Chingachguk chekindi

Avvalo qahramonimiz taʼrifini keltirib olsak: kuydi-pishdi, ish deganni tinchitmay tinchimaydigan, uyida ishxonasi, ishxonasida uyining tashvishidan boʻshamaydigan jontolmas juvon. Yana aytaversak: xizmatdan qochmaydi, birovga yordami tegsa eng avval oʻzi quvonadi. Erkakcha chapaniligi, hazilkashligi ham yetarlicha… Bular bari ijobiy taraflari… Har toʻkisda bir qusur deganlariday, qahramonimizning, keling, ismi bilan atay qolaylik – Dilfuzaning ham bundayroq tomonlariyam yoʻq emas. Masalan, andak jahldor, andak sergapligiyam bor, ayniqsa, qoʻli bekor qolganda… Yana, anchagina qaysar, gapidanam, fikridanam uncha-munchaga qaytarib boʻlmaydi. “Chingakchuk (aslida Chingachguk) bitta gapiradi!” deydi hindular sardoriga taqlid qilib. Xoʻsh, yana… Ha, eng asosiysi – birovdan koʻngli qolsa (oʻzining ogohlantirishicha) qattiq qolarmish! “Mening kulib gapirishimga aldanib qolmalaring, bir jahlga minsam otamniyam tanimay qoʻyishim mumkin”, deb qoʻyadi. Shunday deydiyu hali hech kim uning jahlga minganini koʻrgani yoʻq, koʻrmasinam…

Nafsilamrini aytganda, bu gaplarini quruq poʻpisayam deb boʻlmaydi. Bechora dakang xoʻroz qismatidan xabar topganimizdan keyin bunga amin boʻldik… Bir kun kechasi uyqusi qochib, hovliga chiqsa… Aytmoqchi, uning qishloqda ham hovlisi bor. Har haftaning dam olish kunlari va mehnat taʼtilini oʻsha yerda oʻtkazib qaytadi. Yanada aniqlashtiradigan boʻlsak, u qishloqdagi tuppa-tuzuk ishini tashlab, ikki bolasi bilan (agronom erini hayhotday hovlida yolgʻiz qoldirib) shaharga koʻchib kelgan. Buyam bir onalarcha fidoyilik: bolalarim shahar sharoitida oʻqisin deb oʻzini oʻtga-choʻqqa urib yuribdi-da boyoqish…

Xullas, bir kechasi uyqusi qochib hovliga chiqibdi. Chiroqni yoqib, gʻimirlab yursa, soʻritokka chiqib olgan xoʻroz e yoʻq, be yoʻq demasdan qichqirib yuboribdi. Oʻzicha bir nima xayollarda yurgan qahramonimiz bir uchib tushibdi. Jahldor emasmi, jahli chiqib ketibdi. Axir, xoʻroz degani yarim tundayam qichqiradimi?! Shartta uzun bir tayoqni opti-da, boʻyning uzilib, qozonga bosilgur, deya qargʻangancha, uni savalamoqchi boʻlibdi. Tushmagur dakangniyam oriyati baland ekan, oʻzini tap etib yerga tashlabdi-da, shiriqtirib quva ketibdi. Qahramonimiz hovlini gir aylanib qochibdi. Qarasa, boʻlmaydi. Bir amallab oʻzini ichkariga opti-da, eshikni tambalabdi. Ana endi alam qilganini koʻring. It quvlasayam bunchalik alam qilmasdi-da. Qizlik hovlisida tovuq boqishardi, xoʻrozlari boʻlardi, ular faqat makiyonlarini quvardi. Odamga daf qilolmasdi shoʻrliklar. Buni tap tortmaganini qarang, oʻz egasiniyam quvadimi, axir!.. Hali qoʻrquvda bilmabdi, bir-ikki tepkiyam yediyov. Beli, boldirlari achishib turibdi. Endi hovliga qanday chiqadi? Oʻchakishib quvib solaversa, bundan qattol kun bormi!

Eriga shikoyat qipti ertasi. Xoʻrozingizni dap qilasiz, debdi. Erining koʻzi qiymabdi. E, nima deyapsan, butun qishloqdayam bunaqa zotdorini topolmaysan, har qanaqasini bir choʻqishda qochiradi, depti. Qarasa, boʻlmaydigan. Dilfuza jahlga minibdi, yo meni deysiz yo oʻsha zotdoringizni, depti-da, shaharga joʻnavoribdi. Hafta davomida eriga qoʻngʻiroq ham qilmabdi. Har shanba tong otar-otmas qishloqqa joʻnab qoladigan juvon, bu safar bamaylixotir televizor koʻrib oʻtiraverganmish. Choshgohlarda oʻgʻli, qizi oldinma keyin kelib yoniga oʻtirishibdi.

– Oyi, dadam qoʻngʻiroq qildilar, – debdi Javohir beparvogina.

Oyisi “eshitmabdi”.

– Osh tagini sop qoʻyibdilar, – debdi Dilnoza ham beparvo.

– Yaxshi-da. Borib, yeb kela qolinglar, – debdi Dilfuza ekrandan koʻz uzmay. Javohir qoʻl siltabdi.

– E, xoʻroz goʻshti yoqmaydi menga!

Dilfuza yalt etib unga qarabdi.

– Xoʻroz goʻshti… Qanaqa xoʻroz?

– Ha, shu oʻzimizniki-da.

– Aka, nega uni soʻyibdilar, juda urishqoq deb maqtardilar-ku?

– Kim bilsin… Balki, boshqa bittasidan yengilganmi…

– Shunga jahllari chiqqandir-da, a?

Aka-singil oʻzaro “muhokama”ga kirishib ketganini koʻrib, Dilfuza shartta kesibdi.

– Menga qara, nega yoqmaydi deysan? Tabakani koʻrsang tomdan tashlaysan-ku?!

– Oyi, tabaka boshqa-da.

– Hecham boshqamas. Qani, boʻl, kiyin. Senam Dilnoz. E, boʻllaringe!

Aka-singil bir-biriga maʼnoli kulimsirab qoʻyishgancha, chaqqon-chaqqon qoʻzgʻalishibdi.

 

***

Javohir yettinchida, Dilnoza oltida oʻqiydi. Ikkovi ham aʼlochi. Yana takevando toʻgaragining aʼzosi. Allaqanday musobaqalarda qatnashib, medallar ham olib kelishadi. Bundan tashqari Javohir futbol jinnisi, Dilnoza ajabtovur sheʼrlar yozadi. Yana shunchalik bilan bolalik odatlari ham yoʻqolmagan. Tuppa-tuzuk futbolchi, takevandochi Javohir mushukka ishqivoz. Oyisi Dilfuza boʻlsa, mushukni itdan battar yomon koʻradi. Yoʻq, itni yomon koʻrmaydi. Qishloq joyda it asrasa boʻladi, lekin mushukni uyga yoʻlatmaslik kerak, mushuk bexosiyat deydi. Ikki gapning birida “it-mushuk” rivoyatini peshkash qiladi. It duo qilarmish, egamni bolasi koʻpaysin, koʻp bolaning qoʻlidan non yeb, semirib yuray dermish. Mushuk boʻlsa, egam bola koʻrmasin-da, meni arzanda qilib, erkalab yursin, derkan. Mushuk deganlaring ana shunaqa shumshuk boʻladi, deydi jahl bilan.

Aslida adovat sababi rivoyat emas. Uning bu borada hech kimga aytmagan siri bor. Oʻquvchilik paytida onasi unga bir hafta oʻtirib, jimper toʻqib bergandi. Nihoyat intiqib kutgan kun keldiyu… Ertaga issiqqina jimperda maktabga boraman, degan shirin xayolda uyquga ketib, tong azonda uygʻonib qarasa… baroqvoy yangigina koʻz ochgan mushukchalari bilan yostigʻi yonida taxlab qoʻyilgan jimperga oʻralibgina yotibdi. Va… mushukvachchalar yap-yangi jimperni tuzukkina bulgʻab qoʻyishibdi. Endi uning vajohatini koʻrsangiz. Mushukchalarni u yoqdan bu yoqqa otgan, baqirib-chaqirgan, uvvos solib yigʻlagan. Shu-shu, mushukni koʻrsa jini qoʻziydi. Mushuk asrash u yoqda tursin, hovli chekkasida qorasi koʻrinsa quvib soladi.

Xoʻp, endi Javohir nima qilsin? Nodir oʻrtogʻining mushugi bolalagan. Biri-biridan chiroyli, momiqqina. Koʻzchalari munchoqdek. Qishloqqa kelgandan beri Nodirlarnikiga qatnaydi, mushukchalar bilan oʻynaydi. Ona mushuk qizgʻanmaydi, bir chekkada uzala tushib yotgancha, uni kuzatadi. Eh, taʼtildan qaytishda bittaginasini opketsa qaniydi. Darsdan zerikkan paytlari rosa ovunchoq boʻlardi-da. Qayoqda! Oyisi qishloqdagi hovlilariga yaqin yoʻlatmaydiyu shaharga yoʻl boʻlsin!..

Istak kuchli boʻlsa, yoʻli ham topilarkan.

– Dada, oyi, omborimizda rosa sichqonlar bolalabdi-da, – dedi Javohir gapni uzoqdan boshlab.

– Shuni ayting, biram koʻpki, – deya quvvatladi singlisi Dilnoza.

– Ha, endi don bor yerda sichqon bolalaydi-da, – dedi dadasi gazetadan bosh koʻtarmay.

– Shundayku-ya, menga bitta narsa yoqmayapti-da, – dedi Javohir jiddiy ohangda.

– Hm, nima yoqmayapti, – dedi xamir qorayotgan Dilfuza oʻgʻliga qarab.

– Omborimiz sichqonlarini daydi mushuklar yeb ketyapti-da.

– Hammasini haydab solamizu, bir pas oʻtmasdan biqinib kelishaveradi, shumshuk deganingizcha bor-da, oyi, – Dilnoza qoʻshimcha qildi.

– Kelaversin, sichqonni mushuk-shumshukka chiqargan-da oʻzi.

– Shundayku-ya… – Javohir oʻsmoqchiladi.

– Ha, tagʻin nima demoqchisan?

– Demoqchimanki, oʻzimizda bitta mushuk boʻlsa-da, omborga oborib qoʻysak. Bir chekkadan tutib yeb, semirib yurardi-da.

– Ha, yana, oyi… yovvoyi mushuklarniyam yaqinlatmay qoʻyardi-da, a, dada, nima dedingiz? – Dilnoza madad istab otasiga qaradi.

Otasi gazetadan bosh koʻtarib, bir qiziga, bir oʻgʻliga qarab turdi-da, xoxolab kulib yubordi.

– Obbo, azamatlarey! Yesayam oʻzimizniki yesin-da, shundaymi?..

– Ha-da, boʻlmasam-chi, – deyishdi aka-singil baravar jonlanib.

– Bolalar toʻgʻri aytayapti, oyisi. Don ham, sichqon ham oʻzimizniki boʻlgandan keyin, mushugam oʻzimizniki boʻlsin-da. Begonani aralashtirib nima qildik!

Ota-bolalar miriqib kulib olishdi. Qahramonimiz boʻlsa… Ha, aytmoqchi, oʻzini har qancha jahldor sanamasin, bola feʼlligi ham bor andakkina. Bilib-bilmay laqqa tushib qolaveradi. Bu safar ham shunday boʻldi. Garchi ochiq-oydin: boʻpti opkelaqol, demasa-da (axir, Chingachguk bitta gapiradi-da), har galgidek, afti qursin, yoʻqot, deb shangʻillab bermadi.

Javohirga shu kerak edi. Oʻrtogʻinikiga zingʻilladi. Hozir borib, bitta chiroylisini tanlab oladi-da, omborxonaga qoʻyib yuboradi… Orzusi ushalgani yaxshi boʻldiku-ya, lekin hademay yozgi taʼtil tugab, shaharga qaytishlari kerak-da. U yoqda mushuksiz zerikib qolmasmikan… Albatta zerikadi, sogʻinadiyam… Taʼtil oxirigacha bir ilojini qilish kerak. Qiladiyam. E, shahardagi uylarida sichqon paydo boʻlib qolsa edi. Nima qipti, paydo boʻlishi mumkin! Birinchi qavat, hech kim ajablanmaydi…

Muhimi istak, kuchli istak boʻlsa bas!..

 

Orziqul ERGASH

https://saviya.uz/ijod/nasr/chingachguk-chekindi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x