Chiroyli boʻlish qiyin

Shahardan chiqishda odamlar “Toshkent pitagi” deb ataydigan eski avtobekat oʻrnida vodiydan poytaxtga qatnovchi kirakashlar kechayu kunduz hoziru nozir. Havo sovuq, yengil tuman va zax suyakni zirqiratadi, bir tutam qish kunida allaqachon shom tushib ulgurgan, shu sababmi ulov kam, besh-olti chogʻli haydovchi betoqat, yer tepinib, yelka qunishtirib, yoʻlovchi kutyapti. Samandar hali gap ochib ulgurmay haydovchilar qurshovida qoldi – har kim oʻzining ulovi sari unday ketdi. U ham anoyi emas, mijozni avrab-aldab uloviga oʻtirgʻizib olganidan keyin soatlab kuttiradigan kirakashlarning odatini yaxshi biladi. Ataylab narxning teng yarmini aytdi, boshqa pulim yoʻq, boʻlsa shu, boʻlmasa ana, ulov koʻp, kutib turaman, dedi.

Bilganidek, kirakashlarning hovuri pasaydi, baʼzilari ensasi qotib ortiga qaytdi. Samandar yillar davomida bu yoʻllarda yuraverib pishib ketgan, uzoq safarda yoningdagi odamning, ayniqsa ulov egasining feʼli xoʻyi muhim. Shu bois ayrim “Aka, shoʻtdan birinchi boʻlib mani mashinam chiqib ketmasa, odam emasman”, deb xudoni oʻrtaga qoʻyib qasam ichadiganlardan bezigan – uloviga oʻtirib olib, bir soatdan keyin ham yurmagan “qasamxoʻr” bilan ortiqcha adi-badi aytishishga toqati yoʻqligidan aksar haydovchilarni oʻzidan qochirib, keyin bitta-bitta xotirjam savdolashadi.

Biroq bugun tanlov koʻp emas, kun kech boʻlyapti. Haydovchilardan biri yonidan ketmadi:

– Aka, aytgan narximni beravering, siz oʻtirsangiz boʻldi, joʻnayman, oʻzi bitta kliyent kutib turuvdim, – dedi astoydil yopishib.

U yana biroz narx talashdi, lekin haydovchi soʻzida qattiq turib oldi.

– Aka, ishonavering, boshqa mashinaga chiqsangiz, bu sovuqda kamida ikki soat kutib oʻtirasiz. Men hozir joʻnayman.

U savdo pishganini sezib, haydovchi koʻrsatgan ulov tomon yurdi.          – Oʻtirib turing, hozir joʻnaymiz, – savdosi pishganidan xursand haydovchi motori oʻt oldirilgan, pechkasi ishlab turgan ulovga ishora qildi-yu oʻzi bir zumda koʻzdan gʻoyib boʻldi.

Samandar haydovchi yonidagi oʻrindiqqa oʻtirar ekan, orqada bir juvon ikki bolasi bilan andarmon ekanini gʻira-shira qorongʻuda ilgʻadi, xijolat boʻlmasin deya ortiga oʻgirilmay salom berdi. Salomiga alik qaytmaganiga ajablandi, keyin ayolning telefonda soʻzlashayotganini angladi:

– Oʻtiribman… moshinasini yoqib qoʻygan, ana, bitta odam oldiga oʻtirdi, hozir joʻnasak kerak. Nima!? Tushunmadim….Tushib, tashqarida kutaymi? Tashqari sovuq-ku, bollariyiz muzlab qoladi. Hozir joʻnasak kerak…

Eri bilan gaplashyapti chogʻi. Past, shirali ovozda soʻzlashyapti. Chamasi, qoʻlidagi bolasi bir-ikki yashar. Ikkinchisi, uch yoshlar atrofidagi qizchasi oʻzida yoʻq xursand, tinimsiz tipirchilaydi.

Obbo, chaqaloq tagligining oʻtkir achimsiq hidi hech gap emas, hali uzoq yoʻlda bolasi chinqirab yigʻlab tursa, ana unda koʻradi yoʻl mashaqqatini. Mayli, boshga tushganni koʻz koʻrar, bir amallab uyiga yetib olsa bas. Harqalay, pechka issiq ufurib turibdi-ku, shunisiga shukur. Samandar taqdirga tan berib, tanasiga yugurgan iliqlikdan joni orom topgandek boʻldi va boshini suyanchiqqa qoʻydi.

Tez orada haydovchi yetib keldi, joʻnashi oldidan uch-toʻrt kishidan Toshkentga turli joʻnatmalar oldi. Orqa oʻrindiqqa yana bir yoʻlovchi chiqdi, koʻrinishidan talabaga oʻxshaydi, smartfonidan bosh koʻtarmaydi.

– Aytganimga koʻnib, mening moshinamga chiqqaningiz yaxshi boʻldi. Uch-toʻrt soat orasida Toshkanga boshqa moshina joʻnashi gumon, kliyent yoʻq, – dedi haydovchi ulovini joyidan siljitar ekan.

Kallasi katta, qoramagʻiz, qovogʻi uyuq yigit Andijon-Toshkent yoʻliga kesib chiqish uchun ulovini tun zulmatiga chulgʻanayotgan qishloqlar oralab haydab, tor ilonizi yoʻllarda qoʻrqmay shitob bilan gaz bosadi.

Bu orada juvonning telefoni tinimsiz jiringladi, bir otasi bilan gaplashadi, bir singlisi bilan laqillashadi. Onasi va akasi ham qoʻngʻiroq qildi shekilli. Barchasiga bir gapni qaytaradi: “Uch soatda yetib borsak kerak, sira xavotir olmang, kuyovingizni oʻzi kutib oladigan boʻldi, bolalar yaxshi ketyapti”.

Orada telefonining quvvati tugayotganini aytib, haydovchidan quvvatlash moslamasini soʻradi, aynan uning telefoniga tushadigani yoʻq ekan. Telefonim oʻchib qolsa, xoʻja­yinim qidirib qolsa nima boʻladi, deya xavotirga tushdi juvon.

Samandarning ensasi qotdi: hah, baraka topgur, telefoningni quvvati tugab boryapti ekan, bilar ekansan, kamroq valaqlash kerak edi-da! Lekin darrov jizzaki oʻyga borganidan afsuslandi: hali yosh, safarda koʻp yurmagan, yonida ikki norasida bola, hayajonlanayotgan boʻlsa bordir, ustiga ustak shu turishida manziliga tun yarmida yetib boradi.

– Xoʻjayiningizga mening nomerimni berib qoʻying, – dedi haydovchi xavotirga oʻrin qoldirmay.

Juvon qurmagʻur eriga qoʻngʻiroq qilib, telefonni haydovchining qoʻliga tutqazdi. Tun qoʻynida tor yoʻldan ulovini jadal haydab ketayotgan haydovchi bir qoʻlida rulni boshqarib, bir qoʻlida telefon tutib, bir necha marta oʻz raqamini qaytardi, lekin befoyda. Hamma yoʻlda, juvonning eri ham shu tobda Surxondaryodan qaytib kelayotgan emish.

Samandar betoqat boʻldi, oʻzi­ngiz matnli xabar qilib joʻnating, haydovchiga xalaqit bermang, degisi keldi shu tobda ayolga. Agar oʻzi matnli xabar yozishni bilmasa, ana, yonida talaba oʻtiribdi, oʻsha yozib yuborsin, deb aytmoqchi boʻlib, ortga biroz oʻgirildi. Talaba qulogʻiga telefon quloqchinini ulab, bir nima tomosha qil­yapti, boʻlayotgan gaplarga sira eʼti­bor bermayapti. Samandar menga nima, aralashib nima qildim, degan oʻyda yana yoʻlga tikildi.

Ana, xayriyat, aloqa ham uzilib qoldi. Haydovchi telefonni qaytarib berdi. Biroq juvon eriga qayta qoʻngʻiroq qilib telefonni yana haydovchiga uzatdi. Haytovur, bu gal kirakash yigit joʻyali ish tutdi, juvonga oʻzingiz javob bering, men raqamimni aytib turaman, dedi quruqqina qilib. Nihoyat juvonning eri haydovchining raqamini yozib oldi shekilli, biror oʻn daqiqa hamma jimib qoldi. Ulov esa oʻtkir chiroqlari bilan tun qoʻynini yorib jadal ketyapti.

Sokinlik uzoqqa choʻzilmadi, yana qoʻngʻiroq.

– Labbay ayajon! Murabbomi? Yoʻq, toʻkilmasa kerak, ogʻzi yaxshi yopilgan-ku. Oʻzi qaysi biridan beruvdingiz, maymunjonlimi yoki shotutmi? Ha, oʻzingiz yopgandanmi!? Keliningiz yopgan sira yoqmaydi, xuddi qorasaqichga oʻxshaydi. Dasturxonga qoʻygan odam naq sharmanda boʻladi-ya. Ha, shakarni qattiq ayab solgandan keyin shunaqa maza-matrasi boʻmaydi-da. Voy, nimasini aytasiz, uvol-a shuncha mehnat. Xoʻp, mayli. Yana bosh­qa qoʻngʻiroq boʻlyapti. Kuyovingiz boʻlsa kerak.

– Ha, yaxshi ketyapmiz, ha ularmi, yaxshi ketishyapti, – juvonning ovozi shirali tus oldi. – Siz bizdan oldin kelasizmi, kutib turasizmi? Hozir oʻzi qaydasiz? Bizmi? Shopir aka qaydamiz? …Ha, yarim soatdan keyin Qoʻqon patir bozoriga yetar ekanmiz. Siz tezroq boʻling, vaqtingiz oz, biz tez ketyap­miz. Xoʻp, xayr! Shopir aka, patir bozorida toʻxtab qoʻyasiz-a?

Sirdaryo boʻyida, katta yoʻl yoqasida yuzlab chiroqlar jilvirab turgan patir bozori safarga otlangan yoki uyiga qaytayotgan yoʻlovchilar bilan gavjum. Samandar ham toʻrtta non olish uchun ulovdan tushib, rastalarga yaqinlashdi. Tungi izgʻirinda boshiga oʻralgan jun roʻmolining etagini beliga belbogʻ qilib bogʻlagan sotuvchi ayollar uni har turli chiroyli soʻzlar bilan oʻzlari tomon chaqirdi. Jarangdor chorlov, jimjima soʻzlar, rastama-rasta yurib savdolashishdan u allaqachon bezib boʻlgan. Ortiqcha gap-soʻzsiz, birinchi duch kelgan sotuvchidan toʻrtta patir oldi.

“Keyingi safar ham faqat oʻzimga keling-a, amakijon!” dedi kulcha yuzli, shoʻx-shodon sotuvchi ayol shirin jilmayish ila. Bu kech ilk bor Samandarning labiga ham kulgi yugurib, koʻngli yorishgandek boʻldi-yu, bir lahza oʻtib-oʻtmay gʻamgin oʻy-xayollar ogʻushiga kirib ketdi.

Bir zamonlar bu sershovqin bozorda shoyi roʻmolini peshonasidan tangʻigan shirmoy yuzli, serzavq va hazilkash sotuvchi qizlar “Hoʻv chiroyli yigit, sizga aytyapman, yigitning guli!” deya shoʻx-shodon gap otishar, bu kabi chorlov oʻzi tengi yigitlar uchun kunu tun takrorlanishini bilsa-da, yuragi hapriqib, shirin tuygʻulardan sarkash boʻlardi. Yillar oʻtgach “Hoʻv, aka! Hoʻv, kelishgan aka, sizga aytyapman!” deya chorlashganida ham huzurbaxshlik bor edi. Mana endi “Hoʻv amaki, hoy, boy amaki!” deb chaqirishadi, biroq bu koʻngilda hazinlik, oʻtib ketgan umrning afsus-nadomat changlarini qoʻqon shamolidek beayov toʻzgʻitadi. U shu oʻylar bilan rastadan uzoqlashar ekan boyagi sotuvchi ayolning yanada jarangdor ovoz ila yangi xaridorga atalgan soʻzlarini eshitdi:

– Hoʻv-v, pari-paykar! Tovusdek xiromlab qayoqqa shoshyapsiz, keling oʻzimga. Voy singiljon, shu turishiyizda moshindan tushdingmizmi yo daryodan chiqib kelayotgan suv parisimisiz?!

Voy qurmagʻur-ey, toza gapga chechan ekan-ku! Samandar beixtiyor ortga oʻgirildi. Oʻgirildi-yu turgan joyida dong qotdi. Sotuvchining yonida haqiqatan bir pari turgandek edi. Qoshu koʻzini aytsinmi yo qaddi-qomatini! Bir tarafdan Sirdaryodan enib chiqayotgan qalin tuman uni yomon koʻzlardan yashirishga urinayotgandek tuyulsa, boshqa tomondan bozordagi yuzlab chiroqlarning shuʼlasi faqat uning yuzigagina tushib, bor husni tarovatini olamga koʻz-koʻz qilishga shoshayotgandek. Sarvqomatiga yarashiqlik liboslari tovus patlaridek tovlanadi. E voh, inson ham shunchalik goʻzal boʻladimi? Axir xudoyim unga bir malak chiroyini beribdi-ku! “Har yetuk goʻzalni, goʻzal demasman, goʻzalda bir gʻayri alomat boʻlar”. Boshqa gaplar behuda.

Samandar hayratini ichiga yashirib, bu hilqatga tikilib qolganini birov sezib qolishidan xijolatda, ulovi tomon shoshib qadam bosdi. Joyiga oʻtirdi-yu, betoqat haydovchi sezib qolmasin deya bozor tomon kishi bilmas nigoh tashlab, boyagi huriliqoni yana koʻrmoq istadi.

Nahotki?! Oʻsha pari-paykar toʻppa-toʻgʻri uning tomon yurib kelyapti. Samandar taraddudda qoldi, boshini egib, oyogʻi ostiga tikildi. Bir necha soniyalardan keyin bildiki, bu juvon oʻsha, orqa oʻrindiqda kelayotgan kelin ekan…

Juvon patirlarni ulovning yukxonasiga joylab, orqa oʻrindiqqa oʻtirib, bolasini qoʻliga olganida va mashina shitob ila oʻrnidan jilganida Samandar ikki yuzi qip-qizarib, mum tishlab qoldi – shu yoshida boʻz yigitdek oʻy-xayollarga berilganidan ming bir xijolat chekdi.

Birozdan keyin sekin bosh koʻtarib, mushohada qila boshladi: ha, juvonning telefoni tinimsiz jiringlashi-yu yoʻlma-yoʻl toʻxtovsiz soʻroqlashlar bejiz emas ekan. Kuyov ham uncha-muncha yigitlardan boʻlmasa kerak, baxtli boʻlishsin.

Endi tinimsiz tipirchilab, old oynadan yoʻlni koʻrishga intilayotgan qizchaning qiliqlari ham beozor tuyular, bolalarning kiyimlaridan chiqayotgan achimsiq hid­lar goʻyo tarqalib ketgandek edi.

Juvonning telefoni esa yana bezovta:

– Labbay! Ha, patir bozorda toʻxtadik. Nechta? Sakkizta oldim. Voy, nega koʻp boʻlsin, oʻzimizga, uydagilarga ham oldim-da. Yana ikki soatda yetib borsam kerak. Siz-chi? Vuyy, yetib kelolmaysiz-ku! Nima qilayin? Ha, “Anhor”dami, xoʻp boʻpti. Tezroq harakat qiling-da, siz ham, – dedi erkalanish ohangida.

Oraga choʻkkan jimlik uzoq davom etmadi, endi onasi qoʻngʻiroq qildi:

– Ha ayajon! Yaxshi ketyapmiz, bolalar juda yaxshi. Kuyovingiz aytilgan paytga yetib kelolmaydiganga oʻxshaydi. Bizmi, nima qilardik, “Anhor” kafesida qahva ichib kutib oʻtirar ekanmiz. Ha, xuddi shunday dedi, qahva ichib… Xavotir olmang…

Ulov endi dovon tomon oʻrlar ekan, Samandar oʻzicha tusmolladi: qiziq, bu koʻhlik juvonning eri kim boʻlishi mumkin, hali yoʻl boshida haydovchining gapiga javoban Ohangaronga kelin boʻlib tushganman, dedi. Balki, eri harbiydir. Ohangaronda ham harbiy qismlar bor, toʻgʻriku-ya, lekin u holda eri Surxondaryoda nima qilib yuribdi? Boya haydovchiga aytdi-ku, xoʻjayinim Surxondaryodan kelyapti, deb. Agar xizmati oʻsha yerda boʻlsa, oilasini ham olib ketishi lozim emasmidi? Demak, eri harbiy emas, ohangaronlik oiladan. Kuyov Surxondaryoga qurilishga borgandir, balki davlat ishida ishlar, biror yumush tufayli safarga chiqqan boʻlishi mumkin. Lekin er-xotining gap-soʻzidan ular kamida bir-ikki oy koʻrishmaganga oʻxshaydi. Kelinning gap ohanglarida kuchli sogʻinch bor.

Bu orada yana qoʻngʻiroq:

– Ha, yaxshi, nima deysiz, ha endi… bilmadim… bolalar yaxshi ketyapti. Ha boramiz oʻsha aytilgan vaqtda. Oʻzingiz yaxshi kelyapsizmi? Qayerdasiz hozir. Oʻh-hoʻ, hali uzoqda ekansizku. Men-mi… yoʻq… hech gap yoʻq.

Haydovchi dovondagi tunnelga kirish oldidan telefonlarni ishlatmaslikni soʻradi. Juvon eriga uzr aytib, aloqani uzdi. Talaba ham ulovga chiqqandan beri koʻrib kelayotgan tomoshasini toʻxtatdi. Ikkinchi tunneldan oʻtgandan keyin vaziyat yana avvalgi tusda davom etdi, talaba quloqchinini ilib konsertmi, kinomi koʻrishni, juvon telefonda soʻzlashni davom ettirdi:

– Kelyapmiz, ikkinchi tunneldan ham oʻtdik. Oʻzingiz qayerda? Bizmi? Yoʻq, sira toʻxtamayapmiz, tez ketyapmiz. Bolalar yaxshi ketyapti. Telefonim zaryadi oz, oʻchib qolishi mumkin. Signal yaxshi emas, kirdi-chiqdi boʻlyapti. Xoʻp, mayli.

Uzoq sukunat choʻkdi. Ulov dovondan oshib oʻtib, togʻ yonbagʻridagi yoʻlda, soy yoqalab keta bosh­ladi. Tepada ulkan choʻqqilar tun qoʻynida qop-qorayib, vajohat ila turganga oʻxshaydi. Samandarning koʻzi qarshisidan kelayotgan ulovlar chirogʻida qamashib, charchadi. Yoʻlda sira uxlolmaydi, koʻzini biroz yumib, miyani turli oʻy-xayollardan xoli qilish ham hordiq, deb oʻyladi.

Xotirjamligi uzoq choʻzilmadi – negadir juvonning telefoni anchadan buyon jimmi!? Kuyov charchab uxlab qoldimikin yoki Jizzaxga yetishgan boʻlsa, jizzax somsa yegani toʻxtagandir, yonidagi hamrohlari qistovi bilan qittak-qittak ichgandir, odatda shunday boʻladiku, axir. Aslida bu oʻzining xohishi edi, shu turishida hamrohlari oʻzi kabi kishilar boʻlganida edimi, allaqachon togʻning tepasida toʻxtab, bir six kabob bilan ellik gramm anovi qurgʻurdan urib olishga qarshi boʻlmasdi. Qishning sovuq va zerikarli tunida bu ham bir orzu-da… lekin kelinning telefoni negadir xavotirli sukut saqlayaptimi…

Haydovchining telefoni jiringladi.

– Allo! Ha, yaxshimisiz, kelyapmiz, yoʻldamiz. Ularmi, kelishyapti. Boʻpti, mana hozir, – haydovchi telefonini juvonga uzatdi. – Xoʻjayiningiz soʻrayapti.

– Ha, kelyapmiz. Nima!? Yoʻq! Avval eshitmabman, keyin koʻrdim telefon qilayotganingizni, kichkinangiz uygʻonib ketmasin deb ovozini pastlatgan edim, keyin qoʻlim band edi… Aytyapman-ku, qoʻlim band edi. Kichkinangiz qayt qilmoqchi edi, qoʻlimda paket ushlab turuvdim… Axir qanday qilib javob beraman, bir qoʻlimda bolangizni boshidan tutib turgan boʻlsam, ikkinchisida paket boʻlsa… Ololmasdim… Buning ustiga signal kirdi-chiqdi boʻlib turibdi. Nima?.. Voy, nima deyapsiz… nima boʻlyapti oʻzi sizga? – juvon kutilmaganda aloqani uzib qoʻydi va haydovchiga telefonini qaytarib berdi. Keyin juda ogʻir xoʻrsindi, avvalgi ruhidan asar qolmagandi.

– Oʻchir ovozingni, – deb nimadir soʻrayotgan qizini jerkib tashladi. – Bas, dedim, bas!

Ikki-uch daqiqa oʻtib-oʻtmay yana qoʻngʻiroq:

– Nima deysiz? Nega unaqa deyapsiz, nima boʻlyapti oʻzi sizga? Oʻylab gapiring! Aytdim-ku, signal yoʻq edi deb. Nega, nega ishonmaysiz… Agar shunday deyaversangiz bormayman, tushaman hozir, shu yerdan qaytib ketaman, tamom-vassalom! – juvon telefonini oʻchirdi, ketma-ket kelgan yana ikkita qoʻngʻiroqqa javob bermadi.

Besh-olti daqiqalik jimlikdan soʻng endi haydovchining telefoni jiringladi. U nomerni tanib, juvonga uzatdi, yana telefon qilyapti, dedi malol kelganini sezdirib. Juvon achchigʻidan tushmadi, oʻzingiz gaplashavering, dedi. Haydovchi gaplashib boʻlgach, juvonga oʻgirildi:

– Toshkentga olib kelavering, deyapti xoʻjayiningiz.

Juvon javob qaytarmadi, lekin tez-tez, ogʻir-ogʻir nafas olayotgani sezilib turardi.

Kutilmagan oʻzgarishdan Samandarning ham asabi tarang tortildi, voqea nima bilan tugashi haqida oʻylab ketdi. Nega endi Toshkentda kutib olmoqchi, axir tundasi Ohangaronga yana qaytib kelishadi-ku. Uning xayolidan shum fikr oʻtgandek boʻldi: balki xotini kimlar bilan hamroh boʻlgani yoki haydovchi kim ekanini bilmoqchidir?

Chamasi oʻn daqiqalar davom etgan sokinlikni yana qoʻngʻiroq tovushi buzdi. Haydovchining telefoni ekan, katta tezlikda ketayotgani uchun javob berishni lozim topmadi. Toʻgʻri qildi, deb oʻyladi Samandar, xavfli, aylanma yoʻllar boʻlsa, chalgʻimagani durust. Biroq telefon tinimsiz, asabiy jiringlardi. Nihoyat u javob berishga majbur boʻldi. Yana oʻsha quruq salom-alikdan keyin telefonini juvonga uzatdi.

– Ha, nima deysiz? Yana oʻsha gap­mi, nima boʻlyapti oʻzi sizga? Nega unaqa deyapsiz? – keyin juvon biroz yon bosgandek boʻldi. – Xoʻp deyapman-ku. Ha, xoʻp, mana!

Haydovchi ikki koʻzi yoʻlda, xoʻmrayib telefonini qaytib oldi va joyiga qoʻydi. Yoʻq! Hali joyiga oʻrnashib ulgurmagan telefon shunday jiringladiki, goʻyo koʻkrak sutidan ajratib olingan goʻdak chinqirgandek boʻldi. Haydovchi peshonasini tirishtirib, uni yana juvonga uzatdi.

– Ha, nima gap? Aytganingizni qildim-ku. Ber dedingiz, berdim-ku telefonini qaytarib. Kimga berishim kerak edi? Qizingizga?! Men qaydan bilay? Siz boʻldi, ber deganingizdan keyin gapingiz tugadi deb oʻylab, shunga bu odamga telefonini qaytarib berdim. Nima? Aytmadingiz-ku shunday deb, ovozingiz yoʻqolib turibdi, eshitolmay qopman, ha, xoʻp boʻladi. Mana hozir, – juvon bu gaplar bilan telefonni qizchasiga berdi.

– Allo! Assalom alaykum, dada! Biz kelyapmiz. Ha, ayam kel­yaptilar…yoʻq..yoʻq…ha…xoʻp, xayr dada.

Juvon qizchasidan telefonni qaytarib olib, eriga uzoq tushuntirdi, signal bir bor, bir yoʻq, gapingizni tushunmay qolibman, ana gaplashdingiz qizingiz bilan, xoʻp, dedi. Keyin ogʻir xoʻrsinib, telefonni egasiga qaytardi. Bir ozdan keyin piq-piq yigʻi ovozi eshitildi.

Samandar yigʻidan koʻngli buzilsa-da, lekin ruhi yengil tortdi. Hartugul, juvonning siqilgani, yigʻi-sigʻisi oʻtadi-ketadi, muhimi kelishib olishdi, deb oʻyladi. Biroq kuyovga nima jin urdi ekan, degan savol uni tinch qoʻymasdi. Oʻzicha turli taxminlarga bordi, lekin biror joʻyali javob topolmadi. Haydovchining kallasida nima xayol? U haydovchi tomon bir-ikki nigoh tashladi, agar ikkovlarining ham xavotiri bir masalada boʻlsa, albatta u biror ishora beradi, jilla qursa kallasini sarak-sarak chayqab qoʻyadi. Afsuski, kirakash yigitning tund chehrasidan biror maʼno ilgʻab olish mushkul edi.

Oradan taxminan yigirma daqiqa oʻtib haydovchining telefoni jiringladi. Samandar uning peshonasi qattiq tirishganidan sezdiki, yana oʻsha kuyov janobi oliylarining shaxsan oʻzlari:

– Ha, kelyapmiz, ha ularmi? Kelishyapti. Signal?! Yoʻq, signal yoʻqolgani yoʻq, hamma joyda bor, telefonim sira uzilib qolgani yoʻq, doim ishlab turibdi. Hozir beraman.

Haydovchi shu gaplar bilan telefonni juvonga uzatar ekan, Samandarning koʻnglidan xavotirli oʻy oʻtdi. Shu kirakash yigit bekor aytdi-da raidotoʻlqin uzilgani yoʻq, hamma joyda bor, deb. Axir uning eski qoʻltelefoni xalqda “yongʻoq chaqadigan telefon” deyiladi, togʻdami yoki bogʻda, birdek toʻlqinni yaxshi ushlaydi. Boshqalarda smartfon, ekrani oytovoqdek, lekin pastu baland joylarda toʻlqinni yaxshi ushlamaydi. Shu gapni aytishga chogʻlandi-yu kech qoldi.

– Ha… Yoʻq! Signal bir bor, bir yoʻq dedim-ku! Aytdim-ku, telefon jiringlamadi, signal oʻynab turibdi. Voy nega unaqa deyapsiz, bir bor, bir yoʻq, dedim-ku, nega tushunmaysiz axir…. moshina toʻxtagani yoʻq hech qayerda… xoʻp, xoʻp, – juvon jim qoldi. Birozdan soʻng ogʻir xoʻrsinishlar oʻrnini yana piq-piq yigʻi egalladi.

Samandar betoqat boʻldi, yuragi siqildi. Shartta kuyovga qoʻngʻiroq qilib, hoʻv uka, namuncha tiqilinch qilmasang, xotining orqa oʻrinda, bolalari qurshovida tinchgina kelyapti, degan gapni aytsamikin? Olovga moy sepgandek boʻlmasmikin? Qoʻy, yaxshisi aralashmagani maʼqul. Oʻzidan koʻra yoshroq, undan koʻra koʻproq jabr chekayotgan haydovchi miq etmay toqat qilyapti-ku.

Zulmat qoʻynida hech kimdan sado chiqmay Ohangaronga yetib kelishganida haydovchi yurak yutib soʻradi:

– Toshkentga ketaverasizmi, nima qilasiz endi?

– Yoʻq… qolaman… bolalarim qiynalib ketishdi, qanday boraman shu ahvolimda.

Ulov mahalliy kirakashlar turadigan joyda toʻxtadi. Juvon shu joyda kelinlik uyiga taksi olish uchun tushib qoldi. Samandar ulovning yonbosh koʻzgusidan ortda qolayotgan kelinni kuzatdi. Juvon bir qoʻlida goʻdagini bagʻriga bosib, ikkinchi qoʻlida yuklarini koʻtarib olgan, uyqusiragan koʻzlarini ishqalayotgan qizchasi esa uning etagini tutib turardi. U gʻalvali hamrohdan qutulgani uchun yengil tortganga oʻxshasa-da, aslida ich-ichdan ezilib ketardi. Haydovchi ham miq etmasdi. Talaba hamon tomosha koʻrib ketyapti, elas-elas eshitilib qolgan shovqinidan bilish mumkinki, bu oʻsha, bachkanalikni fazilat sifatida xalqqa singdirayotgan guruhning tomoshasi edi. Toshkent boʻsagʻasidagi uzun va zerikarli yoʻlning boshlanishi edi. Samandar esa betoqat, qandaydir olov ichida yonardi: yoʻl boʻyida ikki bolasi bilan qolgan juvon koʻz oldidan ketmas, goh kuyovning siymosini gavdalantira olmaganidan qiynalar, goh oʻzining yangi uylangan kezlari, er-xotin oʻrtasidagi mojarolar, haddidan oshirib yuborgan zugʻum va zulmlari yodiga tushib qolar, shu tobda hoʻngrab yigʻlab yuborgisi kelardi. Oʻzini tutib tursa-da, aslida ich-ichidan oʻkirib-oʻkirib yigʻlardi.

Yagona yupanch, olis-olislardan kelayotgan, elas-elas eshitilib qoladigan oʻynoqi bir ovoz tobora soʻnib borardi: “Hoʻv kelishgan yigit! Sizga aytyapman, yigitning guli, keling oʻzimga!”

 

Muhammad Sharif

 

2017 yil

 

 

“Ijod olami”, 2018/2

https://saviya.uz/ijod/nasr/chiroyli-bolish-qiyin/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x