Chayladagi hangoma

“Bolaligim koʻchalarida” turkumidan

 

Toʻrtovlon toʻplanib, polizga yetib kelgunimizcha shom boʻldi.

Bu yerda dastavval qilgan ishimiz: endigina maza ingan uch-toʻrtta sapchani tars-turs yorib yeb oldik. Yedigu ichimizga titroq kirdi. Diydirab apil-tapil chayla ustiga chiqdik-da, koʻrpa-toʻshaklarga oʻrandik.

Mana endi sal ilib, boshimizni koʻrpadan chiqargancha jimir-jimir yulduzchalarga tikilib yotibmiz.

Zimiston tun. Uzoq-yaqindan chigirtkalarning hazin chirillashi eshitiladi. Poliz etagida bahaybat tollar qorayib koʻrinadi. Tollar tagida soy shovullaydi. Soy tarafdan esgan shabada polizning omixta boʻyini olib keladi.

Sayim oʻrniga turib oʻtirdi.

– Xoʻ-oʻp! Jon kirdimi ozroq, isidilaringmi? Malik, Eryigit, boshlaymiz endi.

U shunday deb ustimizdan koʻrpani olib tashladi. Eryigit ikkalamiz turdik. Burhon boʻlsa, ja qiligʻing xunuk-da, deb ustini yopib oldi. Keyin toʻshak ichidan poʻngʻilladi. “Kimga zaril shu sovuqda!” Keyin birdan boshini koʻtardi-da:

– Kelinglar, undan koʻra shu issiqqinada yotib, afandi aytishamiz, – dedi.

Burhon koʻp latifa biladi, koʻp oʻqigan. Lekin hozir bilagʻonligi bilan maqtanishni ham, bekinmachoq oʻynab sovqotib qolishni ham oʻylamayotgandi. Balki oʻyin chogʻida xilvat butazorlar, soyliklarda yolgʻiz qop ketish ehtimolidan choʻchib shunday deyotgandi. Bizni oʻyindan chalgʻitish uchun tuni bilan ham afandi aytib chiqishdan toymaydi bu ogʻaynimiz.

Men bilan Eryigit-ku noiloj qoʻyib berarmiz-a, biroq Sayimdan qutilolmas… “Uyqizi boʻlib oʻtiraverasanmi, hech boʻlmasa, qovun yeb kelasan”, deb uni bu yerga boshlab kelgan ham oʻsha.

– Bir hisobda, bu ham toʻgʻri, – dedi Sayim qaytadan oʻringa choʻzilarkan. – Rostdan ham havo ancha salqin bugun. Lekin, Burhonning afandilari ham badga urgan, joʻralar. Koʻp eshitganmiz… Xoʻp, nima qildik endi, a? – dedi u bir pas jimlikdan keyin biqinimga turtib qoʻyib: – Shundoq yotaveramizmi?..

– Nima qilamiz boʻlmasa?

– Biz senga bir kechalik mehmonmiz, Abdumalik. Otangdi chaylasi. Bundoq qiziq-qiziq gaplardan topib gapirsang-chi! Yorilib ketamiz-ku.

– Nimani gapiraman?

– Gapir-da oʻtgan-ketgandan. Mana masalan, hamsoyalaring Kiromxoʻjaning ogʻzi nega qiyshiq?

– Jin chalgan.

– Ha, yasha, ana shuni gapir.

– E, boʻlmagan gap, – deb qoldi Burhon tuyqusdan, – bekor gap.

– Nimani boʻlmagan deyapsan, Burhon, – dedi Sayim oʻsmoqchilab.

– Kiromxoʻjani jin chalganini-da. Uning ogʻzi tugʻilishidan shunaqa. – Burhon beparvo ohangda yana qoʻshib qoʻydi. – Men eskicha gaplarga hecham ishonmayman.

– Ishonmaganing yaxshi. Lekin, biz ham bor gapni aytamiz-da, joʻra yolgʻondi nima keragi bor, – dedi Sayim ham beparvo. – Kiromxoʻjaniki tugʻma emas, aniq jin chalgan. Mana shu “Shotutli”da. (U bosh tarafimizdagi paxtapoya haqida gapirayotgandi! Unda Kiromxoʻja lab-dahani raso yosh yigit boʻlgan. Paxta sugʻorib yurib, bir kuni peshinda hov Sharsharabandga boribdi. Engashib suvni koʻpaytirayotsa orqasidan birov nuqibdi. Oʻgirilib qarasa, hech kim yoʻq emish. “E, menga shundoq tuyuldi”, deb yana bandga unnay boshlabdi. Shunda tagʻin birov nuqibdi. – Sayim oʻrniga turib oʻtirib, yana davom etdi. – Kiromxoʻja qaltirab ketibdi. E, bu ne sinoat boʻldi?.. Rangi boʻzday uchib, sekin qaddini rostlabdi. Ne koʻz bilan koʻrsaki, naq oyogʻining tagida yuzi anovi tunuka choynakning qopqogʻicha, boʻyi ikki qarich bir qizcha sap-sariq uzun sochlarini taroqlab turganmish…

Sayim bir pas jim qoldi. Bu jimlik oʻsha sap-sariq qizchani shundoq koʻz oʻngimizga keltirdi, qoʻydi.

– Bechora odamning tili tanglayiga qotib, gʻoʻldirab qopti. Qizcha uning oyogʻiga qarab “tuf” depti-da, gʻoyib boʻpti. Shundan keyin Kiromxoʻjani rosa doʻxtirlarga qaratishgan, katta-katta duoxonlarga oʻqitishgan, naf boʻlmagan. Ogʻzi qiyshayib, esi kirdi-chiqdi boʻlib qolavergan.

Burhonning uni chiqmay qoldi. Chamasi oraga suqilaversa, bundan ham vahimaliroq gaplar chiqib qolishidan choʻchirdi. Sayimning hikoyasidan koʻra men uni tasdiqlab turganim Burhonga koʻproq taʼsir qilayotgandi nazarimda. Shuning uchun:

– Toʻgʻri, ajina bor gap, – dedim men ham qiziqib ketib, – mana shu yangidarxonlik Sattor traktorchini ham…

– Ha, ha, jin chalib oʻldirgan, – deya ilib ketdi yana Sayim va “bor ekansan-ku” deganday biqinimga nuqib qoʻydi. – Tovba, u ham shu dalada boʻlgan-a!.. Shudgor payti, kechasi ishlagan, ishlagan, smenshigi kelmagan. Hov oʻsha shotutning tagida traktorini oʻchirib, bir pas mizgʻigan. Falokati qisgan-da, boʻlmasa shotutti tagiga oborib qoʻyadimi traktorini!.. Bir mahallari qanaqadir shovurdan uygʻonib qarasa… barzangiday bitta odam traktorga unnayapti. “Ha, Mardi, keldingmi?” debdi. Haligi odam hiring-hiring kulib: “Biyaqqa tushginchi”, debdi. Koʻrganmisila, yoʻqmi, Sattor aka ja polvonsifat, chapani odam edi. Barzangining xotinchalish muqomidan hamiyati qoʻzib, katta bir kalitni qoʻliga opti-da, kabinadan tushibdi. Tushgan zahoti anovi odam shapaloqlab sop qopti. Sattor akayam kalit bilan uribdi. Lekin kalit traktor kapotiga tegib, daranglab ketibdi. Barzangi boʻlsa yoʻq emish…

Shu yerga kelganda qurmagur Sayim yana bir zum jim qoldi. Bu jimligi ham shundoq oʻrniga tushdiki, Burhon tugul men oʻzim ham bir junjikib oldim. Badanimda chumoli gʻimirlab ketganday boʻldi.

– Sattor akani ertalab shotutti tagidan topishibdi. Oʻng yuzi qorayib, esi ogʻib yotgan ekan. Shundan keyin uch-toʻrt kun oʻziga kelib – ketib yotib, uzilibdi bechora. Ana shunaqa. Burhonboy!..

– E, ajinamas, odam boʻlgan u! – dedi Burhon tilga kirib. – Barzangiday erkak deyapsan-ku! – u negadir hovliqib qattiq-qattiq gapira boshladi. Oʻrnidan ham turib oldi. – Balki, uning biror dushman-pushmani qorongʻuda qoʻrqitmoqchi boʻlgandir…

– Ajina har kimga har xil boʻlib koʻrinadi. Burhonboy! – dedi Sayim yana yon bermay. – Birovga odam boʻp koʻrinadi, birovga it, mushuk boʻlib koʻrinadi. Mana, mening akam, armiyadagisi, molxonaga kirsa, bitta qop-qora pishak burchakda biqinib turganmish. Koʻzlari yonarmish. Oʻzimizdiki xayol qilib, “mosh-mosh” deb qoʻl uzatibdi. Bilasanmi, shunda nima boʻpti?.. Haligi pishakbachcha mana shu chayla boʻyi choʻzilibdi-da, akamning naq oyogʻi tagidan oʻtib ketibdi. Xayriyat akam qoʻrqmabdi, agar qoʻrqqandami!..

– E, baribir men ishonmayman. Malimlarimiz aytadi-ku Xudo yoʻq, deb. Xudo yoʻqmi, jin-ajina ham boʻlmaydi-da! Misol uchun mana men koʻrmaganman. Sizlar ham koʻrmagansizlar. Sen koʻrganmisan, Eryigit?

– Eryigit narigi chekkada jimgina yotardi. Uning feʼli shunaqa – kamgap.

– Koʻrmagan boʻlsa, hali koʻradi, – dedi uning oʻrnida Sayim.

– Xoʻp, Malik, sen-chi? Koʻrmagansan.

– Toʻgʻri, koʻrmaganman. Lekin koʻrsam ham qoʻrqmayman. Aksincha, ajina mendan qoʻrqadi, – dedim maqtanib.

– Qoʻrqadi! Nega? – dedi Burhon angrayib. Hatto Sayim ham hayratlanib qarab qoʻydi.

Shunda ayamdan eshitgan ertaknamo bir voqeani soʻzlab berdim. (Ertaknamo deymanu, lekin juda ishongim keladi rostligiga).

– Bobomning boʻz bola paytlari ekan. Daladan kelib, qayragʻochimiz tagidagi soʻrida dam olib yotgan ekan, oyogʻini birov qitiqlabdi. Sapchib tursa, hech kim yoʻq emish. Nima gapligini darrov fahmlabdi. Soʻridan tushib, qalin sadarayhonlar joʻyagiga kirib yotibdi. Ajina koʻpincha gul, rayhonlar bor yerga kelishini bobom bilarkan-da. Bir mahal yoyiq sariq sochlari yer supurgan mitti qizcha paydo boʻpti. Bobom shappa uning sochlaridan ushlabdi-da, duosini oʻqib, soʻrining poyasiga chandib tashlabdi. Qizcha rosa avrabdi, yigʻlab yolvoribdiyam, eʼtibor bermabdi. Oxiri uning vaʼdasini olib, qasam ichirgach, qoʻyib yuborgan ekan.

– Nima deb qasam ichiribdi?

– Yetti pusht avlodimga shikast yetkazmaysan, deb!.. Shuning uchun ham bizning avloddan hech kimga ajina koʻrinmaydi. Koʻrinsa ham ziyon yetkazmaydi…

Ajina toʻgʻrisida bichib-toʻqib Burhonni rosa vahimaga soldigu, boshimizga balo orttirdik. Endi koʻzimiz ilinay deganda Burhon turtadi.

– Ey, uxlab qolmanglar, qanaqa qorovulsizlar oʻzi?!

– Yot-yey! – deb jerkib beradi Sayim uyqusirab. – Kim zor seni xom sapchalaringga!..

– Kim zor emish!.. Yangidarxonlikdi bilasizlar-ku! Malik, dadang senga ishonib ketgan-a! Ozib-yozib bir shaharga tushganida gʻalva chiqsa nima deydi!..

Bordi-yu, biz gʻaflatda qolib, polizga odam oralasa, (aytaylik, Yangidarxonning betiyiq bolalarimi), yeganini yeb, yemaganini soyga dumalatsa, palaklarni payxon qilsa, ozib-yozib shaharga tushgan dadamning shahari burnidan chiqsa, meni boʻralatib soʻksa, juda oʻtib ketganidan, ana boring, bir-ikki qamchi ursa Burhon qanchalik qaygʻurardi, bilmaymanu, lekin hozir uning xayoli qochib uxlolmayotgani, hamma uxlab, oʻzi uygʻoq qolishidan vahimaga tushayotgani aniq edi.

Burhonning qiliqlaridan dam kulgim qistaydi, dam jahlim qoʻziydi, “Qanaqa oʻgʻil bolasan oʻzi!” deb urishib bersam deymanu, koʻnglim boʻlmaydi. Axir joʻrttaga qilmayapti-ku, unga ham qiyin-da. Buning ustiga u menga mehmon.

– Burhon toʻgʻri aytayapti, – dedim oxiri uni tinchitish uchun, – navbat qilamiz. Hozircha uxlayveringlar, men qorovullik qilaman.

…Bir mahallar koʻzimni ochib, tollar ustida barkashdek qizarib turgan oyga koʻzim tushdi. Kulib qoʻydim. Navbatchi qorovul rosa uyquni uribdilar-ku!.. Oy yogʻdusida atrof ancha yorishib qolibdi. Yulduzlar pastlashganday. Chigirtkalar ovozi tingan. Soyning shovqini boʻlsa kuchayibdi. Sheriklarimga razm soldim: e, bittasi qani? Xoʻp, bu Sayim. Narigisi, boshini burkab olgani hoynahoy Burhon. Eryigit… Eryigit yoʻq-ku!

Oʻrnimdan turib chaylaning ostiga, chor atrofga tikildim, koʻrinmadi. “Uyqusirab biron yoqqa ketib qolgan boʻlsa-ya. Boya har xil gaplar gapiruvdik, tush koʻrgan boʻlsa!..” Sayimni turtkilab uygʻotdim.

– Eryigit qayoqqadir ketib qopti, tur, koʻzinni och, topib kelaylik.

Sayim oʻrnida bir pas garangsib oʻtirdi-da, birdan hushyor tortdi.

– Ketdik.

Ikkovlashib soy boʻyini, tollar, tutlar tagini, butalar orasini birma bir qarab chiqdik. Qoʻlimizni karnay qilib rosa baqirdik. Jim-jitlik.

– Boʻldi, ketdik! – dedi Sayim oxiri sabri tugab. – Qishloqqa ketib qolgan u damduz1.

Shu payt paxtapoya bilan poliz oʻrtasidagi yoʻlda qora koʻrindi.

– Uyquniyam harom qildi bu tentak! – dedi-da, Sayim chayla tomonga chopib ketdi.

Men kutib turdim.

– Ha?

– Hech nima.

Eryigit oldimdan oʻtib, chayla tarafga burildi.

– Qayoqlarda yuribsan? Oʻtaka yorildi-ku, ajina koʻtarib ketdimi, deb.

U bir oz indamay bordi-da, toʻxtab menga oʻgirildi.

– Malik, boyagi gaping chinmidi?

– Qaysi gapim?

– Bobong ajinani ushlagani…

– Ayam shunaqa deydilar, rostdir.

– Anavilarga aytmaginu, men shotutti tagida edim.

– E, nima qilding u yerda?!

– Ajinani kutdim. Oʻsha yerda ajina bor deyishadi-ku.

Paxtazorning qoq oʻrtasida nimadir sabab boʻlib saqlanib qolgan ulkan shotutni, shotut ostida biqinib turgan miqtigina Eryigitni koʻz oldimga keltirib, etim jimirlab ketdi.

– E, jinnivoy, nimalar deyapsan? – deyoldim zoʻrgʻa.

– Bobongga oʻxshab uni tutib olmoqchi edim.

– Nega? – dedim battar ajablanib.

– “Singlim Malohatni tuzatib berasan” deb qasam ichirmoqchi edim.

– Nima?!

– Uniyam ajina chalib ketgan ekan. “Toʻqqiz kechasida ajina tekkan bunga” deydilar ayam. Bilasan-ku, besh yildan beri kasalxonadan beri kelmaydi. Baribir nafi tegmayapti. Eh, kelmadi-da! Oʻzi asli yoʻq narsadir-da ajina-pajina deganlariyam!..

Men hayrat bilan Eryigit tikilib qoldim. Qiziq, u hozir men biladigan, Sayim, Burhon biladigan oʻsha oriq, rangpar bola emas, bizlarning hech birimizga – menga ham, Sayimga ham, Burhonga ham oʻxshamas edi…

 

Orziqul ERGASH

 

1982 yil

https://saviya.uz/ijod/nasr/chayladagi-hangoma/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x