Chekishning yana bir zarari

Kashandalikning zarari haqida koʻp gapirilgan, yozilgan. Yaqinda yaponiyalik va daniyalik olimlar tomonidan amalga oshirilgan tadqiqot chekishning yana bir zararli tomonini aniqladi. Ilmiy ish xulosasiga koʻra, parovozga oʻxshab tutun buruqsitib sigaret chekadigan kishilarning ayolida oʻgʻil farzand koʻrish imkoniyati kam boʻlar ekan. Tadqiqotchilar chekish tugʻilajak bolaning jinsiga taʼsir qilishini isbotlash uchun 12 ming oilani tekshiruvdan oʻtkazdilar. Birinchi navbatda faqat chekmaydigan kishilarning oilasi hisobga olindi. Ularda oʻgʻil farzand koʻproq tugʻilar ekan. 100 nafar qizga 121 nafar oʻgʻil bola toʻgʻri kelgan.

Kashandalarning oilasida esa teskari – qiz bolalar koʻproq tugʻilgan. 82 nafar oʻgʻil bolaga 100 nafar qiz toʻgʻri kelgan.

Nima qilibdi, oʻgʻil ham, qiz ham Xudoning bergani degan gap xayolga kelishi mumkin. Toʻgʻri, lekin kashandalik tugʻilajak farzandning faqat jinsigagina taʼsir qilib qolmasa kerak. Uning fikrlashi, qobiliyati va dunyoqarashiga ham salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Kashandalik bolaga tugʻilganidan keyin ham zarar yetkazadi. Maʼlumotlarga koʻra, tamaki tarkibidagi nikotindan chekuvchining oʻzidan koʻra uning tutunidan nafas olgan yon-atrofdagi kishilar koʻproq zaharlanar ekan. Bu masalaning tibbiy tomoni. Oʻz otasi chekayotganini koʻrgan bolaga chekish zararli ekanini qanday qilib tushuntirish mumkin? Uni nima deb ishontirsa boʻladi? Bola kattalarga, ayniqsa, ota-onasiga nisbatan juda taqlidchi boʻladi. Shu taqlid davomida yashashni oʻrganadi. Yoshligidan ongiga kashandalik fazilat boʻlib singigan bolaning chekishi – tabiiy hol. Bu narsa yosh avlodning nafaqat sogʻligi, balki turmush tarzining ham buzilib ketishiga olib kelishi mumkin. Dinimiz Islomda mast qiluvchi ichimlik va chekimliklar isteʼmol qilish taqiqlanganida ham buyuk bir hikmat bor.

Har kim oʻzi istaganicha yashaydi, hayot yoʻlini oʻzi belgilaydi. Hamma oʻzicha haq. Nimanidir isbot qilmoqchi boʻlgan olimning ham, gazetaga maqola yozayotgan jurnalistning ham, hech kimga eʼtibor bermay sigaret tortayotgan kashandaning ham oʻz haqiqati bor. Faqat hayotdagi hech bir narsa besabab sodir boʻlmasligini unutmasak bas.

 

Orifjon Madvaliyev

 

2010

https://saviya.uz/turfa-olam/chekishning-yana-bir-zarari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x