«CHIMYON» SANATORIYSI — balneologik kurort. Fargʻona sh. dan 32 km masofada, Katran tizmasi yon bagʻrida, dengiz sathidan 450 m balandlikda, Oltinsoy daryosi vodiysida joylashgan. 1979-y. 17-aprelda tashkil etilgan. Mayd. 28 ga. Sanatoriyda ovqat xazm qilish, qon aylanish, nerv, tayanchharakat sistemasi, ginekologik va urologik kasalliklar bilan ogʻrigan bemorlar davolanadi. Sanatoriy 1000 oʻringa moʻljallangan, birikki kishili palatalari boʻlgan yotoq korpuslariga ega; u yaxshi koʻkalamzorlashtirilgan, gulzor va manzarali daraxtlari bor. Iqlimi kontinental; yozi issiq, quruq, qishi yumshoq, yanv. ning oʻrtacha trasi —1,5°, iyulniki 26°, havoning nisbiy namligi 48%.
Davolash omili — vodorodsulfidli matsesta tipidagi mineral suvlar va Baliqli koʻlining balchigʻi. Bundan tashqari, ichish uchun sulfatgidrokarbonatnatriyli kuchsiz (1 g/l gacha) mineral suv ishlatiladi.
Mineral suvdan, asosan, vannalar uchun, meʼdani yuvish, ichaklarni chayish, tyubaj, dush, suv osti massaji qilishida foydalaniladi. Bundan tashqari, fizioterapiya, davo fizkulturasi, shifobaxsh balchikli applikatsiya bilan davolash usullari ham qoʻllaniladi. Sulfidli suvlar odam organizmiga teri shilliq qavatlari va nafas yoʻllari orqali tushganda shifobaxsh taʼsir qiladi, erkin vodorodsulfidi borligi tufayli odamni sogʻlomlashtiradi. Ular energiya almashinuviga taʼsir qilib, tomirlar oʻtkazuvchanligini oshiradi, regenerativ jarayonlarni faollashtiradi, yurak faoliyatini kuchaytiradi, arterial bosimni pasaytiradi, ogʻriqqa hamda yalligʻlanishga qarshi taʼsir koʻrsatadi va h. k. Sanatoriy zamonaviy tibbiy asbobuskunalar bilan jihozlangan; unda yotoq korpuslaridan tashqari madaniyat saroyi, kutubxona, sport maydonchalari, madaniymaʼrifiy binolar mavjud (2004). Bolalar va otaonalari uchun yil boʻyi ishlaydigan boʻlim ham bor (200 oʻrinli).