Choʻlpon ijodida psixologizm

Badiiy adabiyotning eng nozik, oʻziga xos xususiyatlaridan biri bu, psixologizm, u inson harakterini, ichki olamini ruhiyati orqali ochib beradi.

Jahon badiiy adabiyotidagi ushbu yoʻnalishning eng sara namunalari M. Lermontov, I. Turgenev, L. Tolstoy, F. Dostoyevskiy, A. Chexov kabi XIX asr rus adabiyoti dargʻalari ijodida kuzatiladi.

Oʻzbek adabiyotida inson ichki kechinmalari orqali siyosiy-ijtimoiy muhitning maʼnaviy-axloqiy muammolarini ochib berish Choʻlpon qalamiga mansub “Kecha va kunduz” romanida yaqqol koʻzga tashlanadi.

Choʻlpon oʻzbek adabiyotiga oʻz asarlari bilan yangicha ruh, yangicha uslub, yangi nafas, samimiyat, hayotiylik va harorat olib kirgani ayni haqiqat. “Kecha va kunduz” romanida ijodkor psixologizmning turli usullarini qoʻllab, tariximizning gʻoyat murakkab, masʼuliyatli bir davrini, ijtimoiy-siyosiy hayotdagi ziddiyatlar kuchaygan bir paytni aks ettirgan.

XIX asr oxirlariga kelib, siyosiy oʻzgarishlar dinamikasi oshib, sinfiy kurash, mustamlakachilik muammolari avj oladi. Davr qahramonlari obrazini yaratishda ijodkor fojeaviy, chuqur xarakterlar psixologizmini qoʻllaydi. Uning qahramonlari maʼnaviy-axloqiy, gʻoyaviy-falsafiy izlanishlar orqali haq yoʻlga intiladi, oʻylaydi, fikrlaydi, oʻz-oʻzini tergaydi, oʻz-oʻzini ragʻbatlantiradi, hayot haqiqatini izlaydi, dunyoqarashi kengayadi, oʻz nafsi bilan kurasha oladi, ongi oʻsadi, oʻz-oʻzini inkor etadi, natijada qalb dialektikasi rivojlanadi.

Choʻlpon “Kecha va kunduz” romanida psixologizmning mavjud usullaridan unumli foydalangan. Shunga qaramay, asarda ratsional-tahliliy, tanqidiy psixologizm yetakchiligi yaqqol seziladi. Bunga sabab yaratilgan obrazlarning murakkabligi va ziddiyatlarga boyligidir. Qahramonlar ichki olamida sodir boʻlayotgan psixologik jarayon ularning ichki “men”i orqali tahlil qilinadi. Yozuvchi har qanday ruhiy holatni ichki kechinmalarni tarkibiy qismlarga boʻlib ochib beradi. Sodir etilgan har bir harakatning maʼno-mohiyati, sabablari koʻrsatiladi.

Emotsional tahlil jarayonida qahramonlar oʻylaydi, fikrlaydi va sodir etilgan harakatining mantiqiy zanjirini tuzadi. Holatning mantiqiy yakuni tanqid bilan boshlanadi. Bunga misol qilib, asarda chuqur psixologizm bilan boyitilgan Miryoqub obrazini olish mumkin. Uning xarakterida aql-farosat, epchillik, har qanday vaziyatdan chiqa olish, oʻziga ishonch kabi xususiyatlar bor. Emotsional psixologik tahlil jarayonida uning ruhiyatida ikkiga boʻlinish kuzatiladi. Biri Miryoqub – tergovchi, ikkinchisi esa javobgar. Oʻn bir betga choʻzilgan ushbu psixologik sud jarayonidan Miryoqubda ichki tahlil, ichki iqror kuchliligini koʻramiz. U oʻz-oʻzini aldashni xohlasa ham aldolmaydi. Shuning uchun maʼnaviy-axloqiy olamiga xos barcha xususiyatlarni qoʻrqmasdan tan oladi, iqror boʻladi.

“Kecha va kunduz” asaridagi Choʻlpon psixologizmining yana bir xususiyati diqqatni tortadi. Bu tashqi detallarni asl maʼnosidan ayro qilmagan holda, personaj ichki olamidagi psixologik jarayonni, holatni tasvirlashdir.

Muallif tomonidan asar boshidan oxirigacha ishlatilgan shunday bir predmet borki, unda bunday badiiy detal yordamida qahramonlar ichki psixologik holatini tasvirlash darajasidan chiqib, butun bir jamiyatning maʼnaviy dunyosiga ishora qilingan. Choʻlpon bu badiiy detalning barcha sinonimik variantlarini ishlatgan: chiroq, fonar, fonus, elektrik, moychiroq… Turli vaziyat, sharoit, holatda bu detalga “xira, nursiz, madorsiz” kabi sifatlar qoʻshib ishlatgan. Nursiz chiroq, xira fonus, madorsiz elektrik…

Choʻlpon oʻz asarida tashqi psixologik holat orqali personajlarining psixologik portretlarini yanada yorqinroq tasvirlagan. Masalan, Razzoq soʻfi tugʻilishidagi hangomani olaylik. U doya kampir tilidan soʻzlanadi: “… Aylanay mehmon, kimdan xafa boʻlib tushdingiz? Kim ozor berdi sizga? Ayting! Qovogʻingizni ochsangiz-chi! Yorugʻ dunyoga keldingiz! Shukur qiling! Sevining! Mundoq kuling! Kulimsirang! Iljaying!” Badqovoqlik shtrixi orqali Razzoq soʻfining portreti yaratilgan. Bunday holatni ayollar obrazida ham kuzatish mumkin. Masalan, “… Qurvonbibining koʻzlari qizarib, qovoqlari koʻkargan edi…” Ayolning kechasi bilan tinmay, ezilib yigʻlagani maʼlum. Mariyaning psixologik portretida doimiy labini tishlash shtrixi oʻzi xohlamagan azobga bardosh berishini anglatadi: “… Yosh juvon boshini quyi egib, yuzini chapga burgan, borgan sari qaltirashi kuchaygan, lablarini oʻtkir va oppoq tishlari oʻrtasida qisardi…”

Choʻlpon xarakterlarning tashqi tasviri, koʻz qarashlari, yuz oʻzgarishlari, mimika, plastika yordamida qahramonlarning ichki psixologik holatidan voqif etadi. Koʻp hollarda muallif gʻamga botgan tashvishli yuzlarda tabassum yoyilishini mahorat bilan tasvirlagan: “… kelinning yuzlarida xuddi shu paytda bir yoqimli kulimsirash paydo boʻlgan edi”.

Tashqi psixologik holat baʼzida qalb tubida yotgan sirli tuygʻularning bir soniyalik paydo boʻlishini yoritishi mumkin.

Asarda muallif hikoyasi va ruhiy holatning u tomonidan tasvirlanishi yaqqol koʻzga tashlanadi. Ruhiy holat tasviri asosida mantiqiy fikr zanjiri boʻlmaydi. Muallif hikoyasining asosini esa fikriy ketma-ketlik tashkil etadi. Har qanday ruhiy holat toʻgʻrisida fikr yuritiladi va ular maʼno-mantiq jihatidan bogʻlanadi.

Choʻlpon kitobxon tasavvurlarini, taxminlarini cheklamaslik uchun psixologik tasvirlash usulidan foydalanadi va maʼlum maydonni fikrlar harakati uchun boʻsh qoldiradi. Bunday yondashuv psixologik holatning absolyut, batamom tugallanganligini inkor etib, kitobxonni oʻzicha mushohada qilishga, xatti-harakatlar mohiyatini fikran oxiriga yetkazishga imkon beradi, chunki murakkablik darajasi oshib boradigan xarakterlarni va ichki olami ziddiyatlarga toʻla, hatto oʻziga ham tushunarsiz kahramonlar psixologiyasini xolis tahlil qilish, barcha detallarni maromiga yetkazib ochib berish oʻz ichki olamiga toʻgʻri baho beradigan personajlarning ham, kuchli psixolog-yozuvchilarning ham qoʻlidan kelishi mushkul vazifa. Bu haqida F. Dostoyevskiy shunday yozgan: “Kitobxon uchun faqat roman syujeti emas, inson psixologiyasi, ruhiyati haqidagi bilimlar ham zarur, bunday bilimlarni har bir muallif kitobxondan kutishga haqli”.

Choʻlpon psixologik tasvirlash usulidan unumli foydalangan. Juda koʻp holatlarda yozuvchi atayin muallif yoki uchinchi shaxs nomidan qahramon ichki olami haqida hikoya qiladi. Kitobxon psixologik kartinaga oʻzi mustaqil qoʻshimchalar kiritishga, mantiqan xotima yasashga imkon topadi va shu yoʻl bilan inson ichki olamining eng chekka, qorongʻu burchaklari ham maʼlum boʻladi: “… Oʻz uyiga kelganidan soʻng darhol oynaga qaradi, oʻz aftidan qoʻrqib ketdimi, bilmadim – oʻzini kartga tashlab, hoʻngur-hoʻngur yigʻlashga tushdi… Uch yuz soʻmlik chek qoʻlidan tushib, allaqayerda toʻntarilib yotardi…”

Yuqoridagi asardan olingan parcha fohisha ayol Mariyaning psixologik holatini tasvirlaydi. Maʼnaviy tubanlikka batamom gʻarq boʻlmagan, ruhiyatidagi musaffolik hali bulgʻanib ulgurmagan personaj oʻzining xatti-harakatlaridan norozi, ichki olamida ziddiyatli kurash bormoqda. Muallifning psixologik tasvirida ayol ichki holatining ikir-chikir detallari ochib berilmagan. Personaj asabiy holda yigʻlashga tushgandan soʻng muallif uning keyingi harakatlari taqdirini kitobxonning oʻziga havola qilib, koʻp nuqta bilan belgilagan. Oʻquvchi psixologik jarayon davom etayotganligini yaxshi biladi va oʻzining inson ruhiyatidagi bilimlari, tajribasi asosida psixologik holat kartinasining muallif tasvirlamagan qismini oʻzi mustaqil xayolida tasvirlab chiza boshlaydi. Nochorligidan gʻururini nopok kimsalarga qoʻsh – qoʻllab toptashga bergan inson yana qanday karomat koʻrsatishi mumkin?! U dod-faryod qiladi, taqdirni laʼnatlaydi, shu koʻyga solganni qargʻaydi. Achchiq ustida xonani ostin-ustun qilib tashlaydi. Choʻlpon psixologik jarayon tasavvuridan soʻng uning haqligini nozik bir ishora bilan tasdiqlaydi: chek qaylardadir toʻntarilib yotibdi va yana koʻp nuqta, chunki faqat chek emas, xonadagi boshqa jihozlarning ham oyogʻi osmondan qilingan.

Choʻlpon psixologik tasvirlashning yana bir keng tarqalgan usuli – jimlik, sukunatdan ham oʻrinli foydalanadi. Muallif qahramonning ruhiy holatini tasvirlar ekan, uni oʻzi istagan qarorga mahkum etmasdan, oʻquvchi ixtiyoriga qoʻyadi. Jimlik, sukut saqlash oʻquvchini fikrlashga majbur qiladi, miyasida psixologik jarayonning mantiqiy zanjirini tuzadi.

Choʻlpon qahramonlarining ichki kechinmalari, oʻy-fikrlari, xotiralari, kundalik qaydlari ham muallif tilidan bayon etiladi. Muallif oʻz qahramonlarining barcha sir-asrorlaridan voqif. Asarda ichki monologlar muallif hikoyasi bilan qoʻshilib ketgan. Bu psixologizmning oʻziga xos shakli hisoblanadi. U orqali inson ongining, xotirasining barcha burchaklariga sayr etish mumkin.

“Kecha va kunduz” asari chuqur psixologizmga ega asar. Choʻlpon yashagan davr qiyinchiligi asarda oʻz aksini topgan, shuning uchun roman psixologizmi murakkabligi, ziddiyatlarga boyligi, kontrastligi bilan qahramonlarning maʼnaviy-axloqiy, gʻoyaviy-falsafiy, hayotiy ideallarini izlashda namoyon boʻladi.

Xarakterlar psixologizmi badiiy detallar yordamida yanada yorqinroq koʻzga tashlanadi. Ular qahramon ichki dunyosining eng qorongʻu burchaklarini yoritib, qalb dialektikasini rivojlantiradi.

 

Shahnoza RAVSHANOVA

 

“Yoshlik”, 2014 yil 12-son

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/cholpon-ijodida-psixologizm/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x