Chet el bolalar adabiyoti

Mustaqil mamlakatimizda kattalar adabiyotining ajralmas bir boʻlagi boʻlgan bolalar adabiyotining rivojlanishi, har tomonlama boyib borishida tarjima asarlarining oʻrni, ahamiyati katta. Negaki, tarjima asarlarini oʻqigan har bir yosh kitobxonning dunyo haqidagi fikri, tasavvuri boyib, oʻsha xalqning yashash sharoitlari, urf-odatlari, mehnatlari, orzu-intilishlari bilan oshna boʻladilar.

Asrlar osha xuddi ertak kabi eldan elga, tildan tilga oʻtib, dillarni yashnatib yurgan “Qizil Shapkacha”(Sh. Perro), “Robinzon Kruzo” (D. Defo), “Gulliverning sayohatlari” (J. Svift), “Dyumchaxon” (H. Andersen), “Oltin baliq” (A. S. Pushkin), “Tom Soyerning boshidan kechirganlari”, “Shahzoda va gado” (M. Tven), “Kapitan Grant bolalari”, “Ostin-ustin” (S. J. Vern), “Don Kixot” (J. Servantes) kabi asarlar yosh qalblarning olamga nisbatan qiziqishlarini joʻsh urdirib yuboradi.

XX asrda bunyod etilgan “Maugli” (R. Kipling), “Kichkina Shahzoda” (A. De Sent – Ekzyuperi), “Katta va kichik Karlson” (A. Lindgren), “Toshkent – non shahri” (A. Neverov), “Vinni Pux” (A. Miln), “Ahmoq sichqoncha haqida ertak” (S. Marshak), “Uch baqaloq” (Y. Olesha), “Quvnoq japbaqlar” (B. Kerboboyev), “Doktor Aybolit” (K. Chukovskiy), “Temur va uning komandasi” (A. Gaydar), “Chipollinoning sarguzashtlari” (J. Rodari), “Styopa amaki” (S. Mixalkov), “Kim boʻlsam ekan?” (V. Mayakovskiy), “Bilmasvoy quyosh shahrida” (N. Nosov) singari olam kezib yurgan asarlar oʻzbek kitobxon bolalarida katta taassurot qoldirmoqda.

Yuqorida tilga olingan asarlar yosh kitobxonni nimagadir oʻrgatadi, nimagadir daʼvat etadi. Bu asarlarning koʻpchiligida onaVatanga muhabbat, uning ozodligi va baxti uchun jon fido qilish (“Uch baqaloq”), noshukur boʻlmaslik, ota-ona pand-nasihatiga quloq solish (“Ahmoq sichqoncha haqida ertak”), tabiatga buyuk mehr (,, Maugli”), tabiatni asrash, hayvonot olamini sevish (“Doktor Aybolit”), odamlar xizmatini bajarish, beminnat yordam koʻrsatish (“Temur va uning komandasi”), oʻziga pishiq-puxta boʻlish, ichki sirlarni oʻzgalarga oshkor qilmaslik (“Qizil Shapkacha”), namunali oʻqish, kasb-hunar egasi boʻlish (“Kim boʻlsam ekan?”), sergak, tadbirkor boʻlish hamda quvnoqlikka intilish (, Quvnoq japbaqlar”)dek oliyjanob gʻoyalarning yotishi bolalarning tarjima asarlariga nisbatan boʻlgan qiziqish va ishtiyoqlarini oʻstiradi.

Bir misol. Italiyaning butun jahon bolalari taniydigan J. Rodari (1920–1980) degan yozuvchisi bor. Uning “Chipollinoning sarguzashtlari” degan ajoyib asarini bolalar huzur qilib oʻqiydilar. Qarang, Chipollino Chipolonining oʻgʻli edi. Uning yettita akalari ham bor edi. Chipollotto, Chipollochcho, Chipolluchcho va boshqa piyoz xonadonining Chipolotto oʻgʻillari shular jumlasiga kiradi. Ayonki, qayerda piyoz boʻlsa, oʻsha yerda koʻzlarda nam boʻladi. Chipollinolar uncha keng boʻlmagan bir yashikning ustidagi joyda istiqomat qilar edilar. Mabodo, bularning uylarining oldilaridan olifta zodagonlar oʻtib qoladigan boʻlsalar, darhol dastroʻmollari bilan burunlarini berkitib, koʻzlaridan yosh oqizib oʻtib ketar edilar. Negaki, ular piyozning achchiq hidiga chiday olmas edilar-da!

Ana shunday quvnoq kuychi J. Rodarining “Hunarning hidi qanaqa?” degan bir sheʼri bogʻchalarimiz dasturidan uzoq yillardan beri joy olib keladi. Sheʼr quvnoq misralar asosiga qurilgan. Har qanday oʻquvchini bir oʻqishda, tinglashda oʻziga rom etib oladi. Boshda kitobxon: “Iya, hunarning ham hidi boʻladimi?” – deydi. Lekin sheʼrni oʻqigach, tinglagach, Rodariga ishonadi, qoyil qoladi, xulosa chiqaradi. Keling, eng yaxshisi “Hunarning hidi qanaqa?”ni hammamiz yana bir bor qayta boshdan oʻqib qoʻya qolaylik:

Har hunarning oʻzicha

Bordir hidibelgisi.

Novvoyxonadan kelar

Xamirturushning isi.

Ustaxona yonidan

Oʻtib qolsang-chi agar,

Yangi taxta, payraha

Hidi dimoqqa tegar.

Boʻyoqchida boʻyoqning

Hidi boʻladi har xil.

Oyna quchogʻidan ham

Zamaska hidi anqir.

Shofyorning kurtkasida

Benzin hidi bor doim.

Ishchining kiyimidan

Kelar mashina moyi.

Qandolatchidan esa

Magʻizning hidi kelar.

Doktorning xalatidan

Anqir xushboʻy dorilar.

Omoch ortidan asta

Dalada yurar dehqon.

Tuproq va oʻtloq hidi

Boʻlar unda har qachon.

Baliqchining egnidan

Dengiz hidi chiqqanday.

Faqat bekorchilarning

Hidi boʻlmas hech qanday.

Ishyoqmas boy qanchalik

Atir sepsin, behuda!

Bolalar! Uning hidi

Qoʻlansa boʻlar juda!

Bunday asarlarni yosh kitobxon qancha koʻp oʻqisa, shuncha koʻp maʼnaviy oziqa oladi.

 

Mamasoli JUMABOYEV

 

“Bolalar adabiyoti” (Oʻqituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi, Toshkent, 2013) darsligidan

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/chet-el-bolalar-adabiyoti/

2 3 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x