“Ustozga maktublar” turkumidan
1
Xushmanzara joylari,
Soylari koʻp bu yurtning.
Qoʻl yetmas humoylari,
Boylari koʻp bu yurtning.
“Chinoz. Yangi mahalla”.
Oyogʻing tegmay yerga
Uch, ukajon, gʻirilla:
“Shaxsan Abdulla Sherga!”
“Bu mujda Qoʻrgʻonchadan”,
Shogird ismin xatladi.
Ozgʻinroq daryochada
Chopar daryo hatladi.
Qizlar tolbargak taqsin,
Shaftoli shoxin egsin:
– Nima boʻlsa ham, taqsir,
Xat egasiga tegsin!
“Assalomu alaykum!”
Ustoz, sogʻ-omonmikin?
Haqsoʻz, sheʼrsuyar mardum
Dardiga darmonmikin?
Quyi Chirchiqdan salom,
Daryo, bozorimiz bir.
Yoʻl, koʻl, xullasi kalom:
Masjid, mozorimiz bir.
2
Xushmanzara joylari,
Soylari koʻp bu yurtning
Qoʻl yetmas humoylari,
Boylari koʻp bu yurtning.
Ha, Chinoz koʻp qadim yurt,
“Loy janggi”n shohidi ul.
Endi koʻp gʻamlar unut,
Shodlanar gohida ul.
Yoshiga yosh qoʻshilib,
Biri ikki boʻldi, hay!
Buni qoʻsh daryo bilib,
Baliqlarga toʻldi, hay!
Qoʻshilishar noz bilan
Ikki dardi bir daryo.
Faxr etar Chinoz bilan
Chirchiq ila Sirdaryo.
Daryolar – bagʻri yarim –
Boʻyida bozor boʻldi.
Bozor boʻldi dardlarim,
Bir yor xaridor boʻldi.
3
Xushmanzara joylari,
Soylari koʻp bu yurtning.
Qoʻl yetmas humoylari,
Boylari koʻp bu yurtning.
Chinoz bir emas, ikki,
Tarixi sal noayon.
Ertami-indin, balki,
Sirlar etilgay bayon.
Juda qadim, aslida,
Kunchiqardagi qoʻsh kent:
Yangilanish faslida –
Olmazor, eski Toshkent.
Biri-biridan ulugʻ
Yana ikkita robot:
Qavmu qarindosh urugʻ −
Yoʻltushkan, Eshonobod.
Bular − xoʻja ovullar,
Diyonati dastida.
Qoqib kelgay dovullar −
Ular haq din qasdida.
4
Xushmanzara joylari,
Soylari koʻp bu yurtning.
Qoʻl yetmas humoylari,
Boylari koʻp bu yurtning.
Chinoz soʻzin lugʻaviy
Maʼnosini el bilar.
Chatiq, axir, arabiy,
Turkiy, forsiy belgilar.
Sohibqironga bogʻliq
Bir yashiq tarqab ketmish.
Goʻyo, xon vaqtichogʻliq
Qilmoq ixtiyor etmish.
U yogʻi yozgulikmas,
Bir maishat “tahlil”i.
Xunrezlik, yovuzlikmas,
Fahshu vahshat tafsili.
Bu hangoma bir qadar
El koʻnglini dogʻlamish.
Kent nomin qay oqpadar,
Shul “bazm”ga bogʻlamish.
Toʻqigan biror daydi,
Haq gapmi u yolgʻonmi?
Aytgali til bormaydi,
Qiz sababmi, hoqonmi?
Orin saqlagan gʻaru,
Sotgan pokdomon goʻyo.
Bilmaganlar vaysaru,
Bilganlar soqovmu yo?
Aytsada qay bechora,
Gʻoya qiziq bagʻoyat.
Yurt nomiga ishora,
Ersa-da ul rivoyat.
Kim haqdir, kim nohaqdir,
Bu keyingi masala.
Tarix – qismatmi, taqdir,
Oʻzi aylar “halala”.
Biz uchun suxandonning
Samimiyligi muhim.
Bul ulus, bul makonning
Qadimiyligi muhim.
5
Xushmanzara joylari,
Soylari koʻp bu yurtning.
Qoʻl yetmas humoylari,
Boylari koʻp bu yurtning.
Goh savdo odamlarin
Feʼli tor, hamyoni keng.
Taʼrif etolmam barin,
Xullas, keling, baliq yeng.
Sizni siylar chinozlik,
Solib qat-qat koʻrpacha.
Ammo, mehmonnavozlik
Davom etar “toʻrt”gacha.
“Toʻrt” boʻlar-boʻlmas, esiz,
Tugaydi “sherikchilik”.
Aybga buyurmaysiz,
Bu yogʻi tirikchilik.
Ertalabki savdoda
Baraka bor, bilamiz.
Nochor bir iddaoda
Xayr-maʼzur qilamiz…
6
Xushmanzara joylari,
Soylari koʻp bu yurtning.
Qoʻl yetmas humoylari,
Boylari koʻp bu yurtning.
“Buyuk ipak yoʻli”da
Qoʻr tikkan bu qoʻrgʻonga –
Gul tutgancha qoʻlida
Shoshar mardum mehmonga.
Bois, ular qish gʻamin
Yozda yegan aslardir.
Yashnasa ona zamin,
Sozda, degan kaslardir.
Qaratgulik etmasin
Baxil odam qoʻliga.
Gʻashga tegib ketmasin,
Bu gaplar oʻz yoʻliga.
Omon boʻlsin qariyu
Navqiron oʻgʻlonlari.
Elning ulugʻlariyu
Vallomat insonlari.
7
Xushmanzara joylari,
Soylari koʻp bu yurtning.
Qoʻl yetmas humoylari,
Boylari koʻp bu yurtning.
Dovrugʻi misli Rimcha
Shu qadim yurt haqida –
Men ham eplaganimcha
Oʻzim etgum baxshida.
Qolib ketsa-da, magar,
Qator soha, koʻp tarmoq…
…Maqsad maʼlum, hamyurtlar
Koʻnglini sal koʻtarmoq.
Minginchi marta takror
Etganday “Haftiyak”ni;
Sanay olmay bayakbor,
Kaftga tirab iyakni…
…Qalam sermadim biroz,
Dilda ming istihola.
Maʼzur tutgaysiz, ustoz,
Agʻi Sizga havola.
Yahyo TOGʻA
“Sharq yulduzi”, 2017/9
https://saviya.uz/ijod/nazm/chinoz-manzaralari/