngil aynitar darajada emas edi.
“Hatto uvogʻining ham tamini yoʻqotmaslik uchun yaxshilab chayna, – deb oʻylardi u. – Qani endi buni limon yoki juda boʻlmasa, tuz bilan qoʻshib tushirsang, dodiga kim yetsin”.
– Xoʻsh, qalay, oʻzingni yaxshi sezyapsanmi? – deb soʻradi u xuddi murdaniki singari tarashaga aylanib ketgan qoʻlidan. – Seni deb, yana bir boʻlakni yeyman.
Chol boya oʻrtasidan boʻlingan tilimning ikkinchi boʻlagini ogʻziga soldi. Erinmay chaynab, keyin poʻstini tupurib tashladi.
– Xoʻsh, nechuk, yengil tortdingmi? yoki hali ham hech nima sezmayapsanmi?
U yana bir boʻlakni olib, uni ham yeb oldi.
“Ajoyib, etli baliq ekan, – deb oʻyladi u. – Yaxshiyamki, qoʻlimga makrel emas, tunets tushdi. Makrel oʻlgiday chuchmal boʻladi. Bu baliqda boʻlsa, shira deyarli yoʻq va buning ustiga taom sifatida baquvvat. Aytganday, bekorchi xayollar bilan miya chalgʻitishning nima hojati bor, – deb oʻyladi u. – Qittakkina boʻlsa ham tuzning boʻlmagani chatoq boʻldida. Bu qolgan boʻlaklar oftobda nima balo boʻladi – qoqlanadimi, yoqi hidlanib qoladimi, bilmayman. Shuning uchun, och boʻlmasam ham, yaxshisi uni yeb qoʻya qolay. Ulkanvoy ham oʻzini muloyim va moʻmin tutyapti. Men tunetsni oxirigacha yeb tugatamanu, soʻng boshga tushganini koʻrishga hozir boʻlaman”.
– Sabr qil, qoʻl, – dedi u. – Koʻryapsanmi seni deb, oʻlar-tirilarimga qaramay harakat qilyapman.
“Katta balikni ham mehmon qilishim kerak edi aslida, – deb oʻyladi u. – Axir, u menga yoʻldosh boʻlib qoldi. Ammo men uni oʻldirishim kerak. Buning uchun esa kuch-quvvat lozim boʻladi”.
Chol tunetsning hamma tilimlarini ohista va pok-pokiza yeb bitirdi. Qoʻlini ishtoniga surta-surta, qaddini rostladi.
– Xoʻsh, endi, qoʻl, – dedi u, – sen chilvirni qoʻyib yuborsang ham boʻlar. Maynavozchiliging tugamaguncha, oʻng qoʻlim bilan evini qilib turaman.
Oldin soʻl qoʻli bilan ushlab turgan yoʻgʻon oʻramni, endi chol chap oyogʻi bilan qisib oldi va baliqning ogʻirligini yelkasiga olarkan, oʻzini orqaga tashladi.
– Xudoyo, ishqilib, bu tomir tortish oʻtib ketsa boʻlgani! – dedi u. – Kim biladi, hali bu baliqning boshiga nima xayollar kelmaydi.
“Koʻrinishdan hozircha ipakday, – deb oʻyladi u, – bamaylixotir harakat qilyapti. Ammo xayolida nima bor? Va men nima qilishim kerak? U shunchalik ulkan-ki, men oʻz rejamni uning rejasiga muvofiqlashtirmasam boʻlmaydi, axir. Agar u suzib chiqsa, men uni oʻldira olaman. Mabodo u butunlay chiqmay qolsa-chi? Unda men ham u bilan birga qolaman”.
U tomir tortishishdan changak boʻlib qolgan qoʻlini ishtoniga surtib, barmoqlarini yozishga urindi. Ammo qoʻl ochilmas edi. “Ehtimol, u oftobdan yozilib ketar, – deb oʻyladi chol. – Ehtimol, xom tunets hazm boʻlgandan keyin yozilib ketar. Agar u menga kerak boʻlib qolsa, qanday boʻlmasin uni ishga solaman, vassalom. Biroq, hozir men bunga kuch sarf qilib oʻtirishni istamayman. Mayli, u oʻzi ochilsin, oʻz ixtiyori bilan jonlanib ketsin. Nima boʻlganda ham, kechasi jamiyki kalavalarni kesib, bir-biriga ulash kerak boʻlganda, u shoʻrli mendan koʻp aziyat chekdi”.
Chol olis-olislarga boqib, endi oʻzining naqadar yop-yolgʻiz ekanligini tushundi. Ammo bu tubsiz sim-siyoda sinib akslangan rangin quyosh nurlari, pastga ketgan tarang chilvir va dengiz sathining ajabtovur toʻlgʻoqlarini koʻrib turardi. Passat boʻlishidan xabar berib bulutlar toʻdalanardi. Chol oldinga qarab, osmon betida yaqqol koʻzga tashlanib uchgan yovvoyi oʻrdaklar toʻdasini koʻrdi; ana toʻda xiralanib yoyildi, keyin yana avvalgidan ham tiniq boʻlib koʻzga tashlaidi va chol dengizda kishi hech qachon yolgʻiz oʻzigina qolmasligini tushundi.
Baʼzi odamlarga kichkina qayiq bilan ochiq dengizda qolish juda ham qoʻrqinchli koʻrinadi. Chol shu haqda oʻylar ekan, ularning bu qoʻrqinchlari havo toʻ-
satdan aynib qoladigan oylardagina asosli degan fikrga keldi. Ammo, hozir dovullar uvvos tortadigan fasl kirganu, dovulning oʻzidan darak yoʻq ekan, demak yilning eng sara vaqti ham xuddi shuning oʻzi boʻladi.
Dovul yaqinlashganda, uning havodagi belgilarini dengizda turib har doim bir necha kun oldindan koʻrish mumkin. Quruqlikda esa uni payqamay qoladilar, deb oʻylardi chol, chunki nimaga qarash kerakligini oʻzlari ham bilishmaydi. Bundan tashqari quruqlikdagi bulutning koʻrinishi ham tamomila boshqacha. Nima boʻlganda ham hozir dovul turib qoladi, deb kutishga hojat yoʻq.
Osmonga qarab, u oppoq tubsiz sentyabr koʻkida oʻzi suyib yeydigan morojenoyega oʻxshash ukpar bulutlarning harir pardalarini koʻrdi.
– Tezda yengil epkin turadi, – dedi chol. – U boʻlsa, baliq, senga qaraganda, menga koʻproq qulaylik tugʻdiradi.
Uning chap qoʻli hali hamon tarashaday qotgancha turar, ammo endi sal-pal qimirlatsa boʻladigan edi.
“Qoʻlimning tomir tortishini shunday yomon koʻramanki, – deb oʻyladi chol. – Tana oʻzingniki boʻlsa-da, yana mana bunday dard ustiga chipqon boʻlib tursa! Baliq yeb zaharlansang-da, odamlar ichida hadeb burning oqib ketaversa yo qayt qilging kelaversa, qanchalik sharmanda boʻlasan kishi. Ammo tomir tortishi (buni u xayolida calambre deb atardi) undan ham yomon sharmanda qiladi va yana, ayniqsa, bir oʻzing boʻlsang”.
“Agar yonimda bola boʻlganda, – deb oʻyladi chol, – qoʻlimni tirsakdan boshlab uqalab qoʻygan boʻlardi. Mayli, hechqisi yoʻq, shunday ham yaxshi boʻlib ketadi”. Qoʻqqisdan chol hali suvga tushgan chilvirning qiyaligi oʻzgarib qolganini payqab ulgurmasdan, uning oʻng qoʻli tortish kuchi susayganini sezdi. U oʻzini orqaga tashladi, kuchi boricha chap qoʻli bilan soniga tushira boshladi va shunda chilvirning asta-sekin yuqoriga koʻtarila boshlaganini koʻrdi.
– Koʻtarilyapti, – dedi u. – Qani, qoʻl, boʻla qol, qimirla! Oʻtinaman sendan!
Chilvir uzunasiga borgan sari choʻzilgandan choʻzilib borar va nihoyat, qayiq qarshisidagi dengiz sathi boʻrtib ketdi, baliq suvdan chiqdi. U chiqqandan chiqib borar, chiqqandan chiqib borar, goʻyoki bosh-keti yoʻqqa oʻxshar, suv esa uning yonlaridan duv-duv oqib tushardi, Baliq butun borligʻi bilan quyoshda tovlanib yonar, boshi va usti toʻq binafsha rangda, enli yon tasmalari esa, tiniq shuʼlalarda mayin safsar rangda koʻrinar edi. Uning tumshugʻi oʻrnida xuddi beysbol chavgʻoniday uzun va uchi rapira singari oʻtkir tigʻ turar edi. U suvdan bor boʻyi bilan koʻtarildi, keyin xuddi mohir suzuvchidek jim shoʻngʻidi, uning oʻroq tigʻiga oʻxshash haybatli quyrugʻi suvga botib ulgurmasdan, kalava shitob bilan boʻshala boshladi.
– U mening qayigʻimga qaraganda, ikki futcha uzunroq, – dedi chol.
Chilvir dengizga tez, ammo bir meʼyorda ketib borar, baliqning hech bir narsadan choʻchimaganligi yaqqol koʻrinib turardi. Chol chilvirni ikki qoʻllab oxirigacha tortishga urinar edi. Agar baliqnnng harakatnni bir meʼyordagi qarshilik bilan sekinlatishga muvaffaq boʻlmasa, u holda baliq bor-yoʻq kalavasini tortib, uzib-yulqib ketajagini chol bilardi.
“Oʻzi ham baliqmisan baliq ekan. Endi men uning oʻzida qanday kuch yashiringanini bilib olishiga yoʻl qoʻymayman, – deb oʻylardi u. – Agar juftakni rostlab qoladigan boʻlsa, meni nima koʻylarga solishi mumkinligini unga bildirish kerak emas. Uning oʻrnida men boʻlganimda, yo oʻlish, yo qolish deb, to oʻpka tushguncha olgʻa siljigan boʻlardim. Ammo, ming qatla shukurki, baliqlar oʻzlarini qiruvchi odamlar singari aqlli emaslar; vaholanki, ular bizga qaraganda ham enchil, ham olijanobroqdirlar”.
Chol oʻz umrida juda koʻp katta baliqlarga duch kelgan edi. Vazni ming qadoqdan ham ogʻirroq kelgan baliqlardan talayini koʻrgan, oʻzi ham bir mahal shunday xilidan ikkisini tutgan, ammo hech qachon bunday ishni bir oʻzi qilishiga toʻgʻri kelmagan edi. Mana endi umrida koʻzi bilan koʻrmagan, qulogʻi bilan eshitmagan bu qadar katta baliqqa ochiq dengizda, yolgnz oʻzi chambarchas bogʻlanib oʻtiribdi, chap qoʻli esa boyagi boyagi, akashak. Goʻyo burgutnnng yumuq panjalariga oʻxshaydi.
“Be, qoʻlim yozilib ketadi hali, – deb oʻyladi u. – Jilla qursa, oʻng qoʻlimga koʻmaklashish uchun, albatta yozilib ketadi. Bor ekanda, yoʻq ekan, koʻk dengizdan narida uch ogʻa-ini: bir baliq va mening ikki qoʻlim: boʻlgan ekan… Albatta yozilib ketadi. Loʻq boʻlib turishi sharmandalik-ku, axir”.
Baliq sekinlashdi, endi u avvalgi tezlikda borardi.
“Qiziq, nima sababdan u kutilmaganda yuqoriga chiqib qoldi, – fikrlay boshladi chol. – Yo oʻzini qanday ekanligini menga koʻrsatgani chiqdimi. Hay, bu ham yomon emas, endi uni bilaman. Attang, unga men oʻzimning qanday odam ekanligimni koʻrsata olmayman. Aytaylik, bunda u mening mana bu rasvoyi olam boʻlgan qoʻlimni koʻrgan boʻlardi. U men haqimda aslida oʻzim arzimasam ham yaxshiroq fikrda boʻlishini istayman. Oʻshanda men chindan ham yaxshi boʻlaman. Men baliq boʻlishni, uning nxtiyorida nimaiki boʻlsa, menda ham boʻlishini, yolgʻiz chidam va kalla bilan cheklanib qolmaslikni xohlardim”.
Qayiqning taxta qoplamasnga suyanib, chol oʻzini betoʻxtov qiynagan ogʻriqqa gʻing demay dosh bernb, jimgina, xotirjam oʻtirib olay, baliq boʻlsa, boyagi-boyagi, hech toʻxtamay olgʻa suzib borar, qayiq ham qoramtir suvda asta harakat qnlardi. Sharqdan esgan shamol picha yirik toʻlqin koʻtardi.
Tushga kelib cholning chap qoʻli asl holiga qaytdi.
– Shoʻring quridi endi, baliq, – dedi u va yelkasidagi chilvirni bir oz surib qoʻydi.
Ogʻriq oʻsha-oʻsha, jondan oʻtib turganiga qaramay chol oʻzini yaxshi his qilardi; faqat ogʻriqdan qanchalik aziyat chekayotganligini xayoliga keltirmas, tan olmasdi.
– Men xudoga ishonmayman. – dedi u. – Ammo bu baliqni tutish uchun oʻn qayta “yo padar”ni va yana shuncha marotaba “Bibi Maryam” duosini tilovat qilishga tayyorman. Agar uni chini bilan tutsam, ont ichamanki, bir koʻp tabarruk joylarga topinmoqqa boraman. Soʻz beraman.
Chol duo oʻqiy boshladi. Ayrim oʻrinlarda u oʻzini shunday ham horgʻin sezar ediki, aytiladigan soʻzlarni unutib qoʻyar, shunda ular oʻz-oʻzidan, qiroat ichida ay-tilib ketsin uchun, iloji boricha tez oʻqishga harakat qilardi. “Yo padar”ga qaraganda “Bibi Maryam”ni qaytarish osonroq, – deb oʻyladi u.
– Mufarrax oʻl, yo tangri onasi bibi Maryam, tangri senga yor boʻlsin. Oʻzing iffatli zavjai muhtarrama, zuryoding boshimizga xaloskor oʻzing yaratgansan, oʻzing posbon boʻlgaysan. Omin. – Keyin qoʻshib qoʻydi: – yo mukarram Bibi Maryam ona, duo qil, baliq oʻlsin. Tengi yoʻq, topilmas boʻlsa ham duo qil, oʻlsin.
Duodan chol oʻzini bir qadar yaxshi seza boshladi, biroq ogʻriq qittakkina boʻlsin pasaymadi, balki battarroq azob bera boshladi. U quyruq qoplamasiga suya-nib oldi-da, chap qoʻlining barmoqlarini beixtiyor mashq qilib oʻqalay boshladi. Quyosh qizdirgandan qizdirar, shabada asta-sekin kuchayib borardi.
– Xoʻp, endi mayda qarmoqqa xoʻrak joylab qoʻysak ham boʻlar, – dedi chol. – Baliq bu kecha ham yuzaga chiqmasa, men yana totinib olishim kerak boʻladi. Suv boʻlsaku, shishaning tagidagina qolgan. Bu yerda makreldan boshqa biron narsani tutib boʻlmasa ham kerak deyman. Ammo uni darrov yeyilsa, unchalik yoqimsiz tuyulmaydi. Qani endi tunda uchar baliq tushib qolsa. Ammo uni jalb qilishga menda chiroq yoʻq. Ajoyib taomda bu uchar baligʻi, uni tozalab oʻtirishning ham hojati yoʻq. Men boʻlsam, kuch asrashim kerak. E xudo-vando, axir men uning bunaqa kattakon boʻlishini qaydan bilay!.. Ammo baribir men uni yengaman, – dedi u. – Nechogʻli ulkan, nechogʻli buyuk boʻlmasin, baribir.
“Garchi adolatdan boʻlmasada, – fikran davom etdi u, – men odam bolasining nimalarga qodir ekanligi va hamda nimalarga dosh berib, chidashi mumkinligini koʻrsatib qoʻyaman”.
– Mening zuvalam boshqacha uzilgan deb bolaga aytmovdimmi, axir, – dedi u. – Buni amalda isbot qilishning payti keldi.
U allaqachon buni yuz karra, ming karra amalda isbot qilgan edi. Nima boʻlibdi endi? Yana qaytadan isbot qilish kerak boʻlsa, isbot qilaveradi. Buning sanogʻi har safar yangidan boshlanadi: shu sababdan ham u biron narsani qilayotganda, hech qachon oʻtib ketgan narsalarni eslab oʻtirmas edi.
“Qani endi uyquga keta qolsa, keyin men ham mizgʻib olardim va tushimda sherlarni koʻrgan boʻlardim, – deb oʻyladi u. – Nima uchun sherlar mening hayotimda qolgan narsalarning eng yaxshisiykin?”
– Xayol surmaslik kerak, qariya, – dedi u oʻziga, – Taxtalarga suyangin-da, osoyishta boʻl, dam ol, hech narsa toʻgʻrisida oʻylama. U hozir urinib yotibdi. Sen-chi, sen iloji boricha kamroq uringin.
Quyosh ufqqa ogʻib qolgan, qayiq boʻlsa, sekin, ammo betoʻxtov suzgandan suzib borar, suzgandan suzib borardi. Uni sharqdan esayotgan shamol ohista haydamoqda, chol yelkasini oʻyib tushgan arqon yetkazayotgan ogʻriqni yengilgina, bilintirmay oʻtkazib beozor toʻlqinlarda asta-asta chayqalib borardi.
Nima boʻldiyu, tushdan keyin chilvir yana koʻtarila boshladi. Biroq aytarli hech narsa yuz bermadi. Baliq sal yuzaroqda suza boshlagan edi. Quyosh cholning orqasi, chap qoʻli va yelkasini qizdirar edi. U bundan baliqning shimoli-sharqqa tomon burilganini bildi. Endi u, baliqqa bir nazar solgandan keyin uning suv ostida binafsha rang koʻkrak qanotlarini charx urgan qushdek keng yoyib, qudratli quyrugʻi bilan qorongʻilikni tila-tila suzib borishini koʻz oʻngiga keltira olardi. “Qiziq, bunaqangi chuqurlikda u nimani ham koʻra olardi? – deb oʻyladi chol. – Koʻzlari juda yirik-yirik, lekin otning koʻzi, unnkidan necha hissa kichigu, ammo qorongʻida koʻradi. Men ham qachonlardir kechasi yaxshi koʻrardim. Toʻgʻri, zim-ziyo tun boʻlsa, unda boshqa gap, ammo bir hisobga koʻzimning oʻtkirligi mushuknikidan qolishmas edi”.
Changak boʻlib qolgan chap qoʻl toʻxtovsiz mashq ham quyosh tufayli oʻz holiga qayta boshladi, chol arqondan tortayotgan azobini bir ozgina boʻlsa ham yengillatish uchun yelka mushaklarini ishga solib, butun ogʻirlikni asta-sekin soʻl qoʻliga oʻtkazishga kirishdi.
– Agar sen hali ham charchamagan boʻlsang, – dedi u ovoz chiqarib, – gapning oʻgʻil bolasi shuki, mislsiz baliq ekansan.
Endi u oʻzini benihoya horgʻin sezar, buning ustiga tezda qorongʻi tushajagi yuragini timdalar, shu sababdan boshqa bir chet narsalar ustida oʻylashga harakat qilar edi. U oʻzi uchun Gran Ligas boʻlib qolgan mashhur beysbol ligalari hamda Nyu-York “Yanki”si bilan Detroyt “Yoʻlbars”i oʻrtasida boʻladigan bugungi oʻyin ustida oʻylardi.
“juegos”[6] natijalari haqida mana ikki vundan beri hali hech narsani bilmayman, – deb oʻyladi u. – Ammo men oʻz kuch-quvvatimga ishonishim va nima ishga qoʻl urmayin, barini qotirib tashlaydigan, bunda hatto tovonidagi suyak qadogʻi beradigan azobga ham qarab oʻtirmaydigan buyuk Di Madjioga loyiq boʻlishim kerak. Suyak qadogʻining oʻzi nima? Un espulia de hueso.
Biz, baliqchilarda bu narsa boʻlmaydi. Nahotki buning ogʻrigʻi urishqoq xoʻroz pixi bilan tovonga tepganchalik boʻlsa? Men ehtimol, na bu kabi tepkiga va na bir yoki har ikki koʻzdan ayrilishga tobi toqat qilgan va na urishqoq xoʻrozlar singari jangni davom ettira olgan boʻlardim. Kishini benihoya hayratga soladigan ajoyib qushlar va hayvonlar oldida odam bolasi – nima degan gap oʻzi. Men hozir shu tobda, huv oʻsha dengiz tubida suzayotgan maxluq boʻlib qolishni istar edim”.
– Ha, faqat akulalar bosqin yasamasagina, bu yaxshi, – dedi u ovoz chiqarib. – Akulalar hujum qilib qolsa-chi, unda menga ham unga ham oʻzing rahm qil, xudo!
“Nahotki, buyuk Di Madjio baliqni hozir sen ushlab turganchalik matonat bilan ushlab tura olardi, deb oʻylaysan? – deb soʻradi u oʻzidan. – Ha, aminmanki u ham xuddi shunday qilgan boʻlardi va ehtimol, menga qaraganda navqiron ham zabardast boʻlganligi uchun, avloroq qilishi ham mumkin edi. Ustiga ustak otasi baliqchi oʻtgan… Suyak qadogʻi juda koʻp azob berarmikin unga?”
– Qaydam, – dedi u oʻziga oʻzi. – Men umrim bino boʻlib suyak qadogʻining nimaligini bilmayman.
Quyosh botgandan keyin chol oʻziga dalda berish uchun bir mahallari Kasablanka tavernasida butun portda eng kuchli odam hisoblangan syenfuegoslik barzangi negr bilan kuch sinashganligini eslay boshladi. Ular stol ustiga boʻr bilan chizilgan chiziqqa tirsaklarini tiraganlaricha, bilaklarini egmay, panjalarini chambarchas siqqan holda bir sutka qimir etmay, oʻtirib chiqqan edilar. Har ikkovi ham bir-birlarining qoʻllarini stolga yotqizishga urinar edi. Atrofdagi odam-lar garov oʻynashar, kerosin lampa gʻira-shira yoritgan xonaga kirib chiqishar, u boʻlsa negrning qoʻli, tirsagi, basharasidan koʻz uzmas edi. Sakkiz soat oʻtgandan keyin, sudyalar uxlab olish maqsadida, har toʻrt soatda almashadigan boʻldi. Har ikki raqibning ham tirnogʻi ostidan qon siljiy boshladi, oʻzlari boʻlsa, hamon bir-birovlarining koʻzlari, qoʻllari va tirsaklaridan koʻz olmas edilar. Bahs boylashganlar xonaga kirishar, chiqishardi; ular devor yoqalab qoʻyilgan baland stullarga oʻtirib olib, musobaqaning nima natija bilan tamom boʻlishini kutishardi. yogʻoch devorlar toʻq zangori boʻyoq bilan boʻyalgan, lampalardan ularga soyalar tashlanardi. Negrnnng soyasi juda ham bahaybat boʻlib, shamol lampalarni tebratgan paytlarda devorda lopillar edi.
Butun kecha davomida goh uning, goh buning qoʻli balaid kelib turdi, negrga rom quyib tutishar va sigaretalarini tutatib berishardi. Romni ichib olgandan soʻng negr shunday ham zoʻr berardiki, hatto bir safar cholning qoʻlini (chol u paytlarda chol emasdi, uni Santyago EL Campeon[7], deb atashar edi) deyarli uch dyuymga bukib ham qoʻydi. Ammo chol bilagini qayta toʻgʻrilab oldi. Shundan keyin u oʻzi yaxshigina yigit va obroʻli polvonlardan boʻlgan bu negrni yengishiga shubha qilmadi. Nihoyat, tongda odamlar sudyadan durang talab qila boshlagan, sudya esa nima qilarini bilmay, faqat yelka qisganda, chol butun kuchini bir yerga toʻpladi va to negrning qoʻli stolga qapishmaguncha bukib tushaverdi.
Olishuv dam olish kuni ertalab boshlanib, dushanba kuni saharda tamom boʻldi. Bahs boylashgaklardan koʻpchiligi durang boʻlsin, deb talab qila boshladilar, chunki ularning portga ishga chiqish vaqtlari boʻlib, bu yerda Gavana koʻmir kompaniyasn uchun koʻmir yoki qoplangan shakar yuklashardi. Shu boʻlmasa, hammasi ham musobaqani oxiriga yetkazishning tarafdori edi. Ammo chol yengdi, yengganda ham yuk tashuvchilarning ish vaqti boshlanmasdan burun yengdi.
Keyin uni uzoq vaqt Chempion deb atab yurishdi, bahor chiqqanda esa u negr bilan yana olishdi. Biroq bu safar garovlar oz pulga oʻynaldi va chol ikkinchi marta ham oson gʻalaba qozondi, chunki syenfuegoslik negrning oʻz kuchiga boʻlgan ishonchi birinchi oʻyindayoq shikast topgan edi. Keyin Santyago yana bir qancha mu-sobaqalarda qatnashdi, ammo koʻp oʻtmay bu ishni tashladi. Chunki astoydil xohlasa, har qanday odamni ham yengajagiga amin boʻldi va endi bunday musobaqalar baliq ovlash uchun kerak boʻladigan, oʻng qoʻliga zarar keltirishi mumkinligini angladi. Bir necha marotaba u chap quli bilan kuch sinashmoqqa harakat qilib koʻrdi. Ammo bu qoʻli uni doimo uyaltirib qoʻyar, egasiga boʻysunishni istamas va chol ham unga ishonmas edi.
“Endi uni quyosh yaxshilab qizdiradi, – deb oʻyladi chol. – Agar kechasi juda ham sovuq boʻlmasa, bundan keyin joʻrttaga, menga achchiq qilib uvushib oʻtirgani jurʼat qilmaydi. Qani, koʻraylik-chi, bu tun bizga nimalarni ravo koʻrarkin?”
Uning tepasidan Mayamiga uchgan samolyot oʻtib ketdi, chol samolyotning soyasi – hurkitib uchirgan uchar baliqlarning toʻdasini koʻrdi.
– Bu yerda uchar baliq shunchalik koʻp ekan, demak, shu yaqin oʻrtada makrel ham boʻlishi kerak, – dedi u va baliqni salgina boʻlsa-da, yaqinroq siljitishning iloji yoʻqmikin deb, yelkasi bilan chilvirga qattiqroq tirkaldi. Ammo buning mumkin emasligi tezda anglashildi, chunki chilvir xuddi tor kabi uyilib ketay deb, yana zirillab qaltilladi, undan suv zarralari sakrab otila boshladi. Qayiq oldinga ohista suzib borardi. Chol to samolyot koʻzdan yoʻqolguncha, uni kuzatib turdi. “Samolyotdan hamma narsa juda gʻalati boʻlib koʻrinsa kerak, – deb oʻyladi u. – Qiziq, shuncha balandlikdan dengiz qanday koʻrinarkin? Agar ular bunchalik yuqorida uchmaganlarida oʻsha yerdan mening baligʻimni ap-aniq koʻrgan boʻlishardi. Oʻz baligʻimga yuqoridan bir nazar tashlash uchun ikki yuz sarjin balandlikda se-kin-sekin uchib oʻtishni xohlardim. Bir paytlar toshbaqa oviga chiqqan kezlarim, machta uchiga chiqib, oʻsha yerdan ham juda koʻp narsalarni bir-biridan ajrata olardim! Makrel yuqoridan koʻkimtirroq boʻlib koʻrinadi va hatto uning binafsha rang yoʻl-yoʻl chiziqlari-yu, dogʻlarini ajratib olish, butun toʻda qay yoʻsinda suzayotganligini ham koʻrish mumkin. Qorongʻi chuqurliklarda suzuvchi barcha uchqur baliqlarning usti, koʻpincha, yoʻl-yoʻl tasmalari ola-bula dogʻlari ham nima sababdandir, binafsha rangida boʻladi. Nega endi shunaqa boʻlarkin? Makrel koʻrinishdan koʻkimtir boʻlsa ham, aslida rangi tillaga oʻxshaydi. Ammo u rosa ham
ochiqib biron narsaning ketidan quvganda, biqinlari-da xuddi marlinniki singari binafsha rang yoʻl-yoʻl chiziqlar paydo boʻladi. Nahotki bu qahrdan boʻlsa? Balki, odatdagidan tez harakat qilganidandir?”
Qorongʻi tushmasdan sal oldin, yengil toʻlqinlar qoʻynida goʻyo sariq odeyal ostida okean kim bilandir quchoqlashayotgandek chayqalgan va toʻlgʻongan sargass suv oʻsimliklarining kattagina oroli yonidan oʻtib ketayotganlarida, kichik qarmoqqa makrel ilindi. Baliq quyoshning soʻnggi nurlarida musaffo oltin jilolar bilan turlanib, qoʻrquvdan yarim bukilgan holda, qanotlarini havoda jonholatda silkita-silkita yuqoriga sapchiganda, chol uni koʻrib qoldi. Makrel shovvoz akrobatdek qayta-qayta sapchib koʻtarilardi. Chol boʻlsa quyruqqa oʻtib oldi, choʻnqaydi, yirik chilvirni oʻng qoʻli va tirsagi bilan tutganicha, baliq tushgan dastani yalang soʻl oyogʻida bosib turib, makrelni chap qoʻli bilan chiqarib oldi. Makrel qayiqning shundoq yonginasiga kelib, jon achchiq talvasa ichida oʻzini har tomonga urganda, chol quyruq osha engashdi va qayiqqa misli oltindek lov-lov yongan, binafsha rang tasmali baliqni koʻtarib oldi. Makrel iztirob ichida ogʻzini ochib yopar, jonholatda qarmoqni tishlardi, Uning uzunchoq yassi tanasi, boshi ham dumi to chol tilla rang tusda tovlanib turgan kallasiga urib tinchitmaguncha, qayiq tubiga urilib turdi, keyin bir oz titrab-qaqshadi-da, qimir etmay qoldi.
Chol baliqni qarmoqdan chiqarib oldi, unga yana qaytadan xoʻrak ildi-da, dengizga tashladi. Qeyin u ohista quyruqqa oʻtib oldi. Chap qoʻlini chayib, ishto-niga surtdi, chilvirni oʻng yelkasidan chap yelkasiga oʻtkazdi va quyoshning okeanga botib borishi bilan chilvirning suvga qanday qiyalikda ketayotganini kuzatgan holda, oʻng qoʻlini yuvdi.
– Hammasi boyagi-boyagicha, – dedi u.
Ammo, suvga qoʻl tiqib, chol qayiqning harakati ancha susayib qolganini sezdi.
– Kechasi harakatni picha susaytirish uchun har ikkala eshkakni bir-biriga bogʻlab, qayiqqa koʻndalang qilib mahkamlayman, – dedi u. – Bu baliqning kuchi hali butun kechaga yetib ortadi. Men ham undan qolishmayman, albatta.
“Makrelni yana bir oz turib, keyin tozalasam, maʼqul boʻladiganga oʻxshab qoldi, – deb oʻyladi u, – shunda hamma qoni oqib ketmaydi, men buni saldan keyin qilaman va birvarakay eshkaklarni ham bogʻlab qoʻyaman. Ungacha, yana ayniqsa kun botar chogʻida baliqni bezovta qilmaganim durust. Quyoshning botishi har qanday baliqqa ham yomon taʼsir qiladi”.
U qoʻlini shamolda quritib oldi, keyin chilvirni tutdi-da, baliqqa birmuncha erk berdi. Baliq uni taxta qoplama tomon yaqinroq surib keldi va chol shu bilan ogʻirlikni oʻz gavdasidai qaynqqa koʻchirdi. “Qoʻlimdan uncha-muncha ish keladigan boʻlib qolib-di, – deb oʻyladi u. – Hozircha men baliqni uddalayman. Buning ustiga u xoʻrakni yutib yuborganidan beri hali hech narsa totimaganini ham unutish kerak emas, oʻzi kattakon boʻlsa, unga juda koʻp oziq kerak. Menku, butun boshli bir tunetsni yeb oldima. Ertaga makrelni yeyman. – Chol makrelni dorado deb atardi. – Ehtimol, uni tozalayotganimda, bir boʻlakchasini yeb olarman. Makrelni yeyish tunetsni yeyishdan ogʻirroq. Ammo dunyoda osonlik bilan bitadigan ishning oʻzi yoʻq”.
– Ahvollaring qalay endi, baliq? – baland ovoz bilan soʻradi u.
– Men oʻzimni juda yaxshi his qilyapman. Soʻl qoʻlimning ogʻrigʻi pasaydi, oziq ham butun bir kechayu, yaia bir kunga yetadi. Mayli, baliq, qayiqni tortaver.
Chol oʻzini, aytganiday, juda yaxshi his qilayotgani yoʻq edi. Chunki yelkasiga arqon berayotgan azob endi shunchaki ogʻriqdan oʻtib, zirq-zirq loʻqillashga aylan-gan, bu esa cholni xavotirga solayotgan edi. “Bundan battarroq narsalarni ham koʻrganmiz, – deb yupatardi u oʻzini. – Bir qoʻlim sal-pal shikastlangan, ikkinchisi boʻlsa, endi tomiri tortishayotgani yoʻq. Oyoqlarim bardam. Oziq-poziq masalasida ham men baliqqa qaraganda oʻzimni poshsho deb his qilsam boʻladi”.
Qorongʻi tushdi, sentyabr oyida tun doimo birdan, quyosh botishi bilanoq kiradi. U, tuzdan yeyilib ketgan taxtalarga yonboshlab yotar va bor kuchi bilan dam olishga harakat qilardi. Osmonda ilk yulduzlar koʻrindi. U Rajul yulduzining nomini bilmasada, ammo unga koʻzi tushishi bilanoq tezda barcha qolganlarn ham chiqishini va shunda, bu olis hamrohlar yaia oʻziga esh boʻlishini tushundi.
– Baliq ham menga oshna, – dedi u. – Men bunday baliqni hech qachon koʻrgan emasman, shundaylari boʻlishini eshitmaganman ham. Ammo men uni gumdon qili-shim kerak. Yaxshiyamki, yulduzlarni ham gumdon qilishga zarurat yoʻq!
“Tasavvur qilib koʻrgin-a, odam uzun kun oyni boʻgʻizlashga harakat qilib yursa! Oy boʻlsa, undan qochib ketadi. Bu ham mayli-ya, agar odamga har kuni quyoshni ovlashga toʻgʻri kelib qolganda, nima boʻlardi? Yoʻq, nima desang ham bizning toleimiz bor”, deb oʻyladi u.
Keyin u totinib olishga imkoni boʻlmagan katta baliqqa achinib ketdi. Ammo bu qaygʻurish, uning baliqni oʻldirish haqidagi qatʼiy qaroriga hech qanday monelik qilmas edi. Qanchadan-qancha odamlarni toʻydiradi u! Biroq kishilar u bilan qorin qappaytirishga arzisharmikin? Yoʻq, albatta. Dunyoda hech kim uni ogʻziga olishga loyiq emas; axir, unga bir qarang, oʻzini qanday tutyapti, qanday sharofat koʻrsatyapti.
“Men juda koʻp narsalarni tushunmayman, – deb oʻyladi u. – Ammo bizga quyosh, oy va yulduzlarni oʻldirishga toʻgʻri kelmaganligi qanday yaxshi. Dengizdan bor yoʻq rizqi roʻzimizni qoqishtirib olayotganimiz va yana oʻz birodarlarimizni oʻldirayotganimiz ham yetib ortadi.
Endi men eshkaklardan boʻladigan tormoz haqida oʻylab koʻrishim zarur. Buning ham yaxshi, ham yomon tomoni bor. Men ancha-muncha kalavadan ayrilib qolishim mumkin, keyin, baliq siltanib qolsa, tamom, uni ham qoʻldan chiqarib qoʻyaman, tormoz boʻlsa, qayiqni tez harakat qilishdan mahrum qilib qoʻyadi! Qayiqning yen-gilligi esa ham baliqning, ham oʻzimning azob-uqubatlarimni oshiradi, ammo bu uqubatdan xalos boʻlishimning garovi ham shunda. Axir, bu baliq, agar istaguday boʻlsa, bundan ham tez suzishi mumkin. Hay, nima boʻlsa boʻlar, hozir, hidlanib qolmasdan burun makrelni tozalab qoʻyish va picha totinish kerak. Quvvat boʻladi.
Endi yana biror soat dam olaman, keyin agar baliq oʻzini tinch tutadigan boʻlsa, quyruq tomonga oʻtib, lozim boʻlgan ishlarni qilaman va eshkaklar toʻgʻrisida bir fikrga kelaman. Ungacha baliqning oʻzini qanday tutishini quzatib boraman. Eshkak bilan boʻladigan hangoma yaxshi oʻylab topildi, biroq hozir boʻlsa-boʻlmasa ishga qatʼiy kirishish kerak. Baliq hali kuchga toʻliq. Men qarmoq baliq lunjining xuddi oʻzginasida sanchilib turganini, ogʻzi esa mahkam qisib olin-ganini payqagan edim. Qarmoqning unga berayotgan azobini azob dsmasa ham boʻladi. Uni koʻproq ochlik va oʻzi nimaligini aniq bilib yetmaydigan xavf-xatar sezgisi qiynaydi. Hordiq olaver-chi, chol. Senga navbag kelguncha, baliq zaxmat tortaversin”.
Uning nazarida, oʻzi ikki soatga yaqin dam olgan edi. Oy endi kech koʻtarila boshlaganidan, u vaqtni aniq belgilay olmadi. Toʻgʻrisini aytganda, uning dam olishi shunchaki, xoʻja koʻrsinga boʻlgan dam olish edi. U baliqning ogʻirligini oʻz yelkasida boyagi-boyagi his qilar, shunday boʻlsa ham chap qoʻli bilan quyruq plan-shiriga tayangan holda ogʻirlikni imkoni boricha qayiqqa solishga urinardi.
“Chilvirni qayiqqa bogʻlab qoʻyishim mumkin boʻlganida, hamma narsa oppa-oson hal boʻlgan boʻlardi-qoʻyardi, – deb oʻyladi u. – Ammo u salgina siltana qolsa bormi, tamom, chilvir chirt uziladi ketadi. Men chilvirga tushadigan kuchni oʻz gavdam bilan betoʻxtov qirqib, har daqiqada kalavani ikki qoʻllab boʻshatishga tayyor turishim kerak”.
– Ammo sen, axir, hali uxlaganing yoʻq-ku chol, – dedi u ovoz chiqarib. – Yarim kun va bir kecha, keyin yana bir kunduz oʻtsa hamki, sen hamon uxlaganingcha yoʻq, ha. U toʻpolon koʻtarmay, xotirjam toʻrgan mahalda, sen nima qilib boʻlsa ham ozgina uxlab olishning gʻamini ye. Boʻlmasa, kalovlanib qolasan.
“Hozir miyam juda yaxshi ishlayapti, – deb oʻyladi u. – Hatto juda ham ravshan. Shunchalik ravshanki, goʻyo hamshiralarim boʻlgan yulduzlarga oʻxshaydi. Ammo nima boʻlganda ham, men uxlab olishim kerak. Yulduzlar ham uxlaydi, oy ham uxlaydi, quyosh ham uxlaydi va hatto oqim boʻlmagan, jimjit sukunat choʻkkan kezlari okean ham uxlaydi.
– Uxlab olishni yodingdan chiqarma, – deb uqtiradi oʻziga oʻzi chol. – Uxlashga oʻzingni majbur qil. Kalavadan bir amallab xoli boʻlishning oson va toʻgʻri yoʻlini axtar. Endi quyruqqa oʻtib, makrelni tozalab qoʻy. Eshkakdan qilingan tormoz esa, xudo koʻrsatmasin uxlab qolguday boʻlsang, nihoyatda xatarli boʻladi.
– Ammo men uyqudan voz kechishim ham mumkin, – dedi u oʻziga. – Ha, mumkin, biroq bu ham oʻlguday xavfli.
U baliqni bezovta qilmaslikka harakat qilib, emaklab quyruq tomonga siljiy boshladi. “U ham ehtimol, pinakka ketayotgan boʻlsa ajabmas, – deb oʻyladi u – Ammo men uning nafas rostlab olishini istamayman. U to jon berguncha qayiqni tortib borishi kerak”.
Quyruqqa yetib olgach, u aylanib baliqning butun ogʻirligini chap qoʻliga oʻtkazdi, oʻng qoʻli bilan esa pichoqni gʻilofdan sugʻurib oldi. Yulduzlar bodrab-bodrab nurlanar, makrel ularning shuʼlasida yaqqol koʻzga tashlanar edi. Chol uning kallasiga pichoq sanchib, quyruqning taxta kati ostidan tortib oldi-da, oyogʻi bilan bosib turib, dumidan to ostki jagʻining tagigacha chaqqon tilib chiqdi. Soʻng pichoqni qoʻydi. Oʻng qoʻli bilan baliqning ichak-chavogʻiyu, jabrasini sugʻurib oldi. Uning qorin qopchigʻi ogʻir va shilimshiq edi. Tilinganda, ichidan ikki uchar baliq chiqdi. Ular hali buzilmagan, qattiqqina edi, chol har ikkovini ham qayiq tubiga yonma-yon qoʻydi, ichak-chavoqlarni esa dengizga uloqtirdi. Ular choʻkkan joyda yaltillagan iz qoldi. Yulduzlarning rangsiz shuʼlasida makrel iflos boʻz tusiga kirgan edn. Chol baliq boshini oyogʻi bilan bosib turib, uning bir yonidan terisini shilib oldi. Keyin makrelni agʻdarib qoʻydi va ikkinchi yonining terisini shildi. Goʻshtini boshidan to dumigacha tilib chiqdi.
Makrel skeletini dengizga uloqtirgach, suvda doiralar paydo boʻladimi, yoʻqmi deb, qarab turdi, ammo sekin-sekin choʻkib borayotgan baliq ashqol-dashqoli-ning yaltiroq izidan boshqa hech vaqo koʻrinmadi. Chol oʻgirilib oldi, har ikkala uchar baliqni makrel boʻlaklari orasiga qoʻydi va pichoqni gʻilofiga solib, yana qayta qayiq burniga tomon ohista oʻtib oldi. Uning yelkasi chilvir zalvoridan egilgan, oʻng qoʻli bilan esa baliqni tutib borardi.
Joyiga qaytib kelgach, makrel boʻlaklarini taxtalar ustiga terdi, bularning qatoriga uchar baliqlarni qoʻydi. Shundan keyin chilvirni yelkasining hali lat yemagan joyiga surib oldi va yana ogʻirlikni planshirga tayangan chap qoʻliga oʻtkazdi. Bort osha engashib, uchar baliqni dengizda chayib oldi. Bu orada qoʻli ostida suvning qanday oqayotganiga ham eʼtibor berdi. U makrel poʻstini shilganida, yaltirab qolgan qoʻli atrofida suvning doira yasab oʻtishiga mahliyo boʻlib turdi. Hozir u avvalgidan sekiproq oqardi. Chol kaftining chetinn qayiq ziyiga ishqab turib, quyruq tarafga ohista suzib ketayotgan fosfor zarralarini koʻrdi.
– U yo toldi, yo nafas rostlayapti, – dedi chol. – Tezroq ovqatlanib, ozgina uxlab olish kerak.
U goʻsht boʻlaklaridan birining yarmini va yulduzlar yorugʻida tozalab qoʻyilgan uchar baliqlardan birini yeb oldi. Ovqatlanar ekan, chol tun havosi borgan sari sovuqlashayotganini seza boshladi.
– Agar qovurib yeyilsa bormi, makreldan koʻra lazzatliroq narsa yoʻq, – dedi u. – Ammo xomligida naqadar bemaza bu. Dengizga baniy tuzsiz va limonsiz chiq-maganim boʻlsin.
“Menda kalla degan narsa boʻlganda, – deb oʻyladi u, – kun boʻyi qayiq burniga suv quyib, selgitib turmasmidim, – kech kirganda, qoʻlimda tuzim boʻlardi. Aytmoqchi, makrelni kun botish oldidangina tutgan edim-a. Shunday boʻlsa ham men juda koʻp narsalarni nazardan qochirib qoʻyibman. Qarang-a, butun bir boʻlakni chaynab boʻlibman-ku, ammo koʻnglimni aynitayotgani yoʻq”.
Sharq tomonda osmon beti bulutlarga burkanmoqda edi va tanish yulduzlar birin-sirin oʻcha boshladi. U goʻyo bulutlar darasiga kirib borayotganday koʻrinardi. Shamol tindi.
– Uch yoki toʻrt kundan keyin havo ayniydi, – dedi u. – Ammo bu hali na bugun boʻladi, na ertaga. Baliq oʻzini osoyishta tutayotgan ekan, mizgʻib ol, qariya.
U chilvirni oʻng qoʻliga oldi va bor gavdasi bilan bortga yonboshlagan holda, qoʻlini dumgʻazasi bilan bosib tushdi. Keyin yelkasidagi chilvirni sal quyiroqqa siljitdi va uni chap qoʻli bilan ushlab oldi.
“Barmoqlarim boʻshashib ketmaguncha, oʻng qoʻlim chilvirni qoʻyib yubormaydi. Mabodo uyquda barmoqlar chilvirni qoʻyib yuborsa, uning dengizga qarab silji-shini chap qoʻlim sezadi-da, meni uygʻotadi. Albatta oʻng qoʻlga oson boʻlmaydi. Ammo u qiyinchilikka bardosh beraverib, oʻrganib qolgan. Juda boʻlmaganda yigirma minut yoki yarim soat uxlab olsam, shu ham katta gap”.
U bortga yonboshladi, baliqning ogʻirligini oʻng qoʻliga oʻtkazdi va uxlab qoldi.
Bu safar tushiga arslonlar emas, sakkiz yoki oʻn milga choʻzilib ketgan dengiz choʻchqalarining hududsiz toʻdalari kirib chiqdi. Hozir hirs fasliga kirganlari-dan, ular havoga baland sakrashar, keyin oʻzlari chiqib kelgan suv oʻyigʻiga shoʻngʻishar edi.
Keyin tushida koʻrsa qishloqda oʻz karavotida yotibdi. Kulbasida shimoldan esgan shamol gʻuvillar emish. Chol juda sovqotibdi. Boshiga yostiq oʻrniga qoʻygan oʻng qoʻli boʻlsa, uvushib qolibdi.
Va nihoyat, uning tushiga choʻziq zardob rang sohil kirdi va gʻira-shirada bu yerga chiqqan birinchi arslonni koʻrdi, uning ketidan boshqalari ham chiqib kelardi. Chol langar tashlab turgan kemaning bortiga iyagini tirab qararmish, qirgʻoqdan esgan kechki shamol uni yelpib oʻtarmish, oʻzi boshqa arslonlar paydo boʻlmasmikin deb kutayotganmish va baxtiyor emish.
Oy boʻlsa allaqachon chiqqan, u esa hamon uyqudan bosh koʻtarmas, uxlar, baliq boʻlsa qayiqni bulutlar darasi tomon sokin sudrab borardi.
U siltovdan uygʻonib ketdi, oʻng qoʻli musht boʻlib yuziga kelib urildi, chilvir qoʻlni qizdirgandan qizdirib, shitob bilan dengizga ketib borardi. Chap qoʻli hech narsani his qilmaganidan, u chilvirni oʻng qoʻli bilan toʻxtatishga urindi, ammo chilvir allaqapday kuchli bir surʼat bilan dengizga ketib borardi. Nihoyat chap qoʻl ham chilvirni seza boshladi, chol chilvirga yelkasi bilan tirkaldi, endi chilvir orqasi bilan baliqning butun ogʻirligini oʻziga olgan chap qoʻlini jizillatib oʻta boshladi. Chol ehtiyot kalavalarga oʻgirilib qaradi va ularning juda tez boʻshalayotganini koʻrdi. Shu on baliq okean sirtini oʻpirib, otilib chiqdi va yana dengizga zalvor bilan tushib ketdi. Keyin bu yana takrorlandi, undan soʻng yana va yana. Chilvirning dengizga toʻxtovsiz ketib borishiga qaramay, qayiq olgʻa bosardi, chol chilvirni bor kuchi bilan tortishga harakat qilar, goh bir zumgina boʻsh qoʻyib berar, goh yana uzilib ketadimi deb qoʻrqa-qoʻrqa oʻziga tortardi. Uning oʻzi ham qayiq burniga yopishtirib tashlangan edi. Yuzi bir boʻlak makrel goʻshtiga tir-kalgancha yotar cholning qimirlashga imkoni yoʻq edi.
“Bizga xuddi mana shu narsa kerak edi, – deb oʻyladi u. – Endi mahkam boʻl… Chilvirni qanday sugʻurib ketishni koʻrsatib qoʻyaman unga! Ha, koʻrsatib qoʻyaman hali!”
Unga baliqning irgʻib chiqishlari koʻrinmas edi. U, okean bagʻrining shov-shuv suron bilan qoʻporilganiyu, baliq qaytib suvga tushayotganda, quloqni batang qi-lib shaloplaganini eshitardi, xolos. Bortdan oshib borayotgan chilvir qoʻlni ayovsiz tilib oʻtar, ammo chol shunday boʻlishini avvaldan bilar va kafti yo panjalari yaralanmasin uchun chilvir yoʻliga qoʻlining qadoqli yerini toʻgʻrilashga harakat qilardi.
“Bola yonimda boʻlganda, – deb oʻyladi chol, – chilvirni hoʻllab bergan boʻlardi. Eh, bola yonimda boʻlganda-ya! Qaniydi u shu yerda boʻlsa! Qaniydi!”
Chilvir ketgandan ketib borar, ketgandan ketib borar, ammo boyagiga qaraganda surʼati susayinqirab qolgan va chol baliqni chilvirning har tutamini mashaqqat bilan yulib olishga majbur qilardi. U boshini koʻtarib yuzini parchinlanib ketgan makrel goʻshtidan chetga olishga muvaffaq boʻldi. U avval tizzasiga turdi, soʻng ohista oyoqqa bosdi. Chol chilvirni hamon boʻshatib turar, lekin borgan sari oʻlarmonlik bilan oz-ozdan boʻshatardi. U kalava oʻramlari turishi kerak boʻlgan joyga surildi-da, oyogʻi bichan paypaslab hali oʻramda chilvirning koʻpligiga qanoat hosil qildi. Suvga esa, shunchalik koʻp chilvir ketgan ediki, hali baliq shuning oʻzini eplab ulgursa ham xoʻp gap edi.
“Mana endi, – deb oʻyladi u. – Baliq oʻn marotabadan ham koʻp irgʻishlab chiqib pufaklarini havo bilan toʻldirdi. Endi uning borsa kelmasga qochib qutulishi va u yerda oʻlib ketishi mumkin emas. U tezda doira yasab, chir aylana boshlaydi, ana oʻshanda qoʻl-qoʻlga tegmay ishlashga toʻgʻri keladi. Qiziq, nima sabab-dan u bunchalik bezovta boʻldiykin? Ochlik jonidan oʻtdimi yoki qorongʻida biron narsa hurkitdimi? Balki u toʻsindan dahshatga tushgandir. Ammo bu vazmin va kuchli baliq edi-ku. U menga juda dov va oʻziga amin boʻlib koʻringan edi. Tavba!”
– Menga qara, chol, yaxshisi qoʻrqib-poʻrqib oʻtnrishni bir yoqqa yigʻishtirib qoʻy-da, koʻproq oʻz kuchingga ishon, – dedi u. – Sen uni qoʻlingda ushlab turgan boʻl-sang ham, bir qarichgina chilvirni oʻzingga tortib ololmaysan. Ammo u tezda aylana boshlaydi.
Chol endi chilvirni chap qoʻli va yelkalari bilan toʻxtatib turardi; yuzidan makrel goʻshtining parchalarnni yuvib tashlash uchun egilib oʻng qoʻlida suv oldi. U koʻngli behuzur boʻlib, qayt qilishdan, natija-da, madorsizlanib qolishdan qoʻrqardi. Yuzini yuvib boʻlgach, chol subhi sodiq uygʻonib kelayotgan koʻkka ter-milgancha, oʻng qoʻlini bortdan oshirib, shoʻr suvda tutib turdi. “Hozir u aytarli ogʻishmay, toʻgʻri sharqqa qarab suzyapti, – deb oʻyladi u. – Bu uning charchab qolib, oqim boʻylab borayotganini koʻrsatadi. Unga hali zamon doira qilishga toʻgʻri kelib qoladi. Oʻlib-tiriladigan payt ana oʻshanda boshlanadi”.
Qoʻlini shoʻr suvda bir necha muddat tutib turgach, chol uni koʻzdan kechirdi.
– Unchayam xavfli emas ekan, – dedi u. – Ogʻriq boʻlsa er kishi uchun bir gapi, xolos.
Chol chilvirni qoʻlining yangi qirqilib ketgan yerlariga tekizib yubormaslikka harakat qilib, avaylabgina ushladi va chap qoʻlini ham ikknnchi bortdan oshirib suvga solish uchun gavdasini qulay oʻrnashtirib oldi.
– Oʻlguday tirik notavon boʻla turib ham, har holda, oʻzingni yomon tutganing yoʻq, – dedi u chap qoʻliga. – Ammo meni chuv tushirib qoʻyay degan payting ham boʻldi.
“Nimaga ham men togʻni ursa talqon qiladngan ikki zabardast qoʻl bilan tugʻilmadim? – deb oʻylardi u. – Balki chap qoʻlimning mana shu koʻyga tushishiga oʻzim aybdordirman? Uni achchiq-chuchukka bardosh berishga oʻz vaqtida oʻrgatish kerak edi. Ammo bandasi boʻlmasa, xudoyimning oʻzi koʻrib turgandir, bu narsalarni uning oʻzi ham oʻrganib olsa boʻlardi. Rostini aytganda, bugun kechasi u menga yomon xizmat qilmadi; bor-yoʻgʻi bir marta tomir tortishdi, xolos. Lekin, mabodo, bu yana qaytariladigan boʻlsa, yaxshisi chilvir uni choʻrt qirqib keta qolsin!”
Shuni oʻylagandan soʻng, chol boshi aylanib ketayotganligini sezib qoldi. Aslida yana bir boʻlak makrel goʻshtini yeb olish kerak edi-ya. “Yoʻq, yeya olmayman, – dedi u oʻziga. – Koʻngil ozib, behol boʻlgandan koʻra, bosh aylanib turgani maʼqul. Bundan tashqari, yuzi mijigʻlagan goʻshtni ogʻzimga sololmayman. Bu goʻshtni to buzilmaguncha, har ehtimolga qarshi saqlab qoʻyaman. Baribir hozir u-bu totib olishning vaqti oʻtdi. Kallavaram chol! – deb koyindi u. – Axir, qolgan bir uchar baliqni yeyishing mumkin-ku”.
– Mana u meni ye deb, tozalab qoʻyilgancha yotibdi, – chol uni chap qoʻliga oldi-da, suyaklarigacha qoʻymay mijib, paq-paqqos yeb bitirdi.
“U boshqa har qanday baliqqa qaraganda ham toʻq tutadi, – deb oʻyladi u. – Harqalay unda menga kerakli boʻlgan narsa bor… Mana endi qoʻlimdan nima kelsa shuni qilib boʻldim. Qani, u aylanaversin-chi, bellashib koʻramiz hali”.
U dengizga chiqqandan beri quyosh mana uchinchi marta bosh koʻtarib chiqyapti, xuddi shuni kutib turganday baliq ham doira chizishni boshlab yubordi.
Chilvirning dengizga qanday qiyalikda tushib borishiga qarab baliq aylanayotibdimi yoki yoʻqmi, chol bilolmasdi. Bilishning hali fursati ham yetmagan edi. U chilvirning picha boʻshashganligini sezdi xolos va oʻng qoʻli bilan uni ohista oʻziga torta boshladi. Chilvir boyagi-boyagi yana qattiq tortildi, ammo chol, ana endi uzilib ketadi deb turganda, u toʻsindan boʻshashib qoldi. Shunda chol enkayib yelkalarini ezib turgan chilvirdan boʻshatdi va shoshmasdan, maromi bilan uni oʻziga tortmoqqa kirishdi.
U butun erkini qoʻllariga berib ishlardi. Yoshlik kuch-quvvatini yoʻqotgan oyoqlari bilan yelkalari ularga koʻmak berib turardi.
– U juda ham olislab aylanyapti, ammo nima boʻlsa ham ishqilib aylanyapti-ku.
Toʻsatdan chilvir siljishdan toʻxtab qoldi. Ammo chol chilvirni to undan quyoshda tovlanib porlagan suv kukunlari sachrab chiqmaguncha oʻziga tortaverdi. Keyin chilvir orqaga tortilib keta boshladi. Chol choʻkkalab olgancha, xushlamaygina, asta-sekin yana sim-siyo suvga boʻshatmoqqa kirdi.
– Endi baliq oʻz doirasining eng olis qismnni oʻtayapti, – dedi u.
“Uni iloji boricha qattiq ushlash kerak. Tarang tortilgan chilvir doirani har safar toraytiraveradi. Ehtimol, biror soatdan keyin u koʻrinib ham qolar. Men uni avval oʻz kuchimga ishontirishim kerak, keyin tushovlab olaman”.
Biroq ikki soat oʻtibdi hamki, baliq hamon qayiq atrofida imillab aylangani aylangan edi. Chol qora terga botgan, charchaganidan burni yerga tekkuday boʻlgan edi. Toʻgʻri, baliq aylanayotgan doira anchayin qisqarib qolgan, bundan tashqari, chilvirning suvga tushib borishidan baliqning borgan sari yuqoriga koʻtarilib kelayotganligi koʻrinib turardi.
Bir soatdan beri cholning koʻz oʻngi qorongʻilashib borar, sel boʻlib oqqan ter koʻzini ham, koʻzi ustidagi jarohatni ham, va yana manglayidagi boshqa bir yarani ham achishtirgandan achishtirardi. Koʻz oʻngining qorongʻilashib borayotgani uni qoʻrqitmas edi. Chilvirni shunchalik zoʻriqish bilan tortayotgani oldida bu uncha-lik hayron qolarli ish emasdi. Lekin ikki safar unga jismi goʻyo sochilib ketayotganday boʻlib tuyuldi, bu esa uni hazilakam tashvishga solmay qoʻymadi.
“Nahotki men povilgʻonilik qilib qoʻysam va xudo bexabar bir baliq deb oʻlib ketsam? – oʻz-oʻziga savol berardi u. – Kelib-kelib, hozir – hamma narsa koʻn-gildagiday boʻlayotgan mahalda-ya. yo rabbiy, oʻzing menga chidam ber! Men yuz bor, “Yo padar” bilan yana yuz bor “Bibi Maryam”ni oʻqiganim boʻlsin. Faqat hozir emas. Hozir oʻqiy olmayman”.
“Hozircha ularni goʻyo oʻqiganday boʻla qolay, – deb oʻyladi u. – Keyinroq oʻqib qoʻyaman”.
Shu dam u ikki qoʻllab ushlab turgani chilvirga zarb tushayotgani, hamda siltanish roʻy berganini sezib qoldi. Siltov juda ham keskin va benihoya kuchli edi.
“U qarmoq ulangan simga qilich tumshugʻi bilan uryapti, – deb oʻyladi chol. – Xuddi oʻzi. Uning shunday qilishi ham kerak edi. Biroq bu uni sakrab chiqishga majbur qilib qoʻyishi mumkin, men boʻlsam uning hozir aylana turgani maʼqul deb bilardim. Boya unga havo olish uchun yuzaga sakrab chiqish kerak boʻlgan edi, ammo endi har bir yangi sakrash qarmoq ilinib turgan joyni kengaytirib qoʻyishi, oqibat natijada baliq qoʻldan chiqishi mumkin”.
– Baliq, sakramagin, – iltimos qilardi u. – Oʻtinaman, sakrama!
Baliq qayta-qayta simga zarb urar va har gal chol bosh chayqab, chilvir boʻshatar edi.
“Men unga quyushqondan tashqari azob bermasligim kerak, – deb oʻylardi u. – Mening dardim – oʻzimda. Uni yengib oʻtishim mumkin. Ammo baliq ogʻriqdan esi-ni yoʻqotib qoʻyishi hech gapmas”.
Birmuncha muddatdan soʻng baliq simga urishdan toʻxtadi va yana ohista aylana boshladi. Chol maromi bilan chilvirni oʻziga tortib yigʻishtirardi. Ammo u yana oʻzini lohas seza boshladi. Chol dengiz suvidan hovuchlab olib boshidan quydi. Keyin yana bir oz suv olib boshiga quygach, ensasini uqalab qoʻydi.
– Shukurki, hartugul tomir tortishmayapti, – dedi u. – Baliq tezda yuzaga chiqadi, men boʻlsam hali turib beraman. Sen turib berishing kerak, chol. Chidamim yetmaydi deb, hatto xayolingga ham keltira koʻrma.
U tizzalab oʻtirib oldi va omonatgina boʻlsa ham chilvirni yana yelkasiga oldi. “Baliq aylanib turguncha, men nafas rostlab olaman, keyin oʻrnimdan turaman-da, u yaqinlab kelishi bilan chilvirni oʻzimga torta boshlayman”.
Chol qayiq burnida turib koʻproq dam olgisi, chilvirni oʻz holiga tashlab, ortiqcha bir aylanib chiqish uchun baliqqa yoʻl qoʻyib bergisi kelardi. Ammo tor-tish maromidan baliqning burilib, yana qayiq tomonga qaytayotganligi maʼlum boʻlgan zamon chol oʻrnidan turdi va qoʻlga iloji boricha koʻproq chilvir kiritay deb, gavdasini dam u tomonga, dam bu tomonga oʻgirgancha qulochlab chilvir torta boshladi.
“Shunday charchabmanki, umrim bino boʻlib bunaqangi ahvolga tushmaganman, – deb oʻyladi chol, – mana shamol ham kuchayib boryapti. Nafsilamrga baliqni uyga olib borayotganimda, bu shamol asqatadi. Ha, juda, juda asqatadi bu shamol”.
– U yangidan aylana boshlashi bilan men dam olaman, – dedi u. – Oʻzimni ham boyagidan koʻra ancha yaxshi his qilyapman. Oʻldim deganda, yana ikki-uch aylanishdan keyin baliq meniki boʻladi-qoʻyadi.
Uning poxol shlyapasi ensasiga surilib tushgan edi. Baliq oldinga qarab yana sudrab keta boshlashi bilan chol butunlay holdan toyib, oʻzini qayiq burniga tashladi.
“Mana endi sen chigilingni yoz, baliq, – deb oʻyladi u. – Sen orqaga qaytding deguncha, men ishimni boshlayman”.
Dengiz boʻylab yirik dolgʻa sirpana boshladi. Ammo suvni ochiq havoning yoʻldoshi boʻlgan xayrli shamol haydab kelmoqda edi. U cholning uyga yetib olishi-da hali ham mador, ham madad boʻladi.
– Qayiqni janub va gʻarbga tomon boshqarib boraman, – dedi u. – Vassalom. Dengizda ham adashib boʻlarmishmi? Orolimizku, kichkina emas, choʻzilgandan choʻzilib ketgan.
Chol baliqni uchinchi aylanish vaqtida koʻrdi.
Nazari avvalo qayigʻi ostidan hadesa bosh-keti koʻrinmay choʻzilib oʻtgan timqora soyaga tushdi. Oʻz koʻzlarining koʻrganiga oʻzi ishonmay qoldi.
– Yoʻq, – dedi u. – Uning bunaqangi botmondaxsar boʻlishi mutlaqo mumkin emas.
Ammo baliq chindan ham ulkan edi. Uchinchi aylanish oxirlab qolganida, u qayiqdan oʻttiz yardcha narida yuzaga suzib chiqdi. Uning quyrugʻi dengizdan qan-chalik koʻtarilib chiqqanini chol oʻz koʻzlari bilan koʻrdi. U eng katta oʻroqdai ham kattaroq boʻlib, qoramtir-moviy suv betidan nimsafsar tusga kirgandek koʻrinardi. Baliq yana boshqatdan shoʻngʻib ketdi, ammo bu gal u qadar chuqur tushmadi. Uning butun alp siyosat gavdasini chirmab olgan binafsha rang tasmalari cholga yap-yaqqol koʻrinib turardi. Baliqning umurtqa qanoti shalpayib tushgan, juda ham ulkan koʻkrak suzgʻichlari boʻlsa keng yoyilgan edi.
Baliq aylanar ekan, chol uning koʻzlarini, shu koʻzlar atrofida suzib yurgan ikki kul rang yelim baliqni koʻrdi. Oʻqtin-oʻqtin ular baliqning badaniga zu-lukdek yopishar, keyin jonholatda ura qochishardi. Gohida esa yirik baliqning soyasida oʻynoqlab suzishardi. Yelim baliqlardan har birining boʻyi uch futdan oshiqroq kelar edi. Ular suzayotganlarida xuddi ilon baliqqa oʻxshab, bor boʻylari bilan bilanglab ketishardi.
Cholning yuzidan endi faqat quyosh taftidangina emas, azbaroyi zoʻriqqanlikdan ham ter reza-reza boʻlib oqardi. Koʻrinishdan juda sokin va bamaylixotir doira yasayotgan baliqning har yangi aylanishida chol borgan sari koʻproq chilvir yigʻib olar, yana ikki aylanishdan keyin baliq koʻksiga garpun urajagiga endi u amin boʻlib qolgan edi.
“Ammo men uni bundan ham yaqinroq olib kelishim kerak, ha, yaqinroq, – deb oʻylardi u. – Moʻljalga ham boshini olmasdan, naq yuragiga urish kerak”.
“Oʻzingni bos, bardam boʻl, chol”, – dedi u oʻziga oʻzi.
Keyingi aylanish vaqtida baliqning sirti suv yuzasida koʻrindi, ammo u hali ham qayiqdan ancha narida suzib borardi. Baliq yana bir marta aylanib chiqdi, biroq suv betiga boyagidan koʻra sezilarliroq chiqib qolgan boʻlsa-da, hamon oʻsha-oʻsha qayiqdan ancha olisda edi. Chol chilvirni yana bir oz tortqilab olganida, hozir baliqni naq bortning yonginasiga keltirib qoʻygan boʻlishini bilardi.
U garpunni allaqachon shay qilib qoʻygan edi; ingichka tros oʻrami kajava savatda yotar, uning bir uchi qayiq burnidagi ilgakka mahkamlangan edi.
Beqiyos vazmin va suluv boʻlgan bu baliq doirasini yasab, ulkan quyrugʻini bilinar-bilinmas qimirlatib yaqinlashib kelardi. Chol uni qayiqqa mumkin qa-dar yaqinroq olib kelish uchun kuyib-pishib chilvir tortardi. Bir muddat baliq yonboshiga agʻdarilib qoldi. Keyin u oʻzini rostlab oldi va yangidan aylanishga oʻtdi.
– Men uni oʻrnidan jildirdim, – dedi chol. – Nima boʻlganda ham men uni agʻdarilishga majbur qildim.
Uning yana boshi aylanib ketdi, shunga qaramasdan chilvirni oʻlib-tirilib tortishdan toʻxtamadi. “Axir, boʻlsa-boʻlmasa, uni yoniga toʻntarib qoʻyish qoʻlimdan keladiku, – deb oʻyladi u. – Ajab emas, uni bu safar chalqanchasiga agʻdarib olsam. Tort xooo, tort! – Oʻz qoʻllariga buyurdi u. – Qani, ha-ha, oyoqlar, bardam-bardam! Kalla, boʻla qol, anqayma! Ish koʻrsat! Axir, sen hech qachon meni yerga qaratmagansan-ku. Bu safar men uni charxpalak qilib tashlayman!”
Hali baliq qayiqqa yaqin kelib ulgurmasdanoq, u bor kuchini yigʻib, oʻlar-tirilariga qaramay torta boshladi. Biroq baliq yonboshiga agʻdarildi, xolos. Keyin yana oʻzini oʻnglab oldi-yu, olislab ketdi.
– Menga qaragin, baliq! – dedi chol unga. – Sen baribir oʻlasan. – Shunday boʻlgach, meni ham oʻzingga qoʻshmozor qilishdan bir maʼno bormi?
“Bunaqada ikki qoʻlimni burnimga tiqib qolaverishim ham hech gap emas”, – koʻnglidan oʻtkazdi u. Ogʻzi shunday ham qaqrab ketgan ediki, hatto labini labiga qovushtirishga majoli yetmas, suv solingan shishani choʻzilib olish uchun esa madori yoʻq edi. “Bu gal men endi uni qayiqqa sudrab keltirmasam boʻlmaydi, – deb oʻyladi u. – Kuning bitib qolganga oʻxshaydi, chol”. “Yoʻq, – deb choʻrt kesdi u oʻzini, – bitib qolgani yoʻq. Umring hali yuz yillarga yetadi, chol”.
Keyingi aylanish paytida chol sal boʻlmasa baliqni qoʻlga kiritay dedi-yu, biroq u yana oʻzini rostlab olib, ohista uzoqlab ketdi.
“Meni xarob qilyapsan, baliq, – oʻylardi chol. – Bu, albatta, sening ishing. Umrim bino boʻlib hali biron martaba senchalik ulkan, senchalik suluv, osuda va olijanob maxluqni koʻrmaganman. Mayli, istasang meni oʻldir. Kim-kimni halok qiladi – endi menga baribir”.
“Yana miyang ayniyapti, qariya! Oʻzing bilasan-ku, boshing ravshan boʻlishi shart. Esingni yigʻib ol. Uqubatni insonlarcha… yo boʻlmasa, xuddi mana bu baliqchalik yengib oʻtishga harakat qil”, – deb xayolan qoʻshib qoʻydi u.
Soʻng oʻz-oʻziga:
– Qani, boʻl-chi, kallani ishlat, – dedi. Ovozi shunday ojiz chiqdiki, uni hatto oʻzi bazoʻr eshitdi. – Ishlat, deyapman senga.
Yana ikki aylanish davomida ham hech narsa oʻzgarmadi.
“Nima qilsam boʻlarkin? – oʻylab oʻyiga yetolmasdi chol. Har gal baliq olislay boshlashi bilan unga goʻyo oʻzi hushdan ketayotganday boʻlib tuyulardi. – Nima qi-lish kerak? Yana bir unnab koʻraman”.
U yana bir urinib koʻrib, hushdan ajralayotganini sezdi. Ammo shunday boʻlsa ham baliqni chalqancha agʻdarishga muvaffaq boʻldi. Keyin baliq qaytadan oʻzini rostlab oldi va bahaybat dumini havoda bilanglata-bilanglata yiroqlab ketdi.
Qoʻllari jonsizday boʻlib qolgani va koʻz oldi xiralashib, tuman bosganiga qaramay chol: “Yana bir urinib koʻraman”, – deb ahd qildi.
Shunday qildi ham, biroq baliq yana chap berib ketdi. “E, hali shundaymi? – deb oʻyladi u. Uyladiyu, oʻzini muzlab ketayotgandek his qildi. – Men yana bir urinib koʻraman”.
U oʻzining butun azob-uqubati, qolgan-qutgan kuch-quvvati va allaqachonlardan buyon yoʻqolib ketgan gʻurur, oriyatini bir yerga toʻpladiyu, ularni baliq chekayotgan abgorliklar bilan yakkama-yakka olishuvga tashladi. Shunda baliq yonboshiga agʻdarilib tushdi va shu koʻyicha ohista, qayiq qoplamasiga qilich tumshugʻi bilan tegay-tegay deb suzib oʻta boshladi; uzun degandan uzun, enli degandan enli, kumushdayin tovlangan, binafsha rang tasmalardan kamar bogʻlagan, boshi hoʻ atta, keti hoʻ batta boʻlib tuyulgan bu baliq sal boʻlmasa qayiq yonidan qilpillab oʻtib ketay dedi.
Chol chilvirni tashlab, uni oyogʻi bilan bosib oldi, garpunni qurbi yetgancha baland koʻtarib, shu onda yiqqan bor kuchi bilan baliqning dengiz sirtidan odam koʻkragicha koʻtarilib turgan toʻsh qanotlarining xuddi orqasiga urdi. U temirning yumshoq goʻshtga qanday kirib borayotganini tuydi va butun ogʻirligini garpunga solib, uni borgan sari chuqur suqa bordi.
Shunda baliq oʻlim bilan hamnishin boʻlib qolganiga qaramay harakatga kirdi, goʻyo oʻzining tengi yoʻq boʻy-basti, bor goʻzalligi va qudratini namoyish qilganday dengizdan baland koʻtarilib chiqdi. Goʻyo u chol bilan qayiq ustida muallaq osilib qoldi. Keyin u chol va cholning butun qayigʻiga koʻlob-koʻlob suv yogʻdirib dengizga gumburlab tushdi.
Cholni behollik va behuzurlik oʻz komiga oldi, koʻzlari deyarli hech narsani ilgʻamay qoʻydi. Biroq garpun arqonini boʻsh qoʻyib, uni tilimlanib ketgan qoʻllari-da ohista tutamlay boshladi. Koʻzlari yana ravshan tortganda esa, u baliqning kumush rang qornini osmonga qaratib toʻntarilib yotganini koʻrdi. Orqasidan garpun dastasi qiyalab chiqib turar, dengiz tegrasi esa uning qora qoniga boʻyalgan edi. Boshda goʻyo butun bir chaqirim keladigan moviy suvni gʻij-gʻij baliqlar toʻdasi qoplab yuborganday qora dogʻ bosdi. Keyin bu dogʻ yoyilib ketdi va pagʻa-pagʻa bulutga oʻxshab qoldi. Kumushsimon baliq toʻlqinlarda ohista tebranib turardi.
Chol to koʻzi yana tinib ketmaguncha, baliqdan koʻz uzmay turdi. Soʻngra u garpun arqonini bitengga ustma-ust ikki marta oʻrab bogʻladi va qoʻllari bilan ikki chakkasini ushlab munkaydi.
“Nima balo boʻla qoldi-ya, bu boshimga oʻzi? – dedi (u yuzini quyruq qoplamasiga bosarkan. – Men keksayib qolgan odamman. Qattiq charchadim. Ammo men nima boʻlganda ham mana bu baliqni oʻldirdim. U menga tugʻishgan birodarimdan ham ortiqroq. Endi boʻlsa mayda-chuyda ishni bir yoqlik qilishgina qoldi.
Hozir baliqni qayiqqa qantarib olishim uchun arqonni taxt tutib, uni sirtmoq-sirtmoq qilib qoʻyishim kerak. Mabodo biz ikkovlashib baliqni qayiqqa ortgan boʻldigo, uni suvga liq toʻldirib qoʻydigo, boringki, keyin chelaklab boʻshatdigo, baribir, qayiq bunaqangi yukka dosh berolmaydi. Men nima lozim boʻlsa hammasini tappa-taxt qilib qoʻyishim kerak. Keyin baliqni bortga tortib keltirishimu, chandib tashlashim, yelkanni koʻtarib, kuch-koʻron bilan juftak rostlashim kerak boʻladi”.
Chol arqonni baliq jabrasi va jagʻlaridan oʻtkazib, boshini quyruqqa tirband qilish maqsadida uni bortga tortib keltira boshladi.
“Uni koʻrgim kelyapti, – deb oʻyladi u, – oʻz qoʻllarim bilan ushlagim, qanday baliq ekanligini bir bilib qoʻygim kelyapti. Axir u – mening boyligim. Lekin, faqat shuning oʻzi uchungina uni ushlab koʻrgim kelayotgani yoʻq. Men allaqachon, hoʻ oʻshanda, garpunni sopiga dovur urganimda, uning yuragiga qoʻl tekizib koʻrganday boʻldim, – deb oʻylardi u. – Hay, mayli, endi uni yaqinroq olib kel, boyla, dumiga sirtmoq tashla, qayiqqa yopishib tursin desang, tanasini ham sirtmoqlab ol”.
– Qani, qariya, harakatingni qil, – dedi u oʻziga va bir qultum suv yutindi. – Endi jang tamom boʻldi, ammo hali mayda-chuyda ish boshdan oshib yotibdi.
Chol avval zilol osmonga, keyin ulkan baliqqa nazar soldi. Ayricha diqqat bilan quyoshga qaradi, “Hozir kun peshindan sal ogʻibdi. Passat boʻlsa, avjiga minyapti. Shu tobda chilvirni ulab-chatib qoʻyay desam, bundan naf yoʻq. Buni bola bilan uyda doʻndirib qoʻyamiz”.
– Qani, beri kel-chi, baliq!
Ammo baliq beri kelishni hatto xayoliga ham keltirmas, toʻlqinlar ogʻushida sokin chayqalar edi. Cholning oʻziga qayiqni unga tomon olib borishga toʻgʻri keldi.
Chol unga shundoq yonma-yon kelib, baliqning boshi qayiq quyrugʻiga uchma-uch kelganda, yana bir karra uning azim haybatidan dang qoldi. Keyin garpun ar-qonini bitengdan yechib olib, uni baliq jabralaridan oʻtkazdi, bir uchini jagʻidan tortib chiqardi, baliqning qilich tumshugʻiga aylantirib oʻradi, keyin arqonni yana jabralardan oʻtkazdi, yana baliq tumshugʻiga oʻradi va ustma-ust bitengga chandib tashladi. Qolgan arqonni kesib olib, baliq dumini sirtmoqlash uchun quyruqqa oʻtdi. Baliqning tusi zarrin binafsha rangdan sof kumush rangga oʻtdi, tasmalari boʻlsa, xuddi quyrugʻi kabi siniq safsar tusini oldi. Bu tasmalar erkak kishining kerilgan qoʻllaridan enliroq edi, baliqning koʻzlari esa, xuddi periskop oynaklari singari loʻq boʻlib qolgan, ayni choqda salb chopqinlari vaqtidagi avliyolarning qiyofasini eslatib turardi.
– Men uni bundan boshqacha qilib oʻldirolmas edim, – dedi chol.
U suv ichib, oʻzini ancha tetik his qildi. Endi u oʻzining bundan keyin hushdan ketmasligini bilardi, miyasi ham ravshan tortgan edi. “Bu baliq yarim tonna kelsa keladiki, kam emas, – deb oʻyladi u. – Balkim, undan ham koʻproqdir”. Agar bunaqangi baytalmonning uchdan ikki qismi goʻsht boʻlsa, har funti oʻttiz sentdan turganda, qoʻlga qancha pul kirarkin?
– Qalam-qogʻoz boʻlmasa, hisobiga yetib ham boʻlmaydi buni, – dedi chol. – Hisobini chiqarish uchun bosh tiniq boʻlishi kerak. Ammo, fahmimcha, ulugʻ Di Mad-jio bugun men bilan faxrlansa arziydi. Toʻgʻri, menda suyak qadogʻi boʻlgan emas. Lekin qoʻllarim va yelkam bebiliska ogʻridi-ye. Darvoqe, suyak qadogʻining oʻzi nima? Ehtimol, u bizda ham boʻlsa bordir, faqat borligini xayolimizga keltirmasak kerak, xolos.
Chol baliqni qayiq burni, quyrugʻi va oʻrindiqlariga bogʻlab qoʻydi. Baliq shunchalik ham azim ediki, cholga goʻyo u qayigʻini yirik kemaning bortiga tirkab qoʻyganday tuyular edi. Chilvirdan bir boʻlak kesib oldi-da baliqning ogʻzi ochilib qolib, suzishni qiyinlashtirmasin uchun uning pastki jagʻini tigʻiga koʻtarib bogʻlab qoʻydi. Keyin u machtani oʻrnatdi, tayoqdan gafel oʻrnida foydalandi, shkotni tortib qoʻydi. Olaquroq yelkan gʻoʻppaydi, qayiq olgʻa jildi, chol quyruqqa yarim yonboshlab, janubi-gʻarbga suzib ketdi.
Janubi-gʻarb tomonni aniqlash uchun cholga kompasning keragi yoʻq edi. Buning uchun unga passatning qayga esayotgani-yu, yelkanning qay tarafdan shamolga toʻla-yotganini bilish kifoya edi. “Harqalay qarmoqni suvga tashlab qoʻysam yomon boʻlmasdi – yolgʻondaka xoʻrakka baliq-maliq ilinib qolarmidi deyman, boʻlmasa ochdan oʻlaman-ku”. Ammo u yolgʻondaka xoʻrakni axtarib topolmadi, sardinlar esa hidlanib qolibdi. Shunda u sariq suv oʻsimliklari yonidan suzib oʻta gurib, ular-dan bir tutamini changak bilan ilib olib, silkitdi. Qayiqqa mayda qisqichbaqalar toʻkilib tushdi. Deyarli bir dyujinadan oshiqroq boʻlgan bu maxluqlar xuddi burgalar singari dikirlab sakrashar, oʻrmalashardi. Chol ularning boshini pkki barmogʻi orasiga olib uzib tashladi va hech narsasinn qoʻymay obdon chaynab yeb yubordi. Qisqichbaqalar nnhoyati mayda edi. Ammo chol ularning kishini juda ham toʻq tutishi, buning ustiga behad lazzatli ekanlngidan xabardor edi.
Chol ularnn batamom yeb bitirgandan soʻng, shishada qolgan ozginagina suvning chorak qismini ichdi.
Bortiga zil-zambil baliq tirkalganiga qaramay, qayiq rasamadi bilan borar, chol rumpelni tirsagi bilan tutgancha, uni boshqarar edi. Baliq unga muttasil koʻrinib turar, oʻz qoʻllariga koʻzi tushib qolsa yoki yelkasi qayiq chetiga tegib ketgan hamon – bularning bari tushida emas oʻngida sodir boʻlganini butun vujudi bilan his qilar edn. Huv bir payt, hamma narsa hal boʻlishga kelib qoʻqqisdan mazasi qochib qolganda, bularning bari cholga roppa-rosa tush kabi koʻ-rinib ketgan edi. Nimasini aytasiz, undan keyin ham baliq suvdan chiqib qayta tushib ketish oldidan havoda muallaq osilib qolganda, unga bularning hammasida qandaydir antiqa bir gʻaroyibot bordek tuyuldi va chol oʻz koʻzlariga ishonmay qoldi. Toʻgʻri, u paytda koʻzlari ham nafsilamrga yaxshi ilgʻamay qolgan edi, endi boʻlsa ular yana ravshan tortdi.
Mana endi baliqning haqiqatan ham mavjudligi, qoʻllari va yelkalaridagi ogʻriqning ham tushida boʻlmayotganligi unga ayon. “Qoʻllarimning yarasi tez bitib ketadi, – deb oʻyladi u. – Yaralar ifloslanib zoʻrayib ketmasin deb, ozmuncha qon oqizdimmi, shoʻrgina suv boʻlsa, hoynahoy ularga malham boʻladi. Koʻrfazning qoramtir suvi – dunyoda tengi yoʻq davo. Faqat xayolim chalgʻib ketmasa boʻlgani! Qoʻllar oʻz vazifasini ado etib boʻldi, qayiq ham joyida ketyapti. Baliqning ogʻzi bekik, quyrugʻi boʻlsa tigʻdek tik, oʻzimiz ham yonma-yon xuddi birodarlardek suzib boryapmiz”. Uning boshi yana bir oz gangib ketdi. “Kim kimni uyga eltayapti oʻzi – men unimi yo u menimi? Agar men uni shatakka olib borayotgan boʻlganimda, boshqa gap edi. Yoinki, u oʻzining turgan-bitgan savlatini boy berib, qayiq ichida yotganda edi, bunda ham hamma narsa boshqacha, ochiq-oydin boʻla qolardi. Ammo biz yonma-yon, bir-birimizga zanjirband boʻlib suzib ketyapmiz. Bor-e, menga nima, meni yetaklab ketayotgan boʻlsa ketavermaydimi. Unga shu maʼqul boʻlsa, biz rozi. Nafsilamrga, men ustomonlik ishlatibgina undan ustun chiqdim; baharhol, u menga hech qanday yomonlik koʻzlagani yoʻq”.
Ular suzgandan suzib borishar, chol oʻqtin-oʻqtin qoʻlini dengiz suviga chayqab olar, kalovlanib qolmaslikka harakat qilib borardi. Toʻp-toʻp bulutlar balandda imillar, ulardan ham yuksakda ukpar bulutlar suzishar edi; chol, shamol tuni bilan esib chiqishini bilardi. U haqiqatan ham, baliqni tushida emas, oʻngida koʻrib turganiga amin boʻlish uchun, damba-dam unga qarab qoʻyardi. Birinchi akula uni quvib yetguncha, bir soat chamasi vaqt oʻtdi.
Akula uni tasodifan quvib yetgani yoʻq. Baliq qonining qoramtir bulutlari avval quyuqlashib, keyin suv boʻylab butun bir chaqirim chuqurlikka yoyilib ke-tishi bilanoq, u dengiz qaʼridan bosh koʻtarib, hech bir hadik bilmasdan, oynaday moviy dengiz sirtini shitob bilan tilib, yorugʻ dunyoga suzib chiqqan edi. Keyin yana ortiga qaytdi, yana qon hidini tuydi va nihoyat baliq ham qayiq qoldirgan izdan ketma-ket taʼqib eta boshladi.
Gohida u izni yoʻqotib qoʻyardi. Biroq, yoxud yana izga tushib olar, yoinki bilinar-bilinmas anqib turgan is dimogʻiga urilardi-da, yangidan tinimsiz taʼ-qib eta boshlardi. Bu – dengizning eng uchqur baligʻi qanchalik tez suza bilsa, shunchalik tez suza olish uchun dunyoga kelgan, mako jinsidan boʻlgan juda ham yirik akula edi. Uning komi deyilmasa, butun sumbati bilan mana men deb turar edi. Usti xuddi qilich baliqniki kabi moviy, qorni kumush rang sirti silliq va chiroyli, hozir mahkam qisib olingan jahannam darvozasiday jagʻlarini hisobga olmaganda, turgan-bitgani qilich baliqqa oʻxshardi. U choʻqqayib chiqqan tepa qanoti bilan suvni yengil yorib, dengiz yuzidan tez suzib kelardi. Ogʻzining mahkam yumib olingan qoʻsh tabaqa lablari ortida sakkiz qator boʻlib oʻroq tishlari tizilib ketar edi. Ular koʻpchilik akulalarning aksar qirrador tishlariga oʻxshamas, balki yirtqich chovuti singari qayrilgan odam barmoqlarini eslatardi. Uzunligi ham cholning barmoqlaridan qolishmas, ziylari boʻlsa ustaraday oʻtkir edi. Akula jamiki dengiz baliqlarini jigʻildoniga urish uchun yaratilgan, bundan hatto boshqa hech qanday dushmandan tap tortmaydigan, benihoya epchil, kuchli hamda yaxshi muhofaza qilingan baliqlar ham holi emas edi. Shu tobda u oʻljaning yaqinligini sezib, shoshilar, shu sababdan ham moviy tepa qanoti suvni shiddat bilan tilik-lab borardi.
Chol akulani koʻrishi bilan uning hech narsadan qaytmasligini, xohlagan nomaʼqulchiligini qilishini tushundi. U akulaning yaqinroq kelishini kutarkan, garpunni shaylab, arqonning oxirini mahkamlab qoʻydi. Baliqni bogʻlab olayotganida, uning bir boʻlagini kesib ishlatganidan, arqon kalta boʻlib qolgan edi.
Cholning boshi hozir batamom tiniqqan, oʻzini hech narsadan umidvor tutmasa-da, harqalay, qatʼiyat bilan belni mahkam bogʻlagan edi.
“Hamma ish xamirdan qil sugurganday borayotgan ediki, oxirigacha shunday davom etishi mumkin emasdi ham”, – deb oʻylardi u.
Akulaning yaqinlab kelishidan koʻzini uzmay, chol azim baliqqa nazar tashladi. “Bularning bari, nafsilamrga, tush boʻlib qolsa ham yomon boʻlmasdi. Men uning oʻzimga hujum qilishining oldini ololmayman, ammo, balki, uni gumdon qilish qoʻlimdan kelar Dentuso[8], – xayolidan oʻtkazdi u. – Padaringga ming laʼnat!”
Akula naq quyruqning oʻziga yaqinlashib kelib, baliqqa tashlanishi bilan chol uning oʻpqondek ochilgan ogʻzini va favqulodda doʻlaygan koʻzlarini koʻrdi, baliq dumidan sal yuqoriga sanchilgan tishlarining kartillab, qisirlaganini eshitdi. Akulaning boshi suvdan chiqib turar, uning ketidan koʻp oʻtmay yelkasi ham koʻrinib qolgan edi. Chol akula jagʻlari ulkan baliqning tanasini xunuk tovush chiqarib, nimta-nimta qilayotganini eshitarkan, uning boshiga, koʻzlarini qoʻshib turgan chiziq tumshugʻidan yuqoriga kstgan chiziq bilan kesishgan joyning oʻzginasiga garpun urdi. Haqiqatda esa, bunday chiziqlar yoʻq edi. Ogir, tigʻsimon zangori kallasiyu, loʻq ochilgan koʻzlar va gʻijirlagan, turtib chiqqan, nima toʻgʻri kelsa, shuni gʻajib tashlashga tayyor turgan jagʻlargina bor edi. Ammo oʻsha yerda akulaning miyasi joylashganidan chol uni nishonga olib nayza urgan edi. Qiyilib-qirchilib ketgan, qonga boʻyalgan qoʻllarida mahkam qisilgan garpunni urdi, urganda ham jon-jahdi bilan urdi. Urarkan, zarbidan hech bir umidvor boʻlgani yoʻq, ammo qatʼiyat va alamjon qahru gʻazab bilan urdi.
Akula toʻntarilib tushdi, chol uning koʻzlari soʻnganini koʻrdi, keyin akula arqonni taniga ikki qayta oʻralashtirib, yana bir agʻdarildi. Chol akulaning jon berganini, ammo hamon oʻlim bilan kelishishni istamayotganini tushundi. Toʻntarilib yotarkan, u dumi bilan urar, jagʻlarini gʻijirlatar, suvni poyga qayi-gʻiday koʻpirtirar edi. Dengizning u dumi bilan savalagan joyi oppoq boʻlib ketgan edi. Akula gavdasining toʻrtdan uch qismi suvdan koʻtarilib chiqdi, arqon tarang tortildi, qiltillab-qaltiradi va oxiri choʻrt uzilib ketdi. Akula bir muddat suv betida qalqib turarkan, chol hamon undan koʻz uzmay, qaragani qaragan edi. Qeyin u imillabgina suv qaʼriga kirib yoʻqoldi.
– U oʻzi bilan qirq qadoqcha baliq goʻshtini gumdon qildi, – dedi chol ovoz chiqarib.
“Ustiga-ustak, garpun bilan qolgan-qutgan arqonni ham olib ketdi, – xayolan qoʻshib qoʻydi u, – baliqdan boʻlsa yana qon oqyapti, demak, bu akula ketidan hali zamon boshqalari ham kelib qoladi”.
Dabdalasi chiqqan baliqqa endi uning boshqa qaragisi ham kelmasdi. Akula baliqqa tashlangan chogʻda, cholda u goʻyo baliqqa emas, oʻziga tashlaganday boʻlib koʻrindi.
“Ammo, harqalay, men baligʻimga koʻz olaytirgan akulani oʻldirdim, – deb oʻyladi u. – Bu umrim bino boʻlib koʻrganlarim ichida eng baloyi azim dentuso edi. Men boʻlsam, xudo haqi, ulkan akulalarning koʻpini koʻrganman.
Ishlarim haddan ziyod silliq ketayotuvdi. Buning uzoq davom etishi mumkin emasdi. Mendan hozir tila tilagingni deyishsa, bularning bari-bari tush boʻlib qolishini tilardim: baliq-maliq tutdingmi – yoʻq, gazetalar toʻshalgan karavotingda yallo qilib yotibsanmi – yotibsan, tamom, vassalom edi”.
– Ammo inson bolasi yengilib, yengilganiga rozi boʻlib ketaverish uchun yaratilmagan, – dedi u. – Odamzodni yanchib tashlash mumkin, lekin uni yengib boʻlmaydi.
“Har qalay baliqni oʻldirganim uvol boʻldi, – deb oʻyladi u. – Endi menga juda ogʻir tushadi, hatto garpundan ham mosuvo boʻldim. Dentuso – chaqqon va yovuz, aqlli va kuchli maxluq. Ammo men undan koʻra ham aqlliroq boʻlib chiqdim. Balkim, aqlliroq ham emasdirman. Ehtimol, hammasi durustroq qurollangan boʻl-ganligimdandir”.
– Xayol surish kerak emas, chol, – dedi u ovoz chiqarib. – Shamol boʻylab suzaver va falokat roʻy beradigan boʻlsa, qarshi olishga tayyor tur.
“Yoʻq, men oʻylashim kerak, – fikran oʻz-oʻziga eʼtiroz bildirdi u. – Shundan boshqa yana nima ham qoldi menda, axir. Shu-yu, beysbol, xolos. Darvoqe, akulaning qoq miyasiga tushirganim ulugʻ Di Madjioga yoqarmidi yo yoqmasmidi? Umuman, maqtasa arziydigan bir ish ham boʻlgani yoʻq, har kimsa ham shunday qila olardi. Aytmoqchi, menga qara, qariya, nima deb oʻylaysan: qoʻllaring suyak qadogʻiga qaraganda, koʻp xalaqit berdimi yo yoʻq? Qayoqdan bilay? Tovonimga yoʻliga boʻlsin biron marta ham hech balo urgan emas, faqat bir safar choʻmilayotib elektr skatini bilmay bosib olganimda, uni ilon chaqqanday boʻlgan edi; oʻshanda oyogʻim tizzam-gacha akashak boʻlib qolgan, ogʻrigʻi ham chidab boʻlmaydigan ogʻriq edi”.
– Qoʻy, buni. Yaxshisi, boshqa biron yurakni xun qilmaydigan narsa haqida oʻylagin, qariya, – dedi u ovoz chiqarib. – Dam oʻtgan sayin uyga yaqinlashib qol-yapsan. Nimasini aytasan, qirq qadoq goʻshtdan ayrilib qolganingdan beri suzish ham ancha osonlashib qoldi.
Oqimning qoq oʻrtasiga kirganidan keyin u oʻzining nimaga giriftor boʻlishini juda ham yaxshi bilardi. Ammo endi buning oldini olib boʻlmasdi. Boshqa iloj qolmagan edi.
– Bekor aytibsan, hali buning iloji bor, – dedi u, – Pichogʻingni eshkaklardan birining dastasnga bogʻlab qoʻyishing mumkin.
U rumpelni qoʻltigʻida qisib turib, yelkan arqonini oyogʻi bilan bosib olgancha, aytgan ishini qildi.
– Ana boʻlmasa, – dedi u. – Men chol boʻlsam-da, odamning xoʻrligini keltirar darajada ojiz va yaroqsiz emasman.
Sarin shamol esar, qayiq ham shitob bilan olgʻa borardi. Chol baliqning faqat old tomonigagina qarar, qaragan sari koʻnglida umid uchqunlari uygʻona borardi.
“Umidsizlik – halokat, – deb oʻylardi u. – Buning ustiga, fahmimcha, umidsizlik hatto – gunoh. Nima gunohu, nima gunoh emas, deb bosh qotirib oʻtirishning hojati yoʻq. Busiz ham dunyoda boshni qotiradigan narsalar toʻlib-toshib yotibdi. Toʻgʻrisini aytganda, men gunoh boʻlgan narsalarni yaxshi tushunmayman.
Tushunmayman ham va ehtimol, ularga ishonmayman ham. Balkim baliqni oʻldirishim gunoh boʻlgandir. Men uni ochdan oʻlmaslik va yana talay odamlarning qornini toʻydirish uchun oʻldirgan boʻlsam ham, fahmimcha, ha, gunoh boʻldi. Unda, sen nima qilayotgan boʻlsang, bari gunoh-ku. Nima gunohu, nima nogunoh – buni oʻylab oʻtirishdan hojat yoʻq. Boz ustiga vaqti ham oʻtdi, bundan tashqari, gunohlar bilan shu toʻgʻrida bosh qotirib, bosh qotirganliklari uchun haq oladiganlar shu-gʻullanaversin. Ha, xuddi oʻshalar gunohning nimaligi ustida bosh qotiraversin. Xuddi baliq – baliq boʻlish uchun tugʻilganidek, sen ham baliqchilikka tugʻilgansan. Avliyo Pyotr ham baliqchi edi, ulugʻ Di Madjioning otasi ham shu kasb sohib adosi boʻlgan”.
Biroq chol oʻzini qurshagan narsalar haqida mulohaza yuritishni yaxshi koʻrar, oʻqiydigai kitobi, eshitadigan radiosi boʻlmagandan keyin, juda koʻp oʻylar, shu jumladan, gunoh ustida ham bosh qotirar edi. “Sen baliqni boshqalarga sotib, shu bilan bir kuningni koʻrish uchungina oʻldirganing yoʻq, – deb oʻylardi u. – Sen uni bir sirasi oriyat tufayli va qolaversa, baliqchi boʻlganing uchun ham oʻldirding. Bu baliq tirikligida sen unga koʻngil qoʻyding, hozir ham uni yaxshi koʻrasan. Kimnidir sevsang, uni oʻldirish ham gunoh emas. Balki, aksinchadir, ogʻirroq gunohdir?”.
– Sen haddan tashqari koʻp oʻylayapsan, qariya, – dedi u ovoz chiqarib.
“Biroq sen dentusoni jon-jon deb asfalasofilinga joʻnatding-ku, – oʻyladi chol. – U boʻlsa xuddi senga oʻxshab, baliq oʻldirib bir kunini koʻradi. Harom-xa-rishni ham jigʻildoniga shunchaki bir qorin toʻydirish uchun urib qoʻya qolmaydi va xuddi boshqa akulalarga oʻxshab, nomigagina yeb toʻymas palid emas. U qoʻrqinch nima bilmaydigan chiroyli va olijanob maxluqdir”.
– Men uni oʻz jonimni himoya qila turib, oʻldirdim, – dedi chol ovoz chiqarib. – Oʻldirganda ham, boplab oʻldirdim.
“Yana deng, – deb oʻyladi u, – hamma ham nima boʻlmasin, kimnidir yoki nimanidir oʻldiradi. Baliq ovi meni ham goʻrga tiqyapti, ham goʻr ogʻzidan qaytarib olib kelyapti. Qoʻy, suyilma, chol. Baliq ovi emas, bola seni goʻr ogʻzidan qaytaryapti”.
U bortdan egilib, baliqning akula gʻajigan yeridan bir luqma goʻsht uzib oldi. Goʻshtni chaynar ekan, uning sifati va tamiga oʻzicha baho berdi. U rangsiz boʻlsa-da, xuddi soʻqim goʻshti kabi lahm va barra edi. Bunday chandirsiz goʻshtning bozori chaqqon ekanligini chol bilardi. Ammo dengiz uning totini olib qochar va chol buning oldini olishdan ojiz edi. U oʻziga hali oson boʻlmasligini, oldida zahmat va mashaqqat yoʻli turganini tushunardi.
Shamol hali-veri susayadiganga oʻxshamasdi. U oʻz yoʻlini shimoli-sharqqa tomon birmuncha oʻzgartirgan, shunday boʻlgach, toʻxtashini kutmasa ham boʻlaverardi. Chol olis-olislarga qarar, biroq na bironta kemaning yelkanini, na tutuni va na korpusini koʻrar edi. Faqat uchar baliqlargina dengizdan koʻtarilib chiqishar va qayiq burnidan ikki tomonga sapchib, gʻoyib boʻlishardi, yana suv oʻsimliklarining boʻltaklari sargʻayib koʻzga tashlanar edi. Hatto qushlar ham koʻrinmasdi.
U ikki soatdan beri quyruqqa yonboshlab olib, baliq goʻshtini ogʻzidan qoʻymay chaynab, tezroq hordiq chiqarib, kuch yigʻishga harakat qilgancha, suzib borarkan, ikki akuladan birini koʻrdi.
– Ix! – kaftini mix teshib oʻtib, yogʻochga kirib borayotganda, odam tilidan beixtiyor otilib chiqadigan, maʼnosi yoʻq soʻz, toʻgʻrirogʻi, un berdi chol.
– Galanos[9], – dedi u ovoz chiqarib.
Chol, birinchi suzgʻich ortidan ikkikchisining ham paydo boʻlganini koʻrdi va shu uch qirrali jigar rang suzgʻichlardan, hamda dumining shitob bilan bilangla-shidan, bular kerik burun akulalar ekanini bildi. Ular baliq hidini tuyib, oʻzlarini qoʻyarga joy topolmay qolishgan va ochlikdan tamomila oʻlar holatga kelib, ishtahani karnay qiluvchi bu hidni goh ioʻqotib, goh yana topib kelishardi. Ular daqiqa sayin tobora yaqinlashar edilar.
Chol yelkanni musti-metin qilib mahkamlab tashladi, rulni ham chuv qoqib qoʻydi. Keyin u pichoq bogʻlangan eshkakni koʻtardi. Qoʻllari chidab boʻlmas daraja-da ogʻrib turganidan, uni avaylab, bir amallab koʻtardi. Qoʻllarim jilla qursa bir ozgina yozilsin deb, barmoqlarini betoʻxtov chaqachum qilar edi. Soʻng qoʻllar butun ogʻriqqa bira toʻla bardosh beradigan boʻlib koʻniksin, keyin yana ishdan boʻyin tovlab yurmasin uchun eshkakni bor kuchi bilan changallab oldi va akulalarnnng yaqinlab kelishini kuzata boshladi. Chol ularning kerik burun, yapasqi boshlariyu, oq hoshiyali koʻkrak suzgʻichlarini koʻrib turardi. Bular – akulalar ichida zng palid, eng yaramas va eng sassiq baloxoʻrlari hisoblanardi: nafs tugʻyon urgan mahallarda ular, hatto qayiqning eshkagi bilan ruliga ham tashlanishdan toymas edilar. Agar toshbaqa dengiz yuzida mabodo pinakka keta qolsa, bunday akulalar uning oyoqlarini choʻrt uzib ketishadi, juda ham ochiqqan mahallarida esa, hatto baliq qoni yoki shilimshigʻining hidi kelmayotgan odamga ham suvda hujum qilisha-veradi.
– Ix! – dedi chol. – Hay, mayli endi kela qolinglar,
Ha, ular suzib kelishdi. Ammo ular makoga oʻxshab kelishgani yoʻq. Ulardan biri yalt-yult qildi-yu, oʻzini qayiq ostiga urdi. U baliqqa tashlanganda, qayiqning qanchalik qaltirab ketgani cholga ayniqsa bilindi. Boshqa biri boʻlsa oʻzining qisiq sargʻish koʻzlari bilan cholga shingrayib turdi, keyin ogʻzini tarvaqay ochib, baliqning mako gʻajigan yeriga oʻzini urdi. Cholga uning jigar rang boshi ustidan yelka tomoniga choʻzilib oʻtgan, miya bilan umurtqa bir-biriga ulanib ketadigan joydagi chiziq aniq koʻrinib turardi, u eshkakka mahkamlangan pichoqni xuddi shu yerga sanchdi. Keyin pichoqni sugʻurib olib, uni yana akulaning mu-shuknikiga oʻxshash sariq koʻzlariga urdi. Akula jon talvasasida baliqdan ayrildi va ogʻzida qolgan goʻshtni yoʻl-yoʻlakay qoʻymay yutarkan dengiz qaʼriga sirgʻalib ketdi.
Qayiq hamon ikkinchi akulaning baliqqa boʻlgan hujumidan qaltirab turardi. Chol akulani qayiq ostidan chiqarish uchun yelkanni yoyib, qayiqni koʻndalang aylantirib qoʻydi. Akulani koʻrgan hamono, u bort osha enkaydi va pichoq urdi. Pichoq akulaning laqqa goʻsht yeriga toʻgʻri keldi-yu, ammo qattiq teri uning chuqur-roq kirib borishiga yoʻl qoʻymadi. Zarbdan cholning qoʻllarigina emas, yelkalari ham sirqirab ketdi. Biroq akula komini suvdan chiqarib, yana baliqqa tashlandi, ana shunda chol uning yapasqi boshining qoq oʻrtasiga urdi. Tigʻni sugʻurib oldi. Yana oʻsha yerga urdi. Akula hamon jagʻlarinn mahkam qisgancha, baliqqa osilib turardi. Shundan keyin chol uning chap koʻziga pichoq sanchdi. Akula boyagi-boyagicha baliqni yubormasdi.
– E, voy, hali shunaqami? – dedi chol aa pichoqni miya bnlan umurtqalar orasiga urdi.
Hozir buning qiyin joni qolmagan edi. Chol mirtakni choʻrt kesib yuborganini payqadi. Akulaning jagʻlarini boʻshatish uchun chol eshkakning boshqa tomonini aylantirib, uning ogʻziga tiqdi. U eshkakni burab-burab oldi va akula baliqdan ajralib ketganday soʻng dedi:
– Joʻnab qol, galano menga desa, dengiz qaʼriga gumdon boʻl. U yerda chiqoning bilan yuz koʻrishgin. Kim biladi, balki u sening onang edimi?
Chol pichoq damini artdi va eshkakni qayiq ichiga qoʻydi. Keyin yelkanni yoydi, shamol uni toʻldirgach, qayiqni avvalgi yoʻliga qarab burdi.
– Ular baliqning, harqalay, chorak boʻlagini olib ketishdi, bunisi ham mayliga-ya, yana goʻshtning sarasini olib ketganiga oʻlasizmi, – dedi u ovoz chiqarib. – Ulay agar, bularning bari bir roʻyo boʻlib qolishini, baliq ham qoʻlimga tushmagan boʻlishini xohlardim.
Mana shunday boʻlib chiqqani juda yomon boʻldi-da, baliq, juda yomon boʻldi.
Chol jimib qoldi, endi uning baliqqa qaragisi kelmasdi. Tanasida qondan asar qolmagan, boʻkkan, shabbi-shalabbo boʻlgan bu baliq koʻzgular ortiga sur-tiladigan siramalgama tusiga kirgan, ammo yoʻl-yoʻl tasmalari hali hamon oʻz izini yoʻqotmagan edi.
– Men dengizda bunchalik olisga ketib qolmasligim kerak edi, – dedi u. – Shunaqa boʻlib qolgani juda-juda yomon boʻldi, baliq, juda-juda yomon boʻldi. Senga ham, menga ham.
“Qani, boʻl, anqayma! – dedi u oʻziga oʻzi. – Pichoq bogʻlangan arqon qirqilib ketmadimikin, qarab qoʻy. Qoʻlingni ham qaygʻusini qil, chunki ish hali tamom boʻlganicha yoʻq”.
– Qurib ketsin, qayroqning boʻlmagani chatoq boʻldi, – dedi chol eshkak dastasidagi arqonni koʻzdan kechira turib. – Oʻzim bilan qayroq olib kelishim ke-rak edi.
“Oʻzing bilan bu yerga ola kelishing kerak boʻlgan narsalar son ming edi, qariya, – deb oʻyladi u. – Nima qilasan endi, olganing yoʻqmi, olganing yoʻq. Hozir nima bor, nima yoʻq deb oʻy oʻylashning vaqti emas. Qoʻlingdagi narsalarning oʻzi bilan ish bitirishning payida boʻl”.
– Obbo-yey, maslahat qilaverib jonga tegding-de! – dedi u ovoz chiqarib.
Chol rumpelni qoʻltigʻiga qistirdi va ikkala qoʻlini suvga soldi.
Qayiq olgʻa ketib borardi.
– Oʻsha, keyingi akula goʻshtning qanchasini urib ketdi, xudoyimning oʻzi biladi, – dedi u. – Ammo ketganda baliqning toshi ketdi.
Baliqning rasvoyi olam qilingan qorni toʻgʻrisida cholning oʻylagisi kelmasdi. U akulaning qayiqqa koʻrsatgan har bir turtkisi yulqilab olingan bir boʻlak goʻshtni bildirishini, baliq boʻlsa, dengiz boʻylab xuddi katta karvon yoʻliday keng, dunyodagi barcha akulalar uchun ochiq yoʻl qoldirayotganini bilardi.
“Bunaqa baliq odamni butun qish boʻyi boqib chiqishi mumkin edi… Qoʻy, buni oʻylama, chol! Dam olgin, qoʻlingni epaqaga keltirishga harakat qil, chunki hali bor bud-shudingdan ayrilganingcha yoʻq, qolgan-qutgan narsalarni saqlab qolishning payida boʻlishing kerak. Qoʻllarimdan kelayotgan qon hidi – anavi baliqning suvdan anqiyotgan hidi oldida ip esholmaydi. Bundoq desam, qoʻllarimdan qon ham oqayotgani yoʻq. Nafsilamrga, chuqur tilingan emasda. Koʻp emas, ozgina qon oqizilgan boʻlsa, chap qoʻlni tomir tortishish balosidan asraydi.
Nimaning oʻyini sursam ekan hozir? Nimani boʻlardi? Hech narsani. Yaxshisi, hech vaqoni oʻylamaganim maʼqul. Akulalarni kutishim kerak, vassalom. Qaniydi, bularning bari tush boʻlib qolsa. Darvoqe, kim bilsin, hali ishning dovi yurishi mumkindir. Bilib boʻlarmidi buni?”
Keyingi akula yolgʻiz oʻzi suzib keldi, bunisi ham kerik burunlar sirasidan edi.
Kelganda ham, tosini qoʻmsagan toʻngʻizday boʻlib keldi, zotan odam boshini bir yoʻla, paqqos yamlab yutish uchun choʻchqada bunday yalmogʻiz ogʻiz yoʻq, xolos.
Chol uning baliqqa tashlanishiga qoʻyib berdi, shundan keyingina eshkakka mahkamlangan pichoq bilan boshiga tushirdi. Ammo baliq yelkasiga dumalarkan, oʻzini orqaga otdi. Pichoq tigʻi sindi.
Chol rulga oʻtirdi. U hatto akulaning dam oʻtgan sayin kichrayib, nihoyat zigʻirdakkina boʻlib koʻringan-cha, choʻkib borishiga ham qaramay qoʻydi. Avvallari bunday manzaradai u koʻz uzolmasdi. Biroq hozir uning qayrilib qaragisi ham kelmadi.
– Qoʻlimda endi changakkina qoldi, – dedi u. – Ammo uning nima nafi ham tegardi? Menda yana ikki eshkak, rumpel va toʻqmoq bor.
“Mana endi ular aloha meni munkitib qoʻyishdi, – deb oʻyladi u. – Akulalarni toʻqmoq bilan urib oʻldirish uchun men endi qarib qolganman. Shunday boʻlsa ham, qoʻlimda eshkak, toʻqmoq, qolaversa, rumpel bor ekan, men ular bilan olishaveraman”.
U qoʻlini yana shoʻr suvga soldi.
Kech kira boshlagan, atrofda dengizu osmondan boʻlak hech vaqo koʻrinmas edi. Shamol boyagiga qaraganda kuchliroq esar, bundan chol koʻp oʻtmay yerni koʻrishiga umid bogʻlar edi.
– Charchabsan, chol, – dedi u. – Ruhing charchabdi.
Unga akulalar yana govgum mahalda bosqin yasashdi. Chol endi baliq hech shak-shubhasiz oʻz ortidan dengiz boʻylab qoldirayotgan keng yoʻlni qoralab suzgan jigar rang suzgʻichlarni koʻrdi. Ular hatto bu izni topish uchun oʻzlarini toʻrt tomonga urishmas, balki yonma-yon boʻlib toʻgʻri qayiqqa qarab kelishardi.
Chol rumpelni mahkamlab qoʻydi, yelkanni qayta bogʻladi va quyruq ostidan toʻqmoqni oldi. Bu – uzunligi ikki yarim futcha keladigan siniq eshkakning ar-ralab olingan boʻlagi edi. Chol uning dastak boʻlgan joyidan faqat bir qoʻllabgina tuzukroq ushlay olar edi. U akulani kutib, toʻqmoqni oʻng qoʻliga mahkam siqib ushlab oldi, panjasida aylantirib ham koʻrdi. Ular ikkita edi, ikkisi ham galanos edi.
“Birinchisi baliqqa qattiq yopishib olguncha, sabr qilishim kerak, – deb oʻyladi u, – oʻshanda, men uning yo burni uchiga, yo xuddi miyasining oʻziga tushiraman”.
Har ikki akula ham birgalashib suzib kelishdi. Ulardan sal oldinroqda boʻlgani jagʻlarini kerib baliqning kumush rang biqiniga tishlarini qadagan zamon, chol toʻqmoqni baland koʻtardi va zalvor bilan akulaning yapasqi boshiga tushirdi. Goʻyo ichi toʻq rezinka toshga urganday qoʻli zirilladi, qalqon kabi suyak-larning musti-metin qattiqligi bilinib ketdi va chol akulaning burni uchiga yana jon-jahdi bilan aylantirib urdi. Akula suvga sirgʻilib ketdi.
Boshqa akula boʻlsa zindonasiga uradiganini urib boʻlib, oʻzini chetga olishga ulgurgan, endi esa, u yana ogʻzini oʻpqonday yirib yaqinlashgan edi. Akula baliqqa tashlanib, unga yopishib olmasdan burun, chol uning jagʻlarida qolgan oppoq goʻsht parchalarini koʻrdi. Chol aylantirib urdi, ammo zarb kallaga tushdi-yu, akula unga bir qarab qoʻyib, baliqdan bir parcha goʻsht yulib oldi. U oʻljasini yutish uchun oʻzini chetga olarkan, chol yana aylantirib qoʻyib yubordi, ammo zarb yana akula boshining qayishqoq va qattiq yeriga toʻgʻri keldi.
– Qani, beriroq kelchi, galano, – dedi chol. – Yana bir marta beri kelgin!
Akula baliqqa balo-qazoday tashlandi, u jagʻlarini kartillatib yopgan onda, chol toʻqmoq tushirdi. Tushirganda ham, toʻqmogʻini iloji boricha baland koʻtarib, bor kuchi bilan tushirdi. Bu safar zarb akula bosh suyagining negiziga toʻgʻri keldi, chol xuddi shu yerning oʻziga yana qaytadan urdi. Akula baliqdan bir luqma goʻshtni tilar-tilamas uzib oldi-yu, dengiz qaʼriga ketdi.
Chol akulalar yana paydo boʻlmasmikin deb, kutdi, ammo ulardan darak boʻlmadi. Keyin u, ulardan birining qayiq yonida oʻralishayotganini payqab qoldi. Boshqa akulaning boʻlsa oʻzi tugul suzgʻichi ham koʻrinmay ketgan edi.
“Men ularni gumdon qilarman deb hatto xayolimga ham keltirmagan edim, – deb oʻyladi chol. – Avvallari, rost, bu qoʻlimdan kelardi. Darhaqiqat, men ularning har ikkovini ham oʻlasi qilib mayib qildim, oʻldimi endi, shunda ham oʻzini hech balo urmaganday tutsa. Agarda toʻqmoqni ikki qoʻllab ushlay olganimda edi, unda men birinchisini turgan gap – oʻldirardim: hatto hozir ham, shu yoshimga qaramay, oʻldirgan boʻlardim”.
Cholning baliq betiga aylanib qaragisi kelmasdi. Chunki uning yarmi talon-taroj boʻlganligini bilardi. U akulalar bilan olisharkan, quyosh ham botib, gov-
gum kirgan edi.
– Hademay qosh qorayadi, – dedi u. – Oʻshanda men, ehtimol, Gavana chiroqlarining yolqinini koʻrarman.
Mabodo sharqqa qarab haddan tashqari ogʻib ketgan boʻlsam, unda men yangi kurortlardan birining chiroqlarini koʻraman.
“Men sohildan juda ham yiroqda boʻlmasam kerak, – deb oʻyladi chol. – Fahmimcha, u yoqda bekordan-bekorga qaygʻurishmayotgan boʻlsa kerak. Darvoqe, qay-gʻurganda ham faqat bola qaygʻurishi mumkin. Ammo, axir xuddi uning oʻzi menga juda ishonadi-ku! Kattaroq baliqchilar-ku, hoynahoy, xavotir olishayotgandir. Nimasini aytasan, yoshlar ham shunday deyaver, – deb oʻylardi u. – Axir men yaxshi odamlar orasida yashayman”.
Endi u baliq bilan boshqa oʻrtoqlasholmasdi. Baliq boshdan-oyoq tigʻiparron qilingan edi. Lekin birdan uning xayolida yangi bir fikr tugʻildi.
– Hoy, yarimta baliq! – chaqirdi u. – Nomigagina qolgan baliq! Dengizda mana shunchalik yiroqlab ketganimga achinaman. Men har ikkimizni ham xonavayron qildim. Ammo biz sen bilan birga koʻp akulalarni borsa kelmasga gumdon qildik va yapa qanchasining belini sindirdik. U, qara baliq, hoynahoy, sen oʻzing ham umring bino boʻlib, ularning qanchadan-qanchasini dengiz qaʼriga jo qilganiykinsan? Axir, boshingdagi tigning turishi bejiz emas-ku.
Chol baliq haqida va agar u dengizda erkin suzib yursa, akula boshiga ne kunlarni solgan boʻlishi haqida oʻylashdan orom olar edi.
“Men akulalar bilan olishish uchun uning tigʻini chopib olishim kerak edi-ya, asli”, deb oʻyladi u. Ammo, uning boshdanoq boltasi yoʻq edi, endi boʻlsa, hatto pichoqdan ham ayrilib qolgandi.
“Lekiniga uning tigʻi menda boʻlganda, ol, deb eshkak dastasiga bogʻlab qoʻyardimu – qurolmisan qurol boʻlardi-de, oʻziyam! Ana oʻshanda, biz u bilan chinakamiga yonma-yon turib olishgan boʻlardik! Toʻxta-chi, agar anavilar mabodo kechasi kelib qolishsa, unda nima qilasan?”
– Olishaman, – dedi u, – oʻlgunimcha olishaman.
Ammo qorongʻida na chiroq va na shuʼla koʻrinardi, yelkan va uni toʻldirgan shamoldan oʻzga hech narsa yoʻq edi, shunda toʻsindan cholga oʻzi oʻlib qolganday boʻlib tuyuldi. U panjalarini panjalariga qoʻyib koʻrdi-yu, oʻz kaftini sezdi. Kaftlari jonsiz emasdi, ularni chaqachum qilib, chol ogʻriq va issiq jonini uygʻotishi mumkin edi. U quyruqqa suyanib koʻrib, tirik ekanligini bildi. Tiriklikdan unga xabar bergan narsa – yelkalari edi.
“Men agar baliqni ushlasam, oʻqiyman deb ahd qilganim – oʻsha hamma duolarni oʻqib qoʻyishim kerak, – deb oʻyladi u. – Biroq hozir oʻlgiday charchaganman. Yaxshisi, qopni olay-da, yelkamga yopinib ola qolay”.
U quyruqda yotgancha, qayiqni boshqarib borar va osmonda Gavana chiroqlarining yolqini qachon koʻrinarkin deb kutardi. “Menda uning yarmigina qoldi, – deb oʻylardi u. – Balkim, omadim kelib, uyga juda boʻlmaganda, uning bosh qismini olib borarman. Ishim hech oʻngidan kelishi kerakmi, yoʻqmi oʻzi!.. Yoʻq, – dedi u oʻzicha. – Sen dengizga shunchalik uzoq kirib borishing bilan oʻz omading, oʻz baxtingni poymol qilding”.
“Bemaza gaplarni qoʻy, qariya! – oʻzini oʻzi koyidi u. – Pinakka ketmay, ruldan ogoh boʻlib tur. Ishing hali baroridan kelishi mumkin”.
– Agar biron bir joyda pullashayotgan boʻlsa, oʻzimga qittakkina tole sotib olishni istardim, – dedi chol.
“Xoʻsh, qani, qaysi oshib-toshib yotgan joyingga sotib olasan? – soʻradi u oʻzidan. – Hech zamonda uni boy berilgan garpun, singan pichogʻu, ishdan chiqqan qoʻllarga sotib olib boʻladimi?
Kim bilsin? Axir, sen dengizda oʻtkazgan sakson toʻrt kunning badaliga baxt sotib olishni koʻzlagan eding. Ha-ya, darvoqe, oz boʻlmasa, uni senga sotib qoʻyay ham dedilar…
Boʻlar-boʻlmas narsalarni oʻylayverma. Baxt degan narsa odam bolasiga turlanib keladi, uni bilib boʻlarmidi? Boringki, men qanday boʻlib kelmasin, oʻzimga jindakkina baxt olgan boʻlardim va uning evaziga nima soʻramasinlar, ikki qoʻllab baxsh qilardim. Qaniydi endi Gavana shuʼlalarini koʻrsam, – deb oʻylardi u. – Sen besh qoʻlingni baravar ogʻzingga tiqayapsan chol. Biroq, men shu tobda Gavana chiroqlarini koʻrishdan boshqa hech narsani istamasdim”.
U rul yonida qulayroq oʻrnashib olishga urinib koʻrdi, shunda ogʻriqning zoʻrayganidan, oʻznning haqiqatan ham oʻlmaganligini bildi.
Shahar chiroqlarining shuʼlasini u kechki soat oʻnlarga yaqin koʻrdi. Shuʼla avval oy osmonga chiqishi oldidan paydo boʻladigan och pushti yogʻdu kabi koʻrindi. Keyin tobora zoʻrayib borayotgan shamol sarbaland toʻlqinni quvayotgan okean boʻlagi ortidan chiroqlar yaqqol koʻzga tashlana boshladi. U qayiqni shu chiroqlarga qarab boshqarar va endi koʻp oʻtmay, tezda Golfstrimga kirib olaman deb oʻylardi.
“Xoʻ-oʻsh, shu ekan endi, – deb oʻylardi u. – Albatta, ular menga yana hujum qilishadi. Ammo odam quruq qoʻl bilan qorongʻida ularga qarshi nima ham qilishi mumkin oʻzi?”
Uning butui aʼzoyi badani qaqshab, loʻqillab ogʻrir, tungi ayoz boʻlsa, jarohatlar va zahmat chekkan oyoq-qoʻllarining ogʻrigʻini zoʻraytirar edi. “Menga yana olishib oʻtirishga toʻgʻri kelmas, deb umid qilaman, – deb oʻyladi u. – Faqat boshqa jang qilmasam boʻlgani!”
Biroq yarim kechada u akulalar bilan yana olishdi. Olishardi-yu, bundan endi hech qanday umid yoʻqligini bilardi. Ular cholga bir gala boʻlib hujum qilishdi, u boʻlsa, faqat akula suzgʻichlari suvda qoldirayotgan yoʻl-yoʻl izlarni-yu, baliqni yulib-yulqish uchun tashlangan chogʻlarida oʻzlaridan chiqarayotgan shuʼlalarnigina koʻrardi, xolos. U toʻqmogʻi bilan akula kallalariga tushirar ekan, qulogʻiga jagʻlarning gʻajir-gujuri chalinar, baliq pastdan turib yulqilangan paytlardaesa qayiqning algʻov-dalgʻov boʻlib, qarsillagani eshitilardi. U faqat eshitishi va tusmollab bilishi mumkin boʻlgan qandaydir koʻzga koʻrinmas joylarga jon-jahdi bilan toʻqmoq urardi. Qeyin toʻsindan toʻqmogʻi gʻoyib boʻlib qolganini sezdi.
U rumpelni joyidan sugʻurib oldi va uni ikki qoʻllab tutgancha, ustma-ust zarb urib, savalay ketdi. Biroq akulalar endi tamomila qayiq burniga dovur kelib boʻlishgan, goh birin-ketin, goh butun toʻda bir boʻlib baliqqa yopirilishar, dengizda oqarib koʻringan goʻshtlarni shilib olishardi; keyin yana oʻz oʻljalariga tashlanish uchun orqaga qaytishar edi.
Alohida akulalardan biri baliqning naq boshi oldiga suzib keldi va shunda chol endi hamma-hammasi tamom boʻlganini tushundi. U baliq boshining metin suyaklariga taqalib qolgan tishlarni moʻljallab, akula tumshugʻiga rumpel bilan tushirdi. Bir urdi, ikki urdi, keyin yana, yana urdi. Rumpelning qarsillab, ayi-lib tushganini koʻrgach, u akulani majogʻi chiqqan sop bilan soldi. Chol dastaning goʻshtga sanchilib kirgani-ni sezdi-yu, uning qirrasi oʻtkir ekanligini bilib, yana akulani qulochkashlab urdi. Akula baliqni qoʻyib yuborib, oʻzini chetga oldi. Bu – hujumga kelgan akula galasidan qolgan eng soʻnggi akula edi. Endi ularning yeydigan narsasi qolmagan edi.
Chol bazoʻr nafas olar, ogʻzida allaqanday notanish maza sezardi. Maza chuchmalgina boʻlib, mis tamini berar, shuning uchunmi bir muddat chol qoʻrqib ketdi. Ammo tezda hammasi oʻtib ketdi. U okeanga tupurib dedi:
– Yeb qollaring, galanos, teshib chiqsinu toʻngʻiz qoʻplaring, ishqilib! Tushlaringga odam oʻldirganlaring kirib chiqsin.
Chol endi oʻzining uzil-kesil va batamom yengilganini bilardi. U quyruqqa qaytib kelib, rumpelning singan bir boʻlagi rul teshigiga kirib turganini koʻrdi va boshqa iloj qolmagandan soʻng qayiqni u bilan ham boshqarish mumkinligini bildi.
Yelkalariga qopni yopib olgach, u qayiqni manzilga tomon toʻgʻrilab burdi. Endi qayiq yengilgina yelib borar, chol boʻlsa hech narsani oʻylamas, hech narsani sezmas, his qilmas edi. Endi unga hamma narsa bari bir boʻlib qolgan, faqat qayiqni jonajon sohilga tezroq ham omon-eson yetkizsa boʻlgani edi.
Tunda akulalar goʻyo stol ustida qolgan-qutgan salqit ovqatga oʻzini urgan ochofatlarday baliqning gʻajib tashlangan gavda suyagiga tashlanishdi. Chol ularga eʼtibor bermadi. Uning endi oʻz qayigʻidan boʻlak hech narsaga qayrilib qaragisi kelmasdi. Chol faqat zil-zambil ogʻirlikdan boʻshagan qayiqning erkin qushday yelib, suzayotganini his qilib borardi, xolos.
“Yaxshi qayiq, – deb oʻyladi u. – Rumpeli demasa, oʻzi bus-butun. Nima, yangi rumpel qoʻyish qiyinmidi?” Chol iliq oqimga kirganini sezib turar, shunday qoʻz oʻngida qirgʻoq boʻyi posyolkalarning chiroqlari miltillar edi. U oʻzining hozir qayerda turganligini bilardi; endi unga yetib olish hech gap emas edi.
“Shamol – bu, soʻzsiz, bizga birodarku-ya, – deb oʻyladi u va keyin qoʻshib qoʻydi: – Darvoqe, har doim ham shunday emas. Koʻz ilgʻamas dengizni olsak – u ham doʻstu dushmanlarimizga toʻla. Toʻshak-chi… – oʻylardi u, – toʻshak – birodarim. Ha-ha, xuddi shunday, oddiy toʻshak. Oʻringa oyoq choʻzish ayni hikmatning oʻzi. Yengilib boʻlganingdan keyin yelkangdan tosh agʻdarilganday yengil tortasan-qoʻyasan! – xayol qildi u. – Men buning shunchalik oson boʻlishini bilmasdim… Kim ham seni yenga qoldi oʻzi, chol? – soʻradi u oʻzidan. – Hech kim, – javob berdi u. – Aybim shuki, men dengizda haddan tashqari uzoq ketib qoldim”.
U kichik koʻrfazga kirgan mahalda, Terras chiroqlari oʻchgan ediki, bundan chol hamma uyquga ketganini tushundi. Shamol toʻxtovsiz zoʻrayib borar, shu tobda boʻlsa, ayniqsa kuchli esa boshlagan edi. Lekin gavan osoyishta edi. Chol qoyalar ostidagi toshloqda toʻxtadi. Oʻziga yordam beruvchi hech kim boʻlmaganidan, u qayiq-ni sohilga imkoni boricha yaqinroq olib keldi. Keyin qayiqdan chiqib, uni qoyaga qantarib bogʻlab qoʻydi.
Machtani sugʻurib oldi-da, unga yelkanni oʻrab bogʻladi. Soʻng machtani yelkasiga ortib, tepalikka koʻtarila boshladi. Mana xuddi shunda u oʻzining qanchalik holdan toyganini bildi. Bir zum toʻxtadi-da, orqasiga oʻgirilib qarab, koʻcha fonarining yorugʻida haybatli baliq dumining qayiq quyrugʻi orqasidan nechogʻlik yuksalib turganini koʻrdi. Koʻzi baliq umurtqasining oppoq yalangʻoch chizigʻi bilan tigʻi oldingga turtib chiqqan boshining quyuq soyasiga tushdi.
Chol yana yuqoriga chiqishda davom etdi. Tepalikdan oʻtgach, behol yiqildi va shu koʻyi yelkasida machta bilan bir muddat choʻzilib yotdi. Keyin oyoqqa turishga urindi, ammo bu oson emas edi va u shu holicha yoʻlga termilgancha, oʻtirib qoldi. Oʻz kori bilan chopib mushuk oʻtdi, chol uning orqasidan uzoq qarab turdi, soʻng boʻm-boʻsh yoʻlga koʻz tikdi.
Nihoyat u machtani yerga uloqtirib tashlab, oʻrnidan turdi. Uni yana yelkasiga olib, yoʻl boʻylab yuqoriga qadam bosdi. To kulbasiga yetguncha yoʻl-yoʻlakay besh marta dam olishga toʻgʻri keldi.
Uyga kirgach, u machtani devorga suyab qoʻydi. Qorongʻida suvli shishani topib, toʻyib ichdi. Soʻng karavotga choʻzildi. U odeyalni yelkasiga tortib orqasini va oyoq-larini yopdi-da, yuzi bilan gazetaga muk tushib, kaftlari yuqoriga qaragan qoʻllarini uzatgancha uxlab ketdi.
Erta bilan bola kulbaga koʻz tashlagani kirganda u uxlab yotardi. Shamol shunday ham kuchaygan ediki, bundan qayiqlar dengizga chiqolmay qolgan, shundan boʻlsa kerak, bola qonib uxlab, keyin odati boʻyicha kanda qilmay, chol kulbasiga kelgan edi. Cholning nafas olayotganiga oʻz koʻzi bilan koʻrib ishonch hosil qildi-yu, ammo nazari uning qoʻllariga tushgandan keyin yigʻlab yubordi. U kofe keltirish uchun kulbadan ohista qadam tashlab chiqdi va butun yoʻl boʻyi yigʻlab bordi.
Qayiq tevaragiga juda koʻp baliqchilar toʻplangan, ularning bari qayiqqa bogʻlogʻliq narsani tomosha qilishardi; baliqchilardan biri pochasini shimarib qoʻyganicha suvda turar va chizimcha bilan baliq suyagini oʻlchar edi.
Bola ularning yoniga tushib oʻtirmadi; u bu yerda boʻlishga boya ulgurgan va baliqchilardan biri qayiqqa qarab turishga vaʼda bergan edi.
– Qalay, ahvoli tuzukmi? – qichqirdi baliqchilardan biri bolaga.
– Uxlayapti, – javob berdi bola. Oʻzining yigʻlayotganini koʻrayotganlari ham endi bari bir edi. – Uni bezovta qilmaslik kerak.
– Buning tumshugʻidan, dumigacha oʻn sakkiz fut chiqar ekan! – qichqirdi oʻlchayotgan baliqchi.
– Chiqmay ham koʻrsin, – dedi bola.
U Terrasga kelib, bir banka kofe soʻradi:
– Menga qaynoq kofe bering, suti va shakari koʻproq boʻlsin.
– Yana biron narsa olgin.
– Kerak emas. Uning nima yeyishi mumkinligini keyin qarab koʻraman.
– Oh, ana baligʻ-u, mana baliq! – dedi xoʻjayin. – Tengi yoʻgʻ-a, tengi. Ammo sen ham kecha ikki zoʻr baliq tutding.
– E qoʻysang-chi, mening baligʻimni! – dedi bola va yana yigʻlab yubordi.
– Biror narsa ichib olmaysanmi? – soʻradi undan xoʻjayin.
– Kerakmas, – dedi bola. – Ularga aytib qoʻy, Santyagoning meʼdasiga tegishmasin. Men yana kelaman.
– Shunday boʻlib chiqqaniga mening ham juda achinayotganligimni aytib qoʻy unga.
– Rahmat, – dedi bola.
Bola kulbaga qaynoq kofe solingan bankani keltirib qoʻydi va to chol uygʻonmaguncha uning yonida oʻtirdi. Bir safar bolaga goʻyo u uygʻonayotganday boʻlib koʻrindi, ammo chol yana ogʻir uyquga choʻmdi, shundan soʻng bola kofeni isitish uchun qarzga bir oz oʻtin olgani qoʻshnilarnikiga ketdi.
Nihoyat chol uygʻondi.
– Yetaver, turma, – dedi unga bola. – Mana buni ichib ol! – stakanga kofe quyib uzatdi u.
Chol undan stakaini olib, kofeni ichdi.
– Ular meni yengib qoʻyishdi, Manolin, – dedi u. – Ular meni yengishdi.
– Ammo uning oʻzi seni yengolmabdi-ku, axir. Axir baliq seni yengmabdi-ku!
– Yoʻq yengmadi. Toʻgʻri gapdan qochib qutulib boʻlarmidi. Bu voqea keyin boʻldi.
– Qayiq bilan asbob-uskunalarga Pedriko qarab turadigan boʻldi. Baliqning boshini nima qilmoqchisan?
– Uni Pedriko toʻrlarga xoʻrak qilib maydalay qolsin.
– Tigʻini-chi?
– Xohlasang, uni esdalik uchun oʻzingga olib qoʻya qol.
– Xohlamay-chi, – dedi bola. – Kel endi, bundan keyin nima qilishimiz haqida gaplashib olamiz.
– Meni qidirishdimi?
– Boʻlmasa-chi. Qirgʻoq soqchilari ham, samolyotlar ham qidirishdi.
– Okean poyonsiz, qayiq boʻlsa zigʻirdakkina, uni topib boʻlarmidi, – dedi chol. U, oʻz-oʻzing va yana dengizdan tashqari ham gaplashadngan biron odaming boʻlsa qanday ajoyib boʻlishini hozir ich-ichidan sezdi. – Men seni rosa qoʻmsadim, – dedi u. – Sen biron iarsa ushladingmi?
– Birinchi kuni bitta. Ikkinchi kuni yana bitta, uchinchi kuni boʻlsa, ikkita katta baliq ushladik.
– Qoyil!
– Endi biz yana birgalashib ov qilamiz.
– Sirayam. Menda tole yoʻq. Ishim teskari ketyapti.
– E, qoʻysang-chi, shu teskari-peskaringni! – dedi bola. – Men senga tole keltiraman.
– Ota-onang-chi, ular nima deyishadi?
– Ahamiyati yoʻq. Kecha men ikkita baliq ushlab berdim-ku. Ammo endi biz ikkovlashib baliqchilik qilamiz, chunki, men hali juda koʻp narsani oʻrganishim kerak.
– Zoʻr bir sanchqi topishga va dengizga doimo uni olib chiqishga toʻgʻri keladi. Tigʻini eski “ford”ning ressoridan qilsa ham boʻladi. Guanabakoada charxlatib olamiz. U juda oʻtkir boʻlishi kerak, ammo sinib ketmasligi uchun toblanmagan boʻlishi shart. Pichogʻim butunlay sinib ketdi.
– Men senga yangi pichoq topib beraman, ressorni ham oʻzim charxlataman. Yana necha kun kuchli brissa[10] esib turadi?
– Ehtimol, uch kundir. Balki, undan ham koʻproqdir.
– U paytgacha hamma narsa joyida boʻladi, – dedi bola. – Sen hozircha qoʻllaringni davosini qilgin.
– Men ularni nima qilish kerakligini bilaman. Kechasi allaqanday gʻalati bir narsa tupurdim, shundan menga, xuddi koʻkragimda bir parsa yorilib ketganday boʻlib tuyuldi.
– Buning ham davosini qil, – dedi bola. – Dam ol, qariya, men senga toza koʻylak keltiramai. Yana ovqat-povqat deganday.
– Men yoʻqligimda chiqqan gazetalardan birontasini oʻzing bilan ola kelgin, xoʻpmi? – iltimos qildi chol.
– Sen tezroq tuzalashing kerak, chunki men hali sendan juda koʻp narsalarni oʻrganib olishim zarur, sen boʻlsang meni dunyodagi yetmish ikki hunarga oʻrgati-shnng mumkin. Senga juda ham ogʻir boʻldimi?
– Juda, – dedi chol.
– Men ovqat va gazeta keltiraman. Sen dam ol, qariya. Aptekaga ham kirib oʻtaman, qoʻllaringga biron dori-darmon ola kelaman.
– Pedriko baliq boshini oʻziga olsin, aytib qoʻy, yodingdan chiqmasin.
– Esimdan chiqmaydi, aytaman.
Bola kulbadan chiqib, eski toshloq yoʻldan pastga tushib borayotganida yana yigʻladi.
Shu kuni Terrasga bir gruppa turistlar kelgan edi, ulardan biri sharqdan esayotgan shamol koʻrfazning dahanasida haybatli toʻlqin shopirayottaniga qarab turib, pivodan boʻshagan idishlar va oʻlib yotgan meduzalar orasida sohilga urilayotgan toʻlqinlarda chayqala-chayqala yuksalib turgan, ulkan dumli uzun oq umurtqani koʻrib qoldi.
U hozir, endi yoʻlovchi toʻlqin surib ketuvchi axlatgina boʻlib qolgan ulkan baliqning uzundan-uzun umurtqasini koʻrsata turib, ofitsiantdan soʻradi:
– Nima balo ekan bu oʻzi?
– T iburon, – dedi ofitsiant. – Akulalar. – U soʻragan ayolga boʻlgan voqeann batafsil tushuntirib berish niyatida edi.
– Ana xolos, shu paytgacha akulalarning mana bundaqa chiroyli, nafis qayrilgan dumlari boʻlishini bilmagan ekanman-a!
– Nimasini aytasan, men ham bilmasdpm, – qoʻshildi unga hamrohi.
Yuqorida, oʻz kulbasida, chol hamon uxlab yotardi. U yana muk tushib uxlar, bola esa yonida oʻtirib uning uyqusini ardoqlardi. Cholning tushiga arslonlar kirar edi.
1952
Ibrohim GʻAFUROV tarjimasi
[1]Qoʻysang-chi!
[2] S a j ye n – sarjin – 2,13 m ga teng uzunlik oʻlchovi (tarj).
[3] B u y – baken (tarj).
[4] Ya r d – (uzunlik oʻlchovi) – 0,95 m ga barobar.
[5] B i t ye n g – kemaning old qismiga oʻrnatilgan poʻlat yoki choʻyan gʻoʻla. Kema shatakka olinganda arqon shunga yuogʻlanadi.
[6] Sport oʻyinlari (isp.).
[7] Chempion (isp.).
[8] Akulaning tishli bir turi (isp.).
[9] Akulaning olachipor bir turi (isp.).
[10] Sohil shamoli (isp.).
https://saviya.uz/ijod/nasr/chol-va-dengiz/