Chavandoz haqiqatlari

Yoxud Safar Ataqulov hayotiga chizgilar

 

Zotida bor zot ayirar…

Langartogʻ yaqinidagi Qishliq qishlogʻida tugʻilganman. Yoshim yetmishga yaqinlashayotgan boʻlsa, shundan sal kam ellik yilini koʻpkariga bagʻishlaganim rost. Toʻrt oyoqlab yuradigan jonivorlarning koʻpini minib koʻrdim. Eshak mindim, tuya mindim, hoʻkiz ham mindim… Lekin bularning hech biridan ot minishning zavqini olgan emasman. Faqat ot mingandagina koʻkayimga sirli-sehirli shamol kelib oʻrnashdi. Hali-hanuz ot ustida oʻmganimni tik tutib yurarkanman, koʻkayimga kelib oʻrnashguvchi yoshligimdan beri tanish bu shamoldan tanamga allabir yengillik, tomirlarimga allaqanday quvvat oqib kirayotganini sezib turaman.

…Oʻshanda rosa yigirma yoshda edim. Yaqinda harbiy xizmatdan qaytgan davrlarim. Chiroqchida boʻlgan bir toʻyda ilk bor koʻpkariga kirishga chogʻlanib turibman. Bir payt tamoshabin chollardan biri menga qarab: “Bu nimkala yigit kim boʻldi? Mirzaterakday boʻyidan boshqa hech vaqosi yoʻq-ku, qanday uloq chopadi?!” degani yaqqol qulogʻimga kirdi. Mening manglayimdan sovuq ter chiqib, boʻgʻimlarim boʻshashib ketdi. Shunda shu yaqinda turganlardan yana bittasi baralla ovozda:

−Ey, tanimadinglarmi?! Bu Qashqadaryoyu Surxondaryoni bir karra toʻxtatgan Ali qora bilan Karim chavandozlarning nevarasi Safar chavandoz-ku! Oqqan ariqning bolasi u, zot ayirib chiqadi!.. – dedi ishonch bilan.

Bilmadim, balki oʻshanda yonimni olgan odam meni shunchaki yigit shashti qaytmasin deb maqtab qoʻygandir. Harholda u paytda chavandoz boʻlib nomim chiqqan emasdi. Ammo bobolarim haqidagi bu gap quvvatimga quvvat qoʻshib, tomirimdagi qonni gupirtirib yubordi. Va men ot minib davraga kirgan ilk koʻpkarida oz emas, uch marta zot ayirib, elni qoyil qoldirdim!

Keyinchalik ham har safar oʻyin oldi koʻpkarida kiyiladigan anjomlarimni kiyib oʻzimni shaylar ekanman, “Qashqadaryoyu Surxondaryoni toʻxtatgan Ali qora bilan Karim chavandozlarning nevarasi…” degan ovoz quloqlarimda sado berib turadigan boʻldi.

Inson zotiga ota-bobosining nomini tez-tez eslatib turishning xosiyati katta ekanini ana oʻshanda tushunib yetganman.

 

 

Aza tutgan ot

Yoshlik davrlarimdagi bir voqea esimdan chiqmaydi. Ona tarafdan qarindosh boʻlgan bir bobomiz olamdan oʻtdi. Bobomiz oʻzi ot chopmasa ham, chavandozlarga berib choptiradigan bir uloqchi oti boʻlardi. Odamlar irimi shunday deb, marhum bobomizning jiydasini otining ustiga tashlab qoʻydi. Otning sel boʻlib yigʻlaganini ilk marta oʻshanda koʻrganman. Gʻayrati ichiga sigʻmay har doim kishnab-depsinib turadigan asov otning boshi egik, toʻrtala oyogʻini yerdan uzmas, koʻzlaridan esa jimir-jimir yosh oqardi… Hammaning koʻzi otda! Janozada koʻpchilik marhum bobomga kuyganidan emas, tilsiz jonivorning bundayin mustar tortishidan ezilib yigʻlaganday tuyilgandi menga…

Shu boʻldi, oʻsha ot bir yildan koʻproq uloq degan narsaga qaramay qoʻydi. Chiroyi hech ochilmadi, boshi doim xam boʻldi. Otasining endi yoʻqligini bolalari esdan chiqarganda, erining oʻlganini xotini unutganda, ot egasi uchun sal kam ikki yil aza tutdi!

Men shundan beri odamlarning emas, otlarning koʻziga tikilib qarashni yaxshi koʻraman.

 

Zafarga teng magʻlublik, magʻlublikka teng gʻalaba

Surxondaryoga koʻpkariga bordik. Safdoshlarimning yoʻlboshchisi men, ular koʻproq menga ishonishadi. Ammo oldin bir-ikki koʻpkarida uloq oldirib ichida menga adovat saqlab yurgan qoʻshni vohaliklar tadbir qoʻllashdi: oʻyin boshlanganda ot bilan yoʻlimni toʻsib, davradan chetga sura boshlashdi. Ularning fikru zikri uloq ayirishda emas, mening uloqqa yetib borishimga toʻsqinlik qilishda edi.

Noiloj chekkaga oʻtdim-u, jandam (chavandozlar yaktagi) ning teskarisini kiydim. Boshimdagi qalpogʻimni va minib yurgan otimni ham safdoshlarimdan bittasinikiga oʻzgartirdim. Oqibatda, koʻrinmay qolgan meni izlash bilan band raqiblarni gʻaflatda qoldirib, ikki marta zot ayirib chiqishga muvafaq boʻldim! Koʻpkari soʻngida yana oʻz otim, oʻz kiyimimda koʻrinish berganimda shu yerlik chavandozlar menga imlab “Oxirida uloqqa kirgan toʻriq zoʻr chiqdi-yu, lekin baribir Safarga uloq oldirmadik, alam bilan ketadigan boʻldi” deb kulishdi. Oʻzimni guyo hech gap eshitmaganday tutib, men ham kulibgina qoʻydim.

 

***

Keksalikni tan olib ortiq ot chopishni toʻxtatganimga ikki yil boʻlgan edi. Qishlogʻimizda katta koʻpkarili toʻy boʻldi. Koʻpkariga har turli viloyatdan chavandozlar kelishdi. Oʻyin juda qizidi! Afsuski dongdor chavandozlar kelgan, ovozasi har yoqqa tarqashi maʼlum boʻlib turgan bu oʻyinda oʻzimizning chavandozlar zot ayira olmay izza boʻlishayotgan edi. Rosti, polvon zotiga eng alam qiladigani shu!

Oʻyin oxirlab qolsayam vaziyat oʻzgarmayapti, tishimni tishimga bosib arang oʻtiribman. Oxiri “Ey xudoyim, men cholni sharmanda qilma!” dedim-u, shogirdlardan birining otini olib, oʻzimni davraga urdim. Alamning zoʻridan shu chopishda davrani yorib oʻtib, uloqni taqimga bosib chiqibman. Koʻrib turibman: yomgʻir quyib turganligi uchun meni olqishlayman deb sapchiganlarning koʻpining oyogʻi osmondan boʻlib yiqilyapti…

Yana bir karra xuddi shu usulda zot ayirdim. Hamma xursand boʻlyapti-yu, oʻzimning koʻnglim eziladi. “Xudoyim-ov, bolalari, shogirdlari turganda hech qaysi qari chavandozni elning oriyati uchun davraga tushgulik qilmagin…”, deyman oʻzimga.

 

Ot yolini toʻshaydi…

Ot yiqilgan egasiga yolini toʻshaydi, eshak tuyogʻini, degan gap haqiqat. Agar chavandoz yugurib ketayotgan otining ustidan uchib ketgan kabi eshakning ustidan yiqilsa bormi, qaytib odam boʻlishi mahol.

Men ham bir galgi oʻyinda shaxt bilan uloqqa talpindim-u, yiqilib, izimdan kelayotgan koʻplab ot galasining tagida qoldim. Yerda gʻujanak boʻlib yotarkanman yon verimdan “tapir-tupur” oʻtayotgan otlarni koʻrib, ichidma birorta ham butun suyagim qolmagandir, aniq oʻldim, deb oʻylayman. Yoʻq! Meni davraning chetiga olib chiqishgach maʼlum boʻlishicha, oyogʻimning boldir suyagidan bittaginasi singan ekan xolos. Uyam uchib ketib yiqilgan paytimda! Ustimdan hatlab oʻtgan shuncha otlarning esa birortasi ham meni bosmabdi.

Oradan ikki oy oʻtib, oyogʻim batamom tuzalgach, Koson tamonga koʻpkariga borgan edim, oʻsha yoqlik meni tanigan chavandozlar “Ha, ichingga laʼnat, usta Yozi! Safar chavandozning oyogʻini yana ulab yuboribdi-da!” deb qishliqlik suyaksoz ustani soʻkishganini eshitdim.

 

Chavandoz qachon yigʻlaydi?

Haqiqiy chavandoz yigʻlasa oʻzi uchun yigʻlamaydi, eli uchun yigʻlaydi. Eli arslon yurakli bir er yigitga zor boʻlsa, eldoshlari nomusga, uyatga qolsa yigʻlaydi chavandoz. Ming marta otdan yiqilib, miliyon joyi lat yemaydimi, oʻzi uchun bir tomchi ham koʻzyosh toʻkmaydi u. Chavandozning yigʻisi asli elning yigʻisi. Shuning uchun ham, mening nazarimda chavandozning yigʻisidan xunukroq, chavandozning yigʻisidan yomonroq narsa yoʻq bu olamda.

Ha… Aytgancha, chavandoz bir marta oʻzi uchun yigʻlashi mumkin. Mehri tushib, oʻrganib qolgan oti oʻlganda…

 

 

Oʻgʻlimga nasihat

Bir vaqtlar yaxshi chavandozlarga odamlar oʻziga tegishli otini berib uloqda choptirar, oti zot ayirib qolsa, chavandozni duo qilib, azbaroyi xursandligidan ul-bul narsa atar edi. Bu bir havas edi, aniq biror shart ham, chavandozning otni mingani uchun kesilgan narx ham yoʻq edi. Bugungi kun yosh chavandozlar birovning otini minib bir marta uloqqa kirishiga “falon doʻllir” deb narx qoʻyayotgani esa menga sudxoʻrlikning bir turiga oʻxshab tuyuladi…

Qamchimni olgan kichik oʻgʻlim Nurbek chavandozga: “Elning nazaridan qolishdan qoʻrqsang, tanti boʻl! Illo, el bir chimdimdan bersa toʻydiradi, bir qatradan tuflasa choʻktiradi!” deb nasihat qilaman.

 

Shamolga tuflama

Ona suti ogʻzidan ketib ulgurmagan ushoqdekkina yigitcha siz haqingizda asar yozaman, deydi. Hafsalasiz qaraganimni koʻrib, “yaqinda bir shoir koʻpkari beshafqatlikni targʻib qiladi, deb aytdi. Men oʻz asarimda bunday emasligini isbotlayman!” deya chiranadi u. Ushoq yigit aytishicha, oʻsha shoirning goʻdakligida chiroyli uloqchasi boʻlgan, uni oʻzi mehr berib ulgʻaytirgan, soʻngra shoirning otasi uloqni chavandozlarga topshirib yuborgan ekan. Shundan keyin shoir koʻnglida koʻpkari oʻyiniga nisbatan adovat uygʻonibdi.

“Aslida koʻpkari haqida koʻplab ulugʻ yozuvchilar yaxshi asarlar bitgan, − menda xayrixohlik uygʻotish uchun tagʻin soʻzida davom etadi yigit. – Falon oʻzbek, falon rus yozuvchisi yozgan… Bari yaxshi yozgan…”

U aytayotgan yozuvchilarni men yaxshi tanimayman. Toʻgʻrisini aytay, kitoblarini ham oʻqiganim yoʻq. Durust yozgan boʻlsa yozgandir-da! Lekin ayni paytda oʻz hissiyotlari ogʻushida bearmon oqib, toʻlib-toshib gapirayotgan qarshimdagi yigitchaning allanarsalarni chalkashtirib yuborganini tushunib turaman. Yigitcha shoir nechogʻli nohaq, oʻzining esa haqligini isbotlash uchun koʻrsatayotgan bu taxlit tirishqoqlik kulgimni qistatadi.

Axir shoirning bir ogʻiz gapi bilan koʻpkari yoʻq boʻlib qolmasligini men bilaman-ku! Koʻpkarining kuni manavi tilibiyron yigitchaga qolmaganiini ham bilaman-ku men! Burungi zamonlarda koʻpakariga hatto butun hukumatning qarshi chiqqanini koʻrgandim. Oʻzinikini oʻtkazish ilinjida asov otday pishqirib-depsinib oʻsha hukumat ham oʻtib ketgandi. Lekin yashab qoldi-ku koʻpkari, sen yana nimani isbotlashga urinasan?! Bilsang, koʻpkari asli aytayotgan yozuvchilaringning isteʼdodidan ulugʻroq! Agar millatni tirik odam sifatida tasavvur qilsang, anʼana va qadriyatlar uning tomirida oqayotgan qonidir. Bas! Demak koʻpkariga oʻxshagan ming yillik qadriyatlar millatning umri qadar yashaydi! Millat bormi, ular barhayot!

Hali gapirganing: ulogʻu echkining asli taqdiri shul ekani – yo qassobning pichogʻida, yo boʻrining changalida jon berish qismati ekanini tushunmagan, balkim tushunib turib tan olishni istamagan shoiringga esa, men nima ham dey?!

Men gapga usta emasman. Fikrimni uzoq tushuntiray desam, tilim eshilib, boshimda ogʻriq turadi. Xullas, menday sharti ketib, parti qolgan chol bilan maslahatlashay deb vaqtingni ketgazib oʻtirma. Yozmoqchi boʻlsang koʻp lanj qilma-da, yozgin aytgan asaringni. Koʻpkarida mujassam boʻlgan jasurlikni, vatanparvarlikni yoz! Faqat… Faqat ne qilsang ham shamolga tuflama, bolam! Shamolga tuflasang, tupiging betingga qaytadi. Koʻpkarimi u, boshqami, elning qon-qoniga singib ketgan qadriyatlariga osilish shamolga tuflash bilan barobardir!..

 

Bayram ALI

https://saviya.uz/ijod/nasr/chavandoz-haqiqatlari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x