Charxiy (1900–1979)

Mumtoz adabiyotimizning hayotbaxsh anʼanalarini yangi tarixiy davrda davom ettirgan shoir Asqarali Hamroali oʻgʻli Charxiy Qoʻqonda 1900 yilda tavallud topdi. Boshlangʻich maʼlumotni eski maktabda olgan Asqarali otasidan husnixatni, onasidan esa sheʼr yozishni oʻrgandi. Boʻlgʻusi shoir Hofiz, Saʼdiy, Navoiy, Bedil gʻazallarini mehr bilan oʻqidi. Sulaymonqul Rojiy, Mirza Xoʻqandiy kabi qoʻqonlik shoirlardan aruz ilmi qoidalarini oʻrgandi, koʻproq hajviyotga moyillik koʻrsatdi.

Oktyabr toʻntarishidan keyin Charxiy taxallusi bilan sheʼrlar yozib yurgan boʻlsa-da, ularni uzoq vaqtgacha matbuotda eʼlon qilmadi.

Charxiy 1938–1939 yillardan boshlab Qoʻqonda chop etilgan “Yangi Fargʻona” gazetasida, “Mushtum” jurnalida faol qatnasha boshladi. Shoir “Shirin va achchiq” (1959), “Sheʼrlar” (1966), “Alixoʻja va Xoʻjaali” (1970), “Devon” (1972) nomli kitoblarini oʻquvchilarga taqdim etdi. Charxiy ijodida lirik sheʼrlar bilan bir qatorda, hajviy sheʼrlar ham alohida oʻrin tutadi. Ayniqsa, qoʻshiqlari ohanrabosi va nafisligi, hayo va andishaga limmo-limligi bilan tinglovchi qalbini oʻziga rom etadi. Xususan, Akmal va Komila ismli ikki yoshning begʻubor muhabbatiga bagʻishlangan “Qiyolab oʻtdi” qoʻshigʻi mashhur boʻlib ketgan:

 

Tong chogʻi sarvinozim asta qiyolab oʻtdi,

Tushgach nigohi menga, taʼzim bajolab oʻtdi…

 

Charxiy mumtoz adabiyotimizning asosiy vazni – aruzda va klassik sheʼriyatning turli janrlarida muvaffaqiyatli ijod etgan va uni rivojlantirgan isteʼdodli shoirdir. U koʻp yillar davomida Qoʻqondagi Muqimiy uy-muzeyida ilmiy xodim boʻlib, Muqimiy adabiy merosini toʻplash va avaylab-asrash ishiga munosib hissa qoʻshdi.

1975 yilda “Oʻzbekiston xalq shoiri” unvoniga sazovor boʻlgan Charxiy isteʼdodli gʻazalnavis, ajoyib qoʻshiqchi-shoir sifatida ixlosmandlari xotirasida oʻchmas iz qoldirdi.

U 1979 yil 18 dekabrda Qoʻqonda vafot etdi.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti 2016) kitobidan.

https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/charxiy-1900-1979/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x