Choʻpchakdan muddao ne?

(Nazar Eshonqulning “Sibizgʻa volasi” hikoyasini oʻqib)

 

Yigirma birinchi asrda umuminsoniy munosabatlar oʻziga xos shaklu shamoyilda namoyon boʻla boshladi. Biroq ming yillardan buyon tildan tilga koʻchib kelayotgan rivoyatlar, choʻpchagu afsonalar borki, ularning maʼno-mohiyati hali toʻlaligicha anglab yetilmaganga oʻxshaydi. Shuning uchun boʻlsa kerak, bunday miflarga qayta va qayta murojaat qilamiz. Bu asotirlar zohiran joʻn, botinan esa dunyoning oʻzi kabi turfa tovlanadi. Roviy bir maʼnoni soʻzlasa, tinglovchi boshqa maʼnoni anglashi mumkin. Darvoqe, voqelikni, inson feʼl-atvorida boʻlayotgan oʻzgarishlarni, uning faoliyatini badiiy shaklda qayta yaratish, undan ijtimoiy-falsafiy maʼnolar chiqarishga urinish yozuvchilikning oʻziga xos xususiyatlaridan biridir. Ayniqsa, mavjud mif va afsonalarni badiiy tafakkur tarzida asarga olib kirish, turli ifoda yoʻsinlari orqali davr ruhini, qahramonlarning qalb kechinmalarini ifodalash, ular orqali kitobxonni falsafiy mushohadaga undash Nazar Eshonqul uslubining yetakchi prinsiplaridandir. Shu sabab boʻlsa kerak, uning “Shamolni tutib boʻlmaydi”, “Tobut”, “Xaroba shahar surati” kabi hikoyalarida qadimiy afsona va rivoyatlar nafasini his etamiz.

Bizga maʼlum Iskandar Zulqarnayn bilan bogʻliq yuzlab afsonalar ichida uning shoxi borligi haqidagisi mashhur. Ana shu qadim afsona yozuvchi Nazar Eshonqul tomonidan “Sibizgʻa volasi” hikoyasida yana bir bor qalamga olingan. Bilamiz, adib hikoyalarida koʻpincha shakliy oʻziga xoslik ustuvorlik qiladi. Voqealarni ramzlar orqali berish, oʻtmishga murojaat, mavhumotning siri tomon kitobxonni yetaklash uning ijodiga xos. Bu hikoyada ham adib uslubidagi shu jihatlar bir qadar koʻzga tashlangandek tuyuladi. Avvaliga oʻquvchi yozuvchining qadimiy afsonaga yondashuvidagi yangicha talqinidan umidvor boʻladi va bu tabiiy. Hikoya bosh qahramoni ham, hikoyachi ham sartarosh. U erinmasdan voqeagacha boʻlgan tafsilotlarni bayon qiladi. Asarda shahar qismatiga sartaroshsiz qolish fojeasi bitilgan, aslida insonni hayvondan ayiruvchi asosiy jihat ham soch-soqolini olib, oʻziga oro berib yurishidadir, u esa mamlakatdagi oxirgi sartarosh. Yozuvchi yovuz hukmdor asrayotgan sir fuqarolarni orqaga, jaholatga qaytarishga sabab boʻla boshladi, demoqchidek tuyuladi. Hikoyachi-roviy hikoyani sovuqqonlik bilan bayon etadi. Uning Iskandarning soch-soqolini olgan sartaroshlarning nomaʼlum va vahimali qismatiga befarq emasligining oʻziyoq qanday qilib boʻlmasin oʻz qismatida burilish yasashi, oʻzini kutayotgan falokatga qarshi chora topishi muqarrar ekanini anglatadi.”… badiiy asar qahramonlarning taʼsir kuchi – ularning ijobiy yoki salbiy boʻlishida emas, balki bu qahramonlarning hayotiyligida, yaʼni hayot haqiqatiga mosligidadir”-deb yozgandi atoqli adabiyotshunos Izzat Sulton. Mazkur hikoyada ham yozuvchi oʻquvchini afsonada aks etgan haqiqatni anglashga urinishini, intilishini istaydi va asosiy voqea sartarosh va Iskandar uchrashganida roʻy berishidan umidvor boʻladi, biroq ming yillik rivoyat yana avvalgi holida shuurimizda qayta uygʻonadi. Xoʻsh, yozuvchining maqsadi nima? Nazarimizda, yozuvchi inson feʼlidagi azaliy qusur – birovning sirini saqlay olmaslikka diqqatimizni tortayotganday, neki bir kishiga oshkor boʻlsa, soʻng hech kim uchun maxfiy boʻlib qolmagay, demoqchidek tuyuladi. Chunki hikoyaning asosiy maqsadi ham Iskandarning sirini hatto qamish ham koʻtara olmaganligi boʻlsa, yana bir jihati uni ezgulik timsoli deb bilgan odamlar aslini bilmasliklari, yaʼni u yovuzlik timsoli ekanini anglatish istagi sartarosh shuurini qamrab olganligidir. Bu bilan u insoniyatni falokatdan saqlab qolishga urinadi goʻyo. Zotan butun boshli mamlakat fuqarolari Iskandarni Axuramazda (Yaxshilik xudosi)ning bolasi deb biladi. Sartaroshni esa odamlarga haqiqatni aytish istagi azoblaydi. Unda isyonkor ruh uygʻonadi.”… butun mamlakatni yondiradigan alanga lovullab, meni taftida qovurib-qovjiratib turganday tuyulardi. Ichimdagi olovni hech narsa bilan oʻchirib boʻlmasdi. Oʻchirish uchun faqat ichimdagini aytishim kerak edi”. Qahramonning ichki iztiroblari beixtiyor yaqin oʻtmish voqealarini yodimizga soladi. Bir vaqtlar butun boshli SSSR degan manfur davlatning fuqarolari Stalin otligʻ qattolni iloh deb bilmadilarmi?! Soxta gʻoyalari uchun jon tikmadilarmi?! Koʻr quduqlar yutmadimi qancha dardu azoblarni? Qamishlar nolasiga aylanmadimi ular? Biroq inson uchun oʻzining jonidan koʻra yaqinlari: oila aʼzolari, farzandlarining joni aziz, ularning hayoti qadrli. Sartarosh oʻzi bilgan haqiqat yoʻlida ularni qurbon qila olmaydi, garchand bu haqiqat odamlarni jaholat changalidan qutqarishga xizmat qilsa ham. Tilsiz gung quduqlarga dardini aytishdan boshqa chora topa olmaydi. “Qamishlar shovuriga quloq tut” degan yozuvchining ishorasi insoniyatning adashishlariga ishora. Ammo masalaning yana bir jihatiga diqqatimizni qaratamiz. Har holda Nazar Eshonqulday anchayin katta yozuvchi mazkur hikoyani yozgani uchun shunday fikrlamayapmizmikan… Qadimgi mif va afsonalarni badiiy ifodalash usuli zamonaviy hikoyachiligimizda (Sh. Xolmirzayev “Qadimda boʻlgan ekan”, X. Doʻstmuhammad “Jajman”) kuzatilgan hodisa. Bu hikoyalarda ham adiblarning falsafiy qarashlari ramzlar orqali ifoda etiladi. Ular bilan qiyoslaganda yozuvchi Nazar Eshonqulning maqsadi amalga oshmay qolganday, nazarimizda. “Sibizgʻa volasi”da adib oʻz gʻoyalari, inson va jamiyat haqidagi qarashlarining badiiy ifodasini qadimdan barchaga maʼlum va mashhur boʻlgan rivoyatga yuklashga uringan, xalos. Yozuvchi inson va ijtimoiy muhit muammolarini maʼlum ramzlar zimmasiga yuklaydi. Aslida bu hikoyani boshlovchi yozuvchi yozganida: nega kerak hammaga maʼlum bir rivoyatni qayta yozish, faqatgina sartaroshning ruhiy holatini ochish uchunmi, shundogʻam bu rivoyat har bir eshitguvchining tasavvur quvvati va tafakkur darajasiga bilan talqin etilgan, mutafakkir ajdodlarimiz qamishlar oshkor etgan sirning bu qadar boqiyligi undagi insoniyat tabiatini anglatish maqsadining oʻzidagina emas, balki ijtimoiy yuk zalvorida ekanligini teran his etganlariga ishonchimiz komil, deb ensamiz qotgan boʻlarmidi…

Shuni taʼkidlashni istardikki, mif va afsonalarni hikoya darajasiga koʻtarish zaruriyati yozuvchi topgan talqinning qanchalar topilma ekanligi, yaʼni yangiligiga bogʻliq boʻlmogʻi lozim. Janr talabi degan tushunchani ham unutmaslik lozim. Hikoyani hikoya darajasiga koʻtarib turadigan jihat eng avval voqeada ochiladigan obrazning maʼnaviy-psixologik holatidir. Uni qanchalar ochib bera olish esa badiiy tafakkur qudratiga bogʻliq. Badiiy ifoda yoʻsini esa hikoyaning asosini, yozuvchi maqsadini ochib berish imkonini beradi, xolos. Nazar Eshonqulning fikr berishdagi murakkabliklari, jumlalarning haddan ziyod uzunligi, ehtimol, bizni shunday xulosaga olib kelgandir. Asarimiz tepasiga istagan janrni qoʻyishimiz bilan u shu janrga xos boʻlib qolmaydi. Iskandar va sartarosh afsonasi juda qadimiy, uni hikoya darajasiga koʻtarish katta maʼsuliyat talab qiladi. Hikoyani uning zamonaviy talqini sifatida ifoda etish mushkuloti uning ommaviylashib ketganlida hamdir balki.

Shu oʻrinda taʼkidlash oʻrinliki, “Sibizgʻa volasi” til, ifoda, tasvir jihatdan ham xiyla zaif. Ortiqcha soʻzamollik, gaplardagi toʻmtoqlik, gʻalizlik oʻquvchi gʻashiga tegadi. Bunday noxushlik hikoyaning ilk satrlaridayoq koʻzga tashlanadi:

“Goʻyo oʻz qilmishlarini quyoshdan yashirmoqchiday qalqonlari bilan yuzlarini oftobdan toʻsgancha nayzalarini quyosh nurida yaltillatib, shaharning tosh koʻchalarini xuddi nogʻora chalishayotganday bir maromda harbiychasiga toʻqillatgancha erinchoqlik bilan kelayotgan uchta soqchi va oqsoq darbon…”

Ushbu keltirilgan misolda, birinchidan, “oftobdan” degan soʻz ortiqcha, ikkinchidan, yuzini quyoshdan toʻsib kelayotgan odam yana qanday qilib nayzasini quyoshda yaltillatishi mumkin?! Balki “Nayzalari quyoshda yaltirab”, deb ifodalash oʻrinlidir? Qolaversa, soqchilarning qadam tovushlarini “nogʻora chalishayotganday” deb taʼriflab boʻlmaydi. Axir nogʻora qoʻl bilan chalinadi, ustiga ustak, qadam tovushlari hech qachon nogʻora tovushiga oʻxshamaydi…

Xulosa qilib aytganda, bugungi oʻzbek hikoyachiligidagi izlanishlar hali tom maʼnoda oʻzini oqlayapti deya olmaymiz. Qahramon ichki dunyosi, ruhiy evrilishlari, obrazning maʼlum bir holatdagi harakatlarining asoslanishi yuksak badiiy talqinlarni berish darajasiga koʻtarila olmayapti, biroq urinishlar yozuvchilarimizning oʻziga xos, ayricha yoʻllarni qidirayotganlaridan darak beradi.

 

Gulnoz Sattorova,

filologiya fanlari nomzodi

 

“Yoshlik”, 2012 yil, 9-son

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/chopchakdan-muddao-ne/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x