(1928–2008)
“Bizning ovulimizda yetti pushtini bilish aqidasiga qatʼiy rioya qilinardi. Shu sababdan oʻzimizdan oldin oʻtgan yetti ajdodimizni bilish muqaddas burch ekanligi bolalikdanoq ongimizga singdirilardi. Odatda, ovul qariyalari bu borada oʻgʻil bolalarni: “Qani ayt-chi, botir, kimlarning avlodidansan? Otang kim? Otangning otabobolari kimlar? Nima ish bilan shugʻullanishgan? Odamlar ular haqida nima deydi?” kabi savollar bilan sinashardi. Agar bola bu savollarga javob berolmasa, uning ota-onasi qattiq izza qilinardi.
Aytmat bobomni men koʻrmaganman. U 1918–1920-yillarda vafot etgan. Men esa 1928-yil 12-dekabrda tugʻilganman.
Bizning Sheker ovulimiz (bu Talas vodiysida) chekkasidagi Qurqureu daryosining qirgʻogʻida eski, yerga botib borayotgan tegirmon toshi bor. Yillar oʻtgan sayin u koʻproq yemirilib, yerga chuqurroq singib bormoqda. Ana shu yerda bobomning tegirmoni boʻlgan. Bu tegirmon bir yilcha ishlagan, xolos, keyin yonib ketgan. Shundan keyin inqirozga uchragan bobom 12 yoshli oʻgʻli Toʻraqul mening otam bilan bu yerdan ketib, Mayman stansiyasi yaqinidagi temiryoʻl tunnellari qurilishida ishlagan. Shu yerdan mening otam rus bojxona maʼmuriyati yordamida Avliyoota shahridagi (hozirgi Jambul) rustuzem maktabiga oʻqishga kirdi. Keyin u ikki marotaba Moskvada oʻqidi. Qirgʻizistonda rahbarlik lavozimlarida ishladi. Onam Nagima Hamzayevna Aytmatova oʻqimishli, oʻz davrining ilgʻor xotin-qizlaridan boʻlgan. Bu narsa ota-onamga meni rus madaniyati, tili va adabiyotiga oshno qilish imkonini bergan.
Buvim esa har yozda meni toqqa olib ketardi. U ovuldagi eng aqlli va hurmatga sazovor ayollardan edi. U men uchun ertak, doston, qadimiy qoʻshiq va ajdodlarning bitmas-tuganmas xazinasi edi. Ehtimol, oʻshanda buvim oʻzi sezmagan holda oʻz tilimni sevishga, hurmat qilishga oʻrgatgandir. Bunga hech qanday shubham yoʻq. Ona tili! U haqda nihoyatda koʻp gapirilgan. Lekin uning sirli moʻjizasini tasvirlab boʻlmaydi. Bolalikda shuurga singdirilgan ona tiligina qalbni sheʼriyat bilan sugʻorishi, insonda milliy gʻururning ilk kurtaklarini uygʻotishi va ajdodlar tilining naqadar serqirra va sermazmun ekanligini anglatishi mumkin. Bolalik nafaqat quvnoq davr, bolalik inson shaxsi shakllanishining ilk davri hamdir.
Buvim mening bolaligimni turli ertak, qoʻshiq, dostonlar bilan bezagan. U meni turli davralarga, toʻyhashamlarga oʻzi bilan birga olib borardi. Menga tez-tez oʻzining tushlari haqida gapirib berardi. Bu tushlar shunchalik qiziq ediki, u mudrab uxlab qolgan vaqtida ham men uni uygʻotib, tushning davomini aytib berishini soʻrardim. Qisqa tushlar meni qoniqtirmasdi. Shunda buvim qoʻshnilarnikiga chiqib, “qarzga” tush soʻrar va menga soʻzlab berardi. Keyinchalik tushundimki, buvim bu tushlarni men uchun toʻqib berarkan.
Buvim koʻp oʻtmay vafot etdi. Endi men shaharda, oʻz uyimda yashay boshladim. Keyin maktabga bordim. Ikki yil oʻtgach sevimli ovulimga qaytib bordim. Bu safargi kelishim uzoq va qiyinchilik bilan kechdi. 1937-yil mening otam partiya xizmatchisi, Moskvadagi qizil professura institutining tinglovchisi qatagʻon qilindi. Bizning oila ovulga koʻchib keldi. Aynan shu vaqtdan men uchun qi-yinchiliklarga toʻla asl hayot maktabi boshlandi.
Men juda erta ishlay boshladim: 10 yoshimda dehqon mehnatining barcha zahmatini tatidim. Bir yildan soʻng biz rayon markaziga Kirov nomli rus qishlogʻiga koʻchib oʻtdik. Onam hisobchi boʻlib ishga kirdi. Men yana rus maktabiga qatnay boshladim. Turmushimiz endi izga tushayotgan kezda urush boshlanib qoldi.
1942-yilda oʻqishni tashlashga toʻgʻri keldi. Chunki urush vaqti, onamning esa hammamizni oʻqitishga imkoni yoʻq edi. Men yana Shekerga qaytib keldim. Ovul urush mashaqqatlari iskanjasida edi. Boshqa odam topilmagach, oʻz tengqurlarim ichida savodli boʻlganim uchun meni qishloq kengashiga kotib etib tayinlashdi. Oʻshanda 14 yoshda edim.
Aytishlaricha, qiyinchilik koʻrmaguncha yaxshi kunlarning qadriga yetmaysan. Bolalikda men hayotni yorqin, goʻzal tasavvur etgan boʻlsam, endi u koʻz oʻngimda oʻta achchiq, ogʻir, beshafqat tarzda namoyon boʻldi. Men xalqimning boshqa bir sharoitdagi, Vatan taqdiri xavf ostida turgan paytdagi, ruhiy va jismoniy jihatdan nihoyatda zoʻriqqan davrlardagi ahvol-ruhiyatini oʻz koʻzim bilan koʻrdim.
Urush yillari RayFO[1] da soliq agenti, keyin bugʻdoy yigʻimida traktorchilar brigadasi hisobchisi boʻlib ishladim. Urush davom etar, hayot esa koʻz oldimda xalq kundalik turmushining yangidan yangi sahifalarini ochib berardi.
Bu taassurotlarimning hammasi “Jamila”, “Qizil durrali sarvqomatim”, “Momo yer”, “Yuzma-yuz”da aks etgan.
1946-yil 8-sinfni bitirgach, Jambul Zoovettexnikum[2]iga oʻqishga kirdim. U yerni bitirgach, aʼlochi oʻquvchi sifatida Qirgʻiziston qishloq xoʻjaligi institutiga oʻqishga qabul qilindim va bu yerni ham aʼlo baholar bilan bitirdim.
Yoshligimda badiiy adabiyotga oshno boʻlgan edim, shu boismi maktabda erkin mavzulardagi insholarni bajonidil yozardim. Institutda oʻqish davomida shuni aniq sezdimki, badiiy adabiyot meni oʻziga tamoman band etgan edi. Shu sabab 1956-yili Moskvadagi Oliy adabiyot kursiga oʻqishga kirdim. Faqat ikki yilgina davom etgan mazkur kurs menga favqulodda koʻp bilimlar berdi. Moskvaning joʻshqin hayoti, madaniyati hamda badiiy adabiyoti va teatrining hamma yaxshi tomonlari bilan chuqurroq tanishishga harakat qildim”.
Chingiz Aytmatovning “Jamila”, “Qizil durrali sarvqomatim”, “Boʻtakoʻz”, “Birinchi muallim”, “Erta qaytgan turnalar”, “Momo yer”, “Alvido, Gulsari”, “Oq kema” qissalari, “Asrga tatigulik kun”, “Qiyomat” romanlari XX asr jahon adabiyotining noyob durdonalari hisoblanadi. Bu asarlar jahonning yetmishdan ziyod tiliga tarjima qilingan.
Buyuk adib Chingiz Aytmatov 2008-yil 10-iyunda ogʻir kasallikdan vafot etdi.
Chingiz Aytmatov nomini jahonga mashhur qilgan asar “Jamila” qissasi boʻldi. 1958-yilda yozilgan bu asar hozirgacha qirqdan ortiq tillarga tarjima qilingan. Qissani fransuz tiliga tarjima qilgan Lui Aragon uni “Muhabbat haqida yozilgan jahondagi eng ajoyib qissa” deb baholaydi.
Nazira GʻULOMOVA
“Ona tili va adabiyot” (“Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati, Toshkent – 2014) darsligidan.
[1] R a y F O — tuman moliya boʻlimi.
[2] Zoovettexnikum — zooveterinariya (hayvonlar shifokori) kolleji.
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/chingiz-aytmatov/