Chilla davri: chaqaloq parvarishi va ona salomatligi
«Chillali ayol» yoki «Chillali chaqaloq» degan gaplarni ko‘p eshitamizu, ammo hamma ham chilla davri haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lmasa kerak. Chilla chaqaloq va ayol salomatligi uchun g‘oyat muhim davr hisoblanib, o‘ziga yarasha qonun-qoidalari bor.
Chaqaloq tug‘ruqxonadan uyga olib kelingach, qanday urf-odatlar o‘tkaziladi?
📌Azon aytish
Yoshishi ulug‘ buvilarimiz chaqaloqning kindigi tushishi bilan qulog‘iga azon aytilishi kerak, deyishadi. Bu ishning xosiyati chaqaloqning o‘ng qulog‘iga azon, chap qulog‘iga takbir aytish orqali muborak kalimalarni bola qalbiga jo qilishdan iboratdir. Azon aytilishidan avval chaqaloq cho‘miltirilib, poklanadi.
📌Ism qo‘yish
Hadis va rivoyatlarda keltirilishicha, ota-ona farzandiga ism tanlashda uning mas’uliyati va oxiratdagi savol-so‘rog‘ini o‘ylashlari lozim ekan. Yangi tug‘ilgan chaqaloqqa ism tanlashni ko‘pni ko‘rgan, hayotiy tajribasi bor buvayu buvijonlar, ya’niki oila kattalari bajarsalar to‘g‘ri bo‘lardi.
📌Soch kesish, tirnoq olish
Chaqaloqning soch va tirnoqlari o‘sgan bo‘lsa, avval yoshi katta buvilar Allohning kalomini keltirgan holda bola tirnog‘iga qaychi urishadi. So‘ng tirnoq va sochlar yana o‘sishi bilan bu ishni onaning o‘zi ham bajarishi mumkin. Asosiysi, bolaning terisiga shikast yetkazmaslikka harakat qiling.
Beshikka solish udumi chilla davrining yetti kuni davomida amalga oshiriladi. Hatto shifokorlar bolani beshikka solishni tavsiya etishmagan bo‘lsa ham irimi uchun beshikka solish marosimini bajarish mumkin. Bu «beshikka solingan bola «o‘z yotog‘i»ga ega bo‘ldi, endi uning ham o‘z makoni bor» degan ma’noni anglatadi.
📌Chilla kiyimlari
Qirq kun davomida chaqaloqqa bir necha xil liboslarni kiydirsangiz, chillasi chiqqach, ularni yuvib-tozalab, alohida olib qo‘ying. Boisi chilla vaqtidan so‘ng «bolaning chinakam hayoti boshlandi» degan ma’noda avval ishlatilgan kiyimlardan foydalanilmaydi. Ba’zi irimlarga ko‘ra, chilla vaqtidagi kiyimlardan davomiy foydalanaverish chilla toshmalari yuzaga kelishiga sabab bo‘lar ekan. Ammo bu kiyimlarni keyingi farzandingiz uchun bemalol ishlatsangiz bo‘ladi.
📌Aqiqa marosimi
Oilada farzand dunyoga kelgach, imkon qadar Alloh roziligi yo‘lida qurbonlik uchun biron jonliq so‘yiladi. Aqiqani chaqaloqning 21 kunligida yoki 4 oygacha bo‘lgan vaqtida bajarish mumkin. Bu marosim oilaning imkoniyatidan kelib chiqib bajarilgani ma’qul.
📌«Chillasi chiqdi!»
Chilla davrida shom vaqtida kelgan mehmonlarga chaqaloq ko‘rsatilmaydi. Kech tushishi bilan bolaning yuvilgan kiyimlari tashqarida qoldirilmaydi. Onaga ham shom vaqti tashqariga chiqish ma’n etiladi. Chillaning 40-kuni esa yoshi ulug‘ buvilar tomonidan bola «tilla suvi»da cho‘miltiriladi. Bunda onaning barcha tilla taqinchoqlari chelakdagi suvga solinib, bola cho‘miltirilgach, ustidan quyiladi. Bu marosimning ma’nosi «bolaning hayoti tilla kabi toza bo‘lsin» degani. Chaqaloq chilladan eson-omon chiqdi degan xabarni bildirish uchun esa yupqa pishirilib, qo‘ni-qo‘shnilarga tarqatiladi. Chaqaloq cho‘miltirilgandan so‘ng albatta yangi ust-bosh kiydirilishi kerak.