Chinor yangligʻ keksaydi otam

Otamning yigitlik chogʻlari haqida biror nima ayta olmayman. Lekin aqlimni taniganimdan buyon el hurmat qiladigan nuroniy oqsoqolning pandu nasihatlarini tinglab ulgʻaydim. Shotiroʻdliklarning davralariga fayz kiritadigan, bir necha dostonlarni yod etib, bulbul yangligʻ xonish qilib oʻqiydigan otam, nasib etsa, yaqinda yuz bilan yuzlashadi. Bolalik paytlarim qishloqning moʻjazgina choyxonasida boʻlib oʻtadigan dostonxonlik kechalarining doimiy qahramoniga aylanib kelgan buzrukvorimiz bor-yoʻgʻi uchinchi sinfgacha tahsil olgan ekanlar. Kitoblarga boʻlgan cheksiz mehr-muhabbat, ilmga boʻlgan sadoqat u kishini hisobsiz sheʼrlarni yod etishga undagan boʻlsa ajabmas… Ikkinchi jahon urushida ikki koʻzidan ayrilib qaytgan hamqishlogʻim Tohir Rahmonov ham otam doston oʻqiganda mungli soʻz ohangidan erib, yosh bolalar kabi hoʻng-hoʻng yigʻlaganining koʻp bora guvohi boʻlganman. Soʻzning qudrati, uning salohiyati bolaligimdan meni oʻziga mahliyo aylagandi… Otamning butun umri dashtu dalalar quchogʻida kechdi.

 

Qirq yetti yil ketmon uchidan,

Balchiq toʻkib ishlagan otam.

Mehnat bilan bir burda nonni,

Halol topib tishlagan otam.

 

Xonadonda bir odam ishi,

Oʻn toʻrt boshga boʻlinar edi.

Qozonimiz oyida bir bor,

Goh ikki bor goʻsht koʻrar edi…

 

Bu mening bolalik paytimda qilgan qoralamalarimdan. Otam tong saharlab ketmonini olib dalalar quchogʻiga oshiqardi. Biz bolalar u kishining kelishini intiqlik bilan kutardik. Otamning bot-bot qiladigan shukronalari bizlarni ham sabrli va matonatli boʻlib yashashga oʻrgatdi…

 

 

ShOʻRO AMMA

 

Shotiroʻdliklar ichidan otilib chiqqan ilk rahbar ayol Mohitobon Qassobova bir kun uyimizga kirib keldi. U ayol chorak asr qishloq sovetining raisi lavozimida ishlagan. Qishloqdagilar uning hurmatini joyiga qoʻyib Shoʻro amma deyishardi. Shoʻro amma davlat goʻsht planini bajarolmagani uchun oti bor kishilar davlatga goʻsht topshirishga majburligini qayta-qayta uqtirardi. Oʻsha paytlar uyimizda togʻlarga chiqish uchun yukimizni yengil qiladigan bir juft eshak, “Bayon” laqabli otimiz bor edi. Otdan ayrilib qolishdan qoʻrqqan otam ilojsizlikdan bir shoxli sigirimizni goʻshtga topshirishga rozi boʻldi. Tomorqamizga karam ekib, butun boshli oila yil davomida mehnat qilib yetishtirilgan hosil puliga olgan bir shoxli sersut sigirning ortidan onamga qoʻshilib, biz bolalar ham yigʻlab qolganmiz. Kechqurun dasturxon atrofida otamning xoʻrsinib aytgan soʻzlari hanuz yodimda:

– Hayvonning yigʻlaganini birinchi marta koʻrishim. Sigirni mashinaga ortib boryapmiz, jonivorning koʻz yoshlari toʻxtovsiz oqyapti…

Sobiq shoʻrolar tuzumida biri ikki boʻlmagan dehqonning nafaqaga chiqishi ham kam-koʻstsiz boʻlmasdi. Qirq yetti yillik mehnati evaziga qirq yetti soʻmu sakson tiyin pul bilan nafaqaga chiqqan otamning tushkun kayfiyatidan taʼsirlanib, sheʼr yozgandim:

 

Keksalikning nafaqasi kam,

Ellik soʻmga yetmasdan qolgan.

Sabab shuki, vaqtida otam,

Koʻp ish qilib, kam maosh olgan.

 

Gʻazablarga toʻlaman baʼzan,

Yuqoriga yozsammi deyman.

Xafa boʻlib deydilar otam,

– Kim boyibdi, nafaqa bilan…

 

 

OTAM KELTIRGAN KITOB

 

Oʻsha paytlar tumanda mulla Mahmanazarga teng keladigan usta yoʻq edi. Otam uyimizning eshik-romlarini ustaga yasatish maqsadida borib xushxabar bilan keldi. Mullaning uyida zoʻr Qurʼon koʻrgan emish. Otam garchi u kitobni oʻqishni bilmasalar-da, oʻsha ilohiy bitikka mahliyo boʻlib qolibdilar.

– Kitob zarhal harflar bilan yozilgan, oʻzidan nur taratib turardi. Mullaga shuni menga soting desam, u kishi muloyim jilmayib, bu kitobni xarid qilishga qurbingiz yetmaydi, deb aytdi. Soʻng tarixini surishtirib bilsam, mulla kitobni vaqtida bir juft qoʻsh haydaydigan hoʻkizga almashtirib olgan ekan. Hisoblab koʻrsam ancha pul boʻlarkan…

Oradan koʻp vaqt oʻtgach, otam mulla Mahmanazarning uyida koʻrgan oʻsha ilohiy bitikka oʻxshash kitobni bozorda bir kitobfurush cholning qoʻlida koʻrib qoladi. Pinhona sotuvga chiqargan chol kitob narxini ikki yuz soʻm deydi. Otam uni bir amallab arzonlashtirgan boʻladi. Uyga kelib kitob narxini aytganlarida onamning rangi dokadek oqardi.

– Bir yuz oʻttiz soʻm…

Bu qariyb bir yilga yetadigan unimizning puli edi. Ustiga-ustak ilmiy ateizm saboqlari avjlangan bir davrda “eski” kitobni sotib olishga hech kim jurʼat qilolmasdi…

Kitobni oʻqish akam va uning oʻgʻliga nasib qildi. Akamning oʻgʻli Abdumoʻmin islomiy ilmga ega boʻlib ayni kunda tumandagi “Eshoni – Afandi” jomeʼ masjidiga imom xatiblik qilyapti.

 

 

MENING “AFANDI” KITOBIM

 

Endigina maktabga qatnayotgan paytlarim edi. Otam qayerdandir “Nasriddin Afandi” kitobini olib keldi-yu tinchim yoʻqoldi. Kitobdagi rangli suratlar meni butunlay oʻziga mahliyo etgandi. Onam taʼbiri bilan aytganda, Afandining bogʻdan uzum oʻgʻirlayotgan holatini kuzatishdan charchamas emishman. Kitoblarga jonini baxshida etgan Choʻponqul togʻam ham bu kitobni mendan oʻqish uchun ololmagan ekan. Afandi kitobimni yeru koʻkka ishonmay quchoqlab yurardim. Kunlarning birida uydan kitobim yoʻqolib qolganda rosa yigʻlaganman. Keyin bilsam, kitobni onam menga bildirmaygina oʻqish uchun togʻamga berib yuborgan ekan. Borib togʻamning eshigi ostida yigʻlab oʻtirdim. Oxiri sevimli kitobimni qaytarib oldim…

 

 

BIRINCHI MUALLIM

 

Qishloqning birinchi oʻqituvchilaridan Xurram muallim institutni bitirib kelgan yillar. Katta bir davrada rahmatlik Mavlon bobo, yosh oʻqituvchining otasi Yunus cholga qarab deydi:

– Yunus, oʻgʻling oʻqishni bitirib kelibdi. Bizga bir dostonxonlik qilib bersin…

Doston oʻqishning sir-asrorlaridan bexabar muallim qoʻliga kitobni olib dovdirab qoladi. U dostonni otam kabi navoli qilib oʻqiyolmagani uchun Mavlon boboning imtihonidan oʻtolmay tanbeh eshitadi.

– Kitobni Karim merganning oʻgʻliga berib, doston oʻqishni oʻrgansang boʻlardi.

Yunus cholning rangi oqarib davrani tark etadi. Oʻgʻli chollarga doston oʻqib berolmaganidan xijolat chekadi…

Vaqt oliy hakam deganlari rost ekan. Hammasi oʻtib ketdi. Otamning tinimsiz mehnatlari vaqti kelib oʻz samarasini berdi. Biz oʻn ikki farzand ulgʻayib, oʻzimizdan koʻpaydik. Xonadonimiz qoʻrgʻoni boʻlgan otam bugun bizga bosh-qosh boʻlib yuribdilar. Yaxshidan bogʻ qoladi, deganlaridek, u kishi nafaqaga chiqqach ham tinmay, Piryax togʻ etaklarida behisob bogʻlar barpo etishga erishdi. Bugun u bogʻlar oʻzining sarxil mevalarini berayotir. Bir kuni qishloqda sheʼriyatdan gap ochilganda otam menga qarab:

– Bolam, shoirlaringdan zoʻri Abdulla Oripov, yozuvchilardan Oʻtkir Hoshimov, tagʻin bir polvon kelbat ayol shoira bor… ha-ha, Halima Xudoyberdiyeva, unga teng keladigani yoʻq, desalar hayratdan yoqamni ushladim. Yurtning chekka bir qishlogʻida bor-yoʻgʻi uchinchi sinfgacha tahsil olgan, qariyb bir asrni koʻrib qoʻygan keksa kitobxonning qalam ahliga bergan eng katta xolis bahosi shu edi…

Har gal sheʼr yozganimda “Bolam, hali buning sheʼr emas…” deya meni tergab turuvchi, Boborahim Mashrab devonini mashrabona oʻqiganda yurak bagʻrimizni tilka pora aylab yuboruvchi, zalvorli soʻz ustasi otamning suhbatidan bahramand boʻlgan Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid katta davrada:

– Axtamqulning oʻzidan ham otasi zoʻr shoir, – deya baho bergandi. Garchi otam oʻzlarining adabiyotga ixlosi balandligini bilsalar-da, “Men shoh Mashrabning yonib kuylagan gʻazallariga oshiqman”, – deydilar.

Otamning gʻazallarga oshiqligi, u kishining qonidan mening ham qonimga koʻchgan boʻlsa, ajabmas.

 

Ichi ado boʻlib qolgan bir chinorman,

Tan tuproqdan tashqarida, demak borman,

Shoh Mashrabning xurjuniga xaridorman,

Ona, sizni bir sogʻindim, Ona sizni…

 

 

QARZ

 

Har gal Surxondan Toshkentga yoʻl olsam, otam yuragida saqlab yurgan soʻzlaridan birini menga aytib, uni Abdulla Oripovga yetkazishimni tayinlab qoʻyadi.

– Mayli ota, – deyman, ammo negadir buzrukvorimning qarz soʻzini Abdulla Oripovga aytishga jurʼatim yetmaydi. Kelishimni intiq kutgan otamning Surxondaryoga borishim bilan bergan birinchi savoli shu boʻladi:

– Bolam, Abdulla Orifga mening soʻzimni yetkazdingmi?!

– Yoʻq, ota, ayta olmadim… – deya xijolat chekaman.

Oradan yillar oʻtadi. Soʻrovdan tolmagan otam bir kuni qishloqdoshlar davrasida:

– Ay, noshud bolam-a, hozir ham shu ahvolimda, tayogʻimni qoʻlimga olib yuqorilasam, istagan dargohga kirib, soʻzimni aytishga erishaman. Sen boʻlsa…

Tanbehdan vujudim lovullaydi. Soʻz moʻljalga aniq tegadi…

Toshkentga kelayapman-u, fikru xayolimda faqat otamning “Ay, noshud bolam-a…” degan soʻzlari bot-bot yangrayveradi. Birdan yuragimning tub-tubidan quyilib kelayotgan his-tuygʻular toʻfoni sheʼrga aylanadi. Soʻzlarni jilovlashga kuch topolmayman.

 

Otam armon yozar har borganimda,

Boʻynimda qarz qilib qoʻyar bir soʻzni.

Dardiga qoʻshilib, dard qorganimda,

Tuproqqa qadayman nogahon koʻzni.

 

– Aytdingmi? – soʻrovni boshlaydi har gal,

Savol uygʻotadi qalbimda isyon.

– Nahotki, bir soʻzni sen shuncha mahal,

Aytishga ulgurmay yuribsan, nodon!

 

– Ota, savolingiz bunchalar tugun,

Men ado boʻlganman soʻzlar tufayli…

– Bolam sen bir marta kirib men uchun,

Abdulla Orifga yolvorgin mayli.

 

U haqni aytishdan qaytmagan shoir,

Gʻamgin yuragimni anglagay zora.

Togʻlarni bogʻ qilib kezdim bir umr,

Bu kun chiqishimga topmayman chora…

 

Toshkentga oshiqib kelaman sahar,

Dunyoni buzgudek dilimda nolam.

Savollar izimdan izillab kelar:

“Abdulla Orifga aytdingmi, bolam!”

 

Doʻrmon bogʻlarida yoz kezar sangʻib,

U ham horiqqanga oʻxshaydi chogʻi.

Boshimga soyabon tutadi qalqib,

Shoirni beshafqat qaritgan bogʻi.

 

Chinorlar boʻy choʻzar yelkasi yagʻir,

Tollar quchogʻini ochadi tolga.

Ota, qarzingizni aytmogʻim ogʻir,

Darddan ado boʻlgan bu oqsoqolga…

 

Quyosh koʻk toqini kuydirib chiqar,

Moʻltirab qoladi zanglagan hilol,

Mening soʻzlashimni umidvor kutar,

Koʻnglimga suyanchiq boʻlgan ikki chol…

 

Ota, Sizning nazdingizda umr boʻyi qarzdorligimni payqadim. Sheʼrimni Abdulla Oripov koʻzlariga yosh olib eshitdi. Sizga oʻqib bergandim.

– Bolam, seni shuncha qiynab qoʻyganimni bilmagan ekanman, – deya yigʻladingiz. Sheʼrimdan koʻnglingiz taskin topdi shekilli:

– Bu sheʼring ancha taʼsirli chiqibdi, – degan siylov oldim.

Sizning mana shu birgina siylovingizni eshitish ilinjida qirq yildirki tinchimni yoʻqotib, oʻz ustimda ishlayotganimni bilsangiz edi.

Oʻsha kuni oʻzimni qoʻyarga joy topmadim. Ijodimda oʻzgarish borligini his etdim. Sizning sheʼriyatga xolis baho berishingizni bilganim uchun ham quvondim…

 

 

OBODLIKKA NIMA YeTSIN

 

Bundan roppa-rosa qirq toʻrt yil burun siz qurgan uy qishlogʻimizdagi eng koʻrkam va hashamatlisi edi. Biz, bolachalar doʻstlarimizga uyimizning balandligini aytib maqtanardik. Oʻshanday baland uy ham vaqti soati kelgach choʻkib-kichrayib qolganiga guvoh boʻldim. Bir paytlar ukam Jabbor bilan birga uyning devoriga qoʻyilgan narvondan chiqib oʻzimizcha Piryax togʻ choʻqqisini kuzatayotgandek boʻlardik… Ukam Gʻofir uyni buzib, oʻrniga yangi uy rostlashini aytganida, unga achinib:

– Hali bu uy yana sening yuz yilingga yetadi, degandingiz.

Istiqlol sharofati bilan qishloqlarda qurilayotgan qat-qat bejirim uylar ukamning ham kuchiga kuch qoʻshdi. Negaki, Istiqlol tengdoshi boʻlgan oʻgʻli Ozod yigirma yoshga toʻlgan edi. Ukam shashtidan qaytmay, uy qurishni boshlab yubordi. Uy koʻngildagidek koʻrkam etib qurildi. Uning ishidan koʻnglingiz toʻlgach:

– Obodlikka nima yetsin, – deya ukamni alqashga tushdingiz. Ukamning qurgan uyini volidayi zorim koʻrolmaganlariga kuyindim. Negaki, onamiz tiriklik paytlarida bizlarga nuqul pinhona zorlanib:

– Shu Gʻofir ukalaringni ehtiyot qilinglar, u nihoyatda oriyatli yigit, hamma narsani ichiga yutib yuradi. Ochlikdan yiqilib qolgan chogʻida ham birovga dardini aytmaydi, – der edilar.

Ota-ona farzandini oʻylab, oʻzini unutib yasharkan. Umr boʻyi boshi tandirdan chiqmagan onamning holatini sheʼrga solib:

 

Oy…

Onam quvlab ado boʻlgan non,

Oqarmadi qismat tandiri.

Bizlar esa yoʻldamiz hamon,

Boʻynimizda hayot zanjiri…

 

deya yozgandim. Qismatning tandirini oqartirolmay sarsonu zor boʻlib oʻtgan onam haqida aytilmagan soʻzlarim bisyor. Ularni bir kun elga dasturxon etib yozish niyatim bor…

Biz bugun bir el boʻldik. Elki, erki qoʻlida boʻlgan boshi baland el. Barcha uchun teng shart-sharoitlar yaratilgan davru zamonlarda yashayapmiz. Har kim oʻzi xohlagandek chiroyli uylar quryapti. El otasining “Bizdan ozod va obod Vatan qolsin” degan daʼvati xalqimizga dasturul amal boʻlmoqda. Baʼzan xotiramni mustabid tuzumning tuzsiz qarorlari qoralaydi. Oʻtmishni eslab, yuragim uvishadi. Umri traktorchilik bilan oʻtgan Haydar boʻla, xom gʻisht bilan uyini ikki qavat qilib koʻtargani uchun partiyaning gʻazabiga giriftor boʻlgandi. Oʻshanda sud jarayoni kechayotgan zalda Haydar boʻla qirq uch yil egatlardan chiqmay davlatning xizmatini qilganini aytib zor-zor yigʻlagan edi. Shunga qaramay u partiya aʼzoligidan oʻchirilib jinoiy javobgarlikka tortilgandi… Qoʻying, oʻsha kunlarni eslamay…

Ota, men sizni yerning bagʻrini unsiz yorib ulgʻaygan salobatli chinorga qiyoslayman. Siz nazarimda, togʻlar bilan boʻylashgan yuksak chinorsiz. Bu yuksaklik Sizni hech qachon tark etmasin. Bugun men ham ellik yoshni qoraladim. Atrofimda farzandlarim hamda shirintoy nabiralarim bor. Lekin boshimda chinordek yuksak qoʻrgʻonim – otam borligi uchun oʻzimni hanuz qirchillama yosh yigitlardek his qilaman.

U kun ukamga savol berdim.

– Biz bir ota-onadan bugun qanchaga koʻpaydik?

Ukam oʻylab qoldi. Oʻn ikkita farzand. Yetti oʻgʻil, besh qiz. Yetti kelin, besh kuyov. Ellik uchta nabira, yigirma bir evara. Jami toʻqson sakkiz kishiga koʻpayibmiz. Ota, biz sizning hali oʻqib tugatilmagan sirli dostoningiz. U doston avlodlardan avlodlarga yetib borishi tayin. Sizning hisobsiz yod olgan sheʼrlaringiz bir kun dunyo boʻylab keng qanot yozgay… Men oʻshanda ham otam zoʻr shoir, deya faxrlanib yuraman…

 

Koʻksi magʻrur, shu baland togʻlar bilan tengsiz, Ota,

Koʻzlarimga sigʻmagan osmon kabi kengsiz, Ota.

 

Koʻp yugurdim, tunlari oy izlarimni izlagay,

Bilmadim qaylarda qoldi, izlarim mensiz, Ota.

 

Goh bahordan kechga qoldim, qish meni oʻylatdi koʻp,

Uchdi qaldirgʻochlarim, bogʻimda koʻngilsiz, Ota.

 

Togʻlarim bagʻrimga bossam, ayqirar daryolarim,

Maysalar poyimda yigʻlab chiqdilar unsiz, Ota.

 

Onamiz ketgach, bu koʻngil mulkidan boʻldim judo,

Telbavor kezdim gʻamim sahrosida yolgʻiz, Ota.

 

Titragan shu qoʻllaringizday dilim titrab ketar,

Toʻldirib bir kaft duo, aylang-chi koʻz yoshsiz, Ota.

 

AXTAMQULI

 

“Yoshlik” jurnali, 2013 yil 5-son

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/chinor-yanglig-keksaydi-otam/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x